Nazorat topshiriqlari: Alisher Navoiy yashagan davrda o’zbek tilining ahvoli, holatini sharhlang (kategoriya - bilish).
Alisher Navoiyning ona tilisiga, adabiy tilga munosabatini izohlang (kategoriya - bilish).
Alisher Navoiyning o’zbek adabiy tili asoschisi ekanligini sharhlang (kategoriya - idrok).
Alisher Navoiy ta’limicha til –tarix, o’zlik, ma’naviyat, qadriyat ekanligini qanday his etasiz? (kategoriya - analiz).
2 – asosiy savol bo’yicha o’qituvchining maqsadi: Alisher Navoiy yashagan davrdagi muhit, sharoit, tarixiy ahvolni sharhlash. Davrning tilga ta’siri borligini tushuntirish. Olimlar tomonidan bildirilgan fikrlar ko’pda o’sha murakkab davr bilan bog’liqligini his qildirish.
Identiv o’quv maqsadlari: Alisher Navoiy yashagan davrdagi tarixiy sharoitni sharhlaydi.
Tarixiy sharoitning adabiy tilga va umuman tilga ta’siri borligini izohlaydi.
Olimlarning Alisher Navoiy tiliga nisbatan bildirgan fikrlarini sharhlaydi.
Bu fikrlarga munosabat bildiradi.
2 – asosiy savolning bayoni: Alisher Navoiy tomonidan asoslangan adabiy til qanday negiz asosida paydo bo’ldi va shoirning ona tili bilan adabiy tili o’rtasida qanday munosabat bor? Bu muhim so’roqqa turli olimlar turlicha javob beradilar. Bu fikrlar o’sha davrda mavjud bo’lgan quyidagi shart-sharoitlarni hisobga olish natijasida kelib chiqqandir:
O’sha davrda arab, fors va ona tili kabi uch tilning stixiyali kurashi davom etmoqda edi. (A.K.Borovkov. Alisher Navoi kak osnovopolojnik uzbekskogo literaturnogo yazo’ka s.b... Alisher Navoi m-l, 1946, 97 – bet). Alisher Navoiy zamonasida ilmiy asarlar arab tilida, badiiy asarlar fors tilida yozilar edi. Xazina bo’lgan o’zbek tili atrofida, Navoiy tili bilan aytganda, “ilon”lar va “tikon”lar bor edi.
Ma’lum darajada sharqiy-turkiston tili, ya’ni uyg’ur tilining ta’siri mavjud edi. (Radlov V.V. Yarlo’ki toktamisha i Timur – Kutluga, 3 tom,1889, 2-bet). Mo’g’ullar hujumi davrida ham adabiy til sifatida sharqiy-turkiston tili asosiy rol o’ynagan. Qadimgi uyg’ur tiliga xos bo’lgan bir qancha morfologik, leksik, fonetik elementlarni Navoiygacha bo’lgan hamma yodgorliklarda uchratamiz. Hatto XIV - XV asrlarda ko’chirilgan “Baxtiyornoma”, “Me’rojnoma”, “Tazkirai avliyo” kabi uyg’ur yozuvidagi asarlar paydo bo’ldi. Hatto 1469 yilda tuzilgan Umar shayx yorlig’i uyg’urcha yozilgandir. Bunday holat ma’lum darajada o’sha davr adabiy tiliga ta’sirini ko’rsatgan.
Bir-biridan farq qiladigan territorial dialektlar mavjud edi. A.Navoiy davrida turkiy tilda so’zlashuvchi xalqlar turli-tuman bo’lgan va turli shevalarda so’zlashganlar. Bu shevalar bir-biriga ta’sir qilib, adabiy tilga ham turli elementlarni kiritib borganlar. Buning ustiga, til gruppalarining aniq nomlarining yo’qligi masalani yana xiralashtiradi. A.Navoiy o’z asarlarida, jumladan, “Mezon-ul-avzon” asarida o’z ona tilini «turkcha», ba’zan «chig’atoy tili» deydi.
«Turk tili» termini ostida A.Navoiy keng ma’noni ko’zlaydi, ya’ni bu termin bilan arab va fors tillaridan farq qiluvchi turkiy tilni ataydi. “chig’atoy tili” tushunchasi esa Navoiyda ancha tor ma’noda ishlatiladi.
Z.M.Bobur o’zining “Boburnoma” asarida Alisher Navoiyni oliy martaba sohibi, qobiliyat egalarining buyuk homiysi, o’zbek tili va adabiyotining bayroqdori sifatida tarannum etadi va uning adabiy tiliga Andijon shevasi asos bo’lgan deydi: “Andijon… eli turkdur, shahar va bozorasida turki bilmas kishi yo’qtur. Elning lafzi qalam birla rostdur. Ani uchunkim, Mir Alisher Navoiyning musannafoti bovujudkim, Xirida nash’u namo topibtur, bu til biladur – elning orasida husni xili bordur”.
Z.M.Boburning bu fikriga turkolog olimlardan G.Vamberi, Berezin, N.I.Ilminskiylar qo’shiladi. Ammo N.I.Ilminskiy o’zining “V stupitelnoe chtenie v kurs turetsko – tatarskogo yazo’ka”(Kazan. 1862) asarida adabiy til bilan mahalliy shevalar o’rtasidagi munosabatning murakkab xarakteriga ega ekanligini ko’rsatib, Navoiyning adabiy tili Andijon shevasiga o’xshasa ham lekin unga butunlay mos kelmaydi, deydi. Chunki Navoiy tilida arab, fors, qisman uyg’urcha va o’g’izcha so’zlar uchraydi. Jonli xalq shevasida (ya’ni Andijon shevasida) adabiy tildagidek chet til elementlarining ko’p bo’lishi mumkin emas.
Prof. A.K.Borovkov ham N.I.Ilminskiy fikriga qo’shilib, Navoiy adabiy tilini Andijon shevasi bilan to’la mos deyish qiyin deydi. Uningcha Navoiy Andijonda hech bo’lmagan, faqat andijonliklar bilan suhbatda bo’lgan, holos. Xuddi mana shunday fikrni akademik Bartold ham aytib o’tadi.
Alisher Navoiy adabiy tilining xususiyatlarini to’g’ri aniqlash uchun uning tilida mavjud bo’lgan unlilar sistemasini bilish lozimdir. Lekin afsuski unlilarni aniqlashda arab alifbosi katta to’sqinlik ko’rsatadi. Buni prof.Melioranskiy ham alohida ta’kidlagan edi. Shunga qaramay prof. Yudaxin chig’atoy tilining tovush sostavini aniqlashda o’ziga xos bir metodni qo’llab Lutfiy va Miriyning tuyuqlarini singarmonizmga rioya qilib o’qisak qofiya hosil bo’lmaydi degan xulosaga keladi.
Prof. A.K.Borovkov A.Navoiy tilida 8 unli fonema mavjudligini uqtiradi, ular: i (indeferent i), e (yarim keng e), a (orqa qator a), a (old qator a), y (orqa qator u), y (old qator u), o’ (orqa qator u), o’’ (old qator “u”) unlilaridan iborat deb biladi. Alibek Rustamov Alisher Navoiy tilini tekshirib, Navoiy tilida, umuman, eski o’zbek tilida 9 unli fonema bo’lishini ko’rsatadi. U Navoiy tilida 16 unlisi borligini ta’kidlaydi.
Umuman, Alisher Navoiy tilining tovush sostavini aniqlashda birdan-bir manba uning o’z so’zlaridir. U o’zining “Muhokamatul-lug’atayn” asarida tovushlar xarakteristikasini berishda qiziq bir usuldan foydalangan. A.Navoiy unli tovushlarning turlicha talaffuzi haqida gapirib, yozilishi bir xil, talaffuzi har xil bo’lgan so’zlardan bir nechasini misol qilib keltiradi va ularga etarlicha izoh beradi.