O’zbek tilshunosligi kafedrasi I. Pardayeva O’zbek tilshunosligi tarixi



Yüklə 1,77 Mb.
səhifə39/88
tarix04.10.2023
ölçüsü1,77 Mb.
#152259
1   ...   35   36   37   38   39   40   41   42   ...   88
portal.guldu.uz-O’ZBEK TILShUNOSLIGI TARIXI

Nazorat topshiriqlari:

  1. Alisher Navoiy yashagan davrdagi tarixiy sharoitni, muhitni sharhlang.

  2. Tarixiy sharoitning adabiy tilga va umuman tilga ta’sirini izohlang.

  3. Olimlarning A.Navoiy tiliga nisbatan bildirgan fikrlarini izohlang.

  4. Olimlarning fikriga o’z munosabatingizni bildiring.

3 – asosiy savol bo’yicha o’qituvchi maqsadi:
Alisher Navoiy tilini aniqlashda muhit, tarixiy sharoit ta’sir etishi bois g’arbiy turkiy tillar ta’siri ham bo’lishini izohlash. G’arbiy turkiy tillar namunalaridan misollar keltirish.
Identiv o’quv maqsadlari:

    1. G’arbiy turkiy til ta’siri Navoiygacha ham bo’lganligini ta’kidlaydi.

    2. Alisher Navoiy tiliga G’arbiy turkiy til ta’siri sababini izohlaydi.

    3. Alisher Navoiy asarlari misolida bu fikrni asoslaydi.

3 – asosiy savolning bayoni:
Navoiygacha bo’lgan o’zbek tilida g’arbiy traditsiyaning ya’ni g’arbiy turkiy tillarning ta’siri ancha kuchli edi. Shu munosabat bilan o’sha davr o’zbek tiliga g’arbiy turkiy tillarning qator leksik va grammatik elementlari kirib qolib ular o’zbek tili yozma yodgorliklarida o’z aksini topgan edi. Navoiy davrida ham g’arbiy traditsiyaning ta’siri o’z kuchini saqlab qoldi. Shuning uchun ham XV asr shoirlari va shu jumladan, A.Navoiy bundan butunlay chetlab keta olmadilar.

  1. G’arbiy tillardan o’zlashtirilgan ba’zi so’zlarning o’zbek tilida sinonimlari ham mavjud edi: masalan: ev (b) – uy, o’l – bo’l kabilar.

  2. Ayrim so’zlar borki, ularning sinonimlari o’zbek tilida yo’qdir. M: bo’yla (shunday, shunday qilib):

Bo’ylakim paydo bo’lur yulduz nihon bo’lg’och quyosh,
uyumoq – uxlamoq, eskilmak – eskirmoq kabi.
A.Navoiy tilida morfologik jihatdan ham ba’zi grammatik formalar uchraydi . M: g’arbiy turkiy tiliga xos -mish affiksi uchrab, u orqali o’tgan zamon fe’li va sifatdoshi yasaladi: o’lmisham – bo’ldim, topmisham – topdim, qilmamish – qilmadi, bog’lamishmen – bog’ladim, topmamishlar – topmadilar kabi.
Ul mayni ichib yo’lingda bast o’lmishmen,
Hay-hay ne dedim magarki mast bo’lmishmen.
(“Favoyidul kibar”).
Hozirgi-kelasi zamon fe’lining bo’lishli va bo’lishsiz formalari hozirgi ozarbayjon tillaridagi kabi ishlatiladi.M: boruram – boraman, o’param – o’paman.
Otaliq xaqi uchun bordur aroda
Ijozat istaram bu mojaroda.
(“Navodirush - shabob”)
A. Navoiy asarlarida hozirgi – kelasi zamon fe’lining eski ozarbayjon, turkman tillariga xos bo’lgan birinchi shaxs birlikdagi bo’lishsiz formasi aktiv qo’llangan. M: de olmam – aytolmayman, aytman – aytmayman, bilman – bilmayman, ayirman – ajratolmayman.
Turup ma’ruzda so’z hadimni bilman,
Javob ayturga o’z hadimni bilman.
(“Navodirush - shabob”)
A.Navoiy va uning zamondoshlari asarlari tilida jo’nalish kelishigining g’arbiy -a, -na formalari mahsuldor ishlatiladi. Shundan –a affiksi hozirgi shevalarda ham mavjud.
M: ko’nglima, bag’rima, elina, ustina.
A.Navoiyda infinitivning bo’lishsiz formasi ham uchraydiki, bu xususiyat ham eski ozarbayjon, turkman tillarining xususiyatidir.
M: Olmamog’ – olmaslik, urmamog’ – urmaslik, bo’lmamog’ – bo’lmaslik kabi.
Alisher Navoiy tilida mahalliy dialektlarning ham ta’siri seziladi. Ana shunday dialektal hodisalardan biri fe’lning II shaxs birlik formasidir. Bu fe’l adabiy tilda fe’l o’zagidan iborat bo’lsa, dialektal forma fe’l o’zagiga u elementini qo’shishdan va boru, kelu tarzida ishlatishdan iborat. Mehdixon o’zining “Lug’at asoslari ” nomli asarida borQu, kelQu formalari Navoiyda va boshqalarda haqiqatdan ham –bor, -kel ma’nosida ekanligini va bu forma qat’iy buyruq uchun ishlatilishini ko’rsatadi. Dialektal elementlardan ikkinchisi -duk affiksi bilan hosil qilinuvchi III shaxs buyruq fe’lidir.

  1. u borQdunk ( u borsin). 2) u keldunk (u kelsin).

Demak Navoiy tilida yuqoridagidek g’arbiy turkiy va dialektal elementlarning mavjudligi va uning tili murakkab ekanligini ko’rsatadi. Akademik Radlov shuning uchun ham o’sha g’arbiy elementlarning paydo bo’lish sabablarini aniqlash zarurligini ta’kidlagan edi. Darhaqiqat g’arbiy elementlar faqat Navoiydagina emas, balki undan avvalgi adabiy tilda ham mavjud edi. Chunki u davrda ham eski o’zbek tiliga, ayniqsa, folklorga eski ozarbayjon va o’g’uz tillarining ta’siri katta edi. Prof. Borovkovning fikricha, eski o’zbek tili va folklorga g’arbiy elementlarni tarqatgan xalqlar asosan Sirdaryoning yuqori oqimlarida va Xorazmda yashagan xalqlardir. Buni prof. Yudaxin ham qorabuloq shevasini tekshirish natijasida tasdiqlaydi. Ikkinchi tomondan adabiy tilda g’arbiy elementlarning mustahkamlanib qolishida Xorazmdagi adabiy til ham katta rol o’ynagan. Biroq Navoiy eski uyg’ur tili traditsiyasidan butunlay yuz o’girgani kabi g’arbiy traditsiyaning ta’siridan ham qutulishga harakat qildi. Shunday qilib, Alisher Navoiy adabiy til traditsiyasida keskin burilish qilib, adabiy tilni xalqning og’zaki nutqi asosida rivojlantirishga harakat qildi. Shunga qaramay Navoiyda o’sha traditsiyaning qoldiqlari baribir saqlanib qoldi. Bunga harakterli fakt sifatida yuqorida ko’rsatilgan II va III shaxs buyruq formalarini ko’rsatish mumkin. (borQu, kelQu)
Mehdixon –duk formasi haqida gapirib, bu forma III shaxs buyruq fe’li ekanligini ta’kidlaydi va Navoiyda asraduk (asrasin), so’rQduk (so’rasin), o’lduk (bo’lsin) kabi so’zlarni namuna qilib keltiradi. Shuningdek avtor -“duk”ning II shaxs o’tgan zamon fe’li ma’nosida kelishini ham ta’kidlaydi. Buning isboti uchun “Sab’ai sayyor”dan erduklar (erdingizlar) so’zini misol qilib keltiradi.
Navoiy tilining yuqoridagilardan boshqa harakterli xususiyatlari masalasini yoritish o’sha davrdagi jonli o’zbek shevalarining xususiyatlarini o’rganishga bog’liq. Har ikkisini chog’ishtirish yuli bilan Navoiyning adabiy tili to’g’risida qat’iy bir fikrga kelish mumkin. Lekin afsuski Navoiy davridagi og’zaki nutq hali o’rganilgani yo’q. Shunday qilib, Alisher Navoiyning o’z ijodiy faoliyati davomida ona tili foydasi uchun so’z tanlash printsipi diqqatga sazovordir. Alisher Navoiy uchun so’z haqiqatan ham dur yoki gavhar edi. Shu qimmatbaho durdonalar ustida ishlash har bir shoirning birdan-bir vazifasi deb tushunar edi. Bu holni Navoiy ijodini tekshirgan barcha olimlar alohida ta’kidlaydilar. Jumladan, Venger olimi Vamberi Navoiy taraqqiy ettirgan adabiy tilning leksikasini Turkiyadagi turk tili leksikasi bilan chog’ishtirib, bu sohada Navoiy adabiy tili ancha ustun ekanligini ko’rsatadi. Uning ta’kidlashicha, ko’pgina so’zlar Navoiyda xalq tilidan olingan bo’lsa, turk tilida esa bunday so’zlar arab-fors tilidan olingandir.
M: turk tilida : Navoiyda:
umid etmoq - umsunmoq
akmal etmoq - tugallamoq
madh etmoq - maqtamoq.
Shunday taqqoslash asosida Vamberi eski o’zbek adabiy tiliga “haqiqatan ham qoyil qolarli hodisa” deb baho beradi. A.Navoiy xalq og’zaki nutqini sinchiklab o’rgangan va o’z ijodida xalq tilining durdonalaridan keng foydalangan edi. U o’zbek adabiy tilining tarakqiyotida yangi davr ochdi va uni mustahkamlash uchun tinmay kurash olib bordi.

Yüklə 1,77 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   35   36   37   38   39   40   41   42   ...   88




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin