Nazorat topshiriqlari: A.Navoiygacha g’arbiy turkiy tilga munosabat qaysi holatda bo’lganligini izohlang.
Alisher Navoiy asarlari tilida g’arbiy – turkiy til elementlari bo’lish sababini izohlang.
O’z xulosalaringizni Alisher Navoiy asarlari tili misolida asoslang.
4– asosiy savol bo’yicha o’qituvchi maqsadi: Asarning yozilishi haqida ma’lumot berish. Asarni yozishdan olimning maqsadini izohlash. Ikki tilning qaysi sohalarini chog’ishtirganligini aniqlash. Shoir xulosalari haqida fikr yuritish.
Identiv o’quv maqsadlari: Asarning yozilishi haqida ma’lumot beradi.
Olimning asarni yozishdan maqsadini sharhlaydi.
Tilning qaysi sathlarini chog’ishtirganligi haqida fikr yuritadi.
Shoir chiqargan xulosalarga munosabat bildiradi.
4 – asosiy savolning bayoni: Hijriy 905, milodiy 1499 yilda Navoiy tomonidan yaratilgan bu asar, ilmiy tadqiqot harakteriga ega bo’lib, unda avtorning lingvistik qarashlari, til va tafakkurga doir fikrlari, tilning turli stilistik vositalari to’g’risidagi fikrlari o’z aksini topgan. Aslida bu asarni yozishdan Navoiyning maqsadi ikki tilni, ya’ni fors (sart) va turk tillarini bir-biriga qiyos qilish orqali, turkiy tilni forsigo’ylar ta’nasidan himoya qilish, uning adabiy til bo’la oladigan til ekanligini, u orqali nozik his tuyg’ularni, chuqur fikrlarni ifodalash mumkin ekanligini isbotlashdan iboratdir. Bu asarda Navoiy o’z xalqining ona tilini yoqlab, uning to’la mazmunda adabiy til bo’la olish huquqiga ega ekanligini, lekin shu paytgacha adabiy til hisoblanmay kelayotganini va bu to’g’rida hech kim fikr yuritmayotganligini alohida ta’kidlaydi. Turkiy tilda hamma fikrlarni, nozik his-tuyg’ularni ifoda qilish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligiga qaramay ko’pchilik shoirlar o’sha davr traditsiyasiga ko’ra o’z asarlarini fors tilida yaratar edilar. Shularni alohida qayd qilgach, Navoiy o’zbek tilining boy nozikligini, badiiy tasvir boyliklarini ochishga va ulardan o’z asarlarida foydalanish orqali o’zbek tilining barcha afzalliklarini isbot qilib berishga hech kim jur’at qilmaganligidan qattiq shikoyat qiladi. Haqiqatdan ham O’rta Osiyoda arablar hukmronlik qilgan davrda arab tilining pozitsiyasi kuchayib ketgan edi. Ilmiy falsafiy, diniy va badiiy asarlar shu tilda yozilar edi.
O’rta asrlarda G’arbiy Evropada lotin tili adabiy til hisoblanganidek, musulmon mamlakatlarida arab tili keng tarqalib, hatto adabiy til sifatida ham ishlatilar edi. Ibn Sino, Beruniy, Forobiy kabi olimlar o’z asarlarini arab tilida yozdilar. Hatto M.Qoshg’ariy ham “Devonu lug’ot-it turk” asarini arab tilida yozishga majbur bo’lgan edi.
Hokimiyat Somoniylar qo’liga o’tgach, arab tili o’z o’rnini fors tiliga bo’shatib bera boshladi. Bu til X asrdan boshlab adabiy til vazifasini bajarib, tarixiy va badiiy asarlar shu tilda yaratila boshladi. Fors-tojik tili mo’g’ullar va temuriylar davrida ham yuqori tabaqalar uchun muqaddas tilga, hatto so’zlashuv tiliga aylandi. Ular fors-tojik tilini bilishlari bilan o’zlarini bilimdon qilib ko’rsatar va mag’rurlanar edilar. Navoiy yashagan davrda o’zbek tili kamsitilar va unda badiiy yuksak, go’zal asarlar yaratish mumkinligi inkor qilinar edi. «Bu til dag’al til, unda eng nozik his-tuyg’ularni ifoda qilib bo’lmaydi» degan noto’g’ri reaktsion fikr hamon hukm surar edi. Hatto aristokratiya o’zbek tilida yozilgan she’rni she’r deb hisoblamas edi. Huddi ana shunday sharoitda A.Navoiy o’z xalqining tilini yoqlab chiqdi, uni yuqori bosqichga ko’tarish bayrog’ini baland ko’tardi.
A.Navoiy o’zining «Chor devon», «Hamsa», «Maxbubul qulub», «Majolisun nafois», «Mezonul avzon» kabi asarlari bilan o’zbek adabiy tilini praktik isbotlagan bo’lsa, «Muhokamatul lug’atayn» asarida nazariy tomondan asosladi. «Muhokamatul lug’atayn»ning asl nusxasi saqlanmagan. Bizgacha uning ko’chirilgan nusxalari etib kelgan. Bu asar bir necha marta bostirildi. U birinchi marta 1841 yili Parijda bostirildi. 1882 yili Ismoil Gaspirinskiy tomonidan ortiq darajada buzib nashr qilindi. 1895 yilda Istambulda nashr etildi. Bu nashrga asarning Muhammad ibni Mavlono Volat tomonidan qilingan turkcha tarjimasi va prof. M. Osimning Navoiy biografiyasi to’g’risidagi maqolasi qo’shib nashr qilindi. Lekin bu nusxada juda ko’p xato va kamchiliklar, so’zlarni o’zgartirish hollari uchraydi. Turkmanistondagi 1925 yilgi turkmancha tarjimasi ham ancha buzilgan. Tarjimada originallik to’la saqlanmagan.
Bu asar 1940 yili Toshkentda nashr qilinib, unga Olim Usmon va Porso Shamsiev so’z boshi yozgan. Bu nusxa boshqalarga qaraganda eng yaxshisi bo’lib, unda avvalgi nusxalarining hammasi taqqoslangan va asarning soddalashtirilgan teksti ham ilova qilingan.
«Muhokamatul lug’atayn»ning dastlabki sahifalarida tilning jamiyatdagi roli, ahamiyati, til va tafakkurning o’zaro bog’liq ekanligi to’g’risida qisqagina gapiriladi. A. Navoiy dunyoda har xil xalqlar va ularning o’ziga yarasha tili borligini ta’kidlab, bu tillar orasida ma’lum farqlar borligini ko’rsatadi. Shundan so’ng uch til, ya’ni arab, fors va turk tili bu tillarning kelib chiqishi va o’ziga xos xususiyatlari haqida ma’lumot beradi.
A. Navoiyning tillarga bergan bahosi diqqatni jalb qiladi. Lekin bu o’rinda ham, u, arab tilini maqtash hisobiga hind tilini pastga uradi. Uning taqdirini afsonaviy sabablarga bog’laydi. Uning fikricha – Xom o’z otasi Nux payg’ambarga beodoblik qilgani uchun uning tiliga otasidan qarg’ish etgan. Shu sababli xalqning oq rangi qoraga aylangan, tili ham siniqlik paydo qilib, nafislik va badiiylik kiyimidan yolong’och qolgan. Umuman hindlarning rangi qora tillari ojiz va zaif bo’lib qolgan.
Albatta hind tiliga bunday qarash, unga salbiy munosabatda bo’lish haqiqatga to’g’ri kelmaydi. Navoiy arab tiliga ortiqcha baho berib yuboradi. U yozadi: «Bu tillarning hammasidan arab tili nafisligi bilan ajralgan va badiiylik bezagi bilan mo’’jiza ko’rsatuvchandirki, bunda hech bir til ahllarining da’vosi yo’q. So’zi to’g’ri deyish, ishi taslim bo’lish xolos. Chunki biluvchan buyuk podshohning mo’’jizali tili o’sha tilda ifodalangan va payg’ambarning saodatga eltuvchi hodisalari o’sha tilda aytilgandir. Buyuk avliyolar va baland darajali mashoyixlar surgan haqiqat va ma’rifatlarni tahrir qilishga kiyintirgan ma’ni go’zalliklarini ko’proq o’sha muborak ibora va qutlug’ so’z bila ado qilurlar.» (40 yil nashri 44-bet).
Bundan ko’rinadiki, Navoiy arab tilini payg’ambar va aziz avliyolar tili bo’lgani uchun maqtaydi. So’ngra u arab va hind tillarini bir-birlariga qarama-qarshi qo’yib shunday yozadi: «Arab tili bilan so’zlash va hind tili bilan valaqlash ularning biri g’oyatda sharaf va yuqori darajadan va ikkinchisi nixoyatda noqislik va past martabadan» (45-bet). Har jihatdan bir-biriga teng va o’ziga yarasha nafislik va go’zalliklari bo’lgan bu tillarga berilgan baho shubhasiz noto’g’ridir. Agar Navoiy hind tilini ham arab tilidek yaxshi bilganda edi, hind tiliga bunday salbiy baho bermagan bo’lur edi.
A.Navoiyning o’z ona tiliga bergan bahosi haqiqatdan ham diqqatga sazovordir:
«Bu xazina va chamanzorning atrofi el oyog’i etishdan saqlangan va qimmatbaho narsalari boshqalarning qo’li tegishidan asralgan edi. Chunki xazinasining iloni qonxo’r va chamanzorining tikoni son-sanoqsiz edi. Xayolg’a keldiki, hamona ta’b ahllari bu ilonlarning nayzalaridan qo’rqib xazinadan bahra ololmay o’tgan ekanlar. Va ko’ngulga shunday tuyuldiki, go’yo nazm to’dasining guldasta bog’lovchilari bu tikanlar sanchilishi zararidan xadiksirab, chamanzordan gulni qo’lga kirita olmay yo’l tutgan ekanlar» (bet 55).
Navoiy bu chamanzorga kirib, undan qimmatbaho dur va gavharlar, son sanoqsiz xushbo’y gullar terib olganligini aytadi. Shu qimmatbaho gavhar va xushbo’y gullar vositasida Navoiy ko’pgina shoh asarlar yaratib o’zbek tilining imkoniyatini isbotladi.
Etuk tilshunos olim A. Navoiy fors, ya’ni sart va turk, ya’ni o’zbek tillarini bir-birlari bilan chog’ishtirganda masalani u yoki bu til foydasi uchun hal qilmaydi, yoki boshqacha qilib aytganda, fors tilini erga urib, turk tilini ko’klarga ko’tarib yubormaydi. U har ikki tilga ob’ektiv yondashib, o’zbek tilida ham fors tilidagidek she’r yozish, chuqur his-tuyg’ularni ifodalash mumkin ekanligini isbotlamoqchi bo’ladi. Shuning uchun ham u shunday yozadi: «Bu so’zlardan qarshi tomon bunday anglamasin va da’vogar bu xilda gumon qilmasinkim, ta’bim turk tiliga mos tushgani uchun uni maqtashda mubolag’a ko’rsatmoqdaman va forsi tiliga munosabatim ozroq bo’lgani uchun uni inkor qilish va yo’qqa chiqarishga tirishmoqdaman».(bet-57).
A.Navoiy ikki tilni bir-biriga chog’ishtirishdan avval, shu ikki tilda so’zlashuvchi xalqlar to’g’risida ma’lumot beradi. Uning aytishicha, bu ikki xalq bir-biridan o’ziga xos xarakterli xususiyatlari bilan ajralib turadi. Agar turklar sartlarga nisbatan tez fahmroq, tushunchasi yuqoriroq bo’lsa, sartlar-turklarga nisbatan fikrlashda va ilmda nozik nuqtalarga erishuvchan, fazl va kamolda chuqurroq tushunchalidir. Turklar yumshoq ko’ngilli, soddadil bo’lsa, sartlar orasida talantli,bilimli kishilar ko’proqdir. Turklarning ko’pchiligi fors tilini yaxshi biladilar. «Turkning kattasidan kichigigacha, xizmatchilaridan begigacha sart tilidan bahramanddirlar. Shundayki o’z tirikchiliklariga oid ahvollar ustida so’zlashadurlar. Balki ba’zilar adabiy ravishda so’zlashadurlar, Hattoki turk shoirlari fors tilida rangdor she’rlar va she’riy hikoyalar yuzaga chiqara olurlar». (bet-46). Ammo Navoiyning ko’rsatishicha, sartlarning hammasi turkcha so’zlashga ojizlik qiladilar. «Sart xalqining quyi tabaqasidan yuqori tabaqalarigacha, savodsizidan bilimdonigacha hech qaysisi turk tilida so’zlasha olmaydi va so’zlaganning so’ziga ham tushuna olmaydi. Agar yuzdan, balki mingdan biri bu tilni o’rganib, so’zlasha boshlasa, eshitgan kishi uning sart ekanligini bilib oladi».
Alisher Navoiy alohida ta’kidlab aytadiki, turklar nozik ifoda va maqsadlarni ifodalash uchun juda ko’p miqdorda ajoyib so’zlar yaratganlar. Bu so’zlarga har kuni kishining ehtiyoji tushadi. Turklarning tilida mavjud bo’lgan ana shunday so’zlarning ko’pchiligini sartlar tushunmaydilar. Hatto bu so’zlarning ekvivalentlari ham fors tilida yo’q. Basharti, shu so’zlar ifodalaydigan ma’noni fors tilida anglatmoqchi bo’lsalar, bir so’z bilan emas, bir necha so’z bilan, shunda ham arabcha so’zlar bilan anglatadilar. O’z fikrini isbotlash uchun Alisher Navoiy turkiy tildan yuzta fe’lni olib, namuna qilib ko’rsatadi:
«Bu yuz lafzdurki, g’arib mahosid adosida ta’yin qilibdurlarki, hech qaysi uchun sart tilida lafz yasamaydurlar» ularning ma’nosini to’liq anglata oladigan so’zlar fors tilida yo’q ekanligini aytadi.
A. Navoiy o’zi ko’rsatgan (100) yuzta fe’ldan bir nechtasini olib, ularning ma’nolariga alohida-alohida to’xtaladi. Hamda ularning ma’nosini forscha so’zlar bilan berib bo’lmasligini misollar bilan isbotlaydi. Jumladan, Navoiyning ko’rsatishicha may ichish keng tarqalganligi va rasm bo’lib qolganligi sababli ko’pgina shoirlar may ichish to’g’risida so’z yurgizib, xushta’blik ko’rsatganlar. Turkiy tilda may ichishning turli momentlarini, darajalarini ifodalovchi sinonim bo’lgan uchta so’z borki, ularning ma’nosi bir-biridan farq qiladi:
M : ichmoq so’zining ortiq mubolag’asi uchun sipqarmoq so’zi ishlatiladi:
Soqiyo, tut bodakim, bir lahza o’zumdin boray,
Shart bukim, har necha tutsang labo-lab sipqaray.