Nazorat uchun savollar:
Zamonaviy oilalar rivojining pedagogik xususiyatlari.
Zamonaviy oilalarning o‘ziga xosliklari.
Zamonaviy oilalar rivojining ijtimoiy xususiyatlari.
Zamonaviy oilalar rivojining psixologik xususiyatlari.
Asosiy adabiyotlar:
1. O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi. -T., 2012-y.
2. Karimov I.A. “Y uksak m a’naviyat engilm as kuch”. - T., 2008 y.
3. O‘zbekiston Respublikasining Oila Kodeksi. - T., 1998-y.
4. Musurmonova O. Oila ma’naviyati - milliy g`urur (o`quv qo`llanma).
- T., 1999-y.
5. Hasanboeva O. va boshqalar. Oila pedagogikasi. - T., 2007-y.
6. Kulikova T.A. Semeynaya pedagogika i domashnoe vospitaniye: M., 2000-232 s.
III BOB. OILAVIY TARBIYANING MAZMUNI VA O’ZIGA XOS XUSUSIYATLARI
Oila tarbiyasi mazmuni va mohiyati.
REJA:
Oila tarbiyasi yaxlit tizim sifatida.
Oilada axloqiy tarbiya.
Oilada bolalarni estetik ruhda tarbiyalash.
Oilada jismoniy tarbiyani yo‘lga qo‘yish.
Oilaning bolalar iqtisodiy savodxonligini oshirishdagi o‘rni.
Tayanch tushunchalar: oila, yaxlit tizim, axloqiy tarbiya, estetik tarbiya, jismoniy tarbiya, iqtisodiy savodxonlik.
1. Oila ikki ustundan iborat:
Birinchisi - iqtisod, ikkinchisi - ma’naviyat. Oilani shu ikki ustundan birisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Lekin iqtisodda imkoniyatdan, ma’naviyatda sharoitdan kelib chiqmoq kerak. Shunda oila mustahkam qo‘rg‘onga aylanadi. «Eng do‘zaxi ayol — erining imkoniyati darajasidan ortiq talab etuvchi ayoldir», — deb uqtiriladi muborak hadislarda.
Oila tutishda ma’naviyatning sharoit taqozo etgan tomonlari borki, bu haqda allomalarimiz eslatib o‘tishgan. Beruniy oila qurayotgan qizlarga ota-onaning pand-nasihatlarini keltirib, oiladagi tinch-totuvlik ko‘proq ayollar zimmasiga tushishini ta’kidlab shunday yozadi: «Ey qizim! Sen o‘rgangan uyingdan ketib, notanish xonadonga tushmoqdasan. Sen bo‘lajak kuyovingning hamma hislatlarini bilmaysan. Sen yer bo‘l, u esa osmon bo‘ladi. Demak, sen u bilan shunday yo‘l tutki, uning oldida yer kabi kamtar bo‘lsang, u osmon kabi olijanob bo‘ladi. Osmon shifobaxsh yomg‘iri bilan yerni ko‘kartirgani kabi u ham o‘z mehru shafqati ila seni xushnud etadi. Ering sendan faqat yumshoq va shirin so‘zlar eshitsin, yaramaydigan va eski libosda yoki sochlaring tartibga solinmagan holda uning oldida o‘tirma. Qizim, kuyovingdan kuchi etmagan va sotib olishga qudrati etmagan narsalarni talab qilma. Bunday qilsang orada totuvlik yo‘ qoladi, turli xil janjallar paydo bo‘ladi. Qizim, rashk qilishdan saqlangin, chunki u ajralib ketishning kalitidir. Eringga hadeb gina qilaverishni man etaman. Yaxshisi, sen u bilan xushmuomalada, shirin so‘zli bo‘lgin, bu ishing har qanday sehr-u jodudan yaxshidir. O‘zingga xushbuy narsalar bilan oro bergil. Pokizalik hamisha yo‘ldoshing bo‘lsin».
82 yoshli Lev Tolstoy 1910-yil oktyabr oyining qorli, sovuq tunlaridan birida injiq ayolidan (ayoli boylikka berilgan edi) qutulish maqsadida uyini tark etib, boshi oqqan tomonga jo‘naydi. Oradan o‘n bir kun o‘tgach, kichkinagina temir yo‘l stansiyasida o‘pka shamollashidan vafot etgan yozuvchining so‘nggi so‘zi shu bo‘ldi: «Xotinimni yonimga yo‘latmanglar».
«Be’mani injiqlik — zahri qotil»,— deydi Deyl Karnegi. «Oqila rafiqam! Agar ering yoningda bo‘lishini istasang, shuning payiga tushginki, toki u hech yerda sening huzuringdagi kabi rohat-farog‘at va muloyimlikka duch kelmasin»,— deb yozganida buyuk olim Pifagor ming karra haqli edi.
2.Axloq kishilarning xulq-atvor normalari va qoidalarini, ularning o‘z-o‘ziga boshqa kishilarga, mehnatga, jamiyatga munosabati kabi axloqiy tushunchalarni o‘z ichiga oluvchi ijtimoiy ongning shakllaridan biridir. axloq tarixiy xususiyatga ega, chunki u kishilik jamiyatida avlodlar tomonidan to‘plangan axloqiy tajribalar va munosabatlarni aks ettiradi.
Axloq ilmiy yaxshilik bilan yomonlik o‘rtasidagi muammolar haqida bahs yuritib, insonlarning kamolotga erishish yo‘lini yoritib boradi. har bir inson bir olam bo‘lgani kabi uning axloq-odobi ham juda murakkab olam desak yanglishmaymiz. Chunki shaxsning ichki va tashqi olamini o‘rganish, bilish, tahlil qilish g‘oyatda murakkab, bu ruhiyat bilan bog‘liq holatdir.
Axloqli, odobli komil insonda odamiylikning eng yaxshi xislatlari: mehr-muhabbat, rahm-shafqat, adolat-u diyonat, hayo-yu iffat, imon-u e’tiqod kabilar mujassam bo‘ladi, ayni paytda shu xislatlarning aksi - beburd, axloqsiz kimsalar fe’lida ko‘rinadi. Har bir xalqning nufuzi va obro‘-shuhrati kishilarning axloq-odobi, yaxshi xislat-fazilatlari bilan belgilanadi.
O‘zbeksitonning milliy mustaqillikka erishishi va hozirgi kunda Respublikamizda amalga oshirilayotgan siyosiy, iqtisodiy, tarixiy va ma’naviy o‘zgarishlar jamiyatimiz ijtimoiy hayotida mazmunan boy ishlar qilindi. O‘zbekiston Respublikasining 1-Prezidenti I.A.Karimovning tashabbuslari bilan 1998-yil “Oila” yili deb e’lon qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 63-moddasida “Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega” deyiladi.
Oila tarbiyasi kabi katta mas`uliyat birinchi navbatda ota va ona zimmasiga tushadi. Shu o‘rinda bir narsani alohida aytish kerakki, bolalar tarbiyasida asosiy ta’sirchan kuch-qudrat bu – onadir. Ota ko‘pchilik xalqlarda oilaning moddiy ehtiyojlarini qondirish va ta’minlash, qolaversa, oilaning xo‘jalik ishlari bilan band bo‘ladi. Bu o‘zbek oilalarining tarixidan ma’lum bo‘lgan haqiqat va ota-bobolarimizdan meros bo‘lib qolgan an’anadir. Shunga ko‘ra bola bilan ko‘proq ona birga bo‘ladi. Axir xalqimiz: “Sut bilan kirgan jon bilan chiqadi” deb bejiz aytmagan. Yuksak axloq-odob aqidalari bola ruhiga ko‘proq ona suti bilan kiradi.
Oila tarbiyasida to‘g‘ri yoki egri o‘sishga bog‘bon mehnati va mahoratiga bog‘liq. Egri o‘sayotgan niholning qaddini rostlab qo‘ymasa, u noto‘g‘ri o‘sadi. Yangi tug‘ilgan go‘dak tarbiyasi bilan shu yosh nihol holati o‘rtasida qandaydir o‘xshashlik mavjud.
Bundan ko‘rinib turibdiki, axloq-odobning normalari – kattalarga hurmat, kichiklarga shafqat, xalollik, rostgo‘ylik, mehnatsevarlik va shu kabilar oiladan boshlanadi. Bu zikr qilingan pedagogik falsafiy tushunchalar oila rahbarining dunyoqarashi bilan chambarchas bog‘liqdir.
Axloqiylik oiladan boshlanadi deb yuqorida ko‘rsatib o‘tdik. Inson dunyoga kelishi bilan o‘zini o‘rab olayotgan muhit ta’siriga tushadi, atrofdagi voqea-hodisalarga bog‘liq bo‘ladi. Chaqaloq gapira olmaydi. Bu tabiiy holat. Ota-onalarimiz bobo-momolarimizdan, biz esa ota-onalarimizdan, farzandlarimiz esa bizdan o‘rganadilar. Avlodlar vorisligi ham ana shundan kelib chiqadi. Tarixiy tajriba shuni ko‘rsatadiki, avlod-ajdodlarimiz axloqiy fazilatlarni bir-birlariga o‘rgatib, bir-birlaridan o‘rganib kelgan. o‘zbekona, milliy axloqda ota-bobolarimizning tarixiy tajribalari, davrlar sinovidan o‘tgan saboqlari va bizga doim madad bo‘lib turgan ruhiy quvvatlari jamuljamdir. Ularning sharofati ila milliy-axloqiy qadriyatlarimiz asrlar osha avloddan-avlodga o‘tib kelmoqda. Chunki, bir tomchi bo‘lsa ham ularning qoni tomirimizda oqayotir. Ana shu qonni jo‘sh urdirmoq bilan yuraklarimiz uyg‘oq, dillarimiz ravshan, tafakkurimiz munavvar. Ana shunday kayfiyat bizning dilimizda ko‘p yillardan beri yashirinib kelar edi. Endilikda milliy istiqlol tufayli milliy-axloqiy qadriyatlarimiz qaytadan tiklandi. Ulardan bolalarni ma’naviy – axloqiy jihatdan tarbiyalashda foydalanish oilaviy tarbiyamiz uchun ob’ektiv pedagogik zaruriyatga aylandi. Birgina misol: o‘zbeklarda “har bir avlod o‘zining etti pushtini bilishi kerak” degan odat bor. Buning zamirida nasl-nasabning tozaligi va pokligini saqlashga da’vat bor.
Sohibqiron Amir Temur o‘z tuzuklarida yozadi: “Kelin izlamoqqa e’tibor berdim. Bu ishni davlat yumushlari bilan teng ko‘rdim. Kelin bo‘lmishning nasl-nasabini, yetti pushtini surishtirdim . . . sog‘liq . . . jismonan kamolotini aniqladim . . . barcha qusurlardan holi bo‘lsagina...kelin tushirdim”. Bu so‘zlarda o‘z qonining tozaligini saqlash, uning aynishiga yo‘l qo‘ymaslik va buning oldini olishga intilishini ko‘rish mumkin. Zero, qondagi, ruhdagi aynish - millatning ming yillik qadriyatlarini nobud qilishi mumkin.
Xalqimizda shunday axloqiy qoidalar mavjudki, ular o‘zbekligimizni namoyon qilib, qadrimizni boshqa xalqlar oldida ko‘tarib turadi va milliy o‘zligiga xosligi bilan ajratib turadi. Oilada bolaning ongiga go‘dakligidanoq o‘zgalar manfaatini o‘z manfaatidan ustun qo‘yish, jamiyat manfaatini shaxsiy manfaatdan ustuvor ekanligini uning ongiga singdirib borish muhimdir. Oilaviy tarbiya mahorati bolada uni o‘rab turgan dunyoni fuqaro va vatanparvar sifatida ko‘rish va anglab etishni o‘rgatishda ko‘rinadi. Toki, bola o‘z atrofida, o‘z yonida bo‘layotgan voqea va hodisalarga befarq qaramaydigan bo‘lsin, bolaligidanoq boshqalarning quvonchi va tashvishiga sherik bo‘lsin, ko‘nglidan o‘tkazsin. Shunda boladagi fuqarolik hissi axloqiy qadriyat sifatida uning tabiatiga singib ketadi.
Fuqarolik hissini bola ongida shakllantirish, uni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashning bugungi kungi asosiy mezoni bo‘lib qolayotganligini to‘la his qilish oilaviy tarbiyada muhim ahamiyatga egadir.
Oilada shaxsni axloqiy shakllantirish bolaning tug‘ilishidan boshlanadi. U ko‘pgina omillar ta’sirida tarkib topadi. Bu omillar oilaviy munosabatlar xarakteri, ota-onalarning namunasi, ulardagi umumta’lim darajasi, umummadaniy saviyasi hamda ularning pedagogik madaniyati va nihoyat, oilaviy hayotning tashkil etilishidan iborat. Bu omillar oilada bolani axloqiy tarbiyalashning mazmunini tashkil etadi va ular bir qator pedagogik xususiyatlarni o‘z ichiga oladi. Bular quyidagilardan iborat:
1. Ayrim oilalarda bolalar tarbiyasi faqat onalar zimmasida, ota esa bu ishdan o‘zini chetga oladi. Go‘yo, farzandlarini bog‘cha, maktab tarbiyalab berishi shart. Tarixiy tajriba shundan dalolat beradiki, qadimdan o‘g‘il bolalar tarbiyasi bilan ota, qiz bola tarbiyasi bilan ona shug‘ullangan, ammo ular asosan erkaklar nazoratida bo‘lgan;
2. Ota-onalar bolalarga birdek munosabatda bo‘lishlari, bir xil mehribon va g‘amxo‘r, talabchan va qattiqqo‘l bo‘lsalar bolalar hayoti butun va mukammal bo‘ladi. Biri talab qilganda, ikkinchisi yonini olsa tarbiya buziladi. Bolalariga haddan tashqari mehribonchilik qilayotgan ota-onalar ularni hurmat qilishdan oldin, o‘zlarini ham hurmat qilishni o‘rgatishlari zarur;
3. Ko‘pgina ota-onalar bolalarini tarbiyalash borasida o‘z vazifalari va burchlarini to‘la his qilmaydilar. Boshqacharoq aytganda, ularda pedagogik tayyorgarlik yetishmaydi. Oilaviy tarbiya, avvalo, ota-onalarning o‘zlarini-o‘zlari tarbiyalash demakdir. Chunki bola ayni paytda ta’sir ob’ekti va sub’ektidir. Biroq, ota-ona bola ana shunday ob’ekt ekanligini sezmasligi uchun harakat qilishi kerak. Ammo barcha ota-onalar ham buni tushunib yeta olmaydilar;
4. Oila hayotini to‘g‘ri tashkil qilish, oilada sog‘lom axloqiy muhitni yaratish lozim. Bu ishda hech qanday mayda-chuydalar bo‘lmasligi kerak. Har bir narsa bolaga ta’sir qiladi. Ana shu ta’sir natijasida salbiy yoki ijobiy odatlar, turlicha xulq-atvorlar paydo bo‘ladi. Ota-onalarning har bir xatti-harakatini bolalar kuzatib turadi. Shuning uchun bolaga u yoki bu ishni qil yoki qilma deb nasihat qabilidagi o‘rgatish yo‘li bilan tarbiyalayman, deb o‘ylamaslik kerak;
5. Har bir ota-ona bolasining barkamol inson bo‘lishini istaydi. Farzandini ana shunday inson bo‘lishidan nafaqat ularning o‘zi, balki jamiyat ham manfaatdordir. Ota-onaning fuqarolik burchi ham shuni taqozo etadi. Shunga ko‘ra har bir ota-ona, eng avvalo, mamlakat uchun bo‘lajak fuqaroni tarbiyalayotganini unutmasligi lozim;
6. Ota-ona shaxsining o‘zi bola tarbiyasida muhim rol o‘ynaydi. Ularning oqilona o‘gitlari, pand-nasihatlarining hech biri ularning shaxsiy namunasi o‘rnini bosa olmaydi. Bolalar axloqiy fazilatlarining tarkib topishida, oiladagi o‘zaro ahillik, halollik va rostgo‘ylik, o‘zaro ishonchning mavjudligi, umuman, sog‘lom axloqiy muhit muhim ahamiyatga ega;
7. Oilada bolalarni sevish, ularning shaxsiyatini hurmat qilish va hech qachon ularning izzat-nafsiga tegmaslik zarur. Bunday jazolash usuli bola nafratini kuchaytiradi. Har qanday g‘amxo‘rlik talabchanlik bilan olib borilgani maqsadga muvofiqdir;
8. Har bir oilada uning o‘ziga xos an’analari mavjud bo`lib, bu an’analar bola ongiga, uning xulq-atvoriga juda kuchli ta’sir qiladi. Masalan: oila a’zolarining tug‘ilgan kunlarini o‘tkazish, qarindosh-urug‘lar holidan xabar olish va hokazolar;
9. Bola tarbiyasida ota-onaning ishxonasidagi, mahalla va qo‘ni-qo‘shnisi oldidagi obro‘yi ham katta rol o‘ynaydi va bolalarida ularga nisbatan faxrlanish hissini uyg‘otadi. Ular shu ruhda tarbiyalanadilar.
Shunday qilib, oilaviy tarbiyaning o‘ziga xos xususiyatlari va ta’sir qilish omillari mavjud. Bularni hisobga olmasdan turib, bola tarbiyasini oilada yaxshi yo‘lga qo‘yish mumkin emas. Buning uchun, avvalo, ota-onalarning o‘zlari tarbiyalangan bo‘lishlari lozim.
Ota-onalarning butun hayoti, ularning fuqarolik qiyofasi, ma’naviy dunyosi bola tarbiyasining negizini tashkil etadi. Ota-ona bolalari uchun aziz va muqaddas kishilardir. Shu sababli ularga taqlid qiladilar, ularga o‘xshashga intiladilar.
Oilada tarbiyaning yuqoridagi xususiyatlarini hisobga olish, bolani axloqiy jihatdan tarbiyalashda milliy axloqiy qadriyatlardan foydalanishning mohiyatiga, uning o‘ziga xosligi va ahamiyatini tahlil qilishga yordam beradi.
Milliy mustaqillik sharoitida jamiyatning ijtimoiy – siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy hayotida yuz berayotgan o‘zgarishlar tabiiy ravishda va qonuniy tarzda xalq ravnaqiga yo‘l ochdi, mustaqillikni mustahkamlashga samarali ta’sir ko‘rsatdi. Natijada bu tarixiy jarayonlar oilada bola tarbiyasida ham o‘z aksini topa boshladi. Buning uchun ota – onalarning o‘zida milliy qadriyatlarga munosabat o‘zgarmog‘i lozim. Ular bolalarni ota-bobolarining pand-nasihatlari, o‘gitlari, tajribalari asosida eng yaxshi va olijanob an’analar ruhida tarbiyalab kelganlar.
Ularning dono fikrlari, turmush saboqlari davrlar g‘alviridan o‘tib, saralanib bizgacha etib kelgan. Lekin hozirgi kunda o‘zbek oilalarida bola tarbiyasi borasida salbiy holatlarni uchratish mumkin. Masalan: ayrim ota-onalar farzandlarining bemehrligidan nolishadi. Yomon yo‘lga kirib ketgan farzandlari xususida ko‘pchilik ota-onalarning fikrlari bir xil: “o‘z bilganidan qolmaydi, hurmat qilishni bilmaydi...”. Xo‘sh, o‘sha bemehr bolaning otasi yoki onasini tarbiyali desa bo‘larmikan? Ishdan so‘ng, dam olish kunlari ota choyxonada, ona mehmondorchilikda bo‘lsa. Ayniqsa, ota ham, ona ham “ishbilarmonlik”ka sho`ng‘ib ketib, go‘yo bola haqida tinmay qayg‘urib, boshini har eshikka urayotgan bir paytda, oilada bola tarbiyasi bilan kim shug‘ullanadi?.
Tarbiyasi og‘ir bolalarning ko‘payib borayotgani sir emas. Buning kelib chiqishining ichki va tashqi sabablari mavjud. Ota-onasi, qarindosh-urug‘i bo‘la turib, gohida bolalar “bolalar uyi”ga topshirilmoqda. Qachondan beri bizning xalqimiz “bolalar uyi” degan atamani qo‘llay boshladi?
“O‘nta bo‘lsa o‘rni boshqa” deya bir etak farzandni tarbiyalab voyaga etkazgan ota-bobolarimizning siri nimada ekan?
Ko‘p bolali bo‘lish, bolajonlik qilish o‘zbeklarga xos milliy xususiyat hisoblanadi. Bugungi kunda ana shu milliy xususityat kelajak avlodni axloqiy jihatdan tarbiyalashda juda qo‘l keladi. Negaki, oilada aka-ukasini, opa-singlisini yetaklab katta qiladi, bilganini o‘rgatadi. O‘sib ulg‘ayganlarida esa bir-birini qo‘llab-quvvatlaydi, bir-biriga yordam beradi. Shaxsda jamoatchilik hissini shakllantirish ana shu ko‘p bolali oilalardan boshlanadi.
Kuzatishlar shuni ko‘rsatadiki, ko‘p bolali oilalarda ko‘pincha mehnatsevar, o‘zaro inoq va aqlli-xushli, axloq-odobli farzandlar o‘sar ekan.
Keyingi vaqtlarda jamiyatimiz hayotida ayrim salbiy holatlar ham ko‘zga tashlanmoqda. Afsuski, bugungi bozor iqtisodiyotiga o‘tayotgan serg‘alva sharoitda ayollarimizning ma’lum qismi, tog‘ni ursa talqon qilgudek erlari uylarida turib, “ishbilarmonlik” bahonasi bilan shaharma-shahar turli-tuman ashyolarni sotib yurishmoqda. Hatto sarson-sargardon bo‘lsalar ham ayrim xorijiy mamlakatlarga ham “sayohat qilib”, borib kelayaptilar. Ularning ayrimlari yengil-yelpi yo‘llarga kirib ketyapdilar. Bu bilan o‘zbek ayollari nomiga isnod keltirmoqdalar.
Ayrim ayollarimiz “gap” o‘ynashib, tonggacha maishatga berilib ketayotganliklari, mehmonxonalar atrofidagi yengiloyoq ayollarning qilmishlari jamiyatimizning ma’naviy-axloqiy muhitini buzmoqda. Ana shunday yengil-yelpi hayot kechirish – “ishqi” bilan yashayotgan bunday ayollarning uylarida qolgan farzandlarining tarbiyasi nima bo‘ladi? Murg‘ak qalbi, jajji vujudiga nopoklik, xaromxo‘rlik ilk bor ona suti bilan birga kirgan begunoq go‘daklar kelajakda sog‘lom fikrli, ma’naviy-axloqiy inson bo‘ladilar deb hech kim kafolat bera olmaydi.
Ana shunday “yumushlar” bilan band bo‘lgan ayollarimiz kasofati tufayli gulday oilalarning buzilib ketishi, g‘aribxona hamda yetimxonalarning ko‘payishi, ayollarning onalik huquqidan mahrum bo‘lishi, mayib-majruh, aqlan va jismonan nosog‘lom, nogiron farzandlarning dunyoga kelishi kabi hollar sodir bo‘lmoqda.
Bola tarbiyasini o‘z holiga tashlab qo‘yib bo‘lmaydi. Agar shunday qilinsa, uning kelajagi barbod bo‘ladi. Shaxsning ma’naviy tubanlashuvi nafaqat uning butun zurriyotiga, balki yon-atrofda nosog‘lom muhitning paydo bo‘lishiga olib keladi. Chunki har qanday odam o‘z naslining davom etishi ko‘p jihatdan farzandlariga ham bog‘liq ekanligini yaxshi biladi. Unga ijobiy ma’noda katta ahamiyat berilishi esa farzandlarning salbiy ta’sirlarga berilib ketishining oldini oladi.
Har bir ota-onaning obro‘si ma’lum bir ma’noda farzandlarining kamolotiga ham bog‘liq bo‘ladi. Shunga ko‘ra oilani mustahkamlashga asoydil kirishgan va o‘z naslini pok saqlagan millatninggina istiqboli porloq bo‘ladi. Ta’lim-tarbiya ishlariga jiddiy e’tibor bermagan jamiyat, oila oxir-oqibatda ma’naviy qashshoq bo‘lib qolaveradi.
Urf-odatlarimizga ko‘ra oq harir libosda “yor-yor” sadolari ostida boshqa bir xonadonga farzand bo‘lib, kelayotgan qiz hayo, ibo, iffat, nomusi bilan kelmog‘i zarur. Shu bilan birga u ota-onadan ro‘zg‘or yuritish, oila tutishning o‘ziga xos sir-u asrorlaridan ta’lim olmog‘i ham kerak. Qiz bolaning baxti uning axloq-odobi mevasidir. Shirinso‘zlik, samimiylik, sermulohazalilik, go‘zal xulq, yaxshi muomala, saronjom-sarishtalilik qiz bolaning ko‘rkidir. Uning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shuvchi odamiylik fazilatlarini zebo qilib boruvchi ota-onadir. Ota-onaning pand-nasihatlarini dillariga jo qilgan yigit-qizlar hayotda qoqilmaydilar, qiyinchiliklarga sabrli, bardoshli bo‘ladilar. Ularning kelgusi hayot yo‘llari ham porloq bo‘ladi.
Bir kuni Luqmoni hakim o‘tib ketayotsalar, bir ona qiziga nasihat qilib, yaxshi odatlarni o‘rgatayotgan emish: “Qizim sen ham balog‘at yoshiga yetib qolding. Ertaga birovning xasmiga borasan, menikiga esa mehmonga kelasan, xolos. Sen yaxshi hayot kechiraman, obro‘-e’tiborli bo‘laman desang, qaynonangni hurmat qil. Hammadan erta tur! Hammadan kech yot! Qo‘ling egri bo‘lmasin, boshingga qilich kelsa ham rost gapir. Yolg‘onchi, chaqimchi, ikkiyuzlamachi, g‘iybatchi bo‘lma, qo‘lingdan keladigan xizmatingni ayama, kelgan mehmonni izzat-hurmatini joyiga qo‘yib kuzat. Oila a’zolaringni birovga yomonlama, ziyrak, dono, aqlli bo‘l! Kuyovingning hurmatini joyiga qo‘y, ko‘chadan kelganida kutib ol! Ketganida kuzatib qo‘y. Boriga shukur qil, sabr-toqatli, chidamli bo‘l! Salomni kanda qilma. Shundagina baxt sening yo‘ldoshing, g‘am-tashvish esa kundoshing bo‘ladi”,- debdi.
Shunda Luqmoni hakim “Ona ko‘rib qiz ol, qirg‘oq ko‘rib bo‘z ol!” deganlari shu bo‘lsa kerak deb, yo‘llarida davom etgan ekanlar.
Xulosa qilib aytganda, farzand ko‘rib, ularni tarbiyalab, kishilarga, jamiyatga halol va fidoyilarcha xizmat qilishga qadar shaxslarni shakllantirish har bir ota-onaning ijtimoiy, ma’naviy burchi sanaladi.
Oilada bolalarni axloqiy tarbiyalashning usullarini xalq pedagogikasi manbalaridan o‘rganishimiz lozim. Jumladan, tushuntirish, namuna ko‘rsatish, odatlantirish, iltimos qilish, tilak-istak bildirish, yolvorish - iltijo qilish, maslahat berish, ko‘ndirish, undash, ma’qullash, rahmat aytish, duo qilish, olqish, ta’na qilish, koyish, qarg‘ash, qo‘rqitish, uzr so‘rash, la’natlash, so‘kish, urish, kaltaklash kabilar. Lekin insonni axloqiy tarbiyalashda eng kuchli tarbiyaviy vosita sifatida o‘git-nasihat, ibrat ko‘rsatish, ma’qullash va maqtash, mukofotlash kabilardan foydalanish samarali natijalar berishi kuzatishlardan ma’lum. Xalq pedagogikasi materiallarida uchraydigan axloqiy tarbiya vositalari ichida:
bolalar o‘yinlari;
choyxo‘rlik – choyxona gurungi;
bolalar gapi – gap – gashtak;
bolalarga kattalar bilan birgalikda:
to‘y marosimlari – beshik to‘yi, sunnat to‘yi, nikoh to‘yi, hovli to‘yi;
sayllar – dala sayli, gul sayli, qovun sayli;
yig‘in tomosha, tug‘ilgan kunni nishonlash, yigit bazmi, qiz bazmi, kelin salom, uloq, poyga, kurash;
a’za ma’rakasi;
safarga chiqish kabilar haqida ma’lumot berish va ana shu vositalar asosida farzandlarimizni axloqiy tarbiyalash katta ahamiyatga ega. Chunki bolaning ijobiy yoki salbiy xatti-harakati ko‘pchilikning ko‘z o‘ngida namoyon bo‘ladi va ular tomonidan baholanadi. Ayrim ota-onalar o‘z o‘g‘il-qizlarining to‘y-hasham va ma’rakalarga aralasha boshlaganidan keyingina ulardagi salbiy yoki ijobiy sifatlarni payqay boshlaydilar. Bunday hol ota-onalarning bolalariga singdirgan tarbiyasiga xulosa yasashga yordam beradi.
4. Oilada bolalarni jismoniy mashqlarni bajarishga o‘rgatib borish zarurdir. Chunki jismoniy mashqlar bolalarni sog‘lomlashtirishga, ularni chiniqtirishga va jismoniy mehnatga tayyorlashga yordam beradi.
Jismoniy mashqlar inson o‘zida bo‘lajak mehnat faoliyati (ov, turli mehnat qurollari yasash va hokazo) arafasida oldindan jismoniy tayyorgarlik ko‘rish ehtiyojini anglagan davrda paydo bo‘lgan. Tajriba insonga ov oldidan bo‘ladigan tayyorgarlik va uning natijalari o‘rtasida aloqa o‘rnatishga va to‘plangan harakat tajribasini avloddan-avlodga berish muhimligi baholashga imkon berdi. Inson ov qilishdan ancha oldin bo‘lajak faoliyatini mashq qiladi: hayvon tasvirini, (suratlar, tulup va hokazo) mo‘ljalga olishga harakat qiladi. Bunday harakatlarni ko‘p marta takrorlash natijasida insonda nishonga tekizish malakasi shakllangan, ko‘z bilan chamalash, kuch va boshqa fazilatlar rivojlangan. Shunday qilib, jismoniy mashqlar dastavval mehnatda jismoniy qo‘llaniladigan harakatlardan tashkil topgan. Keyinchalik jismoniy mashqlarning rivojlanishiga harbiy ish, fan va san’at sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.
Jamiyatning va jismoniy tarbiyaning rivojlanishi bilan mehnat harakatlari formalari va jismoniy mashqlar o‘rtasidagi farq yo‘qolib bordi. Bu murakkab harakat faoliyatidan ayrim mashqlar (turli masofalarga yugurish, uzoqqa uloqtirish, uzunlikka sakrash va boshqalar)ni ajratib olish va ulardan jismoniy tarbiya maqsadlarida foydalanish imkonini berdi. Jismoniy tarbiya nazariyasi va amaliyotining rivojlanishi jarayonida ayrim muskul gruppalari uchun maxsus (predmetlarsiz va predmetlar bilan, predmetlarda, gimnastika snaryadlari va boshqalarda) bajariladigan mashqlar shuningdek, o‘yinlar (voleybol, basketbol, futbol, xokkey va boshqalar) uchun maxsus mashqlar yaratildi. Hozirgi vaqtda jismoniy mashqlarning katta miqdori mavjud va ularning rivojlanishi davom etmoqda.
Oilada bolalarni jismoniy mashqlarga o‘rgatish orqali ularda sportning biror bir turi bilan mustaqil holda shug‘ullanish malakalarini tarbiyalash mumkin.
Sport jismoniy mashqlarning biror turida yuqori muvaffaqiyatga erishishga yo‘naltirilgani bilan xarakterlanadi, kishining ma’naviy va jismoniy kuchlariga yuksak talablar qo‘yadi. Shuning uchun u faqat muayyan yosh bosqichining rivojlanish darajasidagina qo‘llanishi mumkin. Bu esa jismoniy tayyorlik va sog‘lig‘iga muvofiq keladigan sharoitni talab qiladi.
Sport jismonan kamol topishga xizmat qiladi va ma’naviy irodaviy fazilatlarni tarbiyalashga yordam beradi. Shuning uchun sport bilan shug‘ullanish ayniqsa, kishi organizmining hamda inson shaxsining shakllanish davrida foydalidir.
Oilaning bolalar iqtisodiy savodxonligini oshirishdagi o‘rni.
Oila byudjeti oilaning ma’lum muddatda kutadigan daromadlari va harajatlarining hisob-kitobi. Oila byudjetining daromadi barcha oila a’zolarining ish haqi, turli mukofotlari, nafaqa, stipendiya, pensiya, shaxsiy yordamchi xo‘jaliklardan olinadigan foyda va boshqalar yig‘indisi hisoblanadi.
Oila byudjetining sarflanishi quyidagi yo‘nalishlarda bo‘lishini o‘rgangan edik:
Uy-joy harajatlari
Oila uchun oziq-ovqatlar, kiyim-kechaklar, transport harajatlari
Ro‘zg‘or uchun jihozlar
Oila miqyosidagi an’anaviy tadbirlar o‘tkazish uchun sarf-harajatlar
Oilaga qo‘shimcha daromad keltiruvchi xo‘jalikka qaratilgan sarf-harajatlar (yem-xashak, kunjara, siylos, don va boshqalar).
Oila uchun texnikaviy jihozlar.
Sanab o‘tilgan sarf-harajatlar katta va kichik, doimiy va takrorlanuvchi bo‘lishi mumkin. Harajat turlari:
Uy-joy, avtomobil, zamonaviy texnika, an’anaviy tadbir kabilarga sarflanadigan mablag‘ katta harajat hisoblanadi.
Turli uy-ro‘zg‘or anjomlari (bolg‘a, tesha, supurgi, changyutgich, qozon, idish-tovoq va boshqalar), ro‘zg‘orga oid, zarur kichik jihozlar, mayda-chuydalarga sarflanadigan mablag‘ kichik harajat deb ataladi.
Oziq-ovqat mahsulotlari uchun, oilaga qo‘shimcha daromad keltiruvchi xo‘jalikka yo‘naltirilgan sarflar hamda kundalik ehtiyoj uchun ajratiladigan mablag‘lar doimiy harajat sanaladi.
Uy-hovli soliqlari, radio, telefon, gaz, suv, elektr kabilarga to‘lovlar, mavsumiy kiyim-kechaklar, o‘quv qurollari va boshqalarga sarflanadigan mablag‘lar takrorlanuvchi harajat deb yuritiladi.
Oila byudjetini to‘liq va to‘g‘ri tushunishdan iqtisodning tub ma’nosini anglash, shuningdek, «Iqtisod» qasrining sehrli kalitini topish boshlanadi. Gap shundaki, oila va uning a’zolari ehtiyoji chegaralanmagan. Masalan: hamma oila hashamatli uy-joy, zamonaviy avtotransport, texnikaviy jihozlarga, eng yaxshi kiyim-kechak, sifatli oziq-ovqat, ko‘rkam dala hovli kabilarga ega bo‘lishni istaydi. Ammo, oila byudjeti doim chegaralangan. Demak, chegaralangan imkoniyatdan samarali foydalangan holda chegaralanmagan ehtiyojni qondirish muammolarini yechish iqtisodiyotni keltirib chiqaradi.
Oila byudjetini sarflash yo‘nalishlari turining ahamiyatiga qarab o‘zgaradi. Masalan, oila a’zolarining avtomobil olishga bo‘lgan ehtiyoji birinchi o‘ringa qo‘yilsa, qolgan yo‘nalishlardagi sarf-harajatlar avtomobil sotib olish maqsadiga erishgunga qadar kamaytiriladi.
Shuningdek, yuqoridagi yo‘nalishlarda ko‘rsatilgan katta harajatlarga bo‘lgan ehtiyoj maqsadga aylansa, qolgan yo‘nalishlarga sarflanadigan mablag‘ o‘z-o‘zidan kamayadi. Pul va molni kerakli, zarur narsalarga sarflagandan keyin qolgan puldan bir qismini kelgusi kunlar uchun saqlash lozim. Shunday qilinsa, doimo iqtisod qilib borilsa, katta sarmoya hosil bo‘ladi.
Iqtisod qilishga, tejashga odatlangan odamlar saodat va tinchlik bilan umr kechiradilar. To‘g‘ri, yaxshi yeyish, ichish, kiyish kerak, ammo «ko‘rpangga qarab oyoq uzat» naqliga amal qilinsa, boshqalarning narsalariga ta’ma qilinmaydi, ko‘ngil ham xotirjam bo‘ladi. Qo‘lida bo‘lgan pulga, mulkka qanoat qilmagan odamning nafsi butun dunyo moliga ham qanoat qilmaydi.
Isrof - o‘rinsiz, foydasiz ishlarga pul va mol sarflashdir. Qo‘ldagi pul va molnii kerakli joylarga sarflash, yaxshi idora qila olish, isrofgarchilikdan saqlanish lozim. Shuhrat qozonish uchun to‘y va ziyofatlar qilib, pul sarflash nodonlikdir. Isrof natijasida yo‘qchilik, keyin har kimning mol, davlatiga ta’ma va hasad qilish kelib chiqadi.
Bayt:
Sen agar isrof etishni tashlading,
Ul zamon davlat etagin ushlading.
Har qanday oila ma’lum bir daromad hisobiga yashaydi. Davlatimiz oilalarning iqtisodiy quvvatini oshirishga yaqindan yordam berish maqsadida yildan-yilga mehnatkashlarning oylik ish haqlarini oshiryapti, pensioner, talaba, yolg‘iz ona ham davlat e’tiboridan chetda qolayotgani yo‘q. Davlatimiz oilaga ma’naviy, iqtisodiy jihatdan yordam berar ekan, oilada kelajak yaratuvchisining xarakteri, mehnatga munosabati, axloqi, g‘oyaviy-madaniy saviyasi o‘sishini ko‘zda tutadi, oilalarning kundalik ro‘zg‘or uchun zarur narsalar, uy-joy bilan ta’minlashni, ayolning mehnatini yengillatishni o‘z oldiga vazifa qilib qo‘yadi. Bu esa mustaqil davlat oilasining mustahkamlanishida, byudjeti va xo‘jaligi rivojida muhim ahamiyat kasb etadi.
Yosh oilalar faqat bir-birlarini tushunmasligi tufayligina emas, balki iqtisodiy sharoitni yo‘lga qo‘ya olmasligi tufayli ham ajraladigan hollar uchraydi.
Shunday oilalar borki, qiyinchilik bilan topilgan pulni osongina sovuradilar, ular oilaning iqtisodiy masalalari bilan yuzaki shug‘ullanadilar. Ammo bu borada o‘ylab ko‘radigan ko‘p muammolar bor. Oila a’zolari oyiga qancha ish haqi olishi aniq, lekin bu pulni qaysi maqsadlarga qanday sarflayotganlari haqida aniq hisob-kitob yo‘q.
Oila byudjeti – oila a’zolarining oylik ish haqi hisobidan to‘planib, daromad va harajatlar yig‘indisidir. Xo‘sh, tabiiy va maishiy ehtiyojga sarflanganidan qolgan mablag‘ni nimaga sarflash kerak? Turistik sayohat uchunmi? Kitob sotib olishgami? Qimmatbaho kiyimlar uchunmi? Mashina harid qilishgami? Buni oila a’zolari hal qilishi kerak.
Oilada bolalarni yoshligidanoq oilaning iqtisodiy masalalarini hal qilishga jalb etish, birinchidan, bolaning ota-ona oldidagi qadrini oshiradi, bolaning o‘ziga ishonchini kuchaytiradi, ikkinchidan, pul sarflash madaniyatiga, hisob-kitobga, tejamkorlikka o‘rgatadi. Oila xo‘jaligining iqtisodiy masalalari, hamma oila a’zolari ishtirokida o‘tadigan oilalalarda pul-mablag‘ sababli janjallar ro‘y bermaydi, balki, oila a’zolarini oila kollektiviga yanada jipslashtiradi.
Doimiy ravishda pul yetmay qolishi ko‘pgina oilalarda urish-janjalga sabab bo‘ladi. Ular pulni rasamadi bilan harajat qilishni bilmaydilar. Pulni hisob-kitob bilan harajat qilish haqida o‘quvchilarga bir topishmoq aytish mumkin:
Ota o‘g‘liga chaqa pul berib:
- O‘zimizga, sigirimizga, tovuqlarimizga yegulik biror narsa xarid qil, - dedi.
O‘g‘li bozorga bordi, o‘ylab-o‘ylab bir narsa xarid qilib keldi. Bundan ota xursand bo‘ldi. O‘g‘il nima sotib olgan edi?
- Qovun.
O‘qituvchi javobni izohlab, davom etadi.
Oila byudjetini, xo‘jaligini to‘g‘ri boshqarish uchun yil boshida er-xotin bir yil davomida qilinadigan harajatlarni hisoblab chiqadi. Bu umumiy daromadga nisbatan olinadi. Harajatlar uch qismga ajratiladi:
Har oyda takrorlanadigan joriy harajatlar: oziq-ovqat, turar joy haqi, transport, gigiyenaga sarflanadigan mablag‘.
Aniq hisob-kitobsiz, taxminiy sarflanadigan (kitob xarid qilishga, gazeta-jurnalga) mablag‘.
Uzoq muddat saqlanadigan buyumlar sotib olishga sarflanadigan mablag‘.
Yillik umumiy daromaddan sug‘urtaga, oilaning katta a’zolari sarf qiladigan ba’zi harajatlarni chiqarib tashlaymiz. Harajatni rejalashtirishni kunda bo‘ladigan jarajatlarning aniq miqdorini belgilashdan boshlash kerak, shunda undan ortgan daromad uzoq muddat saqlanadigan buyumlar sotib olishga sarflanadi.
Kundalik harajatlar oilaning umumiy daromadiga hamda yashash usuliga qarab belgilanadi. Bunda uy-ro‘zg‘or ishlarini boshqaradigan ayolga ham ko‘p narsa bog‘liq, shunday ayollar borki, hech qachon ovqati aynimaydi, nonni isrof qilmaydi, hammayoq saranjom- sarishta, hech shoshib qolmaydi, ro‘zg‘orida doim hamma narsa etarli bo‘ladi. Boshqa bir ayol buning mutlaqo teskarisi. Bu esa ayolning qizligida uyida olgan tarbiyasiga ham bog‘liq.
Ba’zi oilalar kayf-safoni, to‘kin-sochin dasturxon atrofida mehmon kutishni, sovg‘a-salom bilan mehmonga borishni, boshqalari sayohatni, yana ba’zilari kutubxonalari uchun kitob yig‘ishni sevadilar. Harajat ham shunga qarab bo‘ladi.
Ayrim bolalar ota-onalarining oylik daromadlari qancha ekanligini bilmagani uchun ba’zi qimmatbaho narsa olib berishni talab qilib turib oladi. Oylik daromadni bilganida u bunday qilmasdi. Shuning uchun Makarenko bolani oila xo‘jaligini yuritish ishlaridan xabardor qilib turish kerakligini uqtirgan edi.
Agar oila yaxshi ta’minlangan bo‘lsa, bu haqda bolaning o‘rtoqlariga maqtanishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak.
Oila o‘z ehtiyojlarini qiyinchilik bilan (ma’lum bir sabablarga ko‘ra) qoplayotgan bo‘lsa, shunday qilish kerakki, bola boshqalarga hasad bilan qaramasin. Bola mehnatsiz keladigan daromaddan ko‘ra, qiyinchilik bilan, mehnat bilan oila hayoti yaxshilanishidan faxrlansin.
Agar oilada pul mablag‘lari to‘g‘ri sarflansa, bu oiladagi bola bosiq, tejamkor, pulning qadrini biladigan bo‘lib ulg‘ayadi.
Shunaqa oilalar borki, oylik olishi bilan bolalarga shirinliklar, o‘yinchoqlar sovg‘a qilishadi-yu, keyin tang holga tushib qolishadi. Bunday oilalardagi bolalar pul va buyumlarning qadriga etmaydi, borgan sari katta talablar qo‘ya boshlaydi. Ota-ona qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, bolaning xarxashasidan qutulish uchun aytgan narsasini olib beradi. Bundan bolada boqimandalik kayfiyati, isrofgarchilik odati, xudbinlik paydo bo‘ladi. U haqiqiy yurt farzandi, mehnatkashi bo‘la olmaydi.
Bundan bolaga umuman sovg‘a bermaslik kerak, degan ma’no chiqmaydi, sovg‘a bolaga katta xursandchilik baxsh etadi va u sovg‘a kutadi! Puxta o‘ylab qilingan sovg‘aning tarbiyaviy ahamiyati katta bo‘ladi.
Bolaning oila xo‘jaligi ishlarida qatnashishi o‘zining ortiqcha talablarini tiyishga, isrofgarchilikka qarshi kurashga o‘rgatadi. Bola 8-9 yoshga yetganda harajatlarni hisobga olgan holda oldindan pul berib turish mumkin. Bola bunga o‘rgangandan keyin uni muntazam ta’minlab turish zarur. Bolaning mehnati yoki o‘ qishi uchun hech qachon pul bilan rag‘batlantirmaslik kerak.
Dostları ilə paylaş: |