O‘zbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi buxoro davlat universiteti


Islom sivilizatsiyasining vujudga kelish omillari



Yüklə 75,67 Kb.
səhifə2/6
tarix07.01.2024
ölçüsü75,67 Kb.
#207299
1   2   3   4   5   6
MUSTAQIL ISH.JAHON SIVILIZATSIYALARI TARIXI

Islom sivilizatsiyasining vujudga kelish omillari. Islom sivilizatsiyasi o‘rta asrlarda o‘zining yetuk darajasiga etdi. G‘arb dunyosining ayrim vakillari bu paytni “zulmat” davri, deya hisoblab turgan bir vaqtda ajdodlarimiz nurli davrni boshidan o‘tkazganlar. Vaholanki, amerikalik olim Jorj Sarton o‘zining “Introduction to the History of Science” (“Fan tarixiga kirish”) nomli kitobida ilmiy bosqichlarni yarim asrlardan iborat 50 yillik bir necha davrlarga bo‘lib chiqqan. Xususan, 750 yildan 1100 yilgacha – 350 yil mobaynida yashagan olimlarning nomlarini sanab o‘tgan. Diqqat bilan kuzatgan o‘quvchi ushbu olimlar musulmon olami vakillari ekaniga amin bo‘ladi. Bunday olimlar qatorida kimyo, matematika, tibbiyot, geografiya, falakiyot, tabiiy ilmlarda ulkan faoliyat olib borgan Jobir ibn Hayyon, Muhammad Xorazmiy, Abu Bakr Roziy, Mas’udiy, Abul Vafo, Abu Rayhon Beruniy, Umar Xayyom singari arab, turk, afg‘on, fors musulmon olimlari keltiriladi.

Kitobning davomida 1100 yildan boshlab keyingi 250 yil mobaynida Ibn Rushd, Tusiy, Ibn Nafis kabi musulmon olimlari bilan bir qatorda evropalik olimlarning faoliyatlari kuzatiladi. Shu paytdan boshlab, g‘arb dunyosi islom olamidagi ilmlarni o‘rganib, tarjima qilishni boshlaganlarki, ayni jarayon bugungi kungacha ham davom etib kelmoqda. Bu tarixiy haqiqatni juda ko‘plab olimlar e’tirof etmoqdalar. Buni o‘tgan asr davomida insoniyat hayoti rivojiga samarali hissa qo‘shgan 2000 talik kishilar ro‘yxatiga kiritilib, Kembridj universiteti jamoasi nomzodi, Germaniyada yashovchi, arab-musulmon olimi Doktor Muhammad Mansur ham ta’kidlaydi. Agar tsivilizatsiya umumiy mohiyatiga ko‘ra, insonning moddiy va ma’naviy sohalardagi hayotiy ehtiyojlarini qondirar ekan, islom tsivilizatsiyasi barcha davrlarda bunday ehtiyojlarni qondira olgan. Chunki, u musulmon ummatining asrlar osha hayotni yanada yaxshilash, insonni baxtiyor qilish yo‘lidagi umumiy harakati natijasidir. Ushbu ma’noda u barcha asrlarda barcha savollariga javob bera olgan va shak-shubhasiz dunyo tsivilizatsiyasi sifatida yashab kelgan. Shu bilan birga u aslo nizo va urush madaniyati bo‘lmagan. Ushbu jihatdan qaraganda, islom hazorasi zamonaviy Evropa tsivilizatsiyasiga tibbiyot, farmatsevtika, kimyo, matematika, fizika, astronomiya singari bilimlari bilan tamal toshini qo‘ygan deyish mumkin. Natijada G‘arb uyg‘onish davri tezlashdi va fanning turli yangi sohalari paydo bo‘ldi, ko‘plab ilmiy yutuqlarga erishildi. Bunday ta’sir hozirgacha davom etib kelayotgani ham inkor etib bo‘lmas ayni haqiqatdir.
O‘rta asrlarning mashhur musulmon olimi Ibn Xaldun o‘zining “Muqaddima” kitobida Markaziy Osiyo va xususan, Movarounnahr haqida gapirib, ushbu hududning islomgacha ham yuksak madaniyatga egaligini, bu din kirib kelgach esa, u yanada rivojlangani, ulkan ma’rifiy tamaddunga aylangani, islom madaniyati yuqori cho‘qqiga chiqqanini tilga oladi.
Ushbu qadim zamin asrlar davomida “ilmu ma’rifat o‘chog‘i” bo‘lgani, “Islom dinining quvvati” bo‘lgan Buxoro, “Yer yuzining sayqali” deya e’tirof etilgan Samarqand, “Islom gumbazi” deb ulug‘langan Kesh kabi shaharlari, Xorazmiy, Termiziy, Shoshiy, Farg‘oniy, Marg‘iloniy singari yuzlab allomalari bilan dunyoga mashhur bo‘lib kelganini eslamaslikning iloji yo‘q.
Fan, ta’lim, madaniyat masalalari bo‘yicha Islom tashkiloti – ISESCO bosh direktori Abdulaziz at-Tuvayjiriy ham 2017 yilning avgust oyida O‘zbekistonga tashrifi asnosida mamlakatimizning islom tsivilizatsiyasi rivojidagi roliga alohida urg‘u berib, islom dini Arabistonda vujudga kelgan bo‘lsa ham, biroq uning rivoji boshqa diyorlarda, jumladan, Movarounnahrda kechganini alohida ta’kidlab o‘tdi hamda yurtimizdan etishib chiqqan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Mahmud Zamaxshariy kabi allomalarning xizmatlariga to‘xtaldi.
Bu borada gapirganda, ayniqsa yurtimizda xalqaro YUNESKO tashkiloti tomonidan e’tirof etilib, madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan qo‘lyozma asarlar soni 100 mingdan ziyodni tashkil etishi, bebaho durdonalarning katta bir qismi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar fondida, shuningdek O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasi, Toshkent islom universiteti Manbalar xazinasida saqlanishini alohida ta’kidlash kerak. Yana bir muhim jihat shundaki, barcha musulmonlarning eng muqaddas kitobi – Qur’oni karimning eng qadimiy qo‘lyozma nusxasi sanalgan Usmoni Mushafi Toshkentda saqlanadi. Hammamizga ma’lumki, dunyoda Istanbul, Iskandariya, London, Parij, Moskva singari eng sara qo‘lyozma fondlari mavjud. Biroq bular orasida Toshkent fondi ulardan hech bir jihati bilan ham qolishmaydi. Toshkentdagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutini jahon ilm-fani tarixida o‘chmas iz qoldirgan Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Mahmud Zamahshariy, Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi singari yuzlab ulug‘ ajdodlarimizning matematika, astronomiya, fizika, kimyo, geodeziya, farmakologiya, tibbiyot kabi aniq fanlar bilan birga, tarix, geografiya, falsafa, madaniyat va san’at, arxitektura sohalarida yaratgan asarlari boyitib turadi. Hech shubhasiz aytish mumkinki, bunday buyuk zotlarning ilmiy g‘oya va kashfiyotlari jahon ilm-fani va tsivilizatsiyasi rivojida o‘zining ulkan izini qoldirgan.
Bundan tashqari, bu erda musulmon olamida e’tirof etilgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturudiy, Abu Muin Nasafiy, Qaffol Shoshiy, Burhoniddin Marg‘inoniy, Mahmud Zamaxshariy, Bahouddin Naqshband kabi allomalarning noyob qo‘lyozmalari ham saqlanmoqdaki, ular hadis, tafsir, aqida, islom huquqshunosligining usulul fiqh, furuul fiqh, fatvo, ilmul xilofiyot kabi sohalari, tasavvuf, islom tarixi, arab tilshunosligi va lug‘atshunosligi, nahv, sarf, balog‘at, fasohat kabi islom ilmlaridagi benazir kitoblari bilan yurtimiz ilmu fanini dunyoga keng tanitganlar.
Mustaqil O‘zbekistonda 300 dan ortiq ilmiy tadqiqot muassasalari, ilmiy ishlab chiqarish korxonalari, innovatsiya markazlari faoliyat olib bormoqda. Hozirda “Jaholatga qarshi – ma’rifat” shiori ostida Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etilmoqda. Imom Buxoriy va Imom Termiziy nomlaridagi xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari respublikada sohaga oid ilmiy faoliyatni yanada rivojlanishiga munosib hissa qo‘shadi. Toshkent islom universiteti tarkibida ISESCOning maxsus kafedrasi faoliyat olib bormoqda. Bundan tashqari, 9 o‘rta maxsus va 2 ta oliy islom bilim yurtlari diniy sohadagi mutaxassislar ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi. Umuman olganda, bugungi kunda asrlar mobaynida islom hazorasi rivojiga katta ta’sir etgan ulkan ma’naviy merosni o‘rganish va uni yanada boyitish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Islom sivilizatsiyasining bugungi holati musulmon dunyosi egallashi lozim bo‘lgan mavqega etib bormagani ko‘pchilikka ma’lum. Shu bilan birga unga nisbatan “tanazzul davri” deyish ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Chunki bunday baho insof qilinmay, asl ahvolni to‘g‘ri yoritmaslik sanaladi. Islom sivilizatsiyasining tanazzuli, tushishi yoki so‘nishi haqidagi nazariyalar ko‘plab dalil va qarashlar bilan xato ekanligi isbotlangan. Jumladan, Tarixchi Arnold Toyinbi “sivilizatsiyalar inqirozi” (معنى انهيار الحضارات) tushunchasiga batafsil sharh bergan dastlabki shaxslardan biri hisoblanadi. Uning “A Study of History” (“مختصر دراسة التاريخ”) asarining misrlik mutafakkir Fuod Muhammad Shibl tomonidan tarjima qilinib, nashr ettirilgan kitobida shunday deyiladi: “Inqiroz bu – rivojlanishdan butunlay to‘xtash degani emas. Chunki tarix jamiyat hayoti rivojiga biror bir chegara borligiga guvoh bo‘lmagan. Rivojlanishdan to‘xtash tirik mavjudotda tabiiy hol, biroq kishilik jamiyatida bunday emas”. Shu sababli jamiyat tarixida o‘sish, rivojlanish bosqichlari muntazam o‘zgarib turaveradi. Toyinbi ham “inqiroz” so‘zini ushbu ma’noda qo‘llagan. Tarixda paydo bo‘lgan sivilizatsiyalar ham oldingi biror bir sivilizatsiyaning o‘rnida yoki uning tanazzuli natijasida vujudga kelgan”.
Musulmon olamidagi ko‘plab jabhalardagi zaiflik, ilmu fanning etarli darajada rivojlanmagani, taraqqiyotning etarli emasligi, ayrim mamlakatlardagi ijtimoiy va iqtisodiy holatlar vaqtinchalik hamda uzoq davom etmaydigan jarayondir. Bularning davomidan boshqa bosqichlar ham keladi. Chunki bu jarayon borliq qonuniyatlari va sivilizatsiyalar tabiatiga xosdir. Albatta, insoniyat tarixida ketma-ket keluvchi sivilizatsiyalar borasida bunday chuqur mulohaza yuritish bilan islom hazorasining bugungi kundagi ta’siri, natijalari va uning davomiyligi borasida hech ikkilanmay fikr aytish mumkin.
Ayni damda dunyoda kechayotgan ayrim hodisalar, joriy o‘zgarishlar hamda yuzaki voqealarga qarab zamonaviy islom tsivilizatsiyasiga to‘liqligicha baho berib bo‘lmaydi. Sivilizatsiyalar cheklangan vaqtdagi tarixiy voqealar bilan bog‘liq emas. Ta’kidlash kerakki, islom sivilizatsiyasi hozirda ham yashovchan bo‘lib, uni ko‘p o‘rinlarda kuzatish mumkin. Global o‘zgarishlar oldida turgan bugungi musulmon dunyosi azaliy qadriyatlarini rivojlanish, taraqqiyot, ilmu fan, zamonaviy yutuqlar bilan uyg‘un holda tiklashga intilmoqda. So‘nggi yillarda ilm-fan, madaniyat taraqqiyoti yo‘lida qator anjumanlar, hamkorliklar kabilarning amalga oshirilishi fikrimizni tasdiqlaydi. Shuni ham aytish kerakki, ijobiy tashabbuslarga sabab bo‘luvchi omillardan biri hayot bilan jo‘shib turgan madaniy ongda ham qator ijobiy siljishlar mavjud. Bu esa, musulmon dunyosi kelajagini belgilashda hal qiluvchi omil bo‘lishi mumkin.
Bir so‘z bilan aytganda, islom sivizilatsiyaning ildizlari salomat, unga hech qanday zarar etmagan. Musulmonlar esa, bugungilik kunida bu ildizni keng tomir orttirishi va qayta tiriltirishiga mas’uldirlar. Hayotimizda kechayotgan ulkan o‘zgarishlarga intilishlarni ko‘rib aytish mumkinki, islom sivilizatsiyasi uchinchi ming yillikda o‘zining “uyg‘onish” davrini qaytadan boshlaydi.
3. Zamonaviy buyuk sivilizatsiyalar. Bugungi kundagi tadqiqotchi olimlar o‘z qarashlarida sivilizatsiyani qadimiy va zamonaviyga bo‘lib o‘rganadilar. Biroq ularning soni borasida ixtilofga boradilar. Ba’zilar ularning sonini yigirmadan oshirsalar, yana ba’zilar undan kam deydilar. Sivilizatsiya nomini olgan va ularga asos sanalgan madaniyatlar borasida fikr yuritib, ularni sonini ettiga bo‘lish mumkin bo‘ladi. Jumladan:

  • Islom sivilizatsiyasi;

  • G‘arb sivilizatsiyasi;

  • Hind sivilizatsiyasi;

  • Xitoy sivilizatsiyasi;

  • Yapon sivilizatsiyasi;

  • Lotin Amerikasi sivilizatsiyasi;

  • Afrika sivilizatsiyasi.

Ushbu sivilizatsiiyalarning boshqalaridan ajratib turadigan ko‘plab xususiyatlari, o‘ziga xosliklari bo‘lganidek, birinchi navbatda umumbashariyatga taalluqli bo‘lgan ko‘plab o‘xshashliklari ham mavjud. Islom sivilizatsiyasi va uning xususiyatlarini yaxshiroq anglab olish uchun qolgan oltita sivilizatsiya to‘g‘risida ham to‘xtalib o‘tish maqsadga muvofiqdir.
G‘arb sivilizatsiyasi. Zamonaviy g‘arb sivilizatsiyasi yunon va Rim davridagi an’analar va tafakkurga tayanadi. G‘arb sivilizatsiyasi bashariyatga ko‘plab foydalar keltirgan. Uning yutuqlari bugungi kun va kelajak uchun ham katta ahamiyatga ega. Bu jihatdan ushbu sivilizatsiya bilan islom sivilizatsiyasini o‘xshashliklari juda ko‘pdir. G‘arb sivilizatsiyasi tabiiy ilmlar, matematika, texnologiya sohasida xali hech bir sivilizatsiya ulasha olmagan ko‘plab imkoniyatlar va sharoitlarni yaratib berdi. Insof bilan aytish lozimki, xali birovning xayoliga kelmagan, hatto uxlab tushiga ham kirmagan bunday yutuqlar ushbu tsivilizatsiya vakillariga nasib etdi. G‘arb sivilizatsiyasi insoniyat uchun masofalarni yaqinlashtirdi. Endilikda uzoq joylarga ham oz vaqt ichida borish imkoniyati mavjud, bu bilan vaqt tejaladi. Insoniyat kosmosga etib bordi, u endilikda dunyoni u erdan turib kuzatish imkonini qo‘lga kiritdi. Oldinlari kishi qo‘l mehnati va jismoniy mehnat bilan hayotini rivojlantirgan bo‘lsa, hozirga kelib aqliy mehnat rivojlanib ketdi. Endilikda eng katta yutuqlardan biri sanalgan kompьyuterning ixtiro etilishi natijasida eng qiyin vazifalar ham osonlik bilan bajarilmoqda. Musulmon olimlari ham uning yordamida islom ilmlariga, shu jumladan, Qur’on, hadis arab tili, odob-axoq kabi sohalarda avvalari qiyin bo‘lgan tadqiqotlarni yaratmoqdalar.
Ushbu sivilizatsiyaning yana bir alohida xususiyati shundaki, u hech ham qotib qolmagan, muntazam ravishda rivojlanib boraveradi. U insoniyatga uyg‘onish sari chaqiradigan ichki tuyg‘ularni, shijoatlantiradigan aqliy quvvatni, odamlarni osonlikcha boshqarish imkoniyati sharoitlarini yaratib berdi. Buning natijasida har biri kishining amalga oshirgan ishiga yarasha munosabat bildirish, samarali mehnat qiluvchi va yaxshilarni mukofotlash, aksini esa jazolash faoliyati osonlashdi. Shuningdek ushbu jamiyatda inson erkinliklari, tabiiy huquqlari rioya qilinish va manfaatlari himoya qilinishda namuna bo‘lish darajasiga etdi. Tabiiyki, bunday sharoitda kishi o‘zining qadr-qimmatini sezadi, xavf va xorlikdan himoyada bo‘ladi, natijada manfaatli mashg‘ulot bilan shug‘ullanib, foyda keltiradi. Aynan bunday sharoitda tsivilizatsiyaning to‘la rivojlanishiga etarlicha asoslar yaratiladi. Yuqorida aytib o‘tilganlar g‘arb sivilizatsiyasining ijobiy tomonlari bo‘lib, bunday vositalar, jihozlar, texnologiyalar yordamida inson ham yaxshilik va ham yomonlik qila olishi mumkin. Ming afsuski, gohida bunday imkoniyatlar ortidan ko‘plab noxushliklar ham kelib chiqmoqdaki, bunday holatlar ushbu tsivilizatsiyaning maqsaddan ko‘ra ko‘proq texnologiyalarga bog‘liq ekanligini ko‘rsatadi.
Mashhur musulmon olimi Yusuf Qarzoviy G‘arb tafakkurining xususiyatlariga to‘xtalib, quyidagi besh jihatni alohida aytib o‘tadi:

  1. Ilohni bilish bilan bog‘liq tushunmovchiliklar. G‘arb tsivilizatsiyasida Alloh taoloning birligi borasidagi qarashlarga munosib tarzda ahamiyat berilmaydi, balki unda noaniqliklarga duch kelinadi. Bular Yaratuvchining sirliligi va ayrim e’tiqodiy jihatlarning mavhumligi bilan izohlangan.

  2. Materialistik qarash bilan bog‘liq tushunchalar. Ushbu tushunchalar asosida borliq va bilish faqatgina moddiylik bilan izohlanadi, g‘aybiy va hissiy narsalar deyarli inkor etiladi. Natijada ko‘p narsa moddiylikka bog‘liq degan aqida paydo bo‘lib qoladi. Bu esa, ko‘plab g‘aybiy narsalarni tushunishda xalal beradi.

  3. Sekulyaristik qarash. Bu nazariya yuqoridagi ikki qarash samarasida paydo bo‘lgan bo‘lib, u din va ijtimoiy hayotni bir-biridan ajratish g‘oyasiga qurilgandir. Buning natijasida dinni jamiyat hayotidagi rolidan mutloq uzib qo‘yish holati kelib chiqadi.

  4. Doimiy kurash. Ushbu sivilizatsiya negizida insonning muntazam ravishda o‘zi bilan o‘zi yoki boshqa bilan kurashi yotadi. Aniqroq aytganda, u kurash asosiga qurilgan bo‘lib, inson o‘z nafsi bilan, tabiat, va hatto Xudo bilan ziddiyatda, degan qarash kelib chiqadi.

  5. Boshqalardan o‘zini ustun deb hisoblash. Bu qarash aksar g‘arbliklarda keng ildiz otgan bo‘lib, ular o‘zlarini boshqalardan afzal biladilar, ayrim hollarda o‘zlarining sivilizatsiyalaridan boshqasini tan olmaslik ham uchrab turadi. Aslida esa, g‘arb sivilizatsiyasi ham insoniyat sivilizatsiyasining bir qismi ekanligi esdan chiqariladi .

Mazkur xususiyatlar g‘arb sivilizatsiyasining o‘tmishi va buguniga ham bir xilda taalluqlidir. Ayrim tadqiqotchi olimlar ushbu sivilizatsiyaning bir qator ijobiy tomonlari bilan brigalikda ayrim salbiy tomonlari haqida ham fikrlar bildirganlar. Aynan Abdulaziz at-Tuvayjuriyning biz asos qilib olgan kitobida ham bunday fikrlarni uchratish mumkin. Jumladan, unda g‘arbliklarning har doim ham o‘zlarida mavjud bo‘lgan diniy bilimlar va axloqiy qarashlarga mutanosib faoliyat olib bormasligi ta’kidlanadi. Buning o‘z navbatida sivilizatsiyaga og‘ir oqibatlarni olib kelishi, uning asl asoslaridan uzoqlashishi, ba’zi hollarda nizo va urushlarga ham omil bo‘lishi, natijada ilmu fanning rivojlanishi to‘sib qo‘yilishiga sabab bo‘lib qolishi mumkinligi aytiladi.
Hind sivilizatsiyasi. Ko‘p ming yillik tarixga ega Hind sivilizatsiyasi ba’zilar o‘ylaganidek Hind daryosining shimoliy qirg‘oqlaridan kelib chiqmagan, balki u erga kirib kelgan qadim Shumer madaniyati ta’sirida yuzaga kelgan. Keyinchalik Shumer madaniyati hind muhitida o‘sdi, chuqur ildiz otdi va natijada tarixdagi buyuk sivilizatsiyalardan biriga aylandi.
Hind sivilizatsiyasi zamirida afsonaviy xudolarga ibodat qilish yotadi. Unda mil. avv. 475-375 yillar oralig‘ida buddizm da’vat etgan ma’naviy, axloqiy g‘oyalar bilan yo‘g‘rilgan me’yorlarga chaqiriladi. O‘z navbatida, Hind yoki Gupta tsivilizatsiyasi Hindiston, Markaziy Osiyo va Evropani vayron qilgan Xun qabilalari tomonidan yo‘q qilindi. Bu Hind sivilizatsiyasining boshqa tsivilizatsiyalar ta’sirida bosqichma-bosqich rivojlanganidan dalolat beradi. Shu tarzda ushbu sivilizatsiya turli madaniyatlar ta’siri ostida yashadi. Lekin shu bilan birga Hind yarim oroli mil. av. 1500 yillikdan to mil. 400 yilgacha hinduiylik ta’sirida bo‘lganini tarixdan ma’lum.
Hind sivilizatsiyasi haqida uning dunyo ishlarini yengillashtirishga yo‘naltirilgan tafakkur va zuhdga, ya’ni tarkidunyochilikka asoslanganligini alohida aytish mumkin. Ushbu masalada Abu Rayhon Beruniyning 1030 yilda yozilgan va “Hindiston” nomi bilan mashhur bo‘lgan “Tahqiq mo lil Hind min ma’quda maqbula fil aql av marzula» («Hindlarning aqlga sig‘adigan va sig‘maydigan ta’limotlarini aniqlash »)” kitobida batafsil to‘xtab o‘tilgan. Bugungi kunda Hindiston o‘zining ulkan zamonaviy tsivilizatsiyasi bilan siyosiy, iqtisodiy, texnikaviy sohalarda tez sur’atlarda rivojlanib bormoqda.

Yüklə 75,67 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin