2. Sinonimlar – shakli har xil bo’lsa ham, ma’nolari bir – biriga yaqin bo’lgan so’zlardir. Sinonim so’zlar bir xil predmetlarni (ovqat, osh, taom), predmetning bir xil belgisini (ishchan, harakatchan, tirishqoq), bir xildagi harakatni (asramoq, saqlamoq) bildiradi.
Bunday so’zlar ikki yoki undan ortiq so’zdan iborat bo’lgan sinonimik qatorni tashkil qiladi. Bu qatordagi ma’nosi betaraf bo’lgan, ko’p qo’llanadigan so’z asosiy so’z dominanta (bosh so’z) deb ataladi: chiroyli, go’zal, ko’hlik.
Ko’p ma’noli so’zlar ko’chma ma’nosida boshqa so’zlar bilan sinonim bo’lishi mumkin: o’qishni bitirmoq – o’qishni tugatmoq; ishni bitirmoq – ishni bajarmoq; sotib bitirmoq – sotib yo’qotmoq. Sinonim so’zi grekcha, sinonimos (bir ma’noli) so’zidan olingan. Sinonim so’zlar nutqning ta’sirli bo’lishiga yordam beradi. Sinonim so’zlar bir xil so’z turkumiga oid bo’ladi: hayoli, andishali, oriyatli, iboli (sifat); yuz aft , bashara, chehra, turq (ot); gapirdi, so’zladi (fe’l).
Tildagi o’zlashma (boshqa tildan kirgan) so’zlar o’zbekcha so’zlar bilangina emas, balki o’zaro ham sinonim bo’lishi mumkin: his (tub)-sezgi (yasama), savol (tub) – so’roq (yasama). Sinonimik qatordagi so’zlar eskirishi mumkin: odat, rasm, urf, moda ,rasm,odat. Agar sinonim so’zlar har jihatdan teng kelsa, ular o’zaro farq qilmasa, leksik dubletlar deb ataladi: kosmos - fazo. Ma’lum gap yoki matn ichidagina o’zaro sinonim bo’lgan so’zlar shartli sinonimlar deyiladi: Nega kerak endi shu chiroy, shu o’t? Shu yoniq yulduzni ko’zga yashirmoq? (H.O.). Bu misoldagi chiroy, o’t va yoniq yulduz so’zlari o’zaro shartli sinonimlar hisoblanadi.
3. Antonimlar– qarama-qarshi ma’noli so’zlardir. Antonimlar so’zi grekcha anti(zid, qarama-qarshi) va onuma(nom) so’zlaridan tuzilgan.
Antonimik juftlikdagi so’zlar faqat bir xil so’z turkumiga oid bo’ladi: yaxshilik – yomonlik (ot), uzun –qisqa (sifat), ko’p-oz (ravish), keldi –ketdi (fe’l).
Antonomik juft hosil bo’lishi uchun ikkita mustaqil tushuncha ma’no jihatdan o’zaro qarama - qarshi bo’lishi kerak. Fe’llardagi bo’lishli – bo’lishsizlik xususiyati antonimlikni vujudga keltirmaydi.
Ko’p ma’noli so’zlar har bir ma’nosi bilan ayrim-ayrim so’zlarga antonim bo’lishi mumkin: qattiq yer –yumshoq yer, qattiq (xasis) odam-saxiy odam. Antonomik juftlar ko’chma ma’no ifodalashi mumkin: tunu kun (ravishga ko’chgan), achchiq –chuchuk (otga ko’chgan).
Bir sinonomik qatordagi antonim so’z sinonimik qatordagi barcha so’zlarga antonim bo’ladi: chiroyli –go’zal - xushro’y – ko’hlik, xunuk- badbashara – badburush- ta’viya.