SO'Z VA TUSHUNCHA
So'zning leksik ma'nosi. So'zning leksik-semantik xususiyatlari uning leksik, grammatik va semantik jihatlarini o'zida mujassamlashtiradi. Chunki so'zlar tilning lug'at tarkibini shundaygina tashkil etmay, umuman, tilning sistema va strukturasidagi barcha bog'lanishlarni taqozo etadi.
Ko'pincha so'zning ma'nosi haqida gapirganda, uning narsa va tushuncha bilan aloqasi va tilda qanday ifodalanishi ko'zda tutiladi. Biroq qadimiy tilshunoslikda so'z va nom o'rtasida moslik bor deb qarash ham mavjud edi. Ba'zi tilshunoslar so'zning faqat aytilish tomoniga e'tibor bergan edilar. So'zning aytilishi uning moddiy tomoni, ya'ni tovushlarning birikuvi yoki bir tovush ekanligini ko'rsatadi. Tinglovchi va so'zlovchi uchun so'zning aytilishi obyektiv haqiqatdir. Biroq so'zning faqat aytlishi uni izohlay olmaydi. So'z aytilishi bilan narsa yoki hodisa o'rtasidagi bog'lanish uning ma'nosini yuzaga chiqaradi. Bu aloqa, odatda, uchburchak shaklida ko'rsatiladi:
Mazkur qarash albatta barcha so'zlar uchun shunday tartibda tuzilgan, degan noto'g'ri xulosaga olib kelishi mumkin. Chunki so'zning ma'nosi bizga boshqa bir narsa yoki hodisani eslatganidek, o'z navbatida biror narsa ham boshqa narsani kishi ko'z oldiga keltirishi mumkin. Chunki so'zning ma'nosi uchun uning aytilishi bilan so'zdan tashqarida bo'lgan tushuncha o'rtasidagi bog'lanish zarur deb hisoblansa, har xil tushunchalar tilda bir xil tuzilgan degan xulosaga kelish mumkin.
Aslida esa so'zlar turli struktura tuzilishiga egadir. Shu tufayli so'zning narsa va tushuncha bilan bog'lanishini shartli ravishda qaramoq zarur. Chunki barcha so'zlar ham narsa, hodisa yoki belgining nomini atamaydi, ya'ni hamma so'zlar atama funksiyasiga ega emas. So'zlar ichida otlar (narsa), fe'llar (harakat), sifatlar (narsa belgisi) va ravishlar (harakat belgisi) atama funksiya bajaradi.
Yordamchi so'zlar ham nominativ funksiya bajarmaydi. Bir mustaqil so'zning nominativ funksiyasi doimo faqat bir narsa yoki tushuncha, harakat yoki belgiga qaratilavermaydi. Ba'zan esa aksincha, bir narsa bir qancha nomlar bilan atalishi mumkin. Masalan, gul so'zi gulning barcha turlarini ifodalaydi. Biroq Braziliyadagi oborogenlar tilida to'tiqushning har bir turi o'z nomiga ega. O'zbek tilidagi "bo'sh vaqt" tushunchasi ingliz tilida spare time, free time, leisure so'zlari bilan ifoda etiladi. Ingliz tilida bu so'zlar ma'nosiga ko'ra turlicha ishlatiladi.
Spare time kechqurun ishdan keyin yoki haftaning dam olish kunlaridagi bo'sh vaqtni ifodalaydi.
Free time kun davomida ish yoki o'qishdan xolis bo'lgan bo'sh vaqtni bildiradi.
Leisure so'zi dam olish vaqtini ko'rsatadi. Ingliz tilida dam olish, tanaffus qilish, madaniy xordiq chiqarish ma'nolarini ifodalagan yana bir qancha so'zlar, jumladan, recreation, rest, relaxation, amusement, entertainment kabilar mavjud. Bu so'zlar ham qo'llanishiga ko'ra farq qiladi.
So'zlarning nutq jarayonida yoki matnda ishlatilish o'rni kontekst deb ataladi. So'zlarning ma'nosi kontekst yordamida oydinlashadi. Tildagi barcha birliklar (fonema, morfema, so'z, so'z birikmasi, gap) umumlashtiruvchilik xarakteriga ega. So'zning mavhum tabiati uning bir qancha narsa, hodisa va belgilarga tegishli ekanligi bilan izohlanadi.
Biroq so'z ma'lum nutq situatsiyasida yoki kontekstda o'zining aniq shaklida namoyon bo'ladi. Har bir so'zning ma'nosi uning material – tovush jihatdan shakllanib, ma'lum ma'noni ifodalashga qaratilgan odam ongidagi harakat rivojlanishining natijasidir.
So'z ifoda va mazmun jihatlariga ega bo'lib, uning alohida ma'nolari nutq situatsiyasida yoki kontekstda aniqroq ochiladi. Bu munosabatni quyidagi uchburchak shaklida ko'rsatish mumkin:
Mazmun jihati (tushuncha, narsa va ma'no aloqalari)
Tilshunoslik nuqtai nazaridan so'z aytilish va ma'noning birligidan iborat. Biroq so'zning narsa va tushunchalar bilan bog'lanishi hisobga olinsa, u borliqdagi biror narsaning odam ongidagi in'ikosi bo'lib, bu in'ikos tafakkur yordamida til orqali amalga oshiriladi. Shu sababli so'z biror tushuncha, narsa, hodisa yoki belgini ifodalay oladi. Lekin so'z tushuncha va narsaning aynan o'ziga hech vaqt to'g'ri kelmaydi. So'z biror narsaning nomini atash orqali shu tildagi barcha narsalarga tegishlidir. Masalan, paxta so'zi uning barcha tur va navlariga tegishlidir, ya'ni umumlashtirish xarakteriga ega. Biroq bu so'z boshqa so'zlar bilan birikib yoki ma'lum affiks qo'shilishi bilan aniq ma'noni ifodalay oladi. Bu o'rinda so'zlarning aniq ma'noga ega bo'lishida grammatika katta ahamiyatga ega.
Demak, so'zning leksik ma'nosi bilan grammatik ma'nosini farqlamoq zarur. Ayrim olingan so'zga tegishli bo'lib, boshqa so'zlardan farqlay oluvchi ma'no shu so'zning leksik ma'nosi deb yuritiladi.
So'zning leksik ma'nosi birinchi navbatda o'sha so'z o'zagining ma'nosi bilan bog'liq bo'ladi va har qanday affiks qo'shilganda ham saqlanib qoladi. Masalan, yaxshi, yaxshilik, yaxshilikcha kabi so'z formalarining barchasi "yaxshi" ma'nosini ifoda etgan. Bu o'rinda yaxshi so'zining leksik ma'nosi uni boshqa so'zlardan (masalan, yomon so'zidan) farqlashga xizmat qiladi.
Nutqda har qanday mustaqil so'z shakli leksik ma'nodan tashqari, grammatik ma'noga ega bo'ladi. Masalan, ishimizdan, keltirdi so'zlaridagi ish va kel so'zlari o'z leksik ma'nosidan tashqari narsa va harakat ma'nolarini ifoda qiladi. Bu ularning grammatik ma'nosidir. Bu so'zlardagi -imiz, -dan, -tir, -di affikslari turli grammatik ma'nolarni ifodalaydi. Grammatik ma'no so'zning leksik ma'nosiga orttirilgan qo'shimcha ma'nodir. So'zning grammatik ma'nolari grammatikada o'rganiladi.
So'zlar o'zlarining leksik va grammatik ma'nolari bilan farq qiladi. Atoqli va turdosh otlar nutqda qo'llanishiga ko'ra farqlanadi. Turdosh otlar narsa va hodisani atashdan tashqari, ularni biror guruh yoki turga kirishini ham ifodalaydi. Atoqli otlar eca ma'lum shaxs, shahar, qishloq va boshqa narsalarni shu turdagilari ichidan ajratib ko'rsatish, ularni alohida o'ziga xos xususiyatini ifodalash uchun xizmat qiladi. Shu sababli, odatda, ikki bir xil ismli shaxsni aralashtirib yubormaslik uchun katta Mahmud va kichik Mahmud iboralari ham qo'llaniladi. Bu jihatdan til faqatgina tushunchalarni umumlashtiruvchi vosita bo'lmay, ularni farqlash vositasi sifatida insonning amaliy faoliyatida juda katta ahamiyatga ega.
Barcha so'zlar o'z aytilishi, ya'ni tovushlar birikmasi yoki bir tovushdan iborat bo'lgan material tomoniga ega. So'zning material tomoni u ifoda etgan narsaning belgisi deb ataladi. Til esa shunday belgilarning alohida sistemasi deb qaraladi.
Tildagi belgilar hayotdagi boshqa belgilardan, jumladan, ko'cha qatnoviga oid belgilar va signallardan tubdan farq qiladi. Chunki bu belgilar shartli qabul qilingan bo'lib, tez o'zgarishi mumkin.
So'zning aytilishi esa shartli emas, u odamlarning xohishi bilan paydo bo'lmagan. So'zning talaffuzidagi o'zgarishlar tilning tarixiy rivojlanish qonuniyatlari va odamlar nutqida ishlatilish xususiyatlari asosida ro'y beradi.
So'z ma'nosining narsaga aloqasi denotativ aloqa, so'z atayotgan narsa denotat yoki referent deb ataladi (lotincha denotatum – ko'rsatuvchi, inglizcha refer – aloqador). So'z ma'nosining tushunchaga munosabati signifikativ aloqa (lotincha significatum – "belgi"), tushunchaning o'zi signifikat deb yuritiladi. Bir so'z ma'nosining boshqa so'zning ma'nosiga munosabati struktural aloqa deyiladi. Bunday aloqa natijasida turli so'zlar o'rtasidagi munosabatlar, ularning o'xshash va farqli tomonlari aniqlanadi va so'zlar har xil guruh va tiplarga ajratiladi.
So'z ma'nosiga doir yuqoridagi ma'lumotlarni sxemalar yordamida quyidagicha ko'rsatish mumkin.1
So'z ma'nosining asosiy funksiyalari. Ma'no1 – narsa1 (yoki ma'no2 – narsa2) – denotativ funksiya; ma'no1 – tushuncha1 (yoki ma'no2 – tushuncha2) – signifikativ funksiya; ma'no1 – ma'no2 (yoki ma'no2 – ma'no1) – struktural funksiya.
Tilning mazmun jihatida so'zning asosiy ma'nosi semema termini bilan ataladi, ifoda jihatida esa leksema deb yuritiladi. Tilning ifoda va mazmun jihatlari bir-biri bilan uzviy bog'liq holatda qaraladi. So'zning ma'nosi uning bir qancha aniq ma'nolarining yig'indisidan, ya'ni sememalardan tashkil topadi. Masalan, bormoq, yurmoq, chopmoq, kelmoq, qadam bosmoq so'zlari turli leksemalar bo'lib, "harakat qilmoq"ni ko'rsatuvchi bir sememaga birlashadi. Ammo bu so'zlarning har biri alohida semasiga ega. Semalar bir so'zning ma'nosini boshqa so'zlardan farqlash uchun xizmat qiladi. Semalar narsa va hodisalarga tegishli bo'lgan tashqi va ichki belgilar yordamida aniqlanadi va ular nutq situatsiyasida oydinlashadi. Ba'zan bir so'z ma'no jihatidan turlicha variantlarga ega bo'lishi mumkin. Bunda so'zning o'zagi, uning morfemik tarkibi ham variantlashadi va bu leksik-semantik hamda stilistik farqlanishga olib keladi. Masalan, kurs so'zi (I-V kurs talabalari) nazariy yoki amaly kurs (dars) ma'nolarida variantlashadi va ular ba'zan alloleksemalar deb yuritiladi. Bunday so'z variantlarining ma'nolari nutq situatsiyasi bilan bog'liq bo'ladi. So'zning leksik ma'nosi doirasiga uning konnotativ (lotincha son – "birga", notatio – "ko'rsatish") ma'nosi, ya'ni qo'shimcha ma'nosi ham kiradi va u so'zga emotsional-ekspressiv bo'yoq va stilistik sifat beruvchi ma'noni anglatadi. Masalan, Chehrasi ochiq. Basharasini ko'rmay. Bu gaplarda chehra va bashara so'zlari o'zlarining leksik ma'nosi (yuz, bet) dan tashqari konnotativ ma'no (ijobiy va salbiy munosabat) ham ifoda qilayapti. Kalla va tabassum so'zlari ham mana shunday xususiyatga ega.
So'zlarning konnotativ ma'nolari tilshunoslikning stilistika bo'limida, aniqrog'i, leksik stilistikada o'rganiladi.
Dostları ilə paylaş: |