6. Glossematik fonologiya nazariyasi (Daniya). 7. Ikki pog'onali fonologiya nazariyasi. 8. Generativ fonologiya nazariyasi (AQSH). Bu fonologiya nazariyalari ichida alohida qarashlar va oqimlar ham bor. Ularda tilning fonologik sistemasini juda mavhum tadqiq qilish va sxematik ravishda qarash hollari mavjud. Bunday kamchiliklar ularni aniq tillarga tatbiq etishda qiyinchilik tug'diradi. Haqiqiy fonologiya nazariyalari chuqur ilmiy asoslangan va tillarni tadqiq etishda qulay metodlarni taklif etgan bo'lmog'i lozim.
TRANSKRIPSIYA. FOHETIK VA FONOLOGIK TRANSKRIPSIYA. TRANSLITERATSIYA
Til ikki shaklga ega: og'zaki va yozma nutq shakli. Tovushlar og'zaki nutqda, harflar esa yozma nutqda ishlatiladi. Yozma nutq shakli ma'lum tilning alfaviti, grafika va orfografiyasidagi tartib va qoidalarni o'z ichiga oladi. Og'zaki nutq shakli esa, maxsus belgilar yordamida yozib olinadi. Ma'lum til yoki shevadagi tovushlar talaffuzini maxsus belgilar yordamida yozib olish transkripsiya deyiladi. Transkripsiya til yoki shevaning talaffuzini ilmiy tadqiq qilishda va chet tillarning talaffuziga o'rgatishda katta ahamiyatga egadir. Transkripsiya ma'lum tamoyil yordamida tuziladi. Shu sababli bir tilda bir necha turli transkripsiya turlari ishlatiladi. Masalan, ingliz tilida D. Jounz taklif etgan keng shakldagi transkripsiya, uncha ko'p qo'llanilmaydigan tor transkripsiya shakli va boshqa turli transkripsiyalar ishlatiladi.
Transkripsiya asosan ikki turli bo'ladi: fonetik va fonologik. Fonetik transkripsiya har bir tovush uchun maxsus belgi qo'yishga asoslanadi. Bunda tovushlarning ma'lum holatda artikulyatsion-akustik xususiyatlarini o'zgartirishi hisobga olinadi va fonemalarning har bir varianti uchun alohida belgi qo'yiladi. Fonetik transkripsiya belgilari kvadrat qavs ichida ko'rsatiladi. Masalan, [p, t, k] fonemalarining unlilardan oldin talaffuz qilinuvchi aspiratsiyali variantlari [ph, th, kh] belgilari bilan beriladi. Fonetik transkripsiya belgilari haqiqatda talaffuz qilinuvchi tovushlarning barcha xususiyatlarini ko'rsata oladi.