Adabiyotlar:
1. Азамат Зиё. Ўзбек давлатчилиги тарихи: (Энг қадимги даврдан Россия босқинига қадар). T.: Шарқ. 2000.
2. Сагдуллаев ва бошқалар. Ўзбекистон тарихи: давлат ва жамият тараққиёти. T., 2000.
3. Сагдуллаев А.С., Мавлонов Ў. Ўзбекистонда давлат бошқаруви тарихи. -Т., 2006.
4. Ртвеладзе Э.В. История государственности Узбекистана. – Т.: Узбекистан. 2009.
5. Эшов Б.Ж. Ўзбекистонда давлат ва маҳаллий бошқарув тарихи. – Т.: Янги аср авлоди, 2012.
6. Бунёдов З.М. Ануштегин-Хоразмшоҳлар давлати. -T., 1998.
Chig’atoy ulusi-ma’muriy tuzulishi va boshqaruv tartiblari; harbiy-siyosiy va davlat boshqaruvining qaror topishi, ijtimoiy – iqtisodiy hayoti.
Reja:
1.Chingiziylar davlatining tashkil topishi va O‘rta Osiyoni bosib olishi.
2. Chig‘atoy ulusi.
3.Chig‘atoy davlatining boshqaruv tizimi
Tayanch so‘z va iboralar. Menu(menva), Eke Mung‘ol ulus, “Yasoqlar”,
El Alargu, Mahmud Yalavoch, mug‘ul bosqoqlari, dorug‘alar, qoon yoki xoqon
kalon, qopchur, shulen yoki shulsi, Ettisuv.
1.Chingiziylar davlatining tashkil topishi va O‘rta Osiyoni bosib olishi.
O‘rta asrlarning manbalarining ma’lumotlariga ko‘ra, XII asr oxiri-XIII asr boshlarida mug‘ul qabilalari va elatlarining qudratli davlatga birlashuvi jarayonlari bo‘lib o‘tadi. Yozma manbalarda mug‘ullar menu(menva) nomi bilan ilk marotaba Xitoyning Tan sulolasi (618-908 y.y.) solnomasida tilga olinadi. Aksariyat manbalarda mug‘ullarning birlashuv jarayonlari Temuchin nomi bilan bog‘lanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Temuchin 1155 yilda tug‘ilgan bo‘lib, boy mug‘ul zodagoni Esugay Bahodirning o‘g‘lidir.
XII asr o‘rtalariga kelib Baykal ko‘li atrofi, hozirgi Mug‘uliston hududlarida yashovchi turkiy va tungus-manjur qabilalarining ko‘pchiligi Esugay Bahodir ta’siriga o‘ta boshlaydilar. Egusay tatar va markit qabilalariga qarshi urushlar paytida 1185 yilda xoinona o‘ldirilgandan so‘ng tashabbus uning o‘g‘li Temuchin qo‘liga o‘tadi. Temuchvin 1186-1204 yillar davomida hokimiyat uchun kurash olib borib faqat mug‘ullarnigina emas, ular bilan qo‘shni bo‘lgan tatar, markit, kerayit, jaloyir, nayman, uyg‘ur, qorluq kabi ko‘plab qabilalarni o‘z qo‘li ostida birlashtirib, kuchli davlatga asos soladi.
1206 yilning bahorida Mug‘ulistondagi Onon daryosi irmoqlaridan birining sohilida o‘z hokimiyatining to‘liq mustahkamlab olgan Temuchin mug‘ullarning umum qurultoyini chaqiradi. Temuchinning tarafdorlari – mug‘ul zodagonlari to‘plangan bu qurultoyda u oliy mug‘ul hukmdori – xon deb tantanali e’lon qilinadi va davlatning bosh shamani Teb Tangriy unga “Chingizxon” degan faxriy nom beradi (“Chingizxon” – kuchli, buyuk degan ma’noni anglatadi).
Qurultoyda Chingizxon o‘z tug‘i – bayrog‘ini ko‘tarib, o‘nta lavozimni joriy etadi va uni o‘z yaqinlariga taqdim etadi. Sahrodagi Qoraqurum shahri yangi davlatning poytaxti qilib belgilanadi. Yangi mug‘ul davlati – Eke Mung‘ol ulus ( Buyuk mug‘ul davlati ) deb atalib uning boshqaruvi “Altan urug” (Oltin urug‘) qo‘liga o‘tdi.
O‘z mavqei va hokimiyatini mustahkamlab olgan Chingizxon o‘z harbiy kuchlarini isloh qilib, davlati sarhadlarini kengaytirish harakatini boshladi. U 1209 yilda tang‘utlarni, 1211 yilda uyg‘urlarni, 1215 yilda esa shimoliy Xitoyni poytaxt CHjundu (Pekin) shahri bilan birgalikda o‘ziga tobe qilib oldi. SHu tariqa XIII asr o‘ninchi yillari oxiriga kelib SHarqda ikkita yirik davlat – Xorazmshoh – Anushteginlar va Chingizxon davlatlari mavjud bo‘lib, ular o‘rtasida urush bo‘lishi muqarrar edi. CHunonchi, 1215 yildagi Dashti Qipchoq yurishida Xorazmshoh mug‘ullarning Jo‘ji boshchiligidagi harbiy qo‘shiniga duch keladi (hoz. Qozog‘istonning To‘rg‘ay viloyati cho‘llarida). G‘arbga chekingan dushmanlari markitlar ustidan g‘alaba qozongan mug‘ullar Xorazmshohning 60 ming kishilik qo‘shini bilan bir kun jang qildilar. Bu jang borasida Chingizxondan hech qanday ko‘rsatma olmagan Jo‘jixon ertasiga chekinishga majbur bo‘ladi.
1215-1218 yillar oralig‘ida Xorazmshoh va Chingizxon o‘rtasida bir necha marta elchilar almashinadi. Rashiddin ma’lumotlariga ko‘ra, Chingizxon 1218 yil Horazmshohga yuborgan nomasida uni “o‘z o‘g‘illari qatorida ko‘rishini” ma’lum qiladi. SHarq diplomatiyasiyada bu qaramlikni bildirishini Sulton Muhammad yaxshi anglagan edi. Undan tashqari 1218 yilgi Chingizxon tomonidan Xorazmga yuborilgan 450 kishilik elchilar guruhidagi 100ga yaqin savdogarlarga josuslik vazifasi ham topshirilgan edi. SHu bois bu karvon O‘tror shahrida talon-taroj qilinib, elchilar o‘ldiradi.
Bu voqeadan so‘ng har ikkala tomon ham urushga tayyorgarlik ko‘ra boshlaydi, An-Nasaviy ma’lumotlariga ko‘ra,Chingizxon bilan bo‘ladigan jang munosabati bilan Urganchda chaqirilgan mashvaratda Sulton Muhammad o‘rtaga tashlagan qator takliflarni inobatga olmadi. CHunonchi, to‘ng‘ich o‘g‘li Jaloliddinning, Xo‘jand hokimi Temur Malik singari sarkardalarning barcha harbiy kuchlarni (A. Ziyo ma’lumotlariga ko‘ra, qo‘shin soni 600 ming kishi atrofida bo‘lgan- E. B.) asosiy nuqtalarga yoki bir erga to‘plab, dushmanga zarba berish haqidagi maslahatlarga amal qilmadi va qo‘shinlarni yirik shaharlarga bo‘lib tashladi.
Chingizxon 1219 yilda o‘z o‘g‘illari boshliq 200 mingga yaqin asosiy harbiy kuchlari bilan Xorazmshohlar davlati ustiga yurish boshladi. Bu kuchlar o‘sha yili yozni Irtish daryosi bo‘yiga o‘tkazib, sentyabr oyida chegaradan o‘tadi. Chegaradan o‘tgan Chingizxon o‘z qo‘shini bilan janubiy qozoq cho‘llarining Sirdaryoga tutashgan joyidagi O‘tror shahri yaqiniga to‘plab uni to‘rt qismga bo‘ladi. Chig‘atoy bilan O‘qtoy qo‘shinning bir qismi bilan O‘trorni qamal qilib egallash uchun qoldiradi. Ikkinchi qism esa Jo‘ji boshchiligida Sirdaryoning yuqori oqimidagi Jand, YAngikent, Borchilig‘kent, Sig‘noq shaharlarini bosib olish uchun yuboriladi. Uchinchi qismga Uloq nuyon va Suketu CHerbu bosh bo‘lib O‘trordan janubga, Xo‘jand va Banokatni egallash topshiriladi. Chingizxonning o‘zi bosh bo‘lgan asosiy to‘rtinchi qism yirik shaharlar-Samarqand va Buxoroni egallash uchun yo‘l oladi.
Bu yurishlar natijasida 1219 yilda O‘tror, Jand, Yangikent, Borchilig‘kent, 1220 yilda Xo‘jand, Buxoro, Samarqand, 1221 yilda Termiz va Urganch shaharlari mug‘ullar tomonidan bosib olinadi. Manbalarda “Jahon sultonlari poytaxti” va “Insoniyat buyuk farzandlari beshigi” nomini olgan Urganch, “Qubbatul Islom” nomini olgan Buxoro, “Sayqali ro‘yi zamin” deb atalgan Samarqand kabi shaharlar talon-taroj qilindi. Ba’zi shaharlar, masalan, O‘rtor, Sig‘noq, Borchilig‘kent kabilar uzoq vaqtlargacha dashtu-biyobonlarga aylanib qoldi. SHu davrda yashagan arab tarixchisi ibn al-Asirjug‘ul (1160-1244 yy.) mug‘ul bochqini dahshatlarini shunday ta’riflagan: “Ular (mug‘ullar) hech kimga shafqat qilmadilar, aksincha, xotinlar, bolalar, erkaklarni o‘ldirdilar, homilador xotinlarning qorinlarini yorib, tug‘ilmagan go‘daklarni nobud qildilar... Bu musibat to‘lqinlari turli tomonlarga tarqaldi va uning fojeasi umumiy bo‘lib qoldi hamda u shamol bulutlarni turli tomonga haydagani kabi butun viloyatlarga yoyildi. Xitoy chegaralaridan bir xalq chiqib Turkistondagi Qashg‘ar va Balasag‘un kabi viloyatlarni vayron etib, qirg‘in qilib, talon-taroj qilib egalladi. Tatarlar hech qaysi shaharlarni omon qoldirmadilar, ketayotib hamma erni vayron etdilar. Ular nimaniki yonidan o‘tgan bo‘lsalar, o‘zlariga yoqmagan barcha narsalarga o‘t qo‘ydilar”.
Shunday qilib talon-tarojlik urushlari natijasida XIII asr 20-yillari o‘rtalariga kelib Chingizxon Sharqda Shimoliy Xitoydan G‘arbda Amudaryogacha bo‘lgan hududlarda o‘z hokimiyatini o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi. 1227 yilning avgustida Osiyoning ichkarisiga, tang‘utlar ustiga yurish paytida Chingizxon vafot etadi. Chingiziylarning harbiy yurishlari natijasida 1260 yilda tarixdagi ko‘chmanchilarning yirik davlatlaridan biri – Sharqda Amurdan Sariq dengizgacha, G‘arbda Dunaydan Evfratgacha bo‘lgan hududlarni o‘z ichiga olgan ulkan imperiya tashkil topdi.
Dostları ilə paylaş: |