9. Mustahkamlash va baholash bosqichi: 9.1. Berilgan ma’lumotni talabalar tomonidan o’zlashtirilganini aniqlash uchun quyidagi savollar beriladi:
Alisher Navoiy yashagan davrda o’zbek tilining ahvoli, holatini sharhlang
Alisher Navoiyning ona tilisiga, adabiy tilga munosabatini izohlang .
Alisher Navoiyning o’zbek adabiy tili asoschisi ekanligini sharhlang .
Alisher Navoiy ta’limicha til –tarix, o’zlik, ma’naviyat, qadriyat ekanligini qanday his etasiz? .
9.2. Eng faol talabalar (baholash mezoni asosida) baholanadi.
O’qituvchi, 15 minut
5
10. O’quv mashg’ulotini yakunlash bosqichi: 10.1. Talabalar bilimi tahlil qilinadi.
10.2. Mustaqil ish topshiriqlari beriladi
10.3. O’qituvchi o’z faoliyatini tahlil qiladi va tegishli o’zgartirishlar kiritadi.
O’qituvchi, 10 minut
Reja: Alisher Navoiy va o’zbek adabiy tili.
Alisher Navoiy adabiy tili haqida olimlarning fikrlari.
Alisher Navoiy asarlari tilida g’arbiy turkiy tillar elementi.
Alisher Navoiyning “Muhokamatul – lug’atayn” asari haqida.
Alisher Navoiyning she’riy asarlarining tili haqida.
Mavzuga oid tayanch tushuncha va iboralar:
Adabiy til, turkiy til, turkiycha, turk nazmi, forsiy til, turkcha, mamlakatni yak qalam aylash, Movarounnaxr, Xuroson, xalq tili, xalq tilida so’zlashish, adabiy til yaratish, sulduz, qipchoq, qiyot, Muhokamatul lug’atayn, ikki til muxokamasi, turk jamiyati, ta’b ahli, salohiyat va ta’blar, ikkalasi til, turk ulusi xushta’blari, sort tili, arab, qo’ng’irot, tarxon, qovchin, jaloyir, qiyot, oqar, belugut, xalq shevasi, singarmonizm, so’z ma’nolari, zohiriy, botiniy, g’arbiy turkiy, hind tili, so’z mulkining sultoni.
asosiy savol bo’yicha o’qituvchining maqsadi:
Alisher Navoiy yashagan davrda o’zbek tilining holati, ahvoli haqida tushuncha berish, Alisher Navoiyning ona tili, adabiy til haqida qarashlarini talabalarga singdirish. Bu sohada olib borgan kurashlari haqida talabada tasavvur uyg’otish. Shu asosda til o’zlik, tarix, ma’naviyat ekanligini talabalarga singdirish.
Identiv o’quv maqsadlari: Alisher Navoiy yashagan davrda o’zbek tilining holati, ahvoli haqida tushuncha beradi.
Alisher Navoiyning adabiy tilga, ona tiliga munosabati haqida talabada tasavvur hosil qiladi.
Alisher Navoiyning o’zbek adabiy tili asoschisi ekanligini izohlaydi.
Talabaga til – tarix, til – o’zlik, til – ma’naviyat ekanligini his qildiradi.
1 – asosiy savolning bayoni: Fors – tojik poeziyasi ko’p asrlik taraqqiyot davrini bosib o’tib, tengi yo’q so’z ustalariga ega bo’lgan holda gullab – yashnayotgan va obro’si ancha ortgan bir sharoitda o’zbek xalqining ulug’ shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy o’z xalqining adabiyoti va adabiy tilini himoya qilish, rivojlantirishdek juda katta va muhim masalani ko’tarib chiqdi. U o’z umrining oxirigacha o’zbek adabiy tili va adabiyotini yuksak darajaga ko’tarish uchun kurashdi. Alisher Navoiy o’zbek adabiyoti va adabiy tilining asoschisi ekanligini o’zining “Lison-ut-tayr ” asarida faxr bilan tilga oladi:
Turk nazmida chu tortib men alam,
Ayladim ul mamlakatni yakqalam.
Alisher Navoiy uchun ona adabiyot uchun kurash adabiy til rivoji uchun kurash edi. U o’zining qator asarlarida ona tilini adabiy til darajasiga ko’tarish, adabiyot uchun yagona til yaratish har bir shoirning faxrli burchi ekanligini ta’kidlaydi.
Alisher Navoiy fikricha, adabiy til yaratish ayrim shaxslarning ishi emas, balki xalqning ishidir. “xalq bilan xalq tilida so’zlashish kerak”, degan shior shoirning asosiy ideyasidir.
O’zbek adabiy tilini rivojlantirish esa uni barcha sohalarga yoyish ishi, adabiyotni rivojlantirish ishi bilan chambarchas bog’langandir. Alisher Navoiy o’sha davrda O’rta Osiyoda keng tarqalgan fors adabiyotiga har jihatdan teng keladigan o’zbek adabiyotini yaratish ishiga juda ko’p kuch sarfladi. Shuning uchun ham A.Navoiy o’zining “Hayratul abror” asarida o’z poetik ijodining maqsadi haqida shunday deydi:
Forsi el topti chu xursandliq,
Turki dog’i topsa berumandliq.
Ko’p o’rinlarda qayta-qayta takrorlangan bu fikr Navoiyni turkiy tilda qalam tebratishga da’vat qiladi. Haqiqatdan bu davrda temuriylar davlatining har ikki qismi (Movarounnahr va Xuroson)da ham fors adabiyoti va adabiy tilining ta’siri juda kuchli edi.
Bundan tashqari A.Navoiy atrofidagi adabiy muhit vakillarining ko’pchiligi forsiy tilda ijod qilar edilar. A.Navoiy o’zining “Majolis-un nafois” asarida o’zi bilan zamondosh va o’zidan avval o’tgan 459 shoir haqida ma’lumot beradi. Asarning ikkinchi majlisida o’zining keksa zamondoshlaridan 91 shoir nomini tilga oladi va shulardan o’n oltitasi turkigo’y ekanligini aytadi. Asarning 3-bobida 175 shoir haqida to’xtalib, ularning uchtasi turkigo’y ekanligini ko’rsatadi. Shoir fikricha, u turkigo’y shoirlar forsi tilida ham she’rlar bitganlar, forsigo’ylar esa turkiy tilda she’r yozishni o’zlariga ep ko’rmas edilar. Shoirlarning fors tiliga murojaat qilishiga sabab, asosan, ikkita edi: birinchidan, ko’p vaqtlardan beri davom qilib kelayotgan fors tili traditsiyasi bo’lsa, ikkinchidan, fors tilining nisbatan engilligidir.
O’zbek tiliga shoirlarning murojaat qilmasliklarining sababi, uning boy lug’at zapasi, ixcham grammatik formalari ko’pchilik tomonidan o’rganilmagan edi. Shuning uchun ko’pchilik shoirlar o’zbek tilini “qo’pol” til, bu tilda nafis badiiy asarlar yaratib bo’lmaydi, deb hisoblaganlar. Ular o’zbek tilini fors tiliga qarama –qarshi qo’yib, o’z ijodlarida fors tilining shablonlashib ketgan stilistik vositalariga murojaat qilar edilar. Ammo shuni ham qayd etish lozimki, Navoiygacha o’zbek tilida ijod qilgan shoirlar o’tgan edi va ular xalq orasida ancha obro’ ham qozongan edilar. Ammo ular adabiyotda o’zbek tilining foydasi uchun keskin burilish yasay olmagan edilar. Navoiy ham o’z navbatida Lutfiydan boshqa hamma shoirlarning yuqori darajaga ko’tarila olmaganligini ko’rsatib o’tadi. Shunday qilib adabiyotda fors – tojik tili hukmronlik qilib turgan bir davrda A.Navoiy o’z ona tilini himoya qilib chiqdi. Shu maqsad yo’lida u, “Muxokamat-ul -lug’atayn» asarini yozib, unda har ikki tilni chog’ishtirish yo’li bilan o’zbek tilining adabiy til qobiliyatiga ega bo’la olishini isbotlaydi.
A. Navoiy ona tiliga salbiy munosabatda bo’lish va ko’proq fors-tojik tiliga murojaat qilish fakti to’g’risida gapirib, bunga o’zini ham misol qilib keltiradi. Ma’lumki, Navoiyning o’zi ham yoshligida she’r yozishni fors-tojik tilida boshlagan edi. Lekin keyinchalik o’z ona tilining afzalligini sezgach, shu tilda ijod qila boshladi. Navoiyning o’zbek adabiy tili uchun kurashi, shubhasiz, qarshiliklarga uchramay qolmadi. Uning atrofidagi forsiguy shoirlar unga ko’p ta’na qilar va ochiqdan-ochiq qarshi gapirar edilar. Navoiy ona tili uchun kurashar ekan, o’sha davrdagi arab va fors tillariga ham munosabatini bildiradi. Uning fikricha, arab tili o’sha davr ilmiy adabiyotida mustahkam o’rnashib olgan ekan va undan foydalanish traditsiya bo’lib qolgan ekan, uni butunlay chetga sudrab chiqarish yaramaydi. Ayrim muhim tushunchalarni ifodalash uchun o’zbek tiliga kirib qolgan va foydalanish zarur bo’lgan arabcha so’zlardan yuz o’girmaslik lozim.
Fors-tojik tili va uning poeziyasini juda yaxshi bilgan Alisher Navoiy fors tiliga umuman dushmanlik ko’zi bilan qaramaydi, yozuvchilarning bu tilda ijod etishlarini ham rad etmaydi. Uning o’zi ham fors tilida asarlar yaratgan, fors tilining lug’atidan, poetik nutq elementlaridan foydalanib, ularni to’g’ridan – to’g’ri yoki tarjima qilish orqali o’zbek tiliga kiritgan. Shuning uchun u imkoni boricha turkiy tilda juda bo’lmaganda har ikki tilda ham asar yaratish tarafdori edi.
“Muhokamat-ul-lug’atayn” asarida so’z san’atkorlarining ona tiliga va o’zga tillarga munosabati haqida Navoiy bunday deydi:
“ Andin so’ngrakim, turk (eski o’zbek) jamiyati muncha daloil bila sobit bo’ldi, kerak erdikim, bu xalq orasidin paydo bo’lg’on tab’ ahli salohiyat va tab’larin o’z tillari turg’och, o’zga til bila zoxir qilmasa erdi va ishga buyurmasalar erdi. Va agar ikkalasi til (o’zbek va fors-tojik) til bila aytur qobiliyatlari bo’lsa, o’z tillari bila ko’proq aytsalar erdi va yana bir til bila ozroq aytsalar erdi. Va agar mubolag’a qilsalar, ikkalasi til bila teng aytsalar erdi. Bu ihtimolg’a xud yo’l bersa bo’lmaskim, turk ulusining xushtab’lari majmui sart tili bila nazm aytqaylar va bilkul turk tili bila aytmag’aylar, balki ko’pi ayta olmag’aylar… ”
O’zbek adabiyotining keyingi taraqqiyotini ta’minlash uchun dastlab o’zbek tilini adabiy til darajasiga ko’tarishni ta’kidalagan A.Navoiy o’z ijodining oxirigacha “o’z tillari bilan ko’proq aytsalar”, degan shiorga amal qildi. O’zbek tilini adabiy formaga kiritishga juda ko’p kuch sarfladi.
Alisher Navoiyning o’zbek adabiy tilining taraqqiyotidagi xizmati va rolini frantsuz ma’rifatparvari Dyu Belli (1522-1560) ishlari bilan taqqoslash mumkin. Chunki Dyu Belli ham Frantsiyada adabiy til sifatida lotin tili hukmronlik qilib turgan bir paytda, ya’ni 1549 yilda u til o’rniga frantsuz tilini qo’llash ideyasini talab qilib chiqdi. U frantsuz tilining adabiy til bo’la olishidagi barcha imkoniyatlarni faktlar bilan isbotlab bergan edi. ( R.A.Budagov, Ponyatie o norme literaturnogo yazo’ka vo frantsuzskiy 16 – 18 vekov, “V.Ya” 1956, 5-son, 10-bet ).
Alisher Navoiy ideyalarini va o’zbek adabiy tilining rivoji sohasidagi zo’r xizmatlarini ulug’ rus olimi M.V.Lomonosov ideyalari bilan ham taqqoslash mumkin. Chunki Lomonosov ham Rossiyada keng tarqala boshlagan frantsuz tili traditsiyasiga qarshi chiqib, rus adabiy tili uchun kurashgan edi. Albatta bunday taqqoslash garchi shartli bo’lsa-da, lekin eng muhimi shuki, Navoiyda ham, Dyu Bellida ham, Lomonosovda ham ideya birligi , fikr umumiyligi mavjud edi.
Umuman, Alisher Navoiy o’zbek adabiy tili tarixida yangi bir davr ochdi va uni mustahkamlash uchun ko’p kurashdi. Shuning uchun N.I.Il’minskiy A. Navoiyni: “ona tili uchun kurashda yagona va bahodir jangchi edi”-deydi.
Evropalik (geograf) olim M.Belin Alisher Navoiy xizmatlari haqida shunday yozadi: “ Navoiy milliy tilga murojaat qilib, uni rad etib bo’lmaydigan darajada asoslab vatanparvarlikni boshlab berdi”.
(M.Bemin. A. Navoiyning biografiyasi.. 861,222-b).
Alisher Navoiy bilan bizning davrimizni besh yarim asrlik masofa ajratib turibdi. Ammo qoyadan qancha uzoqlashsang, u shunchalik salobatli ko’ringanidek, Alisher Navoiy ham davrdan davrga, asrdan asrga o’z buyukligini, salobatini namoyish etmoqda. Shoirning avlodiga, ajdodlariga qoldirgan saboqlari bisyor bo’lib, shulardan biri uning til, so’z haqidagi saboqlaridir. Shoir yashagan davrda o’zbek tili imkoni boricha kamsitilar, uning badiiy asarlar yozish uchun quvvati etmaydi, bu “qo’pol” til degan tushunchalar, qarashlar ustun edi. Shuning uchun ham bu sohada juda ko’p mehnat sarf qilishga, uni yuksak bosqichga ko’tarish uchun astoydil kurashishga to’g’ri keldi.Uning o’zi bu qiyinchiliklarni xalq tiliga bo’lgan muhabbati natijasida engganligini faxr bilan tilga oladi:
So’zingniki yaxshi ko’rar sen o’zung,
Ko’runmas yomon, chun erur o’z so’zung,
Ki so’z zo’dai tab’i farzand erur,
Ki farzand erur jonga payvand erur.
Darhaqiqat, butun umri davomida “xalq bilan xalq tilida so’zlashmoq kerak”, degan fikrga sodiq qolgan shoir o’zbek tilining adabiy til bo’la olish imkoniyatiga ega ekanligini amalda isbotlash uchun birinchi navbatda xalq tiliga, so’zning ma’no munosabatiga jiddiy e’tibor berdi. Badiiy tilning imkoniyati esa cheksiz. Birinchidan, til tabiat va insondagi go’zallikni aks ettirish vositasi bo’lsa, ikkinchidan, tilning o’zi go’zallikni vujudga keltiradi. Mutafakkir shoir tilning badiiy imkoniyatidagi har ikki jihatidan ham san’atkorona foydalanadi. Masalan:
Qora ko’zum kelu mardumlug’ emdi fan qilg’il,
Ko’zum qarosida mardum kibi vatan qilg’il!
degan mashhur misralarida, avvalo mardum so’zining odamgarchilik ma’nosidan foydalanish bilan birga, ko’z qorachig’i ma’nosidan ham san’atkorona foydalangan. Shuningdek, misralarga “qora ko’zum” bilan “ko’zum qorasi” nafislik, musiqiylik, jozibadorlik kashf etib turibdi.
Mumtoz adabiyotda qoshi, kiprigi, sochi qop-qora, ko’zi katta-katta va tim qora, yuzi oppoq qiz “havro” deb atalib, diniy aqidaga ko’ra “jannat qizlari” xuddi shu “havro” ko’rinishida bo’lgan. “Hur” so’zi esa uning ko’pligi bo’lib, bu so’z “jannat qizlari” degan ma’noda ham ishlatilgan. “Jonona” so’zi jonga tegishli, muayyan vujud yoki shaxs degan ma’noda ham keladi. Shoirning:
Zohid senga huru menga jonona kerak,
Jannat senga bo’lsun, menga mayxona kerak,
Mayxona aro soqiy paymona kerak
Paymona necha bo’lsa to’la yana kerak,
ruboiysida birinchidan, Huru, jonona so’zlari xuddi shu ma’nolarda kelmoqda. Ikkinchidan, shoir ruboiysida, ayrim talqinlardagidek, ichkilik, giyohvandlikni targ’ib qilayotgani yo’q. Balki “may” u “mayxona ” va “soqiy”u “paymona” so’zlarini istiora sifatida qo’llamoqda.
Umuman Alisher Navoiy g’azallarida aksar zohiriy va botiniy ma’no, “dunyoviy” ishq bilan “ilohiy” ishq, boshqacha qilib aytganda, “majoziy” ma’nolar bilan “xaqiqiy” ma’no birga qo’shilib, biri ikkinchisini taqozo etib keladi. Masalan,
Axtarin ashk ettiyu sovuq nafasni oh subh,
Bo’ldi go’yo shomi hajrim holidin ogoh subh,
baytining mazmuni: “Tong go’yo mening hijron tunidagi ahvolimdan xabar topganday, yulduzlarni ko’z yoshi qilib, sovuq shamoli bilan oh urib etib keldi”. Bu baytning “dunyoviy” oshiqona sharhi. Ammo bu o’rinda baytning botiniy, orifona ma’nosini ham tushunib olishimiz lozim. Baytning orifona mazmuni bunday: “Mening dunyo ishlari – hasrat bilan mashg’ulligimni, haqdan boshqa narsalarga e’tibor qilib, undan uzoqda qiynalishimni ko’rib, ilohiy vahdod nuri dilim sahifasini tozalash, o’z holimga qaytarib kelish uchun etib keldi”.
Alisher Navoiy ta’rifida so’z gavharining sharofati shunchalikki, qimmatbaho sanalgan hatto gavhar ham unga sadaf bo’la olmaydi. So’z to’rt sadaf ichidagi gavharga ham quti, ayni paytda u etti osmon yulduzlarining burji ham:
So’z gavharig’a erur ancha sharaf,
Kim bo’la olmas anga gavhar sadaf.
To’rt sadaf gavharning durji ul,
Etti falak axtarining burji ul.
Til agar po’lat xanjar bo’lsa, so’z unga qadalgan inju sanaladi:
Gar xud erur xanjar po’lod til,
Sufti dog’i injulari so’zni bil.
Agar til chamanning ochilgan lolasi bo’lsa, so’z durlari unga qo’ngan shabnamlaridir:
Til bu chamanning varaqi lolasi,
So’z durlaridin bo’libon jolasi.
So’z ta’rifiga takror-takror murojaat etgan shoir uni jahon dengizining haqiqiy durdonasi deb biladi:
Dona u dur so’zini afsona bil,
So’zni jahon bahrida durdona bil.
Alisher Navoiy “Hayrat-ul abror”da so’zga nisbatan bildirgan bu fikrlarini asosan nasrga tegishli deb qarab, so’zning roli nazmda bundan ham ortiqdir, deb izohlaydi. Chunki tish durlari o’z joyida tizilib turganda tartibli, yaxshi ko’rinadi. Agar ular sochilib ketsa qanday qiymatga ega bo’lishi mumkin deydi:
O’rnida tishlar duri manzum erur,
Chun sochilur qiymati ma’lum erur.
Shoir tasavvurida gul va meva daraxtlari bog’da chiroyli ko’ringanidek, so’z ham o’rnida ishlatilsagina chiroylidir. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Alisher Navoiy doimo quruq jimjimadorlikka qarshi bo’lgan. Nazmda ham asosiy narsa – bu ma’no. Ya’ni shakl bilan mazmun bir-biriga mos bo’lishi kerak:
Nazmda ham asl anga ma’no durur,
Bo’lsun aning surati har ne durur.
Nazmki, ma’no anga mag’rub emas,
Ahli maoniy qoshida xub emas.
Nazmki, ham surat erur xush anga,
Zimnida ma’ni dog’i dilkash anga.
Ma’noni, mazmunni doimo birinchi o’ringa qo’ygan shoir agar kimda ma’no gavhari bo’lsa, u odam so’z daryosining g’avvosi bo’ladi, degan xulosani chiqaradi:
Ul kishi so’z bahrida g’avvos erur,
Kim guhari ma’ni anga xos erur.
Buyuk Alisher Navoiy so’z mulkinining sultoni ekanligini haqli ravishda ta’kidlab, XVIII asrda yashab ijod etgan Munis Xorazmiy:
So’z ichra Navoiyki, jahongir durur,
Munisga maoniy yo’lida pir durur, deb yozgan edi.
Alisher Navoiyning o’zi:
Agar bir qavm, gar yuz, yo’qsa mingdur,
Muayyan turk ulusi xud meningdur.
Olibmen taxti farmonimg’a oson,
Cherik chekmay Xitodin to Xuroson.
Xuroson demakim Sherozi Tabrez,
Ki qilmishdur nayi qilkim shakarrez.
Ko’ngul bermish so’zumga turk, jon ham,
Ne yolg’uz turk, balkim turkmon ham.
Ne mulk ichraki, bir farmon yibordim,
Aning zabotig’a bir devon yibordim.
Bu devon tutti ul kishvarni andoq,
Ki devon tuzmagan daftarni andoq.
degan bo’lsa, Abdurahmon Jomiy:
Turkiy tilda keldi bundayin naqshi ajab,
Qo’yar jodu nafaslar damin bog’lab,
Desun-osmon ofarin ul qalamga,
Ul qalamdin keldu so’z olamga
Ul bag’ishlab forsiy tilda dur terishni,
Dari tilda nazm injusin keltirishni,
Agar ul ham nazmin yozsa forsiy tilda,
Qolmas erdi so’z aytishg’a kuch hech kimda, degan edi.