Gallyusinasiya Voqelikdagi narsa va hodisalarning tana a’zolarini qabul qilish analizatorlarga bevosita ta’sir etmasdan inson ongida turli obrazlarning (ovozlarning eshitilishi, sharpalarning sezilishi) xayolan, fikran paydo boʻlishidan iborat idrokning psixopatalogik (ruhiy xastalik) hodisasiga gallyusinasiya deyiladi. Gallyusinasiya hodisasi muvaqqat ruhiy xastalikning alomati, ba’zan qoʻrqinch hissi mahsuli hisoblanib, bosh miya katta yarim sharlari qobiqidagi qoʻzgʻalish jarayonlarining nuqsonli sust (patologik) harakati natijasida goho asab tizimining zaharlanishi, zaiflashuvi, haddan tashqari toliqishi tufayli yuzaga kelishi mumkin. Gallyusinasiya hodisasi bir necha xil koʻrinishga ega boʻlishi mumkin, ularning eng asosiylari quyidagilardan iboratdir: a ) yoʻq narsalarning koʻzga koʻrinishi; b) u yoki bu ovozlar, tovushlar eshitilishi; v) yoʻq sharpalar, hidlar sezilishi kabilardir.
Odatda illyuziyani gallyusinasiyadan farq qila olish lozim. Illyuziya shu lahzada shaxsning sezgi a’zolariga ta’sir etib turgan biror narsani yanglish, notoʻgʻri idrok qilish jarayoni boʻlsa, gallyusinasiya yoʻq mavjud boʻlmagan narsalarni tashqi ta’surotsiz idrok qilishdir. Masalan, yoʻq narsalarning koʻzga bordek koʻrinishi, yoʻq ovozlarning quloqqa eshitilishi, yoʻq hidlarning dimoqqa urilishi kabilar gallyusinasiyaning mahsuli boʻlib hisoblanadi. Gallyusinasiya shaxsning biror narsa va holatni koʻrgandek, eshitilgandek, his qilgandek kabi tasavvurning aks etishidir xolos. Gallyusinasiya hodisasi koʻpincha kasallikdan (isitma, alahsirashdan) darak beruvchi alomatdir, u nerv tizimini buzadigan kasalliklarning oqibatida roʻy berishi mumkin.
Idrokning tasnifi Idrokni klassifikasiya qilishda quyidagi 3 ta muhim tomoni hisobga olinishi kerak va ular quyidagi jadvalda keltirilgan.
-Idrok jarayonida qaysi analizatorning yetakchi rol oʻynashiga qarab: koʻrish, eshitish, teri tuyish knestezik harakat, hid bilish va ta’m bilish idroklari bir-biridan farq qiladi.