O’zbеkistоn rеspublikаsi оliy vа o’rtа mахsus tа’lim vаzirligi а
3. O’simliklar hayoti va evolyutsiyasida hayvonlarning roli O’simliklar evolyusiyasi va ularning hozirgi kunda mavjudligi hayvonlar faoliyati bilan chambarchas bog’liqdir. Buni o’simliklarda ko’pgina morfologik va fiziologik xususiyatlari hamda himoyaviy moslanish belgilarning mavjudligi ham tasdiqlaydi. O’simliklarda mexanik himoya belgilari sifatida tuklar, qilchalar, qattiq po’stloq, tikanlar, tikanak, qalin “go’shtli” barglar, yelimli (yopishqoq) suyuqliklarni ajratish va boshqalar hayvonlarga qarshi paydo bo’lgan qo’shimcha moslamalar deb bilish lozim. Masalan, yovvoyi nok tanasidagi pastki shox va novdalarida tikanlarning bo’lishi, ularning yuqori (baland) shoxlarida bo’lmasligi; ko’pgina o’simliklar shirasining tarkibida achchiq va zaharli mahsulotlarning (efir moylari, glyukozalar, alkoloidlar) bo’lishi; ayrim o’simliklarda otiluvchi qismlarning bo’lishi; narsiss, tradeskansiya, arxideyalarning zaharli moddalarga ega bo’lishi va boshqalarni aytib o’tish mumkin. Lekin shunday bo’lsa ham ayrim hayvonlar bunday himoyaviy belgilarga qaramay ularni bemalol iste’mol qilishi mumkin.
Masalan, belladonna o’simligi tarkibida atropinning bo’lishi uni kavshovchi hayvonlardan himoya qiladi, lekin Epithris atropae dagi qo’ng’iz ushbu o’simlikning barglari bilan oziqlanadi. Pashshatutar o’simligi pashsha uchun zaharli bo’lsa, uni shilliq qurt mollyuskasi bemalol iste’mol qiladi. Maxaon kapalagining qurtlari efir moyi, alkoloidli yoki achchiq ta’mli o’simliklar bilan oziqlanadi. Ushbu qurtlarning boshidagi mo’ylovlari orasida maxsus bezlar joylashgan bo’lib, u tanasidagi qon tarkibidagi zaharli moddalarni so’rib, kutikulasi orqali tashqariga ajratadi.
O’simliklarda turli-tuman himoya belgilarining bo’lishiga qaramasdan, ularni ayrim hayvonlar tomonidan iste’mol qilinishi, shu o’simliklarni kengroq arealga tarqalishiga ijobiy ta’sir o’tkazadi.
O’simliklarda himoya suyuqliklarining mavjudligi ular organizmida immunitetni paydo qiladi hamda boshqa kasallik qo’zg’atuvchilar, parazitlar va zararkunandalardan saqlaydi. Shuni aytish lozimki, o’simliklar noqulay sharoitli muhitga tushib qolsa (unumsiz joyda o’ssa), uning himoyalanish xususiyati keskin pasayadi, oqibatda, zararkunanda va kasallik qo’zg’atuvchilar hujumiga giriftor bo’ladi. Bunday ikkilamchi darajadagi zararkunandalarga po’stloqxo’r qo’ng’izlarni misol qilish mumkin. Masalan, dub uzun mo’ylov qo’ng’izi Cerambyx aerdo. O’simliklarda tananing yetishmagan joylarini qayta tiklash xususiyatining bo’lishi va vegetativ ko’payish qobiliyati ularning turli salbiy ta’sirlarga nisbatan himoyalanish belgisi hisoblanadi. Masalan, efemeroid tirik tug’uvchi qo’ng’irbosh Poa bulbosa var, vivipara bahorda qisqa vegetasiyasidan keyin ildiz bilan poya birlashgan joyda va to’pgulida qattiq po’stli piyozchalar hosil qiladi. Ushbu piyozchalar shamol yordamida bir joydan ikkinchi joyga ko’chiriladi. Kuzda piyozchalar ildiz otib yangi o’simlikni hosil qiladi. Ko’pgina daraxt va butalarning shirali meva beruvchi shoxlari hayvonlar tomonidan sindiriladi, lekin ular yana osonlik bilan tiklanadi. Ushbu holni chetan (ryabina), shumurt (cheryomuxa), malina (xo’jag’at), itburun kabilarda yaxshi rivojlanganligini ko’ramiz.
Hayvonlar o’simliklarning ko’payishi va tarqalishiga katta imkoniyatlar tug’diradi. Asosiy changlantiruvchi hayvonlar hasharotlar hisoblanadi. Changlantirishda qisman qushlar ham ishtirok etadi. Bunday o’simliklarni ornitofillar deydi. (Masalan, orxidalar).
Hayvonlar yordamida changlanuvchi o’simliklarda shunday koadaptiv (o’zaro moslashuv) belgilari shakllanganki, gul ichiga faqat ma’lum turdagi changlatuvchilar kirishi mumkin. Bunday belgilarga gullarning ochiq rangli, hidli va ma’lum rangda tovlanuvchi bo’lishi, kunduzgi changlatuvchi o’simlik gullarining oq rangda va kuchli hid tarqatuvchi bo’lishi yoki cho’l va sahrolarda kuchli shamollar bo’lib turishiga binoan gullarning hidsiz bo’lishi va boshqalarni aytish mumkin.
O’simliklarning urug’ va sporalarini tashib tarqatuvchi zooxoriya hayvonlari ham o’simliklar hayotida katta rol o’ynaydi. O’simlik urug’ va sporalarini tashuvchi hayvonning gavda qismlari bilan bog’liq bo’lishiga qarab, urug’ va sporalar hayvonning tashqi qoplag’ichlari orqali tarqalishi ektozooxoriya, ovqat hazm qilish organlari orqali tarqalishi endozooxoriya deyiladi. O’simlik urug’larini tarqatuvchi hayvonlar orasida mayda chumchuqsimon qushlarning ham roli kattadir. Qushlarning mavsumiy uchib ketishi tufayli juda ko’p o’simliklarning urug’lari juda keng areallarga tarqab ketadi.