2. Qadimgi Yunonistonda pedagogik nazariyalarning tug‘ilishi
Yunonistonda maktab va madaniyatning tez rivojlanishi pedagogika
nazariyasining ham tug‘ilishiga imkoniyat yaratdi. Pedagogika nazariyasiga olim
va faylasuflardan Suqrot, Platon, Aristotel va Demokritlar asos soldilar. Ular o‘z
qarashlari bilan ta’lim-tarbiya rivojlanishiga juda katta hissa qo‘shdilar.
Quyida bu faylasuf olimlar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tamiz.
Suqrot (eramizdan avvalgi 469-399 yillar) o‘zining demokratik ijtimoiy
kelib chiqishiga qaramay (u kambag‘al hunarmand, ya’ni haykaltarosh o‘g‘li)
konservativ zamindor aristokratlarning ideologi edi. Bu, albatta, uning falsafiy va
pedagogik qarashlarida o‘z aksini topdi. Suqrot dunyoning tuzilishini,
buyumlarning fizik holatini bilib bo‘lmaydi, odamlar faqat o‘zlarinigina bilishi,
axloqni kamol toptirishi lozim deb hisoblar edi.
Suqrot faylasuf bo‘lishi bilan birga ajoyib notiq ham edi. U keng
maydonlarda so‘zga chiqib, axloqqa doir masalalar yuzasidan suhbatlar o‘tkazar,
tinglovchilarni savol-javob yo‘li bilan haqiqatni o‘zlari topishlariga va bilishlariga
undar, shu yo‘l bilan odamlarni haqiqatni izlashga o‘rgatar edi. Suhbatning bu
metodi «Suqrot metodi» deb yuritilgan. U pedagogika olamiga ana shunday savol-
javob metodini, ya’ni «evristik» suhbat metodining yangi (savol berish va
21
savolni to‘ldirish) usulini olib kirdi. Suqrot — falsafiy dialektikaning
asoschilaridan biri. U bahs orqali, ya’ni muayyan masalalarni o‘rtaga qo‘yish va
ularga javob topish yo‘li bilan haqiqatni aniqlash mumkin deb tushungan.
Aristotel fikricha, Suqrot mavjud haqiqatdan umumiy tushunchalarga
o‘tish haqidagi induktiv ta’limotni hamda har bir narsaning mohiyatini
bilishning birinchi imkoniyatini beradigan tushunchalarni aniqlash haqidagi
ta’limotni yaratgan. Uning etika sohasidagi asosiy tezisi shundan iborat: ezgulik
bilimdir; donishmandlik, ya’ni yaxshilikni biluvchi yaxshilik qiladi; yomonlik
qiluvchi esa yaxshilikni yo bilmaydi, yoki pirovardida yaxshilikning tantanasi
uchun yomonlik qiladi. Suqrotning tushunishicha, aql bilan axloq o‘rtasida
ziddiyat bo‘lishi mumkin emas. U tarbiyada axloqiy, estetik, jismoniy tarbiya
mezonini ishlab chiqdi. Lekin Suqrotning axloqiy qarashlarida tengsizlikni
yaqqol sezish mumkin. Uning fikricha, axloq faqat imtiyozli
«mumtoz»largagina xos, «mumtoz» kishilar haqiqiy axloqning yagona egalari
bo‘lganliklari uchun hokimiyat ham ularning qo‘llarida bo‘lmog‘i kerak deydi.
Suqrot demokratiyaga dushmanlikda asossiz ayblanib, o‘lim jazosiga hukm
qilingan. Lekin o‘zi zahar ichib o‘lgan. Haqiqatda esa u adolatga xilof bo‘lgan
davlatni boshqarishning hamma formalarini — monarxiya, tiraniya, aristokratiya,
plutokratiya va demokratiyani tanqid qilgan.
Platon eramizdan ilgari (424—347 yillarda) yashagan. Qadimgi
Yunonistonning mashhur – idealist faylasufi, Suqrotning shogirdi, ob’ektiv
idealizm nazariyasining asosichisi edi. U «g‘oyalar dunyosi»ni birlamchi, his
qiluvchi narsalar dunyosini ikkilamchi deb hisobladi.
Platon olamni hodisalar dunyosi va g‘oyalar dunyosi deb ikkiga bo‘ldi.
Uning fikricha, g‘oyalar abadiy va o‘zgarmasdir. Uning nazarida, narsalar g‘oyalar
olamining soyasidir, xolos.
Afina aristokratiyasining namoyandasi bo‘lgan Platon, aristokratiyaning
abadiy hukmronligi haqidagi nazariyani ilgari surdi. Uning fikricha, ideal
aristokratik davlat uch xil ijtimoiy guruh: faylasuflar, jangchilar, hunarmandlar va
dehqonlar guruhidan iborat bo‘lishi lozim. Faylasuflar davlatni boshqaradilar,
22
jangchilar uni har qanday dushmandan himoya qiladilar, uchinchi guruh esa
mehnat qilib, mo‘l hosil yetishtirib, faylasuflar va jangchilarni boqadilar, degan
fikrni olg‘a suradi. Shuningdek, u quldorlikning ham saqlanib qolishini aytib,
uning tasavvuridagi ideal davlatda qullar ham, hunarmandlar ham huquqsizdirlar,
pastkashlik, qanoat va itoatkorlik xislatlarigina hunarmand kosiblarga va
dehqonlarga xos deb ta’kidlaydi.
Platonning fikricha, u olg‘a surgan g‘oya, bu davlatning maqsadi oliy
ezgulik g‘oyasiga yaqinlashishdir: bu g‘oya, asosan, tarbiya yo‘li bilan ro‘yobga
chiqishini ta’kidlaydi.
Tarbiya, - deydi Platon, - davlat tomonidan tashkil etilmog‘i va hukmron
guruhlarning — faylasuflar va jangchilarning manfaatini ko‘zlamog‘i lozim. Platon
o‘zining pedagogika tizimida Sparta va Afina tizimining ba’zi bir belgilarini
birlashtirishga intiladi.
Platonning fikricha, bolalar 3 yoshdan boshlab 6 yoshgacha davlat
tomonidan tayinlab qo‘yilgan tarbiyachilar rahbarligida maydonchalarda turli
o‘yinlar o‘ynash bilan shug‘ullanishlari muhimdir. Platon o‘yinlarni maktabgacha
tarbiya vositasi deb hisoblab, ularga katta ahamiyat beradi, shuningdek, bolalarga
hikoya qilib beriladigan materiallarni sinchiklab tanlash kerakligini ham uqtirib
o‘tadi. U bolalarga eng yoshlik chog‘idanoq ijtimoiy tarbiya berish tarafdori edi.
Bolalar 7 yoshdan 12 yoshgacha davlat maktablariga qatnaydilar va bunday
maktablarda o‘qish, yozish, hisob, musiqa va ashula o‘rgatiladi.
Bolalar 12 yoshdan 16 yoshgacha odatdagi badantarbiya mashqlari
o‘rganiladigan “palestra”da, ya’ni jismoniy tarbiya maktabida o‘qiydilar.
“Palestra”ni tamomlagan o‘spirinlar 18 yoshgacha hisob, geometriya va
astronomiyani o‘rganadilar, bunda ko‘proq amaliy maqsadlar (ularni jangchilar
qilib tayyorlash) ko‘zda tutilgan. 18 yoshdan 20 yoshgacha yigitlar «Efebiya»da
tarbiyalanadilar, ya’ni harbiy gimnastika tayyorgarligini o‘taydilar. Aqliy
mashg‘ulotga mayli bo‘lmagan yigitlar 20 yoshdan boshlab, jangchilar qatoriga
o‘tadilar. Abstrakt tafakkurga qobiliyati borligi ochiq ko‘ringan yoshlar, ya’ni
yigitlarning ozroq qismi 30 yoshga qadar falsafa, shuningdek, hisob, geometriya,
23
astronomiya va musiqa nazariyasini o‘rganish bilan shug‘ullanib, shu tariqa ilm
olishning uchinchi, oliy bosqichini o‘taydilar, ammo bunda amaliy maqsad ko‘zda
tutilmasdan, balki falsafa—nazariyani mukammal o‘rganish ko‘zda tutiladi. Shu
tariqa ular davlat mansablarida ishlashga tayyorlanadilar.
Iste’dodi g‘oyat o‘tkir ekanligi ma’lum bo‘lgan va juda ozchilikni tashkil
etgan yigitlar falsafa ilmini o‘rganishni yana 5 yil (35 yoshga qadar) davom
ettiradilar, shundan so‘ng 35 dan 50 yoshgacha davlatni boshqaradilar.
Platon xotin-qizlar tarbiyasi xususida ham fikr yuritib, Spartadagi usulni
ma’qullaydi.
Umuman, Platon tarbiya tizimining butun mazmuni va mohiyati jismoniy
mehnatdan g‘oyat nafratlanish ruhi bilan sug‘orilgan. Platon g‘oyasiga ko‘ra
bo‘lajak faylasuflar va jangchilarning «jismoniy mehnat to‘g‘risida hatto
o‘ylashlari» ham taqiqlab qo‘yilgan, shuningdek, qullarning bolalarini o‘qitmagan
ma’qul, degan g‘oya ilgari surilgan. Biroq, Platon maktabgacha tarbiya to‘g‘risida,
davlat tomonidan izchillik bilan olib borilishi lozim bo‘lgan tarbiya tizimi
to‘g‘risida bir qancha muhim fikrlarni aytdi, ijobiy o‘rnak namunasida tarbiyalash
kabilarni talab qildi.
Platon o‘zining axloqiy tizimini yaratar ekan, ustozi Suqrotga ergashib,
ob’ektiv idealizm yo‘lini tutadi. Platon etikasining asosiy nazariy tayanch nuqtasi
— inson ongi chegaralaridan tashqarida bo‘lgan va mangulik g‘oyalari olamida
Xudoning doimiy nazorati ostida bo‘ladigan yagona o‘zgarmas «yaxshilik»
g‘oyasidir. Uning fikricha, yerdagi yaxshiliklarning hamma turi o‘zida me’yor,
go‘zallik va haqiqatdan iborat uch tushunchani jamlagan oliy «yaxshilik
g‘oyasi»ning in’ikosigina bo‘lishi mumkin.
Platon fikricha, odamning axloqiy hayoti shu oliy «yaxshilik g‘oyasi»ga
intilishga to‘la bo‘ysungan va xushbaxtlikni tashkil etadigan, faqat oliy «yaxshilik»
g‘oyasiga intilishdagina xulqning namunasini ko‘rish mumkin. Shunday qilib,
Platon insonning xulqini Xudo xohishiga bo‘ysundirishga harakat qilgan.
Platon insonga xos kategoriyalar va tushunchalarni sinchiklab ishlab
chiqib, ularning barqarorligi va muayyanligini isbotlagani holda ularni kishilar
24
joriy qilishini ham e’tirof etmadi. Shu bilan, u axloqiy qonunlar kishilar uchun
majburiy yoki nomaqbul bo‘lishi mumkinligi haqidagi fikrga o‘rin qoldirmadi. U
bu o‘rinda aristokrat zodagonlarnigina nazarda tutgan, xolos. Xalq ommasiga
kelganda, unga axloqiy hayotda arzimas o‘rin berilgan, uning fikricha, xalqqa faqat
bo‘ysunish, itoatkorlik axloqigina xos. Qullar hech qanday fazilatga ega emaslar,
deb hisoblagani sababli Platon axloqiy etikasiga ko‘ra, ular umuman chinakam
axloq egasi bo‘lishi mumkin emas.
Platon axloqiy tushunchalarni o‘zgarmas va barqaror deb qarashi hamda
ularni mutlaqlashtirishi jamiyat siyosiy tuzilishining o‘zgarmasligi g‘oyalarini
himoya qilishga va quldorlik davlatini ideallashtirishga xizmat qildi. Natijada
Platon etikasi aristokratiya nazarida jozibador bo‘lib ko‘rinadi. Ular uning
etikasida o‘z hayotlari tarzining in’ikosi va himoyachisini ko‘rdilar.
Arastu - Aristotel (eramizdan ilgari 384 - 322 yillar)da yashagan.
Platonning shogirdi bo‘lgan, makedoniyalik Iskandarni tarbiyalagan, Qadimgi
Yunonistoning yirik idealist-faylasufi va olimi edi.
Platon olimni g‘oyalar dunyosi va hodisalar dunyosi deb ikkiga bo‘lgan
bo‘lsa, uning shogirdi Arastuning aytishicha, g‘oyani shaklga o‘xshatish mumkin.
Har qanday buyumda biz uning moddasini va shaklini ko‘rishimiz mumkin.
Moddada narsalar bo‘lishi uchun imkoniyatlar bor; modda biron shakl olganidan
so‘nggina narsa bo‘lib qoladi. Chunonchi, marmarning o‘zi bir moddadir, ammo
unga ma’lum shakl berilsa, haykal tusini olishi mumkin.
Butun hayot taraqqiyot jarayonidir, bu jarayon, Arastuning fikricha, tashqi
kuchlarning ta’siri ostida sodir bo‘lmaydi, balki ichki taraqqiyotning o‘zidir.
Arastu tashqi olamning mavjudligiga shubhaqilmaydi va hissiy tajribani, sezgilarni
bilishning asosi deb hisoblaydi. Arastuning ta’kidlashicha, bilishdagi xatolar
noto‘g‘ri tafakkurdan, ya’ni hissiy tajribani noto‘g‘ri talqin qilishdan kelib
chiqadi. Eng muhimi shundaki, Arastu shakl bilan mazmunning birligini ko‘rsatib
o‘tdi, taraqqiyot g‘oyasini olg‘a surdi.
Arastu olamda tana va jon bor, tana bilan jon materiya bilan shakl
tariqasida bir-biridan ajralmagan holda mavjuddir, deydi. Uningcha, uch xil jon
25
bor: o‘simlikdan tarkib topgan jon oziqlanish va urchib ko‘payishda namoyon
bo‘ladi; hayvonotdan tarkib topgan jon, o‘simlik xossalaridan tashqari sezgilarda
va istaklarda namoyon bo‘ladi; aqlning ifodasi bo‘lgan jon, o‘simlik va hayvonot
xossalaridan tashqari, u tafakkur yoki bilish xislatlariga ham egadir. Insondagi
jonning hayvoniy qismi aqlga tobe bo‘lganligi sababli, uni iroda deb atash
mumkin.
Arastuning fikricha, jonning mana shu uch xiliga muvofiq uch xil tarbiya -
jismoniy tarbiya, axloqiy tarbiya, aqliy tarbiya bo‘lishi kerak. Tarbiyaning
maqsadi, uning fikricha jonning olim tomonlarini - aql va irodani kamol
toptirishdan iborat edi. Har bir moddada rivojlanish imkoniyati bor bo‘lganidek,
insonga ham tabiat faqat qobiliyatlarning boshlang‘ichinigina beradi, insonda
kamol topish imkoniyati tabiatda mavjuddir va bu imkoniyat tarbiya vositasi bilan
ro‘yobga chiqariladi. Tabiat jonning uch xilini bir-biri bilan chambarchas bog‘lab
qo‘ygan, biz ham tarbiyada tabiat belgilab bergan yo‘ldan borib, jismoniy, axloqiy
va aqliy tarbiyani bir-biri bilan chambarchas bog‘lab olib borishimiz lozimligini
uqtiradi.
Arastuning fikriga ko‘ra, davlatning umumiy bitta oxirgi maqsadi bor, u
ham bo‘lsa, davlat hamma fuqarolarga bir xilda tarbiya berilishini ta’minlashi
lozim, mana shunday tarbiya berish esa xususiy tashabbusning vazifasi
bo‘lmasdan, balki davlatning ishi bo‘lishi lozim. U insonning yoshlik yillarini
uchga bo‘lib o‘rganadi: 7 yoshgacha bo‘lgan davr; 7 yoshdan 14 yoshgacha
bo‘lgan davr (jismoniy balog‘at davrining boshlanishi) va jinsiy balog‘at davrining
boshlanishidan 21 yoshgacha bo‘lgan davr. Uning fikricha, bunday davrlarga
bo‘lish tabiatga mos bo‘lib tushadi.
Arastu o‘g‘il bolalar 7 yoshdan boshlab davlat maktabida o‘qishi lozim,
deb uqtiradi. Bolalarga aqliy tarbiya berilishi kerakligini aytib, u o‘g‘il bolalar,
avvalo, badantarbiya muallimlarining qo‘liga topshirilsin, deb talab qiladi;
bunda u bolalarni haddan tashqari charchatib qo‘ymaslik kerakligini aytadi va
ularning jismi mustahkamlanib olguncha engil mashqlar bilan shug‘ullantirishni
tavsiya etadi.
26
Arastu jismoniy, axloqiy va aqliy tarbiyani bir-biri bilan bog‘langan, deb
qaraydi. Boshlang‘ich ta’lim vaqtida, badantarbiyadan tashqari, yana o‘qish,
yozish, grammatika, rasm va musiqa o‘rgatilishi kerakligini alohida uqtirib
o‘tadi. O‘smirlar maktabda jiddiy ma’lumot olishlari kerak, ular adabiyot, tarix,
falsafa, hisob, falakiyot, musiqa o‘rganishlari shart. Go‘zallikni his qilishni
o‘stirish uchun musiqa o‘rganmoq kerak, ammo rasm chizish singari musiqa
o‘rganish ham oddiy hunarga aylanib ketmasligini kuzatib turish muhim deydi. U
xotin-qizlarning tarbiyasi xususida gapirib, bu erkaklarning tarbiyasiga o‘xshab
ketmasligini, chunki ularning tabiati mutloq erkaklarnikidan farq qilishini aytadi.
Arastu o‘z pedagogik qarashlarida iroda, faoliyatni asos qilib olgani holda,
aqliy tarbiya sohasida axloqiy ko‘nikmalarga katta ahamiyat beradi. Tabiiy
iste’dod, shu bilan birga, ko‘nikma orttirish (matlub harakatlarni o‘rganish, tez-tez
takrorlab turish) va aql — bular axloqiy tarbiyaning uch manbaidir, deydi.
Fazilatlar hosil bo‘lishi uchun ezgu xulq-odatlar va ko‘nikmalarni tarkib
toptiradigan, yaxshi o‘ylab o‘tkaziladigan mashqlar bo‘lishi ham zarur, bunga
odatlanish, buning uchun doimiy harakat qilish lozim. Odatdan, ko‘nikishdan esa
axloqiy xatti-harakat hosil bo‘ladi, deb ta’lim beradi.
Arastuning qayd etishicha, har qanday istak va faoliyatda kamchilik,
ortiqchalik va o‘rtachalik bo‘ladi. Shuning uchun ham hamma narsadan faqat
o‘rtachilik, faqat muvozanat yaxshi va foydalidir. Demak, hamma narsada
ortiqchalikka ham, kamchilikka ham yo‘l qo‘ymaydigan xatti-harakat
yaxshilikning nishonasidir. Mana shunday xatti-harakatni hosil qilmoq uchun
ko‘proq mashq qilish kerak, degan fikrlarni olg‘a surdi. Arastu Platondan farq
qilib, oilani tarbiyadan chetlashtirmaydi, axloqiy tarbiya berish, asosan, oilaning
zimmasida bo‘lishi kerak, deydi. Arastuning qarashlari antik pedagogikaning
taraqqiyotiga katta ta’sir o‘tkazadi. Ayniqsa, uning “Nikomah etikasi” va
“Siyosat” asarlari axloq masalalarini nazariy ishlab chiqishga bag‘ishlandi.
Arastu, axloqning jamiyat hayotida muhim ahamiyatga ega ekanligini
ta’kidlab, “Tabiat inson qo‘liga qurol - aqliy va axloqiy kuch bergan, ammo u shu
qurolni teskari tomonga nisbatan ham ishlatishi mumkin: shu sababli axloqiy
27
tayanchlari bo‘lmagan odam eng insofsiz va yovvoyi, o‘zining jinsiy va did
mayllarida eng tuban mavjudot bo‘lib qoladi”, - deydi.
Arastu antik davrining boshqa faylasuflariga qaraganda axloqiy
munosabatlarning tabiatini teran tadqiq qila oldi. Uning fikriga ko‘ra, axloqiy
fazilat - faoliyat, xatti-harakat demakdir. Barcha axloqiy fazilatlar adolat, do‘stlik,
muhabbat, saxiylik, sulhparvarlik, xushfe’llik va hokazolar faqat inson faoliyatida
namoyon bo‘lishini asoslab beradi.
Odam jamiyatda yashagani sababli uning axloqiy fazilatlari hech qachon
sof, xolis holda namoyon bo‘lmaydi, balki faqat ijitimoiy faoliyatdagina amalga
oshadi. Shuning uchun barcha axloqiy fazilatlar ijtimoiydir, deydi Arastu.
Inson tabiatan fazilatlarga ega bo‘lmagani, balki fazilatga o‘rgangani
sababli, tarbiyaning (faqat bolalarnigina emas, shu bilan birga barcha aholini
tarbiya qilish) roliga katta ahamiyat berib, hususan, hissiyotlarni tuyg‘ularda
idrokli tarbiyalashga ahamiyat qaratadi. Uning fikricha, bunday tarbiya
kishilarning axloqli bo‘lib yashashga o‘rganishlari uchun zarur bo‘lgan mavjud
qonun-tartibotlar yordamida amalga oshiriladi. Mutafakkir fazilat deganda hamisha
ota-ona o‘rnini bosishi mumkin bo‘lgan davlatga xizmat qilishni nazarda tutadi.
Arastu axloqiy fazilatlar bilan bir qatorda inson uchun muhim bo‘lgan aqliy
fazilatlarga — bilim, donishmandlik, fahmlash va boshqalarga ham katta ahamiyat
beradi. Ammo axloqiy fazilatlarni aqliy fazilatlarga bo‘ysundirgan holda
ifodalaydi. Arastu faqat aql faoliyatini tan oladi. Shu sababdan u baxt idealini
haqiqatan intellektual mushohada etishda deb biladi. Umuman, antik faylasuflar
Suqrot, Platon, Arastular o‘zlarining nazariyalarida har bir narsada me’yor
bo‘lmog‘i lozimligini uqtirib o‘tganlar. Ular axloqni insonning baxtga erishish
vositasi deb qaraganlar.
Atomizm nazariyasini yaratgan atoqli faylasuf - materialist Demokritning
qarashlari (eramizdan avvalgi 460-370 yillar) qadimgi yunon falsafasining
cho‘qqisidir. Demokrit o‘z asarlarida yuqorida nomlari qayd etilgan mutafakkir
faylasuflar kabi tarbiya masalalariga katta e’tibor beradi. U o‘z nazariyasida tabiat
28
qonunlariga, xurofotni va qo‘rquvni emirib tashlaydigan chinakam bilimlarga
murojaat qiladi.
Demokrit tarbiyani tabiatga muvofiqlashtirish masalasini birinchi bo‘lib
ilgari surdi. “Tabiat bilan tarbiya bir-biriga o‘xshaydi” deb yozadi u. Demokrit
“ta’lim mehnat asosidagina go‘zal narsalarni hosil qiladi”, deb, tarbiya ishida
mehnatning roli juda katta ekanligini ta’kidladi.
U doimo mehnat qilib turishni talab qildi, mehnatga odatlana borgan sari,
mehnat yengil bo‘lib boradi, deydi. U yomon o‘rnakdan ehtiyot bo‘lish kerak, deb
ta’kidlaydi va yaxshi xulq hosil qilishda mashqning ahamiyati katta, deb
hisoblaydi.
Demokrit barcha tabiiy jarayonlarga, jumladan, insonning axloqiy
munosabatlarida ham kishi xulqini real, bu dunyodagi asosini topishga urinadi.
Demokrit axloqni odamning o‘z tabiatidan kelib chiqib asoslashga harakat qiladi.
Bilish nazariyasida Demokrit moddiy olamni bilish va haqiqatga erishish
mumkinligini ta’kidladi, bilish jarayonida sezgi va tafakkur rolini ko‘rsatdi.
Uningcha, sezgilarimiz orqali olingan bilim «qorong‘i»; u olamning mohiyatini
ochib berolmaydi; aql orqali olingan bilim «yorug‘», haqiqiy bilimdir. Tabiat
sirlarini faqat fikrlash yo‘li bilan bilib olish mumkin.
Demokritning axloqiy va pedagogik qarashlari diniy qobiqdan holi edi.
Shuning uchun ham o‘zidan keyingi faylasuf olimlarga katta ta’sir etdi.
Ayniqsa, ularning inson kamolotidagi nazariy qarashlari, tarbiyaning roliga
bergan katta ahamiyatlari pedagogika tarixi nazariyasini yaratishda asosiy zamin
bo‘lib xizmat qildi.
Dostları ilə paylaş: |