UMUMIY XULOSALAR Bugungi kunda tolerantlik g’oyalari zamonaviy davrning eng muhim ijtimoiy va siyosiy g’oyalaridan biri ekanligini namoyon etmoqda. Shu bois, tadqiqotda tolerantlik o’smir yoshdagi bolalar tafakkuri va madaniyatiga tegishli ma’lum pedagogik talablarning milliy va umumbashariy axloqiy-estetik va ijtimoiy qadriyatlar asosida shakllantirish jarayoni sifatida baholandi. Tolerantlik ko’p qirrali ijtimoiy-psixologik kategoriya sifatida talqin qilindi. Tolerantlikka o’smir yoshdagi bolalarni o’rgatish ularni mustaqil fikrlashga, boshqalar fikrini diqqat bilan tinglashga, o’zgalar manfaatlarini ko’ra bilishga, jamiyat va odamlar o’rtasidagi munosabatlarni pozitiv nazar bilan baholashga, axloqiy va ma’naviy talablarga qat’iy rioya qilishga o’rgatishga teng kelishi aniqlandi. Tolerantlikka qaratilgan yo’l – bu jiddiy emosional, intellektual, axloqiy mehnat ekanligi, insonning o’z ichki psixologik holatini o’zgartirishi, uni qayta qurishi va yoki yangitdan bunyod etish jarayoni ekanligi aniqlandi. Shu bilan birga, zamonaviy murakkab ijtimoiy-siyosiy o’zgarishlar bilan bog’liq ravishda tolerantlikning mazmuni yangi zamon bilan hamnafas tarzda o’zgarib, boyib va takomillashib borayotganligi qayd etildi. Bu xolat tolerantlikni shakllantirishning pedagogik usul, shakl va vositalarini zamonga mos ravishda takomillashtirib borilishini talab etadi. Bugungi kunda tolerantlik tafakkurini yoshlar ongida shakllantirish ularni fuqarolik jamiyatida faol yashashga o’rgatishga teng keladi.
Tolerantlik tafakkuriga egalik ma’naviy-axloqiy sifat bo’lib, u samarali tashkil etilgan maqsadli ta’lim-tarbiya jarayonida shakllanadi. Tolerantlik turli odamlarning tinchlik va osudalikda yashash san’ati hisoblanadi. Tolerantlik - insoniy va gumanitar fazilat hisoblanadi. Tolerantlik o’z huquq va ozodliklarini o’zgalarga ziyon yetkazmagan holda saqlab qolish deganidir. Shu bilan birga, tolerantlik o’zgalarga bo’ysunish, o’zligidan voz kechish bo’lmay, balki faol hayotiy pozisiya hisoblanadi. Oilada tolerantlikni shakllantirish eng dolzarb pedagogik maqsadlardan biri hisoblanadi va o’ziga xos pedagogik jarayon hisoblanadi. Uning o’ziga xosligi, bir tomondan, oiladagi ta’lim va tarbiya jarayonining o’ziga xos shart va sharoitlari bilan belgilansa, ikkinchi tomondan, ta’lim beruvchi shaxsning, ya’ni pedagog subyekti xususiyati, ya’ni uning ota-ona, bobo va buvilar, yaqinlar, qarindoshlar, aka-ukalar bilan belgilanishi, ularninig barchasi - ham ta’lim beruvchi, ham ta’lim oluvchi sifatida o’zini namoyon qilishi bilan, uchinchidan esa, ota-onalarning o’zini bugungi kunda tolerantlikning pedagogik mazmuni bilan tanishtirish lozimligi bilan belgilanadi.
Oila muntazam tarzda o’zgarib, takomillashib boruvchi hayotiy organizm hisoblanadi. Oila na faqat iqtisodiy-ijtimoiy shart-sharoitlar ta’sirida, shu bilan birga o’z ichki rivojlanish qonuniyatlari asosida ham o’zgarib boradi. Shu bois, bugungi kunda, o’zbek oilalarida an’naviy bo’lgan farzand ko’rish, uni tarbiyalash, kundalik muammolarni hal etish, oila ravnaqini ta’minlash kabi funksiyalar bilan bir qatorda, oila - mustahkam “ma’naviy va mafkuraviy qo’rg’on”, inson o’z aslini psixologik jihatdan ko’rsata oluvchi makon, insonning o’zligini topish jarayoni, murakkab dunyo muammolari ichidagi tinchlik va osudalik sohili sifatida ham amal qiladi. Shu nuqtai nazardan, tolerantlik murakkab dunyo voqyeligi ichida oilani ziddiyatlardan asraguvchi qonunlar majmuasi sifatida ham rol o’ynaydi.
Tadqiqotda insonning ma’lum bir munosabatlarga kirishishda tolerantlik qo’l kelishi anqilandi. Demak, oilaviy munosabatlarni tolerantlikning muhim xususiyatlaridan bo’lgan boshqalar manfaatlarini anglash, ularning qadriyatlarini tushunish, pozisiyalarni o’zaro muvofiq keltira olish, tomonlar fikriga quloq tutish, fikrlar rang barangligi bo’lishi mumkinligini tan olish asosida qurish lozim. Oila etnososiumiga aloqador bo’lgan xususiyatlar bolaning keng ijtimoiy sosiumga chiqishi uchun asos rolini o’ynashi belgilandi, ular qatorida tolerantlikning ahamiyati ham ortib boradi. Tolerantlik tafakkuriga ega bo’lgan bola keng ijtimoiy sosiumga chiqqanida uning adaptasiya, ya’ni o’rganish va o’zini tuta bilish jarayonlari silliq, oson va ma’lum ziddiyatlarsiz kechadi.
Ota-ona va bola o’rtasidagi to’g’ri tolerant munosabat - kattalar va bolalar o’rtasida shaxsiy pozisiyalarni umumiy pozisiya bilan uyg’unlashtirish, muloqotdagi muntazamlilik va davomiylikni saqlay bilish, oilaviy munosabatlarda barqaror rivojlanishni ta’minlash, shuningdek oilada o’zidan boshqa a’zolar manfaatlariga qayishqoq va moslanuvchan munosabat bildira olishni anglatishi aniqlandi.
Tadqiqotda o’smir yoshdagi bolalar tolerantligining quyidagi asosiy anglash va qabul qilish pozisiyalari aniqlandi. Tan olish – boshqa insonda aynan boshqa insonni ko’ra bilish, boshqa insonning esa o’z qadriyatlari, fikrlash tarzi, tafakkuri, xarakteri, aqidalari, e’tiqodi, madaniyati, urf-odatlari, mantiqi va mas’ullik darajasi borligini nazarda tutish va tan olish; Qabul qilish – mana shu o’zga insonlarning o’ziga xosligiga neytral munosabat ko’rsata olish, ularning borligini qabul qilish, insonlararo mavjud farqlarga ijobiy va to’g’ri munosabat ko’rsata olish; Tushunish – o’zga insonni ichdan ko’ra bilish, uning fikrlari, xissiyotlarini ko’ra olish, uni anglay bilish, uning xissiyotlariga ikki mavqye, o’z shaxsiy mavqyei, va o’zga inson mavqyeidan qaray olish.
Oila instituti tolerantlik bo’yicha barcha talab etilgan g’oyalar va tushunchalarni tegishli tarzda, talab darajasida shakllantirib berolmasligi qayd etildi. Tolerantlikni shalklantirish pedagogik jarayonida oila bir bosqich hisoblanadi. Shu bois, tolerantlikni shakllantirishda yosh nuqtai nazaridan, bilimlar majmui nuqtai nazaridan, malakalarni berish nuqtai nazaridan differension munosabat darkor bo’ladi.
Tadqiqotda oilalarni oiladagi ma’naviy muhitga nisbatan to’rt guruhga ajratildi: (1) oiladagi ma’naviy muhit tinch va totuvlikka asoslangan va bolalar manfaatlari inobatga olinadigan oilalar; (2) oilada ziddiyat mavjud bo’lmagan, ammo bolalar manfaatlariga e’tiborsizlik mavjud bo’lgan oilalar; (3) oilada ota va ona o’rtasida ziddiyat va konflikt mavjud, ammo bola manfaatlari inlobatga olinadigan oilalar; (4) oilada ota va ona o’rtasida konflikt mavjud, shu bilan birga bola manfaatlariga e’tiborsizlik ham mavjud bo’lgan oilalar. O’rganish jaaryoni tinch va totuv hamda bolaga e’tiborli oilalarda tolerantlikning shakllanganlik darajalari ham yuqori bo’lishini ko’rsatdi.
Hozirgi zamonda tolerantlik asosida ota-onalarning bola tarbiyasidagi funksional vazifalari bosh vazifalar hamda tolerantlikni shakllntirish bo’yicha vazifalar kabi ruknlarga bo’lindi. Bunda bosh vazifalar bilan bir qatorda bola hayotiga aralashavermaslik, uning mustaqil yashashini va mustaqil qarorlar qabul qilishini kuzatish; o’z farzandi bilan hamkorlik va hamjihatlikda yashashga o’rganish; bola uchun eng aziz, eng ishonchli, eng qadrli va doimiy zarur insonga aylanish kabilar belgilandi.
Oilada tolerantlikni shakllantirishda quyidagi tamoyillar belgilandi: Subyektlilik tamoyili. Bu tamoyilda har bir oila a’zosi mustaqil subyekt sifatida baholanadi. Adekvat, mutanosib munosabat tamoyili. Mazkur tamoyil pedagogik jarayonda uning mazmuni va tanlangan pedagogik vositalar, shakl va usullar o’rtasidagi mutanosiblikni nazarda tutadi. Individualizasiya tamoyili. Oilada tolerantlikni shakllantirish borasidagi individual shart-sharoitlarning belgilanishi, individual grafikda ma’lum chora-tadbirlar va vazifalarning aniqlashtirilishi. Refleksiv munosabat tamoyili. Oilada ota-ona va bolalarda muayyan ahamiyatga ega bo’lgan voqyea va hodisalarga nisbatan anglangan va qat’iylashgan munosabatlar tizimidagi umumiylik va o’xshashlikni shakllantirish, tolerantlikni oilaviy munosabatlar tizimida refleksiv tarzda namoyon bo’lishi asoslarini yaratish. Tolerant muhitni qurish tamoyili. Oila a’zolarining barchasidan mana shu pedagogik jarayonga tayyorlik va uni shakllantirilishida faollik ko’rsatish.