2.Hukmdor va viloyat tashkiloti. Buyuk Devon hukumat idorasining eng oliy organi bo‘lgan. Vazir, sohibi devoni davlat, sohibi devoni insho, sohibi devoni istifo, sohibi devoni ishraf, sohibi devoni arz buyuk devon a’zolari bo‘lgan.
Buyuk devon davlat ishlari muhokama etilgan va qarorlar chiqarilgan bir
kengashdir. Biroq, shunisi shubhasizki, uzil-kesil qarorni sultonning o‘zi chiqargan. Viloyatlarning noib va vazirlari Buyuk devonga bog‘liq bo‘lgan. Viloyatlarni boshqaruvchi vazirlar ham davlatning katta amaldorlari edilar. Bu vazirlik mansabi viloyat yoki shaharlarda noiblikdan keyin ikkinchi o‘rinda turgan. Bu rahbarlik lavozimi faqat Xorazmshohlar davlatidagina mavjud bo‘lgan. (Bu fikr munozarali). Bu mansabda o‘sha davr qoidasiga muvofiq turkiylar qo‘yilmagan. Bu vazirlar Xorazmshohga yoki uning vaziriga bo‘ysungan. Ushbu lavozim saljuqiylar saroyidagi vakil mansabiga to‘g‘ri kelgan. .
Vazir viloyatning eng vakolatli boshlig‘i bo‘lgan. Bu lavozimga obro‘li,
yuksak martabali odamlar qo‘yilganiga qarab, yo Xorazmshohni o‘ziga qarashli
erlarni yoki siyosiy jihatdan muhim mavqe tutgan viloyat va shaharlarni boshqarganlar.
Poytaxtdagi singari, viloyatlarda ham vazirga qarashli bir oz kichikroq devonlar bo‘lgan. Devoni istifo, devoni ishraf, devoni nazar va devoni arz kabi idoralar mavjud edi.
Xorazmshoh Otsiz davrida Mozandaron vaziri Majidi-d-din SHaraf- ul-islom bo‘lgan. Alouddin Muhammadning Niso shahrida Zahiriddin Mas’ud ibn Munavvar SHoshiy ismli vaziri bo‘lib, u shahar istehkomlari uchun javobgar edi. Sultonning Dehiston va Mozandarondagi vaziri Aloiddin Dehistoniy bo‘lib, u ismoiliylar chegaralariga ko‘z-quloq bo‘lib turardi. Safiuddin al-Aqro turklar mamlakatida, O‘trorda vazir edi, u Xorazm davlatining sharqiy chegaralarida yuz berayotgan voqealardan xabardor bo‘lib turar edi. Sultonning Jand shahridagi vazirlari – Najibiddin SHahrizo‘riy, so‘ng uning o‘g‘li Bahoul-Mulk Hoja, keyin
Faxriddin Ali ibn Abul Qosim Jandiy (kelgusida sulton Jaloliddin
vaziri) edilar.
Jaloliddin sultonlik qilgan davrda har bir shaharni boshqarish uchun alohida vazir bor edi. Isfahon vaziri Nizomiddin, Niso vaziri Ziyo ul- mulk Nasaviy, SHirvon, SHaka va Kabalo (Karbalo?) vaziri Safiuddin Tug‘roiy edi. Safiuddin bo‘shatilganidan keyin bu shaharlarga – Tojiddin Muhammad Balxiy vazir bo‘ldi. Sulton Jaloliddin Tabrizdagi vaziri SHamsiddin Tug‘roiy “Tabriz aholisining faqat mollariga emas, balki jonlariga ham egalik qilar edi”. Tug‘roiydan keyin Tabrizga turk millatidan Bahovuddin Muhammad ibn Bashir Yorbek vazir bo‘ldi va nihoyat, Sulton Jaloliddinning Niso shahridagi vaziri “Siyrat as-sulton Jalol-ad-din Mengburni” asarining muallifi SHihobiddin Muhammad ibn Ahmad Nasaviy edi.
Jaloliddin Xorazmshoh davrida quyidagi noib va vazirlar bevosita
markazga bog‘liq bo‘lgan: Iroqi Ajam noibligi, Xuroson vazirligi, Mozandaron vazirligi, Tabriz vazirligi, Niso vazirligi, Nishopur vazirligi. Binobarin, Eronning Ozarbayjon, Arron, Iroqi Ajam, Xuroson, Mozandaron, Niso, Nishopur, Kirmon, Fors viloyatlari Jaloliddinga qaragan.
Jaloliddin viloyatlarga o‘z xonadoniga mansub kishilarni emas, balki
noib va vazirlarni hokim etib tayinladi. Devon a’zolari orasidan ham vazir tayinlangan. Masalan, munshiy Nasaviy ayni zamonda Niso vaziri ham edi. Ma’lum bo‘lishicha, vazirlarning hammasi qalam ahlidan bo‘lgan. SHu tariqa sulton markazlashtiruvchi bir siyosat yurgizdi. Jaloliddin Kirmon va Fors viloyatlarini tobe otabeklar vositasida idora qildi. Yuqorida aytilganidek, bu mintaqalarni o‘z imperiyasiga butunlay bevosita qo‘shib ololmadi. Jaloliddin davridagi viloyat tashkiloti va uning faoliyat tartibi to‘g‘risida ham etarli ma’lumot yo‘q. Biroq, shunga qaramay, viloyatda vazirdan keyin eng nufuzli mansab egasi omil bo‘lgani haqida ma’lumot mavjud. Omil “voliy” ma’nosida ishlatilgan. Xorazmda u shunday nomlangan. Omil boshqaruvchi yoki noib kabi vakolatga ega bo‘lgan va asosan, soliq to‘plash bilan shug‘ullangan. Uning bundan tashqari ba’zi boshqaruv vakolatlari ham bo‘lganligi ma’lum.
Otabek – “Ota” va “bek” so‘zlaridan tashkil topgan. Bu unvon dastlab
saljuqiylar davrida joriy etildi. Dastlab saljuqiylarning mashhur vaziri Nizomulmulkka shu unvon berilgan edi. Manbalardan ma’lum bo‘lishicha, otabeklik saljuqiylar davrida yuksak unvon edi. Sultonlar imperiya hududlarini sulola a’zolariga taqsimlab bergan vaqtlarida kichik yoshdagi shahzodalarga vasiy va murabbiy sifatida otabek tayinlar edilar. Ular o‘z xizmati, sadoqati va kuch-qudrati bilan tanilib, buyuk amir darajasiga ko‘tarilgan qo‘mondon orasidan tanlab olinardi. Otabeklikka, asosan, yuqori lavozimda ishlab turgan obro‘li o‘g‘uz beklari yoki sulton mamluklari tayinlangan. Saljuqiylar davlati buning yorqin misolidir.
Shihna – viloyatning jamoat tartibini saqlash bilan shug‘ullangan. U xalqning tinchligi, osoyishtaligi va farovonligini ta’minlagan, omilga soliq yig‘ish masalalarida yordam bergan. Aftidan shihna harbiy toifaga mansub bo‘lgan. Bulardan tashqari rais lavozimi ham bor edi.
Rais – bu lavozim har bir qal’a, shahar va tumanda bo‘lgan. Bu lavozim
egasi shaharning obro‘li kishilari orasidan mahalliy aholi tomonidan saylangan va shahar miqyosida shihna vazifasini o‘tagan. Raislar viloyat voliysiga bo‘ysungan. Bu o‘rinda raislar rahbarini tayinlash Xorazmshohlar davlati miqyosida amalga oshirilgan favqulodda hol deb qarash mumkin.
Muhtasib – shaharning bozorlarini nazorat qilgan va shaharni boshqarish bilan bog‘liq vazifalarni bajargan. Mahsulotlar, go‘sht, mevalarni tekshiruvchi, ozodalik ishlari uchun mas’ul hamda aholining axloqiy ishlari bo‘yicha kuzatuvchi bo‘lgan. Bu mansabga aksariyat hollarda ma’rifatli odamlar, faqihlar singari olimlar orasidan imom unvoniga ega bo‘lganlar qo‘yilgan.
Hojib – ummaviylar davridan e’tiboran, ko‘pgina islom davlatlarida mavjud bo‘lgan lavozimdir. Barcha turkiy davlatlarida bu mansab amalda bo‘lgan. Hojiblarning eng kattasiga “amiri hojib” yoki “malik ul-hujjob” deyilgan. Saljuqiylarda turk g‘ulomlari orasidan chiqqan hojiblar boshlig‘i – hojibi buzurg saroyning eng yuksak martabalaridan biri bo‘lgan. Buyuk saljuqiylar imperiyasida va unga qaram boshqa turkey davlatlarda hojiblik muassasasi bevosita somoniylar va g‘aznaviylar ta’siri ostida yuzaga kelgan. Saljuqiylarda saroy hojibi va uning qo‘li ostidagi hojiblar vazifasi asos e’tibori bilan saroyda tashrif marosimlarini yo‘lga qo‘yishdan iborat bo‘lgan.
Dargohda bosh hojib yoki ulug‘ hojib – Xorazmshohlar davlatidagi yuksak mansablardan edi. Odatda, hojib turk millatidan bo‘lar edi. Hojiblarga g‘oyatda muhim vazifalar, masalan, hojib Xorazmshohga shaxsiy topshiriqlari qanday bajarilayotgani haqida axborot berar, qabul marosimlarini tashkil etar edi. Maxsus muzokarolar olib borish va hatto, vazirlar faoliyatini taftish qilish kabilar topshirilgan. Xorazmshohning bir necha hojiblari bo‘lardi. Ular doimo sultonga hamroh bo‘lib turishar, uning eng muhim topshiriqlarini bajarar edi. SHuningdek, hojib lavozimidagi amaldorlarga butun bir viloyat noibligi topshirilgani
ma’lum.
Qul-g‘ulom - har ikkala tushuncha bir ma’nodadir. Ular qul bozoridan
sotib olingan yoki avvalgi hukmdordan keyingisiga meros bo‘lib o‘tgan. Ba’zan g‘ulomlardan xususiy shaxslardan hukmdorga, bir davlat ichida bir hukmdordan ikkinchisiga o‘tgan. O‘lgan hukmdorning g‘ulomlari va g‘ulomlardan chiqqan hojiblar ko‘p hollarda taxtga yangi chiqqan hukmdor xizmatiga o‘tar edilar. Tayyorlangan g‘ulomlar hojiblar qo‘li ostida bo‘lganlar. Saroy g‘ulomlari bilan davlat arkoniga qarashli g‘ulomlarorasida huquqiy jihatdan bo‘lmasa ham holatiga, mavqeiga ko‘ra katta farq bo‘lgan. Saroy g‘ulomlari safidan joy olish nihoyatda imtiyozli darajaga ko‘tarilishni bildirgan.
Ma’lumki, Bog‘dod xalifaligiga qilgan harbiy yurishi muvaffaqiyatsizligidan avvalroq Xorazmshoh Xitoyni bosib olish niyatida bo‘lgan. Juzjoniyning shohid kishilar hikoyalari asosida bergan ma’lumotiga ko‘ra, Xitoyga yurish qilish fikri Sulton Alouddinning miyasiga qattiq o‘rnashib qoladi va mulozimlari yo‘lning uzoqligi hamda boshqa mushkulotlarni vaj qilib ko‘rsatib, uni bu fikrdan qaytarishga har qancha urinmasinlar, foyda bermaydi. Xorazmshoh mudom savdogarlardan Xitoydagi ahvol haqida so‘rab-surishtirardi. Xitoyning CHingizxon
tomonidan bosib olinganligi haqida xabar etgach, Xorazmshoh bu xabarning to‘g‘riligini tekshirish maqsadida Xitoyga Bahovuddin Roziy boshchiligida
elchilar yuboradi.
Mamlakat ravnaqi va farovonligi dastavval ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy vaziyat bilan bog‘liq bo‘lsa, uning madaniy-ma’naviy saviyasi jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi bilan o‘lchanadi. Sharq renessansi markazlaridan biri hisoblangan ko‘hna Xorazm ham jahon tarixi buyuk siymolarni, yirik davlat arboblarini va jasur sarkardalarni yetkazib bergan yuksak madaniyatli davlat bo‘lib tanilgan.
Mo‘g‘ul istilosi arafasida Xorazm ancha yuksalib kelayotgan o‘rta asrlarga xos G‘arbdagi feodal monarxiyalarga o‘xshab shakllanayotgan yirik davlat sifatida tanilgan. Ammo, o‘z davrining mahsuli hisoblangan bu monarxiya ham ichki va tashqi siyosatida o‘ziga xos kuchli va zaif tomonlari, katta-kichik ziddiyatlar va turli nizolar bilan rivojlana boshlagan. Bu holatni nafaqat yozma manbalarda, balki arxeologik va etnografik kashfiyotlar tufayli to‘plangan materiallar asosida ham tasavvur qilish mumkin.
Xulosa qilib aytganda, Xorazmning ko‘hna tarixi O‘zbekiston xalqlari tarixining ajralmas qismini tashkil qiladi. Xorazmshohlar davlatining ma’muriy tuzilishi, boshqarilish tartibi hamda ijtimoiy-siyosiy munosabatlari masalasi tarixini o‘rganish, tahlil etish tarixchilarning muhim ilmiy izlanishlar sohasi hisoblangan. Anushtaginiylardan avvalgi Xorazm hokimlari ham o‘zlarini “xorazmshoh” deb ataganlar. Lekin ularning ta’siri faqat Xorazm vohasi va hatto goho uning bir qismi bilangina chegaralangan. Yuqorida aytib o‘tilganidek, Anushtaginiy xorazmshohlar davlati esa na faqat Xorazm, balki Dashti Qipchoqning janubi, Sharqiy Turkiston, O‘rta Osiyo, Yaqin va O‘rta Sharq davlatlarini birlashtirgan buyuk saltanat bo‘lgan.
XI asr oxiri XII asr boshlarida tarix sahnasida Buyuk Saljuqiylarga tobe davlat sifatida paydo bo‘lgan Xorazmshohlar davlati, sulola asoschisi Anushtaginning Alouddin Otsiz (1127-1156), Abulfatx El-Arslon (1156-1172), Alouddin Takish (1272-1200) singari iqtidorli va siyosatdon avlodlarining sa’yi harakatlari tufayli mustaqillikni qo‘lga kiritibgina qolmay, balki o‘z davrining yirik hamda qudratli saltanatlaridan biriga aylandi.
XIII asr boshlarida Muhammad Xorazmshoh davrida Xorazm ulkan davlat
maqomiga ega bo‘ldi. Uning davrida katta hududda markazlashgan yirik siyosiy birlikning vujudga kelishi tufayli, davlatning siyosiy mavqei ortdi, unda hunarmadchilik va savdo-sotiq rivojlandi, shaharlar yuksaldi, Xo‘jalikning turli sohalaridagi o‘sish umumiy iqtisodiy va madaniy taraqqiyot uchun omil bo‘ldi.