2. Agglyutinativ (ing. agglutinative – “yelimlangan”, “yopishtirilgan” degani) tillarda qo`shimchalar o`zgarmas asosga qo`shilib keladi va shu tariqa so`zlar o`zaro bir birlariga bog`lanadi.
Agglyutinativ tillarga turkiy tillar, shu jumladan, o`zbek tili, fin-ugor tillari, dravid, indonez, hindu tillari va boshqalar, shuningdek, alohida tillar hisoblanmish yapon va koreys tillari kiradi.
Agglyutinativ tillarning o`ziga xos xususiyatlari quyidagilardan iborat:
1) qo`shimchalar asosdan keyin qo`shiladi: kitob-lar-ning. 2) har bir qo`shimcha asosan bitta grammatik ma’noni ifodalaydi: maktablarga so`z shakli tarkibidagi –lar qo`shimchasi ko`plik ma’nosini, -ga affiksi yo`nalish ma’nosini ifodalaydi.
3) o`zak va qo`shimchaning chegarasi aniq bilinib turadi, ya’ni ular qo`shilib ketmaydi.
4) qo`shimchalarning qo`shilishida ham o`ziga xos tartib mavjud: oldin so`z yasovchi, keyin shakl yasovchi, undan keyin so`z o`zgartuvchi qo`shimcha qo`shiladi: gul-zor-lar-dan. 3. Flektiv (ingl. Inflexional – “o`zgaradigan”, “turlanadigan” degani) tillar grammatik ma’nolar o`zak ichidagi tovush almashinuvlari asosida yasaladigan tillardir. Flektiv tillarga hind-yevropa, semit, xamit tillari kiradi. Bu tillarning o`ziga xos xususiyatlari quyidagilardan iborat:
1) o`zakdagi tovush o`zgarishlari yangi grammatik ma’noning yasalishiga olib keladi. Arab tilidagi quyidagi so`zlarga e’tibor bering: naqsh, naqqosh;xalq, xaloyiq kabi.
2) bir grammatik ko`rsatkich (qo`shimcha) birdan ortiq grammatik ma’noni ifodalaydi: rus tilidagi kniga so`zi tarkibidagi –a qo`shimchasi jinsni (jenskiy rod), bosh kelishikni, birlik sonni bildirib kelgan.
3) bir grammatik ma’no turli shakllardagi ko`rsatkichlar bilan ifodalanadi. Rus tilida ko`plik ma’nosi -i, -a, ы, ya qo`shimchalari orqali ifodalanishi mumkin: книги, города, ножы, братья. 4) o`zak-negiz mustaqil qo`llanmasligi mumkin. Rus tilidagi idu, idya, idti, idyom so`zlarida id– qismi o`zak hisoblanadi va u mustaqil ishlatilmaydi.