Shunday qilib Q.Z.Zokirov va P.Q.Zokirovlar O’rta Osiyo o’simliklar qoplamini o’ziga xos, ya’ni original ekologik klassifikatsiyasini tuzadilar. Ular klassifikatsiyasi bo’yicha O’rta Osiyo o’simliklari qoplami 13 ta klimatipga, 18 ta edafotipga va 48 ta senotiplarga bo’linadilar. Bu ma’lumotlar Q.Z.Zokirovlar va P.Q.Zokirovlarning monografiyasida (1978) to’liq keltirilgan. Hozirgi vaqtda respublikamizning florasi yaxshi o’rganilgan. Respublikamizdagi yetuk sistematik olimlarimizning ko’p yillik ilmiy faoliyati tufayli 6-jildli “Respublikamiz florasi” kitobi nihoyasiga yetkazilgan. Shu yuksak darajadagi ilmiy monografiya ma’lumotlariga ko’ra respublikamizda 4230 ta yuqori o’simlik turlari o’sadi. Bu o’simliklar 1028 avlod va 138 oilalardan iborat. Shu jumladan 492 madaniy o’stiriladigan o’simliklar bor. Respublikamiz florasida eng katta va boy oilalardan murakkabguldoshlar, dukkakdoshlar va boshqalar hisoblanadi. Floramizdagi eng katta avlodlar esa astragal, karrak (kuzaniya) va qandim (tuzg’un)lardan iborat.
Biologiya fanlari andidati E.A.Maylunning aniqlashicha o’simliklar turlari mintaqalarga quyidagicha bo’lingan: Cho’l zonasida 1100 ta, adirlarda 1330 ta, tog’da 1523 ta va yaylovda 555 ta turlar uchraydi. Bundan ko’rinib turibdiki, eng ko’p turlar tog’larda, eng kamlari esa yaylov zonalarida tarqalgan.
Bundan tashqari yuqorida nomi bayon etilgan avtor o’simliklarni hayotiy formalarga bo’lgan. Bu ma’lumotlar esa quyidagicha: o’simliklarni hayotiy formalaridan biri – daraxtchil o’simliklardir. Respublikamizda 68 tur yovvoyi daraxtlar borligi hisoblanib chiqilgan. Bularga tollar, archalar, teraklar, olma turlari, zaranglar, yong’oq va boshqalar kiradi.
Butalar soni bizda 224 turni tashkil qiladi. Ko’pchilik butalar cho’l zonasida tarqalgan. Ulardan qandim, efedra, zirk, na’matak (itburuk, shilvi, uchqat) va boshqalarni misol qilib ko’rsatishimiz mumkin.
Bulardan tashqari yarim buta, yarim butacha, ko’p yillik o’tchil o’simliklar, ikki yillik va bir yillik o’tchil o’simliklar mavjud.
Tabiatda o’simliklar o’zlarining biologik-ekologik sharoitlari, tuproq sharoiti va mintaqalarga qarab o’ziga xos turlar bilan birga uchraydilar. Shu sabablarga ko’ra o’simliklarni klassifikatsiyaga bo’linadi. O’simliklarni klassifikatsiyalash ancha murakkab, ularni har xil holatlari, biologik asoslari va boshqa narsalarni hisoblag olish kerak.
O’zbekistonda akademik Ye.P.Korovinning klassifikatsiyasi keng tarqalgan. Olim respublikamiz o’simliklari qoplamini to’rt gruppa va 16 ta o’simliklar tiplariga bo’ladi.
Hozirgi vaqtda taniqli akademik Q.Z.Zokirov va biologiya fanlari doktori P.K.Zokirovlar (1969-1978) tomonidan yangi ekologik klassifitsiya ishlab chiqildi. Bu olimlarning xizmati shundaki ular O’rta Osiyo o’simliklari misolida butun yer shari o’simliklarini klassifikatsiyalashning o’ziga xos original sistemasini yaratdilar. Ular o’simliklarni tashqi muhit bilan bog’lovchi taksonlarga: klimatip, edafotip, senotip va formatsiyalarga bo’ladilar. O’rta Osiyoda 13 ta klimatli, 18 ta edafotip va 48 ta senotiplar ajratilgan.
O’zbekistonning o’simliklar qoplami degan 4 jildli ulkan va muhim monografiyada quyida o’simliklar tiplarini ajratilgan: psammofit o’simliklar tipi, gipsofit o’simliklar tipi, galofit o’simliklar tipi, barra o’simliklar tipi, turon qurg’oqchil dasht o’simliklari tipi va butalar tipi, keng bargli daraxt va butalar tipi, archalar tipi, o’tloqzorlar tipi, soz o’simliklar tipi va trankarantlar yoki qurg’oqchil butalar tipi. O’simliklarni klassifikatsiyalash ana muhim va murakkab hisoblanadi, shuning uchun ham shu sohada tinimsiz kuzatish va izlanishlarni davom ettirish talab qilinadi.