Маковельский А.О. Књрсатилган асар. —70-б.
25
hissiy idrok qilinuvchi narsa va hodisalarning tengligi, ularning o‘zlaridan
ko‘ra ko‘proq aynan shu tenglik haqidagi inson aqlining sof hukmiga
tegishlidir. Boshqacha aytganda, Aflotunning ta’limotida narsa va
hodisaning o‘zi emas, balki u haqidagi hukm birlamchi o‘ringa chiqadi.
Umuman, hukm haqida Aflotun juda ko‘p ma’lumotlarni bergan
bo‘lsa-da, biroq hukmni yaxlit bir tizim sifatida, qolaversa, bilish
jarayonidagi o‘rnini to‘liq ko‘rsatib bera olmagan. Aflotunning mantig‘ida
uchraydigan shunga o‘xshash kamchiliklarni bartaraf etib, mantiq ilmini
yuqori cho‘qqiga chiqarishda antik davrining buyuk mutafakkiri
Arastuning (mil. old.384 – 322) xizmati katta.
Dastlab Aflotunning shogirdi sifatida uning maktabida tahsil olgan
Arastu keyinchalik Afinada o‘zining maktabini barpo qiladi. Manbalarda
keltirilishicha, Arastu mingga yaqin asarlarning muallifi hisoblanadi.
Arastuning shogirdlari uning mantiqqa oid asarlarini, jumladan,
umumlashtirgan va muayyan tizimga solgan holda oltita kitobdan iborat
«Organon» deb nomlanuvchi to‘plamini bizgacha yetkazishgan.
Ulardan birinchisi «Kategoriya» deb nomlanib, unda tushunchalar,
ularning turlari, asosi va eng umumilmiy tushuncha – kategoriyalar
haqidagi fikrlar bayon etiladi.
«Talqin haqida» deb nomlanuvchi ikkinchi kitobi hukmlar haqidagi
ta’limotni, hukmlarning tuzilishi, turlari, ahamiyati hamda ularning
fikrlash jarayonida tutgan o‘rni kabi masalalarni o‘z ichiga oladi.
«Birinchi analitika» asarida mantiqiy tafakkurning eng muhim shakli
– xulosa chiqarish, uning elementlari, turli usul va turlari kabi masalalar
bayon etiladi.
«Ikkinchi analitika» asarida nazariya, isbotlashning asoslari, tuzilishi
va turlari haqida fikr bildiriladi.
«Topika» asarida bahs hamda munozara yuritishning usul va qoidalari
haqida gapiriladi.
«Sofistik raddiyalar haqida» asarida fikrlash jarayonida vujudga
keladigan turli noto‘g‘ri xulosalar, ularning sabablari, turlari, zarari va
ularni aniqlash hamda to‘g‘rilash yo‘llari haqida fikr yuritiladi.
Arastuning «Organon»dan boshqa «Jon to‘g‘risida», «Fizika»,
«Ritorika» hamda «Poetika» kabi asarlari ham mantiq ilmiga oid
masalalarga bag‘ishlangan.
Arastuning haqiqat, tafakkur qonunlari, tushuncha, hukm, xulosa,
kategorik sillogizmlar, isbotlash va modalliklar haqidagi ta’limoti mantiq
ilmining mustaqil fan sifatida dunyoga kelishida muhim asos bo‘lib
26
xizmat qildi. Aynan shunday ulkan xizmatlari uchun Arastuni
«mantiqning otasi» deb ulug‘lashadi.
Arastuning fikricha, haqiqat, eng avvalo, hukmlarning chinligini
anglatadi, ya’ni muayyan narsa yoki hodisa haqidagi fikrimiz voqelikdagi
mavjudlikka mos bo‘lgandagina haqiqat bo‘lishi mumkin. Uning
ta’limotida mantiqiy qonunlarning asosiysi sifatida «ziddiyat qonuni»
ko‘rsatiladi. Bu qonunga binoan bir vaqtning o‘zida bir-biriga qarama-
qarshi bo‘lgan ikki fikr aynan bir narsaga nisbatan chin bo‘la olmaydi.
Yuqorida aytganimizdek, Arastuda ziddiyat qonuni butun borliq va
tafakkurning muhim qonuni hisoblanib, boshqa qonunlarning mohiyati
mazkur qonunning mantiqiy davomiyligidan keltirib chiqariladi.
Arastuning «Metafizika» yoki «Birinchi analitika» nomli asarlarida
tafakkurning «zidddiyat», «ayniyat», «uchinchisi istisno» kabi bir qator
qonunlar haqida batafsil ma’lumotlar beriladi. Bundan tashqari, Arastu
«Kategoriya» va «Topika» asarlarida tushuncha haqidagi ta’limotni tahlil
qilib beradi. Uning fikricha, oddiydan murakkabga, xususiydan umumiyga
boruvchi mantiqiy jarayon o‘z ifodasini kategoriyalarda topadi. Bunday
kategoriyalar sifatida mohiyat, miqdor, sifat, munosabat, makon, vaqt
kabilar ajratiladi. Ular narsa va hodisaning substansiyasini belgilaydi.
Arastu «Sofistik raddiyalar haqida»gi asarida o‘zi yaratgan kategorik
sillogizm ta’limotining mantiq ilmi uchun yangilik ekanligini aytib o‘tadi.
Oldingi manbalarda ritorika va boshqa ta’limotlar haqida ma’lumotlar
borligini, lekin kategorik sillogizm haqida umuman biror ma’lumot
uchratmaganini, shuning uchun ham bu ta’limot ustida uzoq va
mashaqqatli mehnat qilganligini ta’kidlab o‘tadi
8
. Shu fikrning o‘zi mantiq
ilmi uchun, qolaversa, Arastu uchun kategorik sillogizm ta’limotining
ahamiyati cheksiz ekanligidan dalolat beradi.
Bizning maqsadimiz, mazkur mavzu doirasida mantiq ilmiga olib
kirgan asosiy ta’limotlarning mohiyatini yoritish orqali Arastuning mantiq
fani tarixidagi buyuk va cheksiz o‘rnini ko‘rsatishga harakat qilishdir.
Xulosa sifatida aytishimiz mumkinki, antik davrda, qolaversa,
insoniyatning keyingi davrida ham Arastuning mantig‘i darajasiga yetgan
birorta ham mantiqiy tizim yaratilmagan. Arastu shogirdlarining xizmati
esa insoniyatning keyingi avlodiga buyuk siymo yaratgan mantiqiy tizimni
yetkazib berganligi bilan baholanishi mumkin.
8
Маковельский А.О. История логики. – М., 1967. – С.162.
27
|