Ma’muriy javobgarlik — yuridik javobgarlikning alohida turi hisoblanib, bir vaqtning o‘zida ma’muriy majburlashning bir turi hamdir. Ma’muriy javobgarlik - ma’muriy huquq normalari bilan tartibga solingan bo‘lib, aybdor shaxsga nisbatan vakolati davlat organlari va mansabdor shaxslar tomonidan ma’muriy-protsessual tartibda ma’muriy jazoni qo‘llashdir.
Ma’muriy javobgarlik quyidagi xususiyatlarga ega:
bu davlat majburlovi bo‘lib, davlat faoliyatining har xil sohalarida sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarliklar uchun qo‘llaniladi;
aybdor shaxslar qonunlar va normativ-huquqiy hujjatlar asosida vakolatli organlar, mansabdor shaxslar tomonidan javob- garlikka tortiladi;
yengil jazo beriladi va jazo muddati qisqa belgilanadi;
moddiy javobgarlik moddiy zarar yetkazilgandagina qo‘llaniladi, ma’muriy javobgarlikka moddiy zarar yetkazilmagan bo‘lsa ham tortish mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi MJTKning 13-moddasiga binoan ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan paytda o‘n olti yoshga to‘lgan shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortiladilar.
Ayrim turdagi jinoyatlarni sodir etgan shaxslarni 14 yoshda- noq jinoiy javobgarlikka tortishga yo‘l qo‘yadigan jinoyatga oid qonunchilik hujjatlaridan farqli o‘laroq, ma’muriy huquqda shaxs faqat 16 yoshga to‘lgan taqdirdagina ma’muriy javobgarlikka tortiladi, bunda ishni ko‘rib chiqish yoki ish bo‘yicha qarorni bajarishning boshlanish paytida emas, balki ma’muriy huquq- buzarlik sodir etgan paytga kelib mazkur yoshga to‘lgan shaxslar
shu javobgarlikka tortiladi. 16 yoshga to‘lgan shaxslar ma’muriy huquqbuzarlik nimadan iborat ekanligini to‘la anglab yetishga, ularni sodir etishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini tushunishga va ularni sodir etganlik uchun shaxsan javob berishga qodir bo‘ladilar.
Ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan o‘n olti yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxslarga nisbatan Voyaga yetmaganlar ishi bilan shug‘ullanuvchi komissiyalar to‘g‘risidagi nizomda nazarda tutilgan choralar qo‘llaniladi. Ana shu shaxslar MJTKning 61, 125— 136, 138, 183— 185, 194, 218, 220, 221-moddalarida
nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir etgan taqdirda, ular umumiy asoslarda ma’muriy javobgarlikka tortiladilar. Sodir etilgan huquqbuzarlik xususiyatini va huquqbuzarning shaxsini hisobga olgan holda mazkur shaxslarga nisbatan (MJTKning 194-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan shaxslar bundan mustasno) ishlar Voyaga yetmaganlar ishi bilan shug‘ullanuvchi shahar, tuman, shaharlardagi tuman komissiyalari ixtiyoriga berilishi mumkin, O‘zbekiston Respubliksi MJTKning 61-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan shaxslarning ishlari esa shu komissiyalarga berilishi lozim.
Keltirilgan ro‘yxat tugallangan ro‘yxat bo‘lib, uni kengayti- rilgan holda talqin qilishga ehtiyoj yo‘q. U faqat qonunchilik hujjatlarida bevosita nazarda tutilgan hollarda o‘zgartirilishi mumkin, shu bilan birga, bu masalalarni hal qilish O‘zbekiston Respub- likasining maxsus vakolatlariga kiritilgan. Nojo‘ya xatti-harakatlar sodir qilgan 16 yoshgacha bo‘lgan shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi MJTK 14-moddasining 2-qismi voyaga yetmaganlarga nisbatan javobgarlik hollarini katta yoshdagilar bilan umumiy asoslarda belgilar ekan, bunday hollarda ham ishlarni Voyaga yetmaganlar ishi bilan shug‘ullanuvchi komis- siyalarga berish imkoniyatini (194-moddadan tashqari) istisno qilmaydi. Oz miqdorda talon-toroj to‘g‘risidagi ishlar (61-modda), odatda, voyaga yetmaganlar ishi bilan shug‘ullanuvchi komis- siyalarga ko‘rib chiqish uchun berilishi kerak. Ishlarni komissiyalarga yuborish haqidagi masalalar hal qilinayotganda huquqbuzarlikning xususiyati va huquqbuzarning shaxsi, ya’ni huquqbuzarlikning
ijtimoiy zararlilik darajasi, aybning anglab yetilganligi, jazolash chorasidan ko‘ra tarbiyalash chorasini qo‘llashning maqsadga muvofiqligi, shuningdek, huquqbuzarning xulq-atvori, ishi yoki o‘qishi ustidan, bo‘sh vaqtni qanday o‘tkazishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatilishi zarurligi hisobga olinadi. Voyaga yetmaganlar ishi bilan shug‘ullanuvchi komissiya, o‘z navbatida, o‘smirning turmush sharoiti haqidagi; ota-onalarining uni tarbiyalash sohasidagi burchlarni bajarishlari to‘g‘risidagi; oilaning moddiy- maishiy sharoiti, balog‘atga yetmaganlarning xulq-atvori, ularning yaqin kishilari va boshqa ishtirokchilar haqidagi ma’lumotlarni; o‘smir ilgari huquqbuzarliklar sodir etgani uchun javobgarlikka tortilgan-tortilmaganligi; tarbiyaviy ishda qanday kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi va shu kabilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘pla- shi lozim. Basharti, huquqbuzarlik alkogolli ichimliklarga qarshi qonunchilik hujjatlari talablarinin buzish bilan bog‘liq bo‘lsa, u holda spirtli ichimliklarni xarid qilish manbalari, ularni iste’mol qilish shart-sharoitlari aniqlanadi.
Mansabdor shaxslar boshqaruv, davlat va jamoat tartibini saqlash, tabiiy muhitni, aholi sog‘lig‘ini muhofaza qilish sohasida belgilangan qoidalarga va bajarilishini ta’minlash o‘z xizmat vazifalariga kiradigan boshqa qoidalarga rioya etmaganlik bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganliklari uchun ma’muriy javobgarlikka tortilishlari lozim. Mulk shaklidan qat’i nazar, kor- xona, muassasa, tashkilotda muayyan mansabni egallab turgan shaxs, basharti unga rahbarlik, tashkiliy, farmoyish berish, tek- shiruv-nazorat vazifalari yoki moddiy boyliklar harakati bilan bog‘liq bo‘lgan vazifalar yuklatilgan bo‘lsa, mansabdor shaxs deb hisoblanadi.
Mansabdor shaxslar ma’muriy javobgarlikning maxsus subyektlari hisoblanadi. Moddaning mohiyatidan kelib chiqib, mansabdor shaxslarning ma’muriy nojo‘ya xatti-harakatlari bir nechta turda bo‘lishi mumkin. Mansabdor shaxslarning, birin- chidan, o‘z harakatlari bilan belgilangan qoidalarni buzishlari; ikkinchidan, o‘z qo‘l ostidagilarga ana shu qoidalarga zid keladigan ko‘rsatmalar berishlari; uchinchidan, o‘zlariga bo‘ysunuvchi shaxslarning tegishli qoidalarga rioya qilishini ta’minlash yuzasidan
(basharti bu qoidalarga rioya qilishni ta’minlash muayyan mansabdor shaxsning xizmat vazifalariga kirsa) choralar ko‘r- maganligi bilan g‘ayrihuquqiy bo‘lib javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladi. Mansabdor shaxslar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning ko‘pgina moddalarida javobgarlikning ehtimol tutilgan subyektlari sifatida tilga olinadi. Biroq mazkur shaxslarning ro‘yxati keltirilmaydi. Mansabdor shaxsga MJTK 15-moddasining 2-qismida quyidagicha ta’rif berilgan:
ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxs korxona, muassasa va tashkilotda biror lavozimni egallab turgan bo‘lishi;
unga rahbarlik, tashkiliy, farmoyish berish, tekshiruv- nazorat qilish vazifalari yuklatilgan bo‘lishi;
unga moddiy boyliklar harakati bilan bog‘liq vazifalar yuklatilgan bo‘lishi zarur.
Amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq, mansabdor shaxs- larga nisbatan ma’muriy jazoning faqat bitta turi — jarima tatbiq etilishi mumkin. Mansabdor shaxslarning g‘ayrihuquqiy xatti- harakati, basharti ularda davlat-hokimiyat vakolatlari bo‘lsa, boshqa shaxslarning ma’muriy huquqbuzarliklariga nisbatan ko‘proq zarar yetkazishi mumkin, shu bois ma’muriy nojo‘ya xatti-harakat uchun mansabdor shaxslarga jarima solish tarzidagi oshirilgan javobgarlik belgilanadi. Jarimaning ehtimol tutilgan miqdorlari MJTKning 25-moddasida keltirilgan.
Mansabdor shaxslar aybli bo‘lgan taqdirdagina ma’muriy javobgarlikka tortiladi. Ma’muriy huquqbuzarlik, odatda, ehtiyot- sizlik orqasida sodir etiladi: mansabdor shaxslar o‘z harakatlarining zararli oqibatlarga olib kelishiga oldindan ko‘zlari yetsa ham, lekin kaltabinlik bilan ularning oldini olish mumkin deb o‘ylaydilar yoki bunday oqibatlar kelib chiqishi mumkinligiga oldindan ko‘zlari yetmaydi, holbuki bularga ko‘zlari yetishi lozim va mumkin edi.
Mansabdor shaxsning ma’muriy nojo‘ya xatti-harakati, ayni vaqtda, uning xizmat qoidalarini buzish, ya’ni intizomiy xatti- harakat hisoblanadi. Aybdor shaxsga birdaniga ikkita jazo — ma’muriy va intizomiy jazo berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Mansabdor shaxslarning ma’muriy huquqbuzarligi natijasida qandaydir moddiy zarar yetkazilgan bo‘lsa, ularning ma’muriy va moddiy
javobgarligini birga qo‘shish to‘g‘risidagi masala boshqachasiga hal qilinishi lozim. Huquqbuzarga moddiy zarar ham yetkazilgan takdirda bir vaqtning o‘zida ayni bitta xatti-harakat uchun ham ma’muriy, ham moddiy javobgarlik tatbiq etilishi mumkin. Moddiy javobgarlik ma’muriy javobgarlikdan farq qilib, faqat huquqni tiklash vazifasini bajaradi.
Harbiy xizmatchilar va yig‘inga chaqirilgan harbiy xizmatga majburlar, shuningdek, ichki ishlar organlarining oddiy askarlar va boshliqlar tarkibiga mansub shaxslar ma’muriy huquqbuzarlik uchun intizom ustavlariga muvofiq javobgar bo‘ladilar. Mazkur shaxslar yo‘l harakati qoidalarini, ov qilish, baliq tutish va baliq zaxiralarini saqlash qoidalarini, bojxona qoidalarini buzganliklari uchun umumiy asoslarda ma’muriy javobgar bo‘ladilar. Yuqorida ko‘rsatilgan shaxslarga nisbatan ma’muriy qamoqqa olish choralari qo‘llanilishi mumkin emas. MJTK 16-moddasiga binoan muddatli xizmatdagi harbiy xizmatchilarga jarima solinishi mumkin emas. Ushbu moddaning 1-qismida ko‘rsatilgan shaxslar jumlasiga kirmaydigan, intizom ustavlari yoki intizom to‘g‘risidagi maxsus qoidalar tatbiq etiladigan boshqa shaxslar, ana shu ustav yoki qoidalarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan hollarda, ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganliklari uchun intizomiy, boshqa hollarda esa umumiy asoslarda ma’muriy javobgar bo‘ladilar.
O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar umumiy asoslarda ma’muriy javobgarlikka tortilishlari lozim. Daxlsizlik huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJTKning O‘zbe- kiston Respublikasi qatnashchi bo‘lgan xalqaro shartnomalar va bitimlarga zid bo‘lmagan qismi qo‘llaniladi.
O‘zbekiston Respublikasi MJTKning 20-moddasiga binoan esa, g‘ayrihuquqiy harakat yoki harakatsizlik sodir etgan vaqtida aqli norasolik holatida bo‘lgan shaxs, ya’ni surunkali ruhiy kasallik, ruhiy faoliyati vaqtincha buzilganligi, aqli zaifligi yoxud boshqa xil kasallik oqibatida o‘z harakatining (harakatsizligining) ahamiyatini idrok qila olmagan yoki boshqara olmagan shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin emas.
Demak, umumiy qoidaga ko‘ra, ma’muriy huquqbuzarlikning subyekti— bu 16 yoshga to‘lgan aqli raso jismoniy shaxsdir.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarida ma’muriy javobgarlikning subyektlari uch guruhga bo‘lingan: