Mavzuga oid adabiyotlarning tahlili (Literature review). Texnologik yondashuv orqali tadqiqot usulini qo‘llash samaradorligi uning qism, tizim va tizim elementlari, mazkur manbaning nechog‘lik to‘liq ifodalanganligiga bog‘liq bo‘ladi. Chunki qism, tizimlar, tizim elementlari va ular orasidagi uzviy aloqadorliklar ham dinamik o‘zgarishlar asosida yagona yaxlit tizim hosil qiladi.
Ta’lim jarayoniga pedagogik texnologiyalarni tatbiq etish asosida ta’lim samaradorligini oshirish yuzasidan I.Zokirov o‘z tadqiqot ishida kasb-hunar kollejlari o‘quv muassasalarida ta’lim jarayonini texnologiyalashtirishning nazariy-amaliy asoslarini yaratish, mashg‘ulotlarning puxta o‘ylangan, ilmiy asoslangan loyihalarini ishlab chiqish masalalarini tadqiq etgan [1].
Tadqiqotchi O‘.Tolipov esa pedagogika oliy o‘quv yurtlarida pedagogik texnologiya nazariyasining shakllanish va taraqqiyot tarixi, uning mohiyati, texnologik yondashuv tamoyillari, o‘quv jarayoniga ta’lim texnologiyasini tatbiq etish shart-sharoitlarini o‘rgangan [2].
P.Xolmatov nomzodlik dissertatsiyasiga darsdan tashqari mashg‘ulotlarda o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘llash texnologiyasining mohiyatini ilmiy asoslab bergan hamda amalda qo‘llash metodikasini ishlab chiqqan [3].
O.Xaydarova pedagogika oliy o‘quv yurtlarida bo‘lajak o‘qituvchilarni ta’lim jarayoniga texnologik yondashuvga tayyorlashning pedagogik shart-sharoitlari ilmiy-nazariy asoslari tadqiq etilgan [4].
Pedagog I.P.Xolmatov ilmiy izlanishida pedagogika kollejlarida o‘quv jarayonini texnologik yondashuv asosida tashkil etishning didaktik imkoniyatlari ilmiy-nazariy jihatdan asoslangan [5].
Yuqoridagi ilmiy tadqiqot ishlari tahlillaridan kelib chiqqan holda ta’lim texnologiyasini ta’lim modellarini optimallashtirish, inson va texnika resurslari hamda ularning o‘zaro ta’sirini hisobga olgan holda butun o‘qitish va bilimlarni o‘zlashtirish jarayonini yaratish, qo‘llash va aniqlash tizimi deb hisobladik.
Tajribalar shuni ko‘rsatdiki, tadqiqot ishlarida kompyuter texnologiyalaridan foydalanish bu sohada samaradorlikka erishishni ta’minlaydi.