II BOB. SIFATNING MA’NO TURLARINI OʻRGANISHDA IJTIMOIYGUMANITAR FANLAR INTEGRATSIYASI 2.1. Sifatlarning ma’no turini talqin qilishda psixologiya fanidan foydalanish Integratsiya jarayoni hozirgi zamon sharoitida insoniyat faoliyatining barcha sohalariga tez sur’atlar bilan kirib bormoda. “Fanlar integratsiyasi”- deyilganda turli sohadagi bilimlarni, ilmiy tadqiqotlarning umumiy vazifalarini oʻzaro biriktirib oʻrganilish tushuniladi. Yuqorida aytib oʻtganimizdek, sifatning ma’no turlarini oʻrganishda adabiyot, tasviriy san’at, lingvokulturologiya, psixologiya kabi bir qator fanlar bilan integrative tarzda oʻrganish mumkin.
Demak, oʻquvchilarga sifatning ma’no turlaridan rang-tus sifatlarini psixologiya bilan uygʻunlikda oʻrganish ham qiziqarli, ham foyadalidir. Sababi, psixologiya inson ruhiyati, psixikasi haqidagi fandir. Ushbu mavzuni oʻrganuvchilar va oʻrgatuvchilar psixologik bilimlarini takrorlab oladilar va sifatning ma’no turlarini osonroq tushunadilar. Barchamizga ma’lumki, rang-tus sifatlarining inson ruhiyatiga taʻsirini aniqlash maqsadida koʻplab tajribalar oʻtkazilgan. Shu tajribalardan biri, 2009-yili Britaniya Kolumbiyasi universiteti olimlari tomonidan oʻtkazilgan tajribadir. Ular tajriba qatnashchilarining kompyuter ekranlariga turli xil, koʻk, qizil va “neytral” ranglarni chiqarib, turlicha mashqlar bajarishni taklif qilishgan. Ekranda qizil rang boʻlganida ishtirokchilar xotira bilan bogʻliq testlarni hamda matndan xato topishni, yaʻni detallarga eʻtibor talab qiluvchi mashqlarni yaxshi uddalashgan. Biroq ekranda koʻk rang paydo boʻlgach, ular ijodiy mashqlarni yaxshiroq bajarishgan. Tajriba mualliflarining soʻzlariga koʻra, qizil rang ishtirokchilari ehtiyotkor boʻlishiga sababchi boʻlgan boʻlsa, koʻk rangda ular oʻzlarini erkin his qilishgan. Demak, bu tajribadan kelib chiqib shuni aytishimiz mumkinki, rang inson kayfiyatiga, xulq-atvoriga maʻlum maʻnoda taʻsir oʻtkazadi. Shu sababli, oʻzimiz istagan kayfiyatni uygʻotish maqsadida yotoqxonamiz, ishxonamiz uchun mos rangni soatlab qidiramiz. Natijada, koʻpchilik yotoqxonasini moviy yoki och yashilga, vrachlar xonasi tozalikka ishora qilinib oqqa, savdo yaxshi boʻlishini koʻzlagan fastfood restoranlari qizil yoki sariqqa, ba’zi qamoqxona kameralari esa, bosimni kamaytirish maqsadida pushti rangga boʻyaladi. Biz xona nimaga moʻljallanganligiga qarab qaysi rangga boʻyashni yaxshi bilamiz, deb oʻylaymiz. Chunki biz qizil rang insonga kuch-quvvat bagʻishlasa, moviy rang sokinlik, musaffolik belgisi sifatida odamni tinchlantiradi degan fikrga koʻpchilik ishonadi.
Tadqiqotchilarning fikricha, AQSH, Shvetsariya, Germaniya, Polsha, Avstriya va Buyuk Britaniyaning ba’zi turmalari pushti rangning biror bir tusiga boʻyalgan. Ilmiy tadqiqot natijalari ba’zida bu fikrlarni inkor qilmoqda. Bir guruh tadqiqotchilar shuni ta’kidlab oʻtishadiki, agar siz biror rang yorugʻligi boʻyicha avvaldan ma’lum bir tajribaga ega boʻlsangiz, yorugʻlikni doimgidek qabul qilasiz. Bu bizga maktab xotiralarini eslatib yuboradi. Oʻqituvchingiz xatolaringizni qizil bilan belgilagani uchun ham siz beixtiyor qizil rangni xavf-xatar rangi ekanligini his qilasiz. Bundan tashqari yoʻl belgilaridan ta’qiq belgisi ham qizil rangda boʻlsa, zaharli mevalarning koʻpchiligi ham huddi shu rangda. Bu esa insonni hushyorlikka, e’tiborliroq boʻlishga undaydi. Moviy rang esa, aksariyat holatlarda xotirjam, sokin holatlar, masalan, dengiz yoki samo bilan bogʻliq.
Psixolog olimlar insonlarning qaysi rangni yoqtirishiga qarab turib, maʻlum darajada uning xarakterini ham aniqlash mumkin degan gʻoyani ilgari surishadi. Bu esa rang-tus sifatini oʻrganayotgan shaxsning eʻtiborini tortadi. Xususan, “Qizil rang- harakatchan, irodali, oʻziga ishonuvchan. Oilada qattiqqoʻl, talabchan. Siz osonlikcha xayajonga tushasiz va sezgirlik ham sizdan mustasno emas. Sizni tashqi yaltiroqlik, zar, dabdabalik oʻziga tortishi aniq. Siz bir zumning oʻzida yuzaga kelgan vaziyatga baho berasiz, shu onning oʻzida biror qaror qabul qilasiz va uni astoydil himoya qilasiz. Siz uchun eng asosiysi- bu muvaffaqiyatga erishish. Buning qanday yoʻl va baho bilan qoʻlga kiritishning esa sizga ahamiyati yoʻq. Balki qizil rang sizni oʻzidan itarib turar, demak. Siz tez-tez ta’sirlanuvchan va oson zarar koʻradigan insonsiz. Har qanday yoʻl bilan qiyin va ikki ma’noli vaziyatlardan oʻzingizni olib qochasiz va butun umr qoʻldan boy berilgan imkoniyatlarni deb afsuslanib yurasiz.
Sariq rang- bilimli, maqsad sari intiluvchan, hayotga muhabbat bilan qarovchi. Bu rangni yoqtirishingiz yorqin koʻrinadigan fantaziya va rivojlangan tasavvurni bildiradi. Sizning ijodkorlik qobiliyatingiz yaxshiroq mukofotga ega boʻlishga haqli. Agar siz oʻzingizga toʻgʻri keladigan umr yoʻldoshni topgan boʻlsangiz ayni muddao. Sariq rangni yoqtirmasangiz – demak siz tirishqoq va amaliyotchi aqlga egasiz. Biroq, xayol qila olish xuxusiyatingiz yoʻqligidan biroz afsuslansa arziydi.
Koʻk – siz baxtli oilaviy hayotni ta’minlaydigan barcha yaxshi fazilatlarga egasiz. Koʻrinib turibdiki, qoʻllagan choralaringiz sizga pand bermaydi. Siz muomalada oʻta sertakalluf , yumshoq tabiatlisiz. Har qanday holatda ham yoʻl boʻshatishga tayyorsiz. Biroq siz baxtlimisiz ? Siz toʻliq baxtli ekanligingizni oʻzingiz uchun ham tan olishni ista’maysiz. Koʻk rangni unchalik yoqtirmaslik shaxsning maqsadga intiluvchanligini bildiradi. Biroq siz oʻz xarakteringizning mukammal emasligi sababli azob chekasiz.
Oq rang- xayolparast, yolgʻizlikni yoqtiradigan, qalbi pok. Siz iqtidorli va har tomonlama rivojlangan shaxssiz. Siz atrofdagilar bilan osonlikcha muloqot qilasiz. Umuman olganda sizda yaxshi fazilatlar juda koʻp, zero oq rang- butun borliqni tashkil etuvchilarning birlashmasidir.
Qora rangni yoqtiradigan insonlar siz boshqalar tasavvur qilganidek emassiz. Sizga adolatsiz tarzda yengiltaklik va bagʻritoshlik fazilatlarini biriktirib qoʻyadilar. Buning oqibatida esa bekorga ishonchdan ayiradilar. Balki buning sababi sizning sirli koʻrinishingiz va koʻzga tashlanuvchan ta’sirchanligingizdir. Qora rangga salbiy munosabatda boʻlish va xushchaqchaqlik, atrof-muhit, bolalar, hayvonlarga muhabbatni bildiradi.
Yashil rangni xush koʻrishingiz sizning muvozanatlangan xarakteringiz va vijdonlilikdan dalolat beradi. Siz hozirjavobsiz, yordamingizga muhtoj insonlarga zoʻr istak bilan koʻmak berasiz.Biroq, oʻzingizni yolgʻiz sezasiz. Balki atrofdagilar sizni biroz sovuqqon shaxs deb hisoblashadi. Siz yashil rangni yoqtirmasligingiz , afsuski, sizni irodangiz uncha kuchli emasligini va murakkab vaziyatlar oldida ojizlik qilishingizni bildiradi.
Siz jigarrangni yoqtirsangiz, bilingki, siz oʻjarsiz. Bundan tashqari sergʻayrat va qoʻrqmas shaxssiz. Nima boʻlganda ham oldingizga qoʻygan maqsadga erishasiz. Lekin, siz jigarrangni yoqtirmasangiz bu tiyrak aql, zehn va kuchli rivojlangan yumor xususiyatlardan darak beradi. Siz yolgʻizlikni qiyinchilik bilan boshdan kechirasiz va shuning uchun yaqinlaringiz kamchiliklariga matonat bilan bardosh bera olasiz.27 Bu kabi psixologik testlar va tadqiqotlar , albatta, barchaning e’tiborini tortadi. Sababi, har bir shaxsning oʻzi va boshqalarning oʻziga xos xususiyatiga , ruhiyatiga va xarakterini oʻrganishga qiziqishi yuqoridir. Bu qiziqish asosida nafaqat yoqtirgan rangiga qarab, balki qaysi oyda yoki faslda tugʻilganligiga qarab ham shaxsning xarakterini aniqlaydigan psixologik testlar ham paydo boʻlib, keng tarqaldi. Nafaqat, psixologik kitoblarda, balki gazeta-jurnallarda, ijtimoiy tarmoqlarda ham bunday testlarni uchratishimiz mumkin. Hattoki, Akademik litseylarning II kurs oʻquvchilari uchun yaratilgan HOʻAT darsligidagi “SIFAT VA UNING USLUBIYATI” mavzusida keltirilgan mashqlarning birida ham rang-tus sifatlariga oid psixologik matn keltirilgan . Oʻqituvchi oʻquvchilarga rang-tus sifatlarini oʻrgatishi uchun bu ayni muddaodir. Quyida darslikdagi mashqning matnini keltiramiz:
“245-mashq. «Ranglar jilosi» deb nomlangan matnni oʻqing, sifatlarini topib ularning uslubiy xossalarini belgilang.