Mavzuga oid tayanch tushunchalar:
turkiy adabiy til, eski turkiy til, eski o’zbek adabiy tili, turkiy qabila, turkiy elat, qoraxoniylar davri adabiy tili, dialekt va lahjalar, og’zaki badiiy ijod, turkiy so’zlar, harf va tovush, iste’moldagi so’zlar, so’zlar etimologiyasi, so’zlarning yasalishi, qiyosiy tarixiy tilshunoslik, Mahmud Koshg’ariy tilshunos va b.
1-asosiy savol bo’yicha o’qituvchining maqsadi:
X-XII asrga qisqacha ma’lumot berish. Bu davr tili haqida tasavvur hosil qilish, Mahmud Koshg’ariy haqida fikr yuritish. "Devonu lug’otit turk"ning tilshunoslikda tutgan o’rni haqida ma’lumot berish asosida Mahmud Koshg’ariyning buyuk tilshunos olim ekanligini talabaga singdirish. "Devonu lug’otit turk"ni tahlil qilish bilan Mahmud Koshg’ariyning dunyo tilshunosligida yangi nazariya - tillarni qiyosiy-tarixiy o’rganish nazariyasini yaratgan olimligini talabalarga his qildirish.
Identiv o’quv maqsadlari:
1.1. X-XI asr va o’sha davr tili haqida talabalarda tushuncha hosil qiladi.
1.2. Turkiy tillar tarixini o’rganishda "Devonu lug’otit turk"ning tutgan o’rnini izohlaydi.
1.3. Mahmud Koshg’ariyning hayoti, ijodi va ilmiy faoliyati haqida ma’lumot beradi.
1.4. "Devonu lug’otit turk"ning yozilishi, nashri haqida izoh beradi.
1.5. Talabalarni olimning asarda qo’llagan usullari bilan tanishtiradi.
1.6. Tilshunoslikda, xususan, turkiy tilshunoslikda olim ochgan til qonuniyatlarini sharhlaydi.
1.7. Mahmud Koshg’ariyning umumtilshunoslikda tillarni qiyosiy-tarixiy o’rganish nazariyasini yaratgan olim ekanligini asoslaydi.
1-asosiy savolning bayoni:
X-XII asrlar turkiy adabiy tillarning, jumladan, eski o’zbek adabiy tilining ravnaq topishida katta bir bosqich bo’ldi. Turkiy qabila va elatlarning O’rta Osiyoga ko’chib kelishi qoraxoniylar davrida yana ham kuchayib, turkiy tillarda so’zlashuvchi aholining sonini oshirdi. Shuningdek, Eron gruppasida gaplashuvchi aholining ham bir qismi turkiy tilda so’zlasha boshladi. Mahmud Koshg’ariyning ma’lumotiga qaraganda Rumo (Kichik Osiyo)dan tortib Xitoygacha juda ko’p xilma-xil turkiy urug’lar va yigirmata yirik turkiy qabila bo’lgan.
Qabila tillarining mushtarak adabiy tilga aylanib borishida qabilalar o’rtasidagi iqtisodiy-madaniy aloqalar bilan birga badiiy adabiyotning, jumladan yozma adabiyotning roli katta edi. Jamiyat taraqqiyoti adabiyot va ilm-fan ahllari oldiga adabiy tilni taraqqiy ettirish vazifasini qo’ygan edi. Mahmud Koshg’ariyning "Devonu lug’otit turk" asari,Yusuf Xos Hojibning "Kutadg’u bilig" dostoni va boshqalar mana shu vazifani bajarish sohasidagi juda katta qadam bo’ldi.
Turkiy tillar tarixini, ulardagi dialekt va lahjalarni, shu bilan birga, og’zaki adabiyot yodgorliklarini o’rganishda Mahmud Koshg’ariyning "Devonu lug’otit turk" asari benihoyat katta ahamiyatga egadir.
Mahmud ibn-ul-Husayn ibn Muhammadil Koshg’ariy XI asr boshlarida Bolasog’unda (Hozirgi Qirg’izistonning To’qmoq shahri yaqinida) tug’ildi. Mahmud Koshg’ariy yoshligidanoq qunt bilan o’qidi, turli ilmlar bilan, xususan, arab filologiyasi bilan shug’ullandi. U turkiy halqlarning tiliga, turli qabila va urug’larning urf-odatiga, og’zaki badiiy ijodiga qiziqdi. Yuqori Chindan boshlab Movarounnahr, Xorazm, Farg’ona, Buxoroga qadar cho’zilgan keng va katta hududni kezib chiqdi; urug’, qabila va halqlarning turmushini, ularning kasb-korini, urf-odatlarini, xususan, tili va og’zaki ijodiyot boyliklarini o’rganib material to’pladi.
Davrining eng iste’dodli va atoqli olimlaridan biri bo’lgan Mahmud Qoshg’ariy tilshunoslikka doir ikki nodir asar: - "Javoxir-un-nahv fi lug’otit turk" ("Turkiy tillarning nahv (sintaksis) durdonalari, qoidalari"), "Devonu lug’otit turk" (turkiy so’zlar to’plami) asarlarini yaratdi.
Afsuski, Mahmud Qoshg’ariyning birinchi asari bizgacha etib kelmagan yoki hanuzgacha noma’lum bo’lib kelmoqda. Ikkinchi asari "Devonu lug’otit turk" esa 1914 yilda Diyobakir shahrida topiladi. Topilgan qo’lyozmani ko’chirgan kotib Muhammad binni Abu Bakr Damashqiyning yozishicha, u nusxani Mahmud Koshg’ariyning o’z dastxatidan olgan. 1915-1917 yillarda bu asar uch tomlik kitob shaklida Istambulda nashr etildi. "Devonu lug’otit turk" 1928 yilda nemis (Leyptsig-1928, Brokkelman tomonidan), 1939 yilda usmonli turk (Ankara, Basim Atalay) tilida nashr etildi. 1960-1963 yillar davomida S.Mutallibov tomonidan o’zbekcha nashri tayyorlandi.
"Devon"ning yozilgan vaqti aniq emas. A.N.Kononovning fikricha 1072-1078 yillarda yozilgan. F.A.Abdullaevning fikricha 1071-1073 yillarda yozilgan. Bu paytda asarlarni arab tilida yozish an’ana bo’lganligi sababli Mahmud Qoshg’ariy ham mazkur asarni arab tilida yozishga majbur bo’ldi.
"Devon" muqaddima va lug’at qismidan iborat. Muqaddimada avtor "Devon"ni yaratish sabablari, o’z ish uslubi, "Devon"ning qurilishi, "turkcha so’zlarning tuzilishida qo’llaniladigan harflar haqida", "So’zlarning tuzilishi haqida", "turk tabaqalari va qabilalari", "turk tilining xususiyatlari haqida", "tilda va lahjalarda bo’lgan farqlar haqida" fikr yuritadi.
"Devon"ning asosi bo’lgan lug’at qismida avtor etti mingdan ziyodroq turkiy so’zlarning lug’aviy ma’nosini arabcha izohlab beradi. M.Qoshg’ariyning "Devonu lug’otit turk" asari oddiy lug’at kitobi bo’lmay, balki o’sha davrdagi turkiy tillarning holatini belgilashda tilshunoslik ilmiga qo’shilgan muhim hissadir.
"Devonu lug’otit turk" O’rta Osiyo xalqlari tillarining, jumladan, o’zbek tilining tashkil topishida asos bo’lgan qabilalarni aniqlash uchun yordam beruvchi muhim materialdir. Asarda qabilalar tilida so’z yasalish masalasi ham to’la yoritilgan.
Mahmud Qoshg’ariy o’z asarida o’zbeklar, qozoqlar, qirg’izlar, turkmanlar, uyg’urlar, tatar va boshqa xalqlarning qabila va ularning sodda tillarini izohlab berdi.
U shunday yozadi: "Men turklar, turkmanlar, o’g’uzlar, chigillar, yag’molar, qirg’izlarning shaharlarini, qishloq va yaylovlarini ko’p yillar kezib chiqdim, lug’atlarini to’pladim, turli xil so’z xususiyatlarini o’rganib, aniqlab chiqdim. Men bu ishlarni til bilmaganligim uchun emas, balki bu tillardagi eng kichik farqlarni aniqlash uchun qildim. Ularni har tomonlama puxta bir asosda tartibga soldim."
(1-tom,bet 44). M. Koshg’ariy turkiy tillarda qo’llanuvchi so’zlarni izohlashda "o’quvchilarning foydalanish masalasiga asoslanib," iste’moldagi so’zlarni berishga harakat qiladi. M.Qoshg’ariy har bir turkiy qabilaning o’ziga xos xususiyatlarini berish uchun alohida bir yo’l tutadi. Bu haqda u shunday yozadi:"Men har bir qabilaga mansub so’zlarning yasalish xususiyatlarini va qanday qo’llanilishini qisqacha izohlab ko’rsatish uchun alohida yo’l tutdim. Bu ishda misol tariqasida turklarning tilida qo’llanilib kelgan she’rlaridan, shodlik va motam kunlarida qo’llaniladigan hikmatli so’zlaridan, maqollaridan keltirdim" (1-tom bet 47).
Avtor turli qabila va xalqlarning tilini, territorial dialektlarni atroflicha tekshirib yoritadi, til hodisalari va faktlarini bir-biriga chog’ishtiradi, leksika, fonetika, morfologiya va dialektologiya masalalari yuzasidan qimmatli nazariy xulosalar chiqaradi.
M.Qoshg’ariy so’zlarni izohlashda ham o’ziga hos alohida mahorat ko’rsatdi. Uning izohlarida so’zlar ma’nosining kengayishi, abstraktlashishi kabi hodisalar ham ochib berilgan. So’zlar etimologiyasi, so’z yasalishi va har xil so’z turkumi yasovchi affikslar to’g’risida dastlabki qoidalarni tuzadi. U so’zlar ma’nosi haqida ham lingvistikada ancha keyin aniqlangan xususiyatlarni izohlashga harakat qildi.
So’zlarga yangi ma’no yuklash yo’li bilan ham yangi so’zlar yasalish hodisasi shu xil yangiliklardan edi.
M.Qoshg’ariy "Devon"ida o’sha davr fonetikasiga doir yo’l-yo’lakay bergan izohlarida turkiy tillar fonetikasiga doir qimmatli fikrlar berdi, o’sha davr tilshunosligida fonetikaga hos ko’pgina yangiliklarni yaratdi. U so’z ichida tovushlar o’rtasidagi munosabatni aniqladi.
M.Qoshg’ariy o’sha davr yozuvida bo’lgan harflar jonli til tovushlarini to’la ifodalay olmasligini ko’rsatdi.
"Turkiy tillarda qo’llaniladigan asosiy harflar soni o’n sakkiztadir. Holbuki, tildagi tovushlar o’n sakkizta emas, ko’pdir. Bu o’n sakkiz harf etishmaydi. Bulardan boshqa tilda bo’lgan tovushlarni berish uchun yana etti harf kerak. Lekin bu harflar yo’q. U etti tovushni ana shu mavjud harflar ustiga maxsus belgi qo’yib yoziladi"(47-48). M.Qoshg’ariy o’z asarida o’sha davr vokalizmi va konsanantizmi haqida ham original fikrlarni aytadi. Kitobda unlilardagi kenglik va torlik, cho’ziqlik va qisqalik masalasi; undoshlar sistemasidagi sodda va kombinator undoshlar, ulardagi jaranglilik va jarangsizlik, undoshlardagi qator kelish hodisasi haqida qiziqarli ma’lumotlar berilgan. Bundan tashqari XI asr fonetikasiga xos bo’lgan fonetik protsesslar haqida ham dastlabki faktlar bayon etilgan.
M.Qoshg’ariy o’z davrining buyuk dialektologi sifatida o’sha davr qabilalari va ularning tillarini mukammal aniqlab beradi. M.Qoshg’ariy ayrim shevalargagina xos bo’lgan til hodisalarini ham, ko’pchilik qabilalarning umumlashgan til xususiyatlarini ham o’z asarida ko’rsatib beradi. Umuman bu asarda tarixiy dialektologiyaga tegishli qimmatli materiallar beriladi.
Shuningdek, "Devonu lug’otit turk" til tarixini yoritishda ham o’z qimmatini saqlab kelmoqda."Devonu lug’otit turk" faqat tilshunoslik asari bo’lib qolmasdan, balki o’z davrining entsiklopediyasi sifatida unda turli qabila va xalqlarning tarixi, ijtimoiy ahvoli, urf-odati, geografiyasi, tabiiy sharoiti, etnografiyasi hamda adabiyoti haqida qimmatli materiallar berilgan.
Odatda qiyosiy-tarixiy tilshunoslik haqida gap ketganda unga asos soluvchi asarlar XIX asrning birinchi choragida maydonga keldi deb ko’rsatiladi. Ularning asoschilari sifatida esa nemis tilshunosi Frants Bopp (1791-1867), daniyalik tilshunos Rasmus Rask (1787-1832), germaniyalik Yakob Grimm (1785-1863), Rossiyalik A.X.Vostokov (1781-1864)lar qayd etiladi. Biroq Mahmud Qoshg’ariy XI asrdayoq bu tilshunoslikka asos solishi va uning bu masalani juda izchillik bilan amalga oshirishi tilga olinmaydi, shuningdek A.Navoiyning xizmatlari ham ko’rsatilmaydi.
Dostları ilə paylaş: |