Fazoni idrok qilish Fazoni idrok qilish voqelikdagi narsa va hodisalarning fazoda egallagan oʻrnini, shaklini, miqdorini, bir-biriga nisbatan munosabatlar bilish jarayonining shaklidir. Voqelikni idrok qilish orqali inson borliq toʻgʻrisida, uning xususiyatlari, xajmi, masofasi (ich tomonni, chuqurligi) yuzasida muayyan ma’lumotlar, xossalar, axborotlar toʻplash, ularni farqlash imkoniyatiga ega boʻladi.
Fazoni idrok qilish undagi narsalarning shaklini, hajmini va oʻzaro munosabatlarini aks ettirishdir. Demak, fazodagi narsalar uch oʻlchovda idrok qilinadi; narsalarning shakli: uch burchakli, toʻrt burchakli, kub, kvadrat, doira, konus va boshqalar. Narsalarning hajmi katta, kichik, oʻrtacha, yirik, mayda va boshqalar. Narsalarning bir-biriga va idrok qiluvchiga munosabati: oʻngda, chapda, yuqorida, pastda, uzoqda va hokazo. Fazoni koʻrish, teri, muskul-harakat organlari bilan idrok qilinadi. Fazoni bir koʻz bilan yoki ikki koʻz bilan idrok qilamiz. Monokulyar idrokda narsalarning chetlaridan kelayotgan nurlar bitta koʻzning toʻr pardasida aks etadi. Bu nurlar koʻz gavharlarida bir-birini kesib oʻtadi va ularning kesishgan joyida koʻrish burchagi hosil boʻladi. Bu burchakning katta-kichikligiga hamda uning koʻzdan qanchalik uzoq-yaqinligiga bogʻliq. Koʻz gavharlarining va umuman koʻzning narsalarni eng yaxshi koʻrish uchun moslashuvini akkomadasiya deyiladi.
Odatda fazodagi narsalarning shakli, hajmi va oʻzaro munosabatlarini ikki koʻz bilan binokulyar idrok qilinadi.
Biz bir narsaga ikki koʻz bilan qaraymiz. Lekin narsa bitta aks etadi. Buning sababi oʻsha narsadan keladigan nurlarning koʻz pardasiga mos yoki mos boʻlmagan nuqtalariga toʻgʻri kelishidir.
Narsalarning fazo munosabatini binokulyar idrok qilishda konvergensiya muhim ahamiyatga ega.
Konvergensiya - biror narsaga qaraganda ikkala koʻz soqqasining qanshar tomon bab-barobar burilishidir. Konvergensiya masofani, chuqurligini aniq, toʻliq idrok qilishga imkon beradi.
Vaqtni idrok qilish Odamda inson tomonidan vaqtni idrok qilish asosan ruhiy hodisalar, holatlar, vaziyatlar, xususiyatlarning oʻzaro oʻrin almashinuvi tufayli namoyon boʻladi va oʻziga xos tuzilishi bilan mazkur jarayonning boshqa shakllaridan farq qilib turadi. Vaqtni idrok qilish inson tomonidan aks ettirilayotgan vaqt birligining ob’ektiv (haqqoniy, xolis) mazmuniga, shaxsning oʻziga nisbatan munosabatiga bogʻliq boʻlib, shu mezon orqali uning mahsuldorligi oʻlchanadi. Masalan, shaxsning ehtiyoji motivasiyasi, qiziqishi va intilishlariga mutanosib vaqt birligini, idrok birligini idrok qilgan taqdirdagina vaqt ob’ektiv jihatdan kechinmalar, his-tuygʻularga nisbatan shaxsning ijobiy, haqqoniy munosabatlarida tez oʻtganday idrok qilinadi, odatda yoqtirmaslik idrok maydoniga (qamroviga) nomutanosiblik esa shaxsda zerikish, vaqt "sekin" oʻtish tuygʻusini uygʻotadi.
Biz idrok qilib turgan narsa-hodisalar muayyan vaht davomida paydo boʻladi, oʻzgaradi va oʻtib ketadi. Vaqt materiya mavjudligining asosiy shakllaridan biridir. Vaqtni idrok qilish voqelikdagi hodisalar va ularning muntazamligini aks ettirishdir. Vaqtni idrok qilish ob’ektiv reallikni aks ettirib, kishini oʻrab olgan muhitda moʻljal olishiga imkon beradi. Vaqtni moʻljal olish orientirovkasi miyaning poʻst boʻlimlari yordamida amalga oshadi. Lekin vaqtni idrok qiluvchi maxsus a’zo mavjud emas.
Vaqtni idrok qilishda turli analizatorlar qatnashadi, biroq vaqtlar oraliqinining bir muncha aniq farqini kinestezik va eshitish sezgilari beradi.
Markaziy asab tizimida bosh miya katta yarim sharlarida qoʻzgʻalish va tormozlanishning ritmik almashinuvi vaqtni idrok qilish asosida yotadi. Agar bosh miya poʻstida qoʻzgʻalish jarayoni ustunlik qilsa, vaqt "tez" oʻtgandek, agar tormozlanish ustunlik qilsa, vaqt "sekin" oʻtgandek idrok qilinadi. Vaqtning "tez" yoki "sekin" oʻtishi kishining vaqtga va diqqati yoʻnaltirilgan ob’ektga munosabatiga ham bogʻliq. Masalan, biror darsning oʻtishi, kinofilmni koʻrish, avtobus yoki biror kishining kelishini kutish va hokazo. Odamlar vaqtni ob’ektiv belgilash, uning oraliqini toʻgʻri farqlashga imkon beradigan narsalar oy, quyosh, yulduzlar harakatidan foydalanib kelganlar.