VI. TALABANING BITIRUV OLDI MALAKAVIY AMALIYOTI BO‘YICHA HISOBOTNI TAYYORLASH, HIMOYA QILISH VA BAHOLASH MEZONI
Tanishuv amaliyoti bo‘yicha hisobot har bir ish joyi bo‘yicha alohida tuziladi. Hisobot 40-50 bet (ilovalarsiz) hajmda kompyuterda 1 intervalda tayyorlanadi va tikilgan holda topshiriladi. Birinchi mavzuni yoritishdan avval amaliyot o‘tilgan joy, ya’ni tijorat banki haqida umumiy ma’lumotlar keltirib, bunda quyidagilarni yoritish talab qilinadi:
tijorat banklarida kredit, hisob-kassa, deposit operatsiyalarini amalga oshirish tartibi;
amaliyot davrida tijorat bankidagi salbiy holatlar, amaliyot o‘tishdagi qiyinchiliklarni ko‘rsatish va tavsiyalar berish.
Har bir yoritilgan mavzular amaliy misollar va rasmiylashtirilgan hujjatlar bilan to‘ldirilishi kerak. Masalan, front ofis tomonidan amalga oshiriladigan ishlarning har biriga izoh beriladi va to‘ldirilgan nusxalari qo‘yiladi. Agar hujjatlarning nusxalarini olish imkoniyati bo‘lmasa, bo‘sh blankalarni qo‘lda ham to‘ldirish mumkin bo‘ladi.
Talabalar amaliyot jarayonida quyidagi qonun xujjatlari bilan tanishib chiqishlari va o’rganishlari zarur:
“Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi Qonun va unga sharhlar;
“Markaziy bank to‘g‘risida”gi Qonun va unga sharhlar;
O‘zbekiston Respublikasining “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi qonuni. 2003 yil 11 dekabr. - №556-II. O‘zbekiston Respublikasining valyutani tartibga solishga oid normativ-huquqiy hujjatlari to‘plami. – Toshkent: O‘zbekiston, 2011.- 456 b.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi PF-4947-sonli Farmoni. O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida. O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami. – Toshkent, 2017. – № 6 (766). – 70-modda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 sentyabrdagi «Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-5177- sonli Farmoni. O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami. – Toshkent, 2017. – № 6 (766).
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 9 yanvardagi PF-5296 sonli “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni. O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami. – Toshkent, 2018.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 3 iyuldagi PQ-3832-sonli “O‘zbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 12 sentyabrdagi PQ-3270-sonli “Respublika bank tizimini yanada rivojlantirish va barqarorligini oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori. O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami. – Toshkent, 2015.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 13 sentyabrdagi PQ-3272-sonli “Pul-kredit siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori. O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami. – Toshkent, 2017.
Hisobotga ilova qilinishi zarur bo‘lgan hujjatlar:
tijorat banki har bir bo‘limining funktsional vazifalari tavsifi;
tijorat banki filialining Nizomi va uning sharhi;
bo‘limlar ish rejalari va ularning bajarilish holati tahlili;
tijorat bankining hududiy bo‘limlarining hisobotlari, ular asosida tahliliy jadvallar;
tijorat bankining moliyaviy hisobotlari;
kredit ajratish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar tarkibi va tartibining tahliliga oid ma’lumotlar;
blokcheyn texnologiyalaridan foydalanish uchun hujjatlarni tayyorlash ma’lumotnomalari;
kreditni rasmiylashtirish bilan bog‘liq normativ hujjatlar sharhi;
Hisobotda o‘rganilishi lozim bo‘lgan har bir mavzu bo‘yicha bajarilgan ishlar ko‘rsatilib, ilova qilingan hujjatlarga izoh berish talab etiladi.
Ishlab chiqarish amaliyoti tugagandan so‘ng hisobot 10 kun ichida “Bank ishi” kafedrasiga taqdim etiladi. Bunda talaba quyidagilarni topshirishlari lozim:
Buyruqdan ko‘chirma;
Talaba tomonidan to‘ldirilgan va tijorat banki tomonidan tayinlangan amaliyot rahbarining xulosasi ko‘rsatilgan kundalik;
Amaliyot dasturida ko‘rsatilgan har bir bo‘lim bo‘yicha bajarilgan va o‘rganilgan ishlar bo‘yicha yozma hisobot.
Hisobot tituli amaliyot dasturning 8-ilovasida keltirilgan namunadagi kabi rasmiylashtirilishi lozim. Talabaning hisoboti institutdan tayinlangan rahbar tomonidan tekshirilib, yozma ravishdagi taqriz bilan birga 3 kun ichida talabaga qaytariladi. Taqrizda amaliyot bo‘yicha hamda tekshirish uchun qabul qilingan hisobotning kamchiliklari, xatolari shu bilan birga yutuqlari ham ko‘rsatiladi. Talaba hisobotni kafedra mudiri tomonidan tasdiqlangan komissiya oldida himoya qilgunga qadar taqrizda ko‘rsatilgan barcha kamchiliklarni bartaraf etish lozim.
Hisobot O‘quv-uslubiy boshqarma va “Bank ishi” kafedrasi tomonidan belgilangan muddatlarda hisobot qabul qiluvchi komissiya oldida og‘zaki (taqdimot shaklida ham) himoya qilinadi.
Bitiruv oldi amaliyoti bo‘yicha hisobotning himoyasini qabul qilish orqali talabaning nazariy jixatdan olgan bilimlari, mustaqil fikrlay olish qobiliyati, uning dunyoqarashi, nazariy bilimlarni amaliyot bilan bog‘lay olishi, amaliy bilim darajasi alohida hisobga olinadi. Amaliyot hisoboti 5 ballik tizimda baholanadi va natijasi himoya komissiyasi tomonidan tegishli tartibda rasmiylashtiriladi.
Amaliyot natijasi bahosi talabaning kursdan-kursga o‘tishi va stipendiya belgilashda asos bo‘ladi. Amaliyot yakuni kafedra yig‘ilishi va amaliyot obyektining ishlab chiqarish kengashida muhokama qilinadi. Institut va fakultet Kengashida amaliyotning natijalariga yakun yasaladi.