Inson Inson shu qadar buyukki, uning fazilatlarini o’lchash- dunyodagi eng baland tog’ning eng baland
cho’qqisiga emaklab chiqish zahmati bilan teng. Inson shu qadar tubanki, uning illatlarini
o’lchash- dunyodagieng baland tog’ning eng baland cho’qqisidan emaklab tushish zahmati bilan
teng.
“Otchopar” da “Otchopar” bozorida eski do’stimni uchratib qoldim. Matematik... Olim... Sigaret sotib o’tirgan
ekan... Meni ko’rib ko’zini yashirdi. Men ham burilib ketdim… Ikkalamiz bir-birimizdan nega
uyalganimizni bilmayman. Negadir.. yig’lagim keldi…
Farishtalar Xonadoningizda keksa odam bormi? Baxtli ekansiz! Dunyo tashvishlaridan to’yib ketsangiz
shularni ziyorat qiling: hayot abadiy emasligini o’ylab, taskin topasiz. Xonadoningizda go’dak
bormi? Siz ham baxtli ekansiz... dunyo tashvishlaridanto’yib ketsangiz, go’dakni bag’ringizga
bosing: hayot abadiy ekanini o’ylab, taskin topasiz...
Eng oliy tuyg’u Eng toza tuyg’u nima?
Birinchi maoshingizni keltirib berib, otangizning duosini olganingizmi?
Birinchi marta sovg’a keltirib berganingizda onangizning ko’zida qalqigan yoshmi?
Birinchi bo’sami?
To’y kechasidagi hayajonlarmi?
Nogahon ko’z yumgan onangizning qabrini silab yig’laganingizmi?
To’ng’ich farzandingizni ilk bor maktabga yetaklab borganingizmi?
Hammasi… hammasi pokiza tuyg’ular… Ammo…
Bola emizib o’tirgan ayolga zimdan razm soling... go’dagiga termulib bola emizayotgan
onaning ko’zlariga sinchikla-a-a-b tikiling...
Eng oily tuyg’u nimaligini shunda ko’rasiz!
Rost va yolg’on Haqiqatdan qo’rqqan odam yolg’onning panasiga berkinadi.
Xom sut emgan banda
Odam uchta narsaning qadrini doim kechikib biladi. Yoshlik. Sog’lik. Tinchlik.
Gunohi - azim Do’stni ho’rlash-gunoh. Umr yo’ldoshini ho’rlash- yuz hissa gunoh. Ota-onani ho’rlash-ming
hissa gunoh. Go’dakni ho’rlash- cheksiz gunoh.