mavzu. O‘zbekistonda arxeologik va xalqaro arxeologik tadqiqotlar o‘tkazish tartibi
Arxeolog-mutaxassis arxeologik qidiruv-kuzatish yoki ma’lum bir yodgorlikda keng ko‘lamli arxeologik qazishma ishlarini olib borish uchun maxsus vakolatli muassasadan “Ochiq varaq” va ruxsatnoma olishi lozim bo‘ladi. Quyida “Ochiq varaq” va ruxsatnoma olish tartibi hamda shartlari haqida O‘zbekiston Respublikasida moddiy madaniy meros, muzeylar, arxeologiya, madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi sohasida maxsus vakolatli davlat boshqaruv organi hisoblangan
Madaniy meros agentligi rasmiy veb-sahifasidan ma’lumotlar keltirilgan. Bu ma’lumotlar quyidagicha:
Ochiq varaq berish tartibi va shartlari, uning shakllari namunalari maxsus vakolatli muassasa tomonidan tasdiqlanadi. Ruxsatnoma berish tartibi va shartlari O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi tomonidan belgilanadi. Arxeologiya tadqiqotlarining xususiyatiga qarab ochiq varaq quyidagi shakllarga ega bo‘ladi:
arxeologiya qazishmalarini amalga oshirish huquqini beruvchi 1-shakl;
uncha katta bo‘lmagan maydonlarni (bir arxeologiya obyektida 20 kv. metrgacha) qazib ochgan holda arxeologiya qidiruvlarini amalga oshirish va arxeologiya merosi obyektlarining tarixiy-madaniy ekspertizasini o‘tkazish hamda arxeologiya nazoratini amalga oshirish doirasida yer uchastkalarini tadqiq etish huquqini beruvchi 2-shakl;
Arxeologiya obyektida biron-bir yer qazish ishlarini bajarmagan holda, arxeologiya qidiruvlarini amalga oshirish (bundan ochilib qolgan joylarda cheklangan tozalash ishlari mustasno) huquqini beruvchi 3-shakl;
yer qazish, qurilish ishlari chog‘ida yemirilayotgan yoki avariya holatida bo‘lgan arxeologiya obyektida uning yemirilishi xavfini bartaraf etish maqsadidagi muhofaza-qutqaruv qazishmalarini amalga oshirish huquqini beruvchi 4-shakl.
1-va 4-shakllar bo‘yicha ochiq varaqlar muayyan arxeologiya obyektlarida arxeologiya qazishmalarini amalga oshirish uchun beriladi.
1-va 3-shakllar bo‘yicha ochiq varaqlar O‘zbekiston Respublikasining tegishli ma’muriy-hududiy birligi va zarur bo‘lgan hollarda, muayyan arxeologiya obyekti ko‘rsatilgan holda, arxeologiya qidiruvlarini amalga oshirish uchun beriladi.
Berilgan sanasidan qat’i nazar, ochiq varaqning amal qilish muddati kalendar yilning so‘nggi kunida tugaydi.
Ochiq varaq va ruxsatnoma olgan arxeologning huquqlari:
arxeologiya qidiruvlari, arxeologiya qazishmalari va arxeologiya nazoratini ochiq varaqda belgilangan doirada amalga oshirish;
arxeologiya obyektining yemirilishiga olib kelayotgan har qanday harakatlarni to‘xtatish talabi bilan mahalliy davlat hokimiyati organlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga murojaat qilish;
o‘zi aniqlagan arxeologiya ashyolarining arxeologiya tadqiqoti va ilmiy ekspertizasini o‘tkazish huquqiga ega bo‘ladi.
“Ochiq varaq” va ruxsatnoma olgan arxeolog qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
“Ochiq varaq” va ruxsatnoma olgan arxeologning majburiyatlari:
ruxsatnomani madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi davlat boshqaruvini amalga oshiruvchi tegishli organda ro‘yxatdan o‘tkazishi;
arxeologiya qidiruvlari, arxeologiya qazishmalari va arxeologiya nazoratini ochiq varaqda belgilangan doirada amalga oshirish tartibiga rioya qilishi;
arxeologiya qidiruvlari va arxeologiya nazoratini amalga oshirishda arxeologiya obyektida aniqlangan yemirilishlar to‘g‘risida madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi davlat boshqaruvini amalga oshiruvchi tegishli organga bir haftalik muddatda yozma shaklda xabar berishi;
arxeologiya qidiruvlari, arxeologiya qazishmalari va arxeologiya nazoratini amalga oshirishda aniqlangan ilgari noma’lum bo‘lgan arxeologiya obyektlari va arxeologiya ashyolari to‘g‘risida madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish sohasidagi davlat boshqaruvini amalga oshiruvchi tegishli organga yozma shaklda xabar berishi;
batafsil tavsifi (materiali, o‘lchamlari, sanasi va boshqalar) bilan har bir arxeologiya ashyosining ro‘yxatini tuzishi;
arxeologiya obyektining birlamchi konservatsiyasi va but saqlanishini ta’minlashi;
arxeologiya qidiruvlari, arxeologiya qazishmalari va arxeologiya nazoratini amalga oshirishda aniqlangan arxeologiya ashyolarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda davlatga topshirishi;
“ochiq varaq”ning amal qilish muddati tugaganidan so‘ng, biroq kelgusi kalendar yilning birinchi choragi tugashidan kechiktirmasdan tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga hamda maxsus vakolatli muassasaga ilmiy hisobot taqdim etishi shart.
Dostları ilə paylaş: |