- Xulosa va takliflar (Conclusion/Recommendations). Ma’lumki, ta’limda rejalashtirilgan natijaga erishishni kafolatlash o‘quv jarayonini texnologiyalashtirish orqali amalga oshiriladi. Ayni vaqtda ishlab chiqarish istiqbolli texnologiyalarining afzalligi ularning ilmiy-texnik darajasi yuqoridaligi bilan belgilanadi. Shunga ko‘ra, ilm-fan va ta’lim, ishlab chiqarish jarayonlari orasida muayyan integratsiya vujudga keladi. Ta’lim sohasiga texnokratik fikrlash, standartlashtirish, tizimli yondashuv, tizimli tahlil, kompleks yondashuv kabi ta’lim jarayonini texnologiyalashtirish bilan bog‘liq bir qancha talablar qo‘yilmoqda. Ammo ishlab chiqarish jarayonlaridan farqli ravishda ta’limni texnologiyalashtirish, o‘ziga xos yondashuvlarni talab qiladi. Chunki ta’lim tizimi murakkab, ko‘p qirrali dinamik jarayondir. Uning bu xususiyati texnikaviy va boshka murakkab tizimlarga taalluqli bo‘lgan ishlab chiqarish jarayonlaridan ancha yuqori turadi.
Ta’lim oluvchining faoliyati esa, muayyan ishlarni bajarish yoki tashkiliy boshqaruv va kasbiy qarorlarni ijro uchun qabul qilish bilan bog‘liq bo‘ladi. Bunda o‘qituvchi ishining shakl va metodlari chegaralanmaydi. Biroq DTS talablari orqali o‘qituvchining ta’lim jarayonini tashxis qilish va umuman o‘kitish jarayonini boshqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan faoliyati jadallashadi.
Pedagogik faoliyat amaliyotidan ma’lumki, o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish, ayniksa, unga ijodiy yondashishda ta’limiy, tarbiyaviy, axborotli, rivojlantiruvchi maqsadlar amalga oshiriladi. Har bir o‘qituvchi o‘quv mashg‘ulotlarini olib borishda o‘z faoliyatini tahlil qilish va shu asosda tegishli xulosa chiqarishga erishishi kerak. Agar o‘qituvchi o‘z mashg‘ulotlarining samaradorligini baholay olmasa, u holda yo’l qo‘ygan kamchiliklarni sezmaydi va bu faoliyatda ijodiy yondashuv ham bo‘lmaydi.
Zamonaviy o‘qituvchi uchun yangi pedagogik texnologiyalar asosida dars o‘tish, ular faoliyatining ijodiylik sari yo‘naltirilganligini ifodalaydi. Ayni paytda pedagogik texnologiyalarni qanday amalga oshirish lozimligi to’g‘risida juda ko‘p ilmiy-uslubiy ishlanmalar e’lon qilinmoqda.
O‘qituvchi dars jarayonida yangi pedagogik texnologiyalarni qo‘llaganidan keyin ta’lim samaradorligini aniqlashi ta’limni to‘g‘ri olib borayotganligini baholashda muhim omil bo‘lib hisoblanadi.