O`quv ishlari bo`yicha prorektor A. Soleyev “ ” 2021-yil



Yüklə 0,74 Mb.
səhifə21/59
tarix01.03.2023
ölçüsü0,74 Mb.
#86041
1   ...   17   18   19   20   21   22   23   24   ...   59
ff546497c1ac2d220a1528bc30d845ce ADABIYOTSHUNOSLIK METODOLOGIYASI

Savol va topshiriqlar::
1. Tahlil va talqin amallari orasidagi farqni, ularning o’zaro bog’liqligini tushuntirib bering.
2. Badiiy asarni tushunish deganda nima nazarda tutiladi? «Qismni butun, butunni qism orqali tushunish» qoidasini izohlab bering.
3. Badiiy asarning ichki va tashqi aloqalari deganda nimani tushunasiz?
4. Kontekstual tahlil bilan immanent tahlil orasidagi farqni tushuntiring.
5. Kontekstual tahlil metodlari qaysilar?
6. Sotsiologik metod nimaga asoslanadi?
7. Biografik va ijodiy-genetik metodlarning o’zaro aloqasini tushuntiring.
8. Immanent tahlil metodlari qaysilar? Ularni qanday tushunasiz?
9. Adabiyotshunos faoliyatida, konkret asar tahlilida metodlarning qorishiq qo’llanishini asoslang. Bu xil qorishiqlikning sababi nimada?


Adabiyotlar:

  1. Bar L.B. Analiz xudojestvennogo proizvedeniya.-T.: O’qituvchi,1995.

  2. Bart R. Izbranno’e raboto’. Semiotika. Poetika. - M, 1989.- S. 254.

  3. Gadamer G-G. Aktualnost prekrasnogo.-M.,1991.

  4. Meliev S. Strukturalizm va struktur tahlil haqida G’G’ O’TA, 2008, 2-son, 12-20-betlar.

  5. Normatov U. Qahhorni anglash mashaqqati.-T., 2000.

  6. Rasulov A. Ilmi g’aribni qo’msab.-T.,1998.

  7. Rasulov A. Badiiylik-bezavolyangilik.- T., 2007.

  8. Sodiq S. So’z san’ati jozibasi.-T.,1996.

  9. Yakobsan R. Raboto’ po poetike. - M., 1987. - S. 166.

  10. Quronov D. Badiiyat sirlari G’G’ Tafakkur.-1998.-№1.

  11. Qo’chqor R. Men bilan munozara qilsangiz.- T.,1997.

13-MA’RUZA. TARIXIY-QIYOSIY METOD
REJA:

  1. Adabiyotshunoslik metodining ichki strukturasi.

  2. Ob’ektga yondashuvning tarixiy-qiyosiy usuliga xos xususiyatlar.

  3. Tarixiy-qiyosiy hamda tarixiy-tipologik usullarning o’ziga xos tomonlari.

Qiyosiy metod badiiy asarni boshqa asar(lar) bilan qiyosan tahlil qilishni nazarda tutadi.
Hozirgi zamon adabiyotshunosligida komparativistika materialni tadqiq etishning eng muhim usullaridan biridir. “Komparativistika” atamasining o’zi (qiyosiy adabiyotshunoslik”) ushbu metodning asosini tashkil etishini ko’rsatadi. O’zining so’nggi "Gumanitar fanlar metodologiyasiga doir" nomli tadqiqotining qoralamalarida (1974) M.M.Baxtin shunday qayd qilgan edi: "... matn faqat boshqa matn kontekst) bilan tutashib turgan holda yashaydi. Orqani ham, oldinni ham yorituvchi, mazkur matnni dialog bilan qovushtiradigan nur faqat ana shu matnlarning tutashuv nuqtasidagina porlaydi". Aynan ana shu “matnlarning tutashuv nuqtasi” "qiyosiy adabiyotshunoslik"ning predmetini tashkil etadi. Adabiyotda komparativistika tamoyillaridan kommunikativ zanjirning har qanday qismini tahlil qilishda foydalaniladi. Turli adabiyotlarga mansub bo’lgan hodisalarni taqqoslab o’rganish qiyosiy adabiyotshunoslikning maxsus sohasidir. Hammaga ma’lumki, komparativ tahlil tamoyillari aynan bitta adabiyotning ichida uning davrlarini, yozuvchilari va asarlarini o’rganishda keng qo’llaniladi. Fan sifatida adabiyot tarixi uchun qiyosiy adabiyotshunoslik umummetodologik ahamiyatga ega. Tadqiqotchilar komparativistikannng predmeti dunyo so’z san’atining butun rivojlanishidir, deb hisoblaydilar.
Hozirgi zamon komparativistikasining eng muhim g’oyalari sirasiga ta’sir qilish va qabul qilish aktlarining teng qimmatli ekanligi g’oyasi kiradi. Aniqroq qilib aytganda, bu o’rinda yagona "ta’sir - qabul" jarayoni haqida so’z yuritish lozim. "Ta’sir ko’rsatish" va "qabul qilish" - san’atdagi o’zaro qaytuvchi aloqalarning ham yorqin misoli. Ta’sir nazariyasini tadqiqotning yagona istiqboli sifatida taqdim etishga urinmagunlaricha u hech qanday ishtiboh uyg’otmaydi. Dialog nazariyasi va filologiyani "muloqot girdobi" sifatida tasavvur etishga asoslangan qiyosiy adabiyotshunoslik badiiy axborotning jo’natuvchisi bilan uni qabul qilib oluvchining maqomlari teng ekanligidan kelib chiqadi. "Ta’sir" va "ta’sir ko’rsatish" atamalari axborot jo’natuvchining nuqtai nazari bilan bog’liqdir. "Qabul qilish" atamasi retsipientning «istiqbolini hisobga oladi. Shu bilan birga, ta’sir ko’rsatish va qabul qilish - bu ikki tomonlama, ochiq, tugallanmagan va tugallanmaydigan jarayon. Shu sababli I.G.Neupokoeva, V.M.Jirmunskiy, D.Dyurishin va boshqa tadqiqotchilar tomonidan taklif qilingan "adabiy aloqalar" atamasi to’g’riroq bo’lib tuyuladi. Bu atama qiyosiy adabiyotshunoslikning dialogik tabiatidan darak beradi. "Ta’sir ko’rsatish" retsipientning badiiy tafakkurini o’zgartiradi. Biroq sodir bo’lgan muloqot “jo’natuvchi”ning ham boshqacha bo’lib qolishiga olib keladi. Retseptsiya jarayonida qabul qilib olingan fenomenda (muallifda, an’anada, matnda) «ilgari yashirin bo’lgan ma’no qirralari ochiladi. Cho’zilib ketgan qabul qilish qabul qilinayotgan hodisaning tuzilmasi haqidagi tasavvurni o’zgartiradi.
Komparativistikannng ikkinchi tamoyili qabul qilishning sharti sifatida "duch keluvchi oqimlarning" mavjud bo’lishiga asoslangan. “Qabul qilayotgan” muhit va qabul qilayotgan muallif tashqi impulsni o’zlashtirishga tayyorlangan bo’lishlari zarur. Ana shunda u asta-sekin tashqi omildan ichki omilga aylanadi. Qabul qilish jarayonida "o’z savollari" beriladi, materialni qayta ishlash, "qayta yaratish"ning o’z yo’li belgilab olinadi.
Retseptsiyaning ikki asosiy funktsiyasini "qayta yaratish" va "qaytatiklash" atamalari bilan belgilash mumkin. Ma’lumki, "qayta yaratish” uzoq tarixga ega. Gegel uni "tushunchalarning immanent ritmiga bostirib kirish" sifatida ta’riflagan edi. V.M.Jirmunskiy "qayta yaratish” "eski materiallardan yangi narsa ijod qilish"dan iborat, deb yozgan edi. Bundan kelib chiqadiki, V.M.Jirmunskiy qabul qilishni tipologik jihatdan ijodga qondosh hodisa deb hisoblaydi. L.Ginzburgning fikrigako’ra, "qayta yaratish" o’zi tomonidan yaratilgan dunyo manzarasini, uni gavdalantirish usullarini boshqa muallifga proektsiya qilishni ham taqozo etadi. "Qayta tiklash" dialogning boshqacha tipini bildiradi. Bu o’rinda lirik stixiyaning, qabul qiluvchi "men"ning ekspansiyasining ta’siri cheklangan. "Qayta tiklash" tarixiy yondashuvni, masofani his qilishni, "begona"ni qanday bo’lsa shundayligicha kashf qilishni taqozo etadi.
"Qayta yaratish" va "qayta tiklash" amalda ochiq ko’rinishda uchramaydi, zero har qanday retseptsiya "ikkilangan eksplikatsiya"ni, bir-biri bilan bahslashuvchi ibtidolarning o’zaro chambarchas bog’lanib ketishini, "qatlamlanishini" taqozo qiladi. Retsepient qabul qilinayotgan hodisaning muayyan qirralarini qayd etadi va uzib tashlaydi.
Komparativistika uchun, shubhasiz, chet tillarni bilish ham muhim ahamiyatga ega. Bu muallif (tanqidchi yoki o’quvchi) suyanishi mumkin bo’lgan manbalar doirasini belgilaydi. Agar muallif mazkur chet tilinibilmasa, u tarjimalardan (uning ona tiliga yoki u biladigan boshqatillarga) foydalanishi zarur. Yuqorida aytilganlardan bunday qabulqilish yuzaki yoki juda jo’n bo’ladi, degan xulosa kelib chiqmaydi.Ijodkor uchun hatto tarjima ham foydalidir, zero bu uning taxayyuliuchun keng maydon ochib beradi. "Oxirigacha gapirish", "oxirigacha aytish”birgalikda ijod qilish jarayoni boshlanadi.
Ko’p hollarda u yoki bu ijodkor haqidagi ma’lumotlar "qabul qiluvchi muhit'ta "vositachi adabiyot" yordamida etib boradi. Ko’pincha muallif u yoki bu chet el yozuvchisi bilan shaxsiy muloqot orqali emas, balki asarlarini o’qish, teatr taassurotlari, tarjimalar vositasida tanishadi. Ikki muallif "tutashuvi"ning eng yuqori shakli qabul qilinayotgan namunaga suyangan holda yaratilgan original badiiy asardir. Adabiy tanqid, sahna faoliyati, tarjima, tsenzura, nashr tiplari, shuningdek, qabul qilinayotgan muallif tajribasining original ijodda o’zlashtirib olinishi retseptsiyaning asosiy aspektlarini tashkil etadi. Ko’p hollarda komparativistik tadqiqotlarning tuzilishi aynan aspekt tamoyiliga asoslangan. Bir muallifning boshqa muallif ijodiga munosabat bildirishining barcha turlari o’zaro bog’liqlikda, bir tizimda ko’rib chiqiladi. Bunda xronologik retseptsiyaga alohida e’tibor beriladi. Matnni talqin qilishning eng muhim shakllaridan biri tarjima, qiyosiy tarjimashunoslik esa komparativistikaning eng muhim bo’limlaridan biridir. D.Lixachev haqli ravishda ta’kidlaganidek, muayyan davrga mansub eng asosiy, tayanch matnlarni qiyoslash milliy madaniyatning “kontseptosferasi"ni anglashga yaqinlashtiradi. Bunda janrlar nisbatini, bayon usulini, kompozitsiyani, personajlar tizimini va uni qurish usullarini, mavzu doirasini hamda motivlar tuzilmasini qiyoslash muhimdir. Til va uslub sathiga oid dalillar ham genetik aloqalarning isboti bo’la oladi.
Matniy aloqalarning mavjudligi illyuziyalar, jiddiy va hazil ishoralar, epigraflar, iqtiboslar, variatsiyalar, filiatsiyalar, reministsentsiyalar, adaptatsiyalar, kollajlar, pastishlar, chuqur ma’noli sukut saqlashlar orqali aniqlanadi. Komparativistik metodologiya tahlilning muayyan bosqichlari va darajalarini taqozo etadi: "yot uslubning stereotip mikroelementlarini" tadqiq etish; adaptatsiyada - hikoya qilib berishda o’z tili va begona tilni birgalikda qo’shish usullarini o’rganish; begona materialning o’z uslubiy usullari yordamida joylashtirilishini kuzatish; to’g’ridan-to’g’ri keltirilgan iqtiboslarni va "soxta iqtiboslar"ni aniqlash; illyuziyalarni aniqlash.
O’xshash (yoki qarama-qarshi) janriy tuzilmalar, kompozitsiya sxemalari, ziddiyat tiplari, motiv va mavzularning o’zaro o’xshashligi, -personajlarni joylashtirish usullarini qiyoslash ham komparativistik tahlil predmeti hisoblanadi. Bunda ko’p hollarda bir paytning o’zida ko’plab manbalarga borib taqaluvchi adabiy hodisalarning tamoyiliga ko’ra poligenetikligini yodda tutish zarur bo’ladi. Aniqlangan o’xshashliklarni mutlaqlashtirmaslik lozim. Tahlil davomida o’xshashliklar va farqlar tizimi, mazkur qiyoslash tufayli ochib berilgan badiiy ma’no haqidagi masalani qo’yish zarur.
Qiyosiy-tarixiy metodning shakllanishi haqida so’z borganda mifologik maktab asoschilaridan germaniyalik aka-uka Grimmlar - Vilgelm (1786-1859) va Yakoblar (1785-1863) tilga olinadi. Ular tomonidan yozilgan "Nemis mifologiyasi" kitobida mifologik maktabning nazariy qarashlari va qiyosiy metod xususida qiziqarli fikrlar bildirilgan. Aka-uka Grimmlar hind-evropa xalqlari og’zaki ijod namunalarini qiyosiy tahlil qilib, ular o’rtasidagi o’xshashlik yagona ildizdan kelib chiqqan degan fikrni ilgari suradilar. Bunday holatni ular qadimgi oriy qabilalarining uzoq o’tmishdagi yagona mifologik tasavvurlari bilan izohlaydilar (Keyinchalik esa miflar oriy qabilalarining dunyo bo’ylab tarqalishi natijasida turli-tuman o’zgarishlarga uchrab, o’zlarining dastlabki ilohiy ma’nolarini yo’qotib, ertak, epik afsonaga aylanadilar). Shu qarash asosida aka-uka Grimlar hind-evropa xalqlari miflarini qiyosiy-tarixiy aspektda o’rganib, qadimgi bobomifni tiklashni asosiy maqsad deb bildilar. Madaniy hodisalarning, hududlarning uzoq va yaqinligiga qaramay bir xilda takrorlanishi mifologik maktab vakillarini ularning kelib chiqishi (genezisi) yagonadir degan yanglish xulosalarga olib keldi. Keyinchalik ular ilgari surgan fikrlar rad etilgan bo’lsa ham, to’plangan yirik faktik material, uning tasnifi va, eng asosiysi, undan kelib chiqadigan nazariy umumlashmalar keyingi davr adabiyotshunosligining rivojiga samarali ta’sir etdi.
Yana bir nemis olimi Teodor Benfeyning nazariy qarashlari qadimgi hind eposi Panchatantraning nemis tilidagi tarjimasiga (1859) yozgan so’zboshisida aks etgan. Benfeyning fikriga ko’ra, ayrim badiiy asarlarning bir-biriga yaqinligi, syujet yo’nalishidagi o’xshashliklarning sababi faqatgina yagona mif yoki mifologik manba bo’lmay, "sayyor syujetlar"dir. Boshqacha aytganda, badiiy asarlar bir xalqdan boshqasiga o’tishi mumkin. Bu fikr aka-uka Grimmlar tomonidan ilgari surilgan qarashlarga nisbatan oldinga tashlangan bir qadam edi. Ayni paytda Benfey fikrlarida cheklanganlik ko’zga tashlanadi. Buning sababi Benfey ham mifologik maktab vakillari singari barcha syujetlarning vatani Hindiston deb hisoblagan. Bunday qarash bir madaniyatning ikkinchisiga tobe deb hukm chiqarilishiga olib keladi. Lekin Benfey mifologiyasi tarixiylik nuqtai nazaridan cheklanganiga qaramay, adabiyotshunoslikda muhim bir yo’nalishga - "syujetlar migratsiyasi"ga asos bo’ldi. Biz bu erda adabiy o’zlashtirish yoxud adabiy ta’sir hodisasining dastlabki kurtaklarini ko’ramiz va bu narsa keyinchalik yaratilgan tadqiqotlarga samarali ta’sir ko’rsatdi.
Shunday qilib, dastlab Germaniyada shakllana boshlagan qiyosiy-tarixiy metod tez orada butun Evropaga yoyildi.
Ma’lumki, XIX asrning ikkinchi yarmi Rossiyada adabiyot va adabiyotshunoslik fanining jadal rivoji bilan ajralib turadi. Rus ijtimoiy-falsafiy tafakkuri tarixida muhim o’rin tutgan Rossiya mifologik maktabining asoschisi akademik F.I.Buslaev (1818-1897), qiyosiy mifologik maktab vakillaridan A.N.Afanasev (1826-1871), madaniy-tarixiy maktab vakili A.N.Po’pin (1833-1904), adabiyotshunoslik fanining psixologik yo’nalishiga mansub A.A.Potebnya (1835-1891) kabi olimlarning ilmiy faoliyati aynan shu davrga to’g’ri keladi. Ularning barchasi rus adabiyotshunosligida akademik maktab asoschilaridir. Ular orasida ilmiy tadqiqotlarining miqyosi va darajasi, jahon adabiyotshunoslik ilmiga ko’rsatgan ta’siri bilan akademik A.N.Veselovskiy (1839-1906) alohida mavqega ega. Uning tadqiqotlari qiyosiy-tarixiy metodning rivojini ko’p yillarga belgilab berdi.
A.N.Veselovskiy qiyosiy-tarixiy metod namoyandalari tadqiqotlarining yutuq va kamchiliklarini qunt bilan o’rgandi. Ulardagi rivojlantirish va tayanish mumkin bo’lgan jihatlarga e’tibor berdi, o’z ilmiy tadqiqotlarida unumli foydalandi. Olim adabiy hodisalarni tadqiq etar ekan, ularni yuzaga keltirgan sharoitga diqqat-e’tiborini qaratadi. Masalan, uning: "Menga xalq qanday yashaganini ayting, men sizga uning nima yozganini aytaman", - degan fikri ilmiy faoliyatining dastlabki davridayoq adabiy qarashlarining shakllanganidan darak beradi.
Adabiyotshunoslikka oid ayrim tadqiqotlarda A.N.Veselovskiy o’zidan oldingi komparativizm vakillarining davomchisi sifatida baholanadi. Biroq keyingi yillardagi tadqiqotlarda A.N.Veselovskiy ilmiy faoliyatida aka-uka Grimmlar va T.Benfey nazariyasining tutgan o’rni, adabiyotshunosning salaflari ilmiy merosiga munosabati yangi dalillar asosida atroflicha ko’rsatib o’tilgan. U "Solomon va Kitovraz haqida slavyan afsonalari, Morolf va Merling bilan bog’liq G’arb rivoyatlari" (1872) nomli doktorlik dissertatsiyasida tayyor syujetlar bilan bog’liq qiziqarli fikr-mulohazalar bildirgan. A,N.Veselovskiy o’xshash adabiy hodisalarni qiyosiy-tarixiy aspektda tahlil qilar ekan, shunday yozadi: "Ikki sharq va g’arb povestlariaro o’xshashlik ular o’rtasidagi tarixiy aloqalardan darak bermaydi: bu hol mifologik maktab vakillari zo’r berib ta’kidlaganlaridek, uzoq o’tmishning mahsuli ham emas, bu bir maromdagi psixik rivojlanishning mevasi bo’lib, u yoki bu erda bir shakl va mazmunda ifodalangan". Olimni salaflaridan farqli o’laroq, birinchi galda, adabiy g’oyalar tarixi, o’zaro aloqadorligi kabi masalalar qiziqtirgan. A.N.Veselovskiy adabiy hodisalar tahlilida badiiy asarning vujudga kelishida ijtimoiy-iqtisodiy sharoitni birinchi o’ringa qo’yadi. U katta bir faktik material bilan ish ko’rishi sababli tadqiqotida turli xalqlar adabiyoti namunalarini qiyosiy tahlil etib, muhim umumlashmalar chiqargan. Masalan, doktorlik ishida Vizantiya, slavyan, rus yodgorliklarini chuqur o’rganish o’rta asrlar G’arb adabiyotini tahlil etganda muhim ma’lumotlar berishini qayd etib yozadi: "O’rta asrlar adabiyotini o’rganuvchilar shu vaqtga qadar slavyan yodgorliklariga e’tibor qaratmadilar, biroq mening ishonchim komilki, ularni o’rganish G’arb adabiyotiga doir ayrim qarashlarni o’zgartirib, adabiy hodisalarning yuzaga kelish va shakllanish bosqichlarini o’zgacha izohlaydi". U rus adabiyoti namunalarini tahlil qilganda G’arb adabiy manbalarining muhim o’rin tutishini ham to’g’ri qayd etadi.
A.N. Veselovskiyga qadar rus adabiyoti tarixini tadqiq etganlar bu masalalarga deyarli diqqatni qaratmaganlar. U qadimgi rus madaniy muhiti o’z qobig’iga o’ralib qolmay, ijtimoiy-iqtisodiy sharoitga qarab Evropa bilan uzviy aloqada bo’lganligini isbotlab ko’rsatdi. Demak, dunyoda bir-biridan o’rganmagan va bir-biriga ta’sir ko’rsatmagan adabiyotning o’zi yo’q. Olimni o’zlashgan adabiy hodisaning shakl jihatlari emas, balki uning kirib borgan madaniy muhitdagi o’rni, yangi ma’nolar kasb etishi, unga bo’lgan munosabat kabi muammolar qiziqtirgan. Shu o’rinda A.N.Veselovskiyning adabiyot tarixiga oid qarashlari qiziqarlidir. Uningcha, "adabiyot tarixi keng ma’noda bu – jamiyat tafakkuri tarixidir...". Olim adabiyotni madaniyatning uzviy ajralmas bo’lagi sifatida tushunadi va talqin etadi. U tadqiqot olib borgan davrda adabiyot tarixining metodologik asoslari ishlab chiqilmagan edi. Uning "Adabiyot tarixining fan sifatidagi metodi va vazifalari" tadqiqoti adabiyot tarixining metodologik muammolariga diqqatni qaratganligi tufayli ham hozirgi kunga qadar o’z ilmiy ahamiyatini saqlab kelmoqda.
A.N.Veselovskiy ilmiy faoliyatining cho’qqisi "Tarixiy poetika" asaridir. Katta faktik materiallar asosida o’rta asrlar adabiyotini chuqur o’rgangan olim jahon adabiyoti rivojining qonuniyatlari bilan ham qiziqdi. Ma’lumki, Aristotel davridan beri poetika deganda poeziyaning nazariy jihatlarigina tushunilar edi. A.N.Veselovskiy esa poetikani ilmiy asosga qurishni hamda uni adabiyotning ilmiy-nazariy quroliga aylantirishni asosiy maqsad deb bildi. Uning fikricha, adabiyotshunoslikning eng umumiy masalalarini hal qilmay turib, uni adabiyot haqidagi fanga aylantirib bo’lmaydi. A.N.Veselovskiy tarixiy poetikaning asosini "Poetik tafakkur va uning shakllari evolyutsiyasi"ni o’rganishda ko’rdi. Olimning adabiy turlar, poetik uslub, syujet xususidagi tadqiqotlarining asosida poetik tafakkur evolyutsiyasi va bunga omil bo’lgan ijtimoiy-siyosiy tafakkur yotadi.
A.N.Veselovskiy poetik janrlar evolyutsiyasini o’rganar ekan, diqqatni poeziyaning ibtidoiy shakllariga qaratdi va uning dastlabki ko’rinishlari sinkretik (qorishiq) holatda bo’lganligini isbotlab ko’rsatdi. U ilk poeziya namunalarining real hayot bilan bog’liq jihatlariga e’tibor qildi. Keyinchalik esa taraqqiyotning va poetik tafakkurning asta-sekin rivojlanishi natijasida poetik janrlarning differentsiyasi boshlandi. Bu jarayonda lirikaning ajralib chiqishini olim individual psixikaning uzoq davom etgan rivojlanishi bilan bog’laydi. Bir so’z bilan aytganda, Veselovskiy "Tarixiy poetika" asari orqali jahon adabiyotining umumiy nazariyasini yaratmoqchi va adabiy jarayonning ichki rivojlanish qonuniyatlarini ko’rsatmoqchi bo’ldi. Afsuski, uning fundamental tadqiqoti yakunlanmay qolgan. Biroq u ko’targan muammolarni shunchaki sanab o’tishning o’zi ham olimning adabiyotshunoslik fanining rivojiga qo’shgan hissasini ko’rsatadi. Masalaning yana bir jihati haqiqiy olim qanday ilmiy kashfiyotlar qilmasin, agar uning ilmiy yo’nalishlari keyinchalik ham davom etmasa, u holda bu kashfiyotlar uning o’zi bilan birga tugaydi. A.N.Veselovskiy ilmiy yo’nalishi esa davom ettirildi va davom etmoqda. Taniqli adabiyotshunos, akademik V.F.Shishmarev o’tgan asrning 30-yillari so’ngida Veselovskiy haqida to’xtalib, shunday deb yozgan edi: "Biz ko’pincha tayyor fikr va qoidalarga suyanamiz, ba’zan ularni Veselovskiyga olib borishga o’zimizga hisob ham bermaymiz yoki buni unutamiz".
Qiyosiy adabiyotshunoslik rivoji, metodologiyasi shakllanishida akademik V.M.Jirmunskiyning (1891-1971) xizmatlari beqiyos. U o’zining dastlabki tadqiqotlaridan boshlab qiyosiy-tarixiy metodning o’zak masalalari bilan qiziqdi. Masalan, uning "Bayron va Pushkin" (1924) risolasi adabiy ta’sir yoki adabiy o’zlashtirish muammolariga yangicha yondashuvi bilan diqqatni tortadi. Ma’lumki, ushbu muammolar bilan shug’ullangan tadqiqotchilar nazaridan yuqoridagi masalalarning o’ziga xos qonuniyatlari, g’oyaviy asoslari chetda edi. Yosh adabiyotshunos esa dastlabki jiddiy ishida shunday yozadi: "Pushkin Bayrondan shoir sifatida ilhomlangan. Bunda u Bayrondan nimalarni o’rgandi? O’z ustozi poetik asarlaridagi nimalardan "ta’sirlangan" va buni o’z individual ta’bi va qobiliyatiga ko’ra qanday aks ettirgan?"
Olim ilmiy faoliyatining dastlabki yillarida adabiy ta’sir muammosining ichki qonuniyatlarini ko’rsata olmagan bo’lsa-da, biroq masalaning to’g’ri qo’yilishi va asoslanishi katta bir qadam edi. Ayni paytda, adabiy ta’sirni shunchaki bir passiv o’zlashtirish tarzida emas, aksincha, faol qayta ishlash, hattoki o’ziga xos kurash va buning natijasida yangi bir san’at asarining yuzaga kelishi sifatida tushunish - bu muhim printsipial qarashdir. Uning fikricha, har qanday adabiy materialning qayta ishlanganligini aniqlash o’rganilayotgan badiiy asarning o’ziga xos jihatlarini tushunishga va muallifning ijodiy individualligini to’g’ri belgilashga xizmat qiladi. Risola hali-hanuz o’z ilmiy ahamiyatini yo’qotmaganligi sababli ham oradan ko’p yillar o’tganiga qaramay, "Tanlangan asarlari"dan joy oldi. Kezi kelganda aytib o’tish lozimki, rus adabiyotshunosligi fanidagi vorisiylik an’anasining barqarorligi V.M.Jirmunskiy ilmiy tadqiqotlariga mustahkam poydevor bo’lib xizmat qildi.
1935 yili e’lon qilingan "Qiyosiy adabiyotshunoslik va adabiy ta’sir muammolari" tadqiqoti adabiyotshunoslar tomonidan V.M.Jirmunskiy ilmiy faoliyatida "keskin burilish" deb baholanadi. Bu tadqiqotida u tarixiy-adabiy jarayonning o’xshashligi jamiyatning ijtimoiy-tarixiy rivojlanishi bilan bog’liqligi xususidagi yangi kontseptsiyani ilgari surdi.
Ma’lumki, qiyosiy-tarixiy metodning V.M.Jirmunskiygacha bo’lgan vakillari adabiy hodisalarning o’xshashligi masalasini faqat bevosita adabiy aloqalardagina ko’radilar. V.M.Jirmunskiy esa shunday yozadi: "Ayni shu nuqtai nazardan biz ijtimoiy-tarixiy taraqqiyotning bir xil rivojlanish bosqichida paydo bo’ladigan o’zaro o’xshash adabiy hodisalarni ular o’rtasidagi o’zaro ta’sirning borligi yoxud yo’qligidan qati nazar bemalol qiyoslay olamiz va qiyosiy o’rganishimiz zarur ham”. V.M.Jirmunskiy qiyosiy adabiyotshunoslikning maqsad va vazifalarini jahon adabiyotining umumiy rivojlanish qonuniyatlarini o’rganishda ko’rdi. Uning fikricha, tipologik aloqalar konkret bilvosita aloqalarni yoxud adabiy ta’sirni inkor etmaydi. Milliy adabiyotlarga xalqaro adabiy aloqalarning kirib kelishi adabiy muhitda unga bo’lgan talab va ehtiyojdan darak beradi. Ayni paytda, olimning yozishiga ko’ra, har qanday adabiy ta’sir yangi muhitda uning sharoiti va talablariga moslashadi. Shu bilan birga, ijtimoiy munosabatlarning o’zgarishi natijasida turli ijtimoiy formatsiyalarda turli adabiy ta’sir vujudga keladi. Qiyosiy-tarixiy metod umumjahon adabiy jarayonini tadqiq etganda ijtimoiy-tarixiy taraqqiyotning rivojlanish qonuniyatlariga asoslanadi. Chunki tarixiy jarayon har bir geografik mintaqa doirasida o’ziga xos belgilarga ega bo’lgani holda, bir qator umumiy qonuniyatlarga ham egaki, aynan shu qonuniyatlardan kelib chiqib, turli xalqlar adabiyotlarini qiyosiy aspektda o’rganish mumkin.
V.M.Jirmunskiyning "Gyote rus adabiyotida" (1937) monografiyasi xalqaro adabiy ta’sirning yangi qirralariga diqqatni tortgani bilan muhim ahamiyat kasb etadi. Unda o’zlashgan adabiy materialning ijodiy qayta ishlanishi masalasiga e’tibor qaratiladi. Uning fikricha, adabiy asar tarjima qilinganda o’sha muhitga moslashib, adabiy jarayonga kirishib, o’sha muhitning o’z asaridek bo’lib qoladi. Boshqacha qilib aytganda, milliy adabiyotning to’laqonli mahsuliga aylanadi: "Shu ma’noda rus Gyotesi rus adabiy va ijtimoiy taraqqiyotining muammosidir". Demak, xalqaro adabiy aloqalarni tadqiq etganda tor, ya’ni tarjima jarayoni bilan bog’liq masalalarga diqqatni qaratibgina qolmay, balki tarjima etilgan - qayta ijodiy ishlangan badiiy asar yangi adabiy muhitga qanday moslashgani, unga bo’lgan munosabat kabi muammolarni o’rganish qiziqarli natijalar berishi mumkin.
V.M.Jirmunskiy har bir adabiy hodisani tahlil qilar ekan, eng avvalo, uning paydo bo’lishiga sabab bo’lgan omil - jamiyatning ma’naviy ehtiyojlari kabi masalalarga atroflicha to’xtaladi. Olim qiyosiy adabiyotshunoslikning dolzarb vazifalarini quyidagicha izohlaydi: "Qiyosiy adabiyotshunoslik milliy adabiyotlar taraqqiyotining qonuniyatini Sharq va G’arbni qamrab olgan jahon adabiyoti kontekstida ko’radi. Bunda u, yuqorida qayd etib o’tilganidek, tarixiy sharoitning birligi va xalqaro madaniy aloqalarning doimiyligidan kelib chiqadi..."
Adabiyotshunos "Alisher Navoiy va Sharq adabiyotida Renessans muammosi" maqolasida shoir ijodini unga zamondosh G’arb mutafakkirlari merosi bilan qiyosiy o’rganib, bir qator muhim tipologik nuqtalarni aniqladi. Masalaning yana bir g’oyat muhim jihati shundaki, shoir ijodiy merosi Sharq uyg’onishi kontekstida o’rganilgan. Olimning ushbu maqolasi navoiyshunoslikda birinchi marta Alisher Navoiy ijodi keng planda, qiyosiy aspektda tadqiq etilgani bilan muhim ahamiyatga ega. Undan XV asrda Sharqda Alisher Navoiy ko’targan bir qator ijtimoiy-axloqiy masalalar G’arbda ham aynan shu davrda kun tartibiga qo’yilganini bilib olamiz: "Shunday qilib Alisher Navoiyning ulkan siymosi jahon adabiyotidan tashqarida emas. O’zbek adabiyoti asoschisining ijodi G’arbdagi maslakdoshlari - shoir va mutafakkirlarning ilg’or g’oyalari bilan bevosita hamohangdir". Shunday qilib, ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitning birligi, adabiy ta’sir va adabiy aloqalarning bor-yo’qligidan qat’i nazar, dunyo miqyosidagi mutafakkir ijodkorlarning qarashlaridagi uyg’unlikka sabab bo’lgan masalani yuqoridagi tarzda qo’yib, uni atroflicha o’rganish o’z-o’zidan Alisher Navoiy ijodiy merosini jahon adabiyoti kontekstida tadqiq etishga yo’l ochadi va navoiyshunoslik fani ufqlarini kengaytiradi.
XX asrda sovet adabiyotshunosligi fani ayrim mafkuraviy cheklashlarga qaramay, dunyo miqyosidagi ko’plab olimlarni etishtirib berdi. Shunday olimlardan biri mashhur sharqshunos akademik N.I.Konrad (1891-1970) edi. N.I.Konrad ilmiy faoliyatining asosiy qismi yapon va xitoy adabiyoti tarixi bilan bog’liq bo’lib, u o’tgan asrning 50-yillaridan boshlab qiyosiy adabiyotshunoslikning nazariy muammolari bilan izchil shug’ullana boshladi. Uning "Qiyosiy adabiyotshunoslikning zamonaviy muammolari" (1959) maqolasi alohida qimmatga ega. Olim hozirgi kunda jahon adabiyotida kechayotgan o’zgarishlar xususida gapirib, zamonaviy adabiyotlarning ikki xil unsurdan tashkil topishini to’g’ri qayd etadi: milliy adabiyot namunalari va tarjima qilingan adabiy asarlar. Darhaqiqat, xalqaro adabiy aloqalarning kuchayishi, bir xalq adabiyoti namunasining ikkinchi bir mamlakatga kirib borishida tarjimaning o’rni bo’lakcha: "Bir adabiyotning ikkinchi bir adabiyotga kirib borishida asosiy vosita tarjimadir. Biroq tarjimon faqatgina vositachi emas. O’zga tilda yozilgan adabiy asarni ona tilida qayta yaratish - bu hamma vaqt ijodiy ishdir. Tarjima asarlarining paydo bo’lishi u yoki bu darajada adabiyotni boyitadi". Jahon adabiy jarayonida kechayotgan ushbu hodisalarni o’rganish qiyosiy adabiyotshunoslikning vazifasidir. Ma’lumki, barcha adabiyotlarning rivojlanishi bir xil emas. Olim bu holni ayrim adabiyotlarning yaqin o’tmishdagi tarixiy taraqqiyoti bilan bog’laydi: "Abaydan to "Abay yo’li"gacha - xalq poeziyasidan to zamonaviy romangacha bo’lgan masofa ayrim adabiyotlar uchun katta bo’lib, qozoq adabiyoti esa buni qandaydir yarim asr davomida bosib o’tdi". Olim bunday jadal rivojlanishning o’ziga xos jihatlarini ham ko’rsatib o’tadi. Uning fikricha, tarixiy sharoitdan kelib chiqqan holda adabiyotning jadal sur’atda rivojlanishi uni rivojlangan ilg’or adabiyotlar safiga yaqinlashtirsa, boshqa bir tomondan esa, ilg’or adabiyotlar bilan sifat borasidagi tafovutlar orta boradi. Bunday holat milliy adabiyotning yaqin o’tmishdagi tarixiy taraqqiyoti bilan izohlanadi, biroq istisno holatlar ham mavjud. Masalan, qirg’iz adabiyotining atoqli vakili Chingiz Aytmatov ijodi. Adibning asarlari allaqachon jahon adabiyoti tarixidan mustahkam o’rin olgan, lekin bunday holat kam uchraydigan hodisadir.
Shunday qilib, jahon adabiyoti sathida kechayotgan bunday murakkab jarayonlarni adabiy aloqalar tahlili orqali kuzatish mumkin. N.I.Konrad alohida adabiyot namunalarining tahlili xalqaro adabiy aloqalarni nazarda tutgan holda amalga oshadi deb ta’kidlaydi: “Mohiyat e’tibori bilan barcha madaniy xalqlarning zamonaviy adabiyotlari u yoki bu darajada bir-biri bilan aloqador bo’lib, ularning rivojlanishi ushbu aloqalar sathida kechgan va kechmokda. Bu hol milliy adabiyotning mustaqilligini inkor etmaydi, balki uning milliy o’ziga xosligini yanada ravshanroq namoyon qiladi". Bunday adabiy muammolar qiyosiy adabiyotshunoslik o’rganadigan muammolarning kichik bir tarkibiy qismidir.
Biz N.I.Konrad ilmiy faoliyati xususida so’z yuritar ekanmiz, birinchi navbatda, uning "Jahon adabiyoti tarixi" ko’p jildligining faol ishtirokchilaridan biri ekanligini qayd etishimiz zarur. Ko’p jildlikka yozgan so’zboshisida jahon adabiyoti tarixining muhim nuqtalariga e’tiborni qaratib, uni tadqiq etish yo’llarini ko’rsatib berdi. Jahon adabiyoti tushunchasini dunyo xalqlarining birgalikdagi mahsuli deb qarab, uni kishilik jamiyati madaniy-tarixiy taraqqiyotining uzviy bir qismi deb bildi. U kun tartibiga qo’ygan masalalardan biri Renessans - Uyg’onishdir. Katta faktik dalillar asosida Uyg’onish bu faqat G’arb adabiyotiga xos emasligini, bu hodisa konkret tarixiy sharoitdan kelib chiqqan holda Sharqda ham ro’y berganini isbotlab ko’rsatdi. Garchi ushbu kontseptsiya bir qator bahs-munozaralarga sabab bo’lgan bo’lsa-da, biroq muammoning to’g’ri qo’yilishi Sharq tarixi, adabiyoti namunalarini keng qamrovli o’rganishga yo’l ochdi. Uning tadqiqotlarida adabiyotni xususiy, tor doirada o’rganish emas, balki har bir milliy adabiyot namunasini eng avvalo jahon adabiy jarayonining uzviy bir qismi sifatida qarash etakchilik qiladi. Umuman olganda, A.N.Veselovskiy, V.M.Jirmunskiy va N.I.Konrad ilmiy faoliyatiga xos jihat adabiy hodisalarni keng qamrovda qiyosiy tahlil qilish, har bir hodisaning yuzaga kelish sabablari, rivoji va tanazzulini ko’rsata olishdir. N.I.Konradning ilmiy tadqiqotlari qiyosiy adabiyotshunoslikning rivojini yangi bir bosqichga ko’tardi va bu metod o’rganishi zarur bo’lgan qator muammolarni ko’rsatib berdi.
Kiyosiy-tarixiy adabiyotshunoslik adabiyotshunoslik fanining tarkibiy qismi sifatida dunyo adabiyotshunosligida o’ziga xos mavqega ega. G’arbiy Evropa va Amerika adabiyotshunosligida qiyosiy-tarixiy metod xususida bir qator tadqiqotlar yozilgan va hozirga qadar yozilmoqda, qiyosiy adabiyotshunoslikning dolzarb muammolariga oid ilmiy konferentsiya, simpozium, kongresslar muntazam o’tkazilib keladi, qiyosiy-tarixiy adabiyotshunoslik bo’yicha jurnallar nashr etiladi.
Sobik Ittifoq adabiyotshunosligida bu yo’nalishda Irina Neupokoeva 70-80-yillarda qator tadqiqotlarini nashr ettirdi. Olima ilmiy tadqiqotlarining asosiy yo’nalishi jahon adabiyoti tarixini yaratishda qiyosiy adabiyotshunoslik oldida turgan muammolarga qaratilgan. Uning "Istoriya Vsemirnoy literaturo’. Problemo’ sistemnogo i sravnitel­nogo analiza" (1976) monografiyasi kishilik jamiyati tarixining yaxlitligidan kelib chiqqan holda, jahon adabiyoti tarixining qiyosiy va sistemali tahlili masalalariga bag’ishlangan. U qiyosiy tarixiy metodga tayanib, jahon tarixi va jahon adabiyoti, mintaqaviy va milliy adabiyotlar sistemasi, jahon adabiyoti tarixini davrlashtirish kabi murakkab hodisalarni tahlil etadi.
O’zbek adabiyotshunosligida ham XX asr davomida qiyosiy-tarixiy yo’nalishda bir qator e’tiborga molik tadqiqotlar yuzaga keldi. Ularda o’zbek adabiyoti mintaqadagi qardosh xalqlar adabiyoti namunalari bilan qiyosiy o’rganilib, bir qator nazariy umumlashmalar chiqarilgan. Masalan, E.Rustamovning o’zbek mumtoz adabiyotini Sharq xalqlari adabiyotlari bilan qiyosiy tadqiq etgan doktorlik ishi hozirga qadar o’z ilmiy ahamiyatini saqlab kelmoqda. Shuningdek, Alishsr Navoiy «Xamsa»si dostonlari qiyosiy tadqiq etilgan bir qator tadqiqotlar ham mavjud. Biz bu o’rinda qiyosiy adabiyotshunoslikni yangi g’oyalar bilan boyitgan slovakiyalik mashhur adabiyotshunos D.Dyurishin bilan hamkorlikda chop etilgan to’plamni qayd etishni lozim deb bilamiz. To’plamdan xorij va o’zbek olimlarining qiziqarli maqolalari o’rin olgan. Ularda adabiyot tarixi, o’zbek adabiyotining XX asr arafasidagi qiyofasi, sobiq Ittifoq xalqlari adabiyotlarini qiyosiy o’rganish muammolariga oid e’tiborga molik fikr-mulohazalar bildirilgan. Bu to’plam orqali o’zbek olimlari xalqaro miqyosga chiqdilar.
Shunday qilib, qiyosiy adabiyotshunoslik adabiyotni o’rganishda yagona mutlaq metod bo’lib qolmay, balki u har bir milliy adabiyotni butun jahon adabiyotining ajralmas tarkibiy qismi sifatida ko’radi va tahlil etadi. Bu esa, o’z navbatida, muayyan bir adabiyotni jahon adabiyoti tarixida tutgan o’rnini belgilahda muhim ahamiyatga ega. Bizningcha, o’zbek adabiyotshunosligi uchun qiyosiy adabiyotshunoslikning ochilmagan ufqlari ko’p. Masalan, mustaqillikdan so’ng adabiyotimizga kirib kelayotgan adabiy oqimlar va ularning paydo bo’lishi, rivojlanishi, G’arb adabiyotida tutgan o’rni kabi muammolar qiyosiy adabiyotshunoslikda o’rganiladi, baholanadi. Ayni paytda, o’zbek adabiyoti tarixi bo’yicha to’plangan materiallarni qiyosiy aspektda tahlil etib, adabiyotimizning jahon adabiyotida tutgan o’rni belgilanadi. Adabiyotshunoslik yo’nalishidagi tadqiqotlarni qiyosiy-tarixiy metod asosida o’rganishni ilmiy asosga qurish adabiyotshunoslik fanining jahonga chiqishida muhim bir vosita bo’lib xizmat qiladi.

Yüklə 0,74 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   17   18   19   20   21   22   23   24   ...   59




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin