ORFOEPIYA
Har bir adabiy til unda gapiruvchi barcha kishilar tomonidan ongli ranishda qabul qilingan talaffuz normasiga egadir. Tilning talaffuzi og'zaki nutq shakliga, yozuv esa, yozma nutq shakliga xos bo'lib, ular bir-biriga doim to'g'ri kelavermaydi.
Orfoepiya (grekcha orthos – "to'g'ri" va epos – "nutq") ma'lum tilning to'g'ri talaffuz norma va qoidalari hisoblanib, unda so'zlovchilarning barchasi uchun tushunarli norma qabul qilingan bo'ladi. Orfoepiyaning asosini tilning fonetik sistemasi, ya'ni undagi tovushlar, bo'g'in, urg'u va intonatsiya tashkil etadi. To'g'ri talaffuz etishni odatda tilning orfoepik normasi deb yuritiladi. Albatta orfoepik normadan chetga chiqish hollari ham mavjud. Chunonchi, shevalar talaffuzi, vulgar yoki buzib talaffuz qilish kabilar.
Odatda ba'zi tayanch shevalar talaffuzi adabiy til talaffuz normasiga yaqin turadi. Masalan, rus adabiy tilining talaffuziga Moskva va Peterburg talaffuzi asos qilib olingan. O'zbek adabiy tilining talaffuziga Toshkent va Farg'ona vodiysi shevalarining talaffuzi asos qilib olingan.
Har bir til o'zining ma'lum davrdagi orfoepik normasiga ega bo'lib, davrlar o'tishi bilan undagi fonetik va boshqa o'zgarishlar natijasida uning orfoepik normasi ham o'zgarishi mumkin. Fonetika va fonologiyadagi nazariy prinsiplarga asoslanib, orfoepiya tilning talaffuz normalarini amaliy jihatdan qanday bo'lishini belgilab beradi.
Ba'zan chet tilidan ona tiliga kirgan so'zlarning talaffuzi ham shu qabul qilgan tilning orfoepik normasiga moslashtirib talaffuz etiladi. (Masalan, vokzal, rels, miniatura, juri kabi).
Haqiqiy turkiy so'zlarda urg'u asosan so'zning oxirgi bo'g'iniga tushadi. Biroq rus tili va u orqali chet tillardan kirgan so'zlarda urg'u har xil bo'g'inlarda bo'lishi mumkin. Bu esa, o'zbek tilining orfoepik normasida urg'uning ko'chma, ya'ni so'zlarning har xil bo'g'inlariga tushish tartibini keltirib chiqardi. Masalan, fizik, Váshington, Lóndon kabi.
Qo'shma so'zlarning har bir komponenti o'zining alohida urg'usi bilan talaffuz etiladi: taómnóma, gúltójixó'roz kabi.
Orfoepiya normasi og'zaki so'zlashuv nutqida va rasmiy nutqda ba'zi o'zgarishlarga uchraydi. Orfoepiya teatr, kino, radio, televideniye va notiqlik san'ati hamda nutq madaniyatidagi barcha talaffuz xususiyatlarining yig'indisini adabiy normaga solib turuvchi mezon hisoblanadi.
Dostları ilə paylaş: |