1.3 . O‘zbekistonda oila pedagogikasi fanining rivojlanishi tarixidan
REJA:
1. Qadimgi davrlarda O‘rta Osiyoda oila tarbiyasiga oid qarashlar.
2. «Qur’oni Karim » va hadislar oila tarbiyasining muhim manbalari sifatida.
3. O‘rta asrlarda oila pedagogikasiga oid fikrlar. Ma’rifatparvar o‘zbek
pedagog-olimlari oila tarbiyasi xususida.
4. XX asrda oila tarbiyasiga doir yondashuvlar va ularning mohiyati.
5. Mustaqillik yillarida oila tarbiyasi masalasi.
Tayanch tushunchalar: O‘rta Osiyo, oila, «Qur’oni Karim » va hadislar,
“Avesto”, mustaqillik yillari.
Axloq kishilarning xulq-atvor normalari va qoidalarini, ularning o‘z-o‘ziga
boshqa kishilarga, mehnatga, jamiyatga munosabati kabi axloqiy tushunchalarni
o‘z ichiga oluvchi ijtimoiy ongning shakllaridan biridir. Axloq tarixiy xususiyatga
ega, chunki u kishilik jamiyatida ajdodlar tomonidan to‘plangan axloqiy tajribalar
va munosabatlarni aks ettiradi. Axloq yaxshilik bilan yomonlik o‘rtasidagi
muammolar haqida ilmiy bahs yuritib, insonlarning kamolotga erishish yo‘lini
30
yoritib boradi. Har bir inson bir olam bo‘lgani kabi uning axloq-odobi ham juda
murakkab olam desak yanglishmaymiz. Chunki shaxsning ichki va tashqi olamini
o‘rganish, bilish, tahlil qilish g‘oyatda murakkab bo`lib, bu ruhiyat bilan bog‘liq
holatdir. Axloqli, odobli komil insonda odamiylikning eng yaxshi xislatlari: mehr-
muhabbat, rahm-shavqat, adolat-u diyonat, hayo-yu iffat, imon-e’tiqod kabilar
mujassam bo‘ladi, ayni paytda shu xislatlarning aksi beburd, axloqsiz kimsalar
fe’lida ko‘rinadi. Har bir xalqning nufuzi va obro‘-shuhrati kishilarning axloq -
odobi, yaxshi xislat-u fazilatlari bilan belgilanadi.
Qadimgi yunon faylasuflari Aflotun va Arastu bola tarbiyasini jamiyat o‘z
ixtiyoriga olishi, tarbiya jarayonidagi barcha zarur ishlarni davlat bajarishi lozim
degan g‘oyani ilgari surgan edilar. Ular o‘z fikrlarini farzand tarbiyasi jamiyat
ma’nfaatlari bilan bog‘liq deb isbotlamoqchi bo‘lganlar. Shunga ko‘ra bola
tarbiyasi bilan, asosan, davlat shug‘ullanishi kerak, degan g‘oya ilgari surilgan.
Ammo, Sharq mutafakkirlari bola tarbiyasi bilan, asosan, ota-ona shug‘ullanishi
kerak, degan xulosaga kelganlar. Bu bilan ular oilaviy tarbiyaning roliga katta
e’tibor berganlar.
Eramizdan avvalgi 528-529 yillar orasida buyuk mutafakkir Zardusht
tomonidan yaratilgan “Avesto” kitobida ham ta’lim-tarbiyaga, axloq-odobga oid
qator g‘oya va qarashlarni ko‘rish mumkin. “Avesto”da ta’kidlanishicha,
tarbiya hayotning tayanchi, shu boisdan har bir yoshni yaxshi o‘qish va yozishga
o‘rgatish lozim. Uni yosh paytidanoq mehnat qilib, mehnatning tagi rohat
ekanligini anglatish uchun daraxt ko‘chati o‘tkazishga, uy-ro‘zg‘or qurollari
yasash, yerga ishlov berish va chorva bilan shug‘ullanishga o‘rgatilishi shart.
Zotan uning fikricha, yaxshi va ezgu ishlar yaratish uchun kishi mehnat qilishi
zarur, o‘z qo‘llari bilan moddiy noz-ne’matlar yaratmas ekan, u yashash lazzatini
ham his qilmaydi, hayotning qadriga ham yetmaydi.
U yuqoridagi fikrni davom ettirib, “Inson mehnati tufayli nafaqat o‘zini va
oilasini boqadi, balki unda yerga va yurtga bo‘lgan muhabbat ham paydo bo‘ladi.
Zotan, har bir inson o‘zi o‘sib-ulg‘aygan zaminni, mamlakatni eng yazshi va go‘zal
mamlakat deb tushunmog‘i kerak”. Uning bu fikrlaridan har bir inson faqat o‘zini
31
emas, balki farzandlarini ham mehnatsevar qilib tarbiyalashi lozim. Chunki
mehnatsevar bo‘lmasdan turib, o‘z yerini, o‘z Vatanini seva olmasligi tabiiy.
Qur’oni Karim, hadisi shariflarda oila, oilaviy munosabatlar va oilaviy
tarbiyaga oid bir butun izchil qarashlar tizimi mavjud bo‘lib, u o‘z ichiga
oilaning shakllanishi, rivojlanishi va mustahkamlanishiga qaratilgan barcha
jihatlarni qamrab oladi. Bu qarashlar ilohiyot nuqtai nazaridan o‘rtaga qo‘yilsa-
da, ular kishilarning turmush tarzi, oilaviy munosabatlari talabidan kelib
chiqqanligi uchun ham kundalik turmushga muvofiqdir.
Islomda oilaviy tarbiyaning o‘ziga xos xususiyatlari ham ko‘rsatib
o‘tiladi. Bu xususiyatlar musulmonchilik talablaridan kelib chiqqan bo‘lib, insonni
ma’naviy-axloqiy tarbiyalash haqidagi umumiy g‘oya bilan bog‘liq. Musulmon
oilalarida kuyov va kelinning avlod-ajdodlarining kelib chiqishini o‘rganish,
jismoniy va ma’naviy poklikka e’tibor berish an’anaga aylangan. Islomiy
ma’naviyatda bolani oilada axloqiy tarbiyalash haqidagi qarashlar insoniylik,
ezgulik va yaxshlikka da’vat etgani uchun ham umuminsoniy mazmunga egadir.
Shunga ko‘ra, islom musulmonlargagina xos diniy qadriyat bo‘lib qolmay, balki
umuminsoniy qadriyatdir. Milliy mustaqillik natijasida dinga va diniy
qadriyatlarga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgardi va u oilada bolalarni axloqiy
tarbiyalashning muhim omillaridan biriga aylanib, oilada tarbiyaviy ishlar
samaradorligini oshirishga yordam bermoqda.
Sharq mutafakkirlarining ta’lim-tarbiya, oila va oilaviy tarbiya haqidagi
qarashlari islom mafkurasi va uning qobig‘ida shakllangan. Sharq
mutafakkirlari ijodida aks etgan umuminsoniy g‘oyalar islomiy ma’naviyat
bilan hamohangdir.
Sharq mutafakkirlari o`z ilmiy meroslarida oila va oilada farzand
tarbiyasi masalalariga katta e’tibor berganlar. Muhammad ibn Muso al-
Xorazmiy, Abu Nasr Farobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino,
Muhammad Qoshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Kaykovus, Alisher Navoiy, Husayn
Voiz Koshifiy kabi mutafakkirlarning qator asarlarida bolalarni ma’naviy-axlo-
32
qiy tarbiyalash masalalari o‘rtaga qo‘yilgan va ularni hal etish yo‘llari
ko‘rsatib berilgan.
Oilada bola tarbiyasi masalasi Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy
qarashlarida ham mavjuddir. Uning aytishicha, “Ota-onalar ikki xil: tug‘ilish
otasi va ta’lim berish otasi: birinchisi jismoniy hayot sababli, ikkinchisi ruhiy
hayot sababli”. Shunga ko‘ra ularni uzviy birlikda olib qarash tarbiya ishida
muhim ahamiyatga molikdir. Uning quyidagi so‘zlari anchayin ibratlidir:
“Zamondan yaxshiroq ta’lim beruvchi muallimni, insondan yaxshiroq ta`lim
oladigan o‘quvchini ko‘rmadim”. Uning bu so‘zlaridan bir tomondan ijtimoiy
muhitni bola tarbiyasi uchun hal q iluvchi ta’sirini anglasak, ikkinchi tomondan
inson shaxsi ta’lim natijasida kamolotga erishib borishi mumkinligini sezamiz.
Abu Rayhon Beruniy insonning axloqiy fazilatlarini, umuman, axloqiy
tushunchalarini insonning tabiati bilan bog‘laydi. Inson tabiati esa, avvalo,
oilada shakllanadi. Shunga ko‘ra bola tarbiyasida ota-ona ta’siri benihoya kattadir.
Masalan, u ayollarga nasihat qilib, Abdulla ibn Jafar tilidan shunday deb
yozadi: “Rashkdan saqlangin. U taloqning kalitidir. Eringga tez-tez tanbeh qilishni
senga ta’qiqlayman. Chunki tanbeh nafrat uyg‘otadi. O‘zingni bezab yurgin.
Buning uchun yaxshi vosita surmadir. Yana xushbo‘y atirlardan foydalangin.
Ularning ichida eng yaxshisi suvdir”. Uning bu fikrlari bevosita oilada farzand
tarbiyasiga taalluqlidir.
Beruniy tan va ruh pokligi masalasini ham o‘rtaga tashlaydi. Oilada tozalik,
poklik va tartiblilik mavjud ekan, u yerda ma’naviy poklik ham bo‘ladi. Bu
fikrni tanani toza tutish bilangina cheklab bo‘lmaydi, balki ko‘p harakat qilishga
chaqiradi. Bu harakat mehnat qilish demakdir. Uning qalb va harakat haqidagi
fikri insonning tani bilan ruhi pokligining bir butunligi to‘g‘risidagi g‘oya bilan
bog‘liqdir. Bu narsa bola tarbiyasi jismoniy sog‘lomlik bilan ma’naviy-axloqiy
boylik o‘rtasidagi o‘zaro muvofiqlik haqidagi bugungi kun talabi bilan
hamohangdir. Beruniy ota-onalarga qarata bolani mo‘tadillikda saqlashni tavsiya
etadi. Bunga, asosan, bolani qattiq g‘azablanishdan, qo‘rqish va hafalikdan,
uyqusizlikdan saqlash orqali erishilishini aytib, ularni xohlagan va foydali
33
narsasini topib berishga, sevmagan narsasidan uzoqlashtirishga harakat qilish
kerakligini uqtiradi.
Ota-onaning bolaga turli munosabati turlicha xulqlarni keltirib chiqaradi.
Mutafakkir bola xulq-atvorining mo’tadilligi natijasida tan va ruh sog‘lomligi kelib
chiqishini ham ilmiy asoslab beradi. Beruniy bola tarbiyasida irsiyat, muhit va
tarbiya ta’sirining birdek muhim ekanligini ta’kidlab o‘tgan edi. Beruniy
axloqiy tarbiyaga musulmon diniy talablaridan kelib chiqqan holda yondashadi.
Axloqiylik yaxshilik va yomonlik o‘rtasidagi kurash natijasida namoyon bo‘ladi
va shakllanadi. Uning bu fikri o‘z davri uchun yangi va ilmiy bashorat edi.
Oila va oilada bola tarbiyasi masalasi Abu Ali Ibn Sinoning ilmiy merosida
ham muhim o‘rin egallaydi. U o‘zining qator asarlarida bolaning salomatligi,
uning tarbiyasi haqida, eng muhimi bola ruhiyatini o‘rganish borasida ko‘plab
qimmatbaho fikrlarni yozadi. Ularning hammasi bir butun bo‘lib, muayyan
pedagogik qarashlar tizimini tashkil etadi va u ma’naviy-axloqiy barkamol
insonni shakllantirish haqidagi g‘oyaga borib taqaladi. Ibn Sinoning “Tadbiri
al-manozil” nomli asarida katta bir bob oila va oilaviy tarbiya masalalariga
bag‘ishlangandir.
Ibn Sino oilada bola tarbiyasi ancha murakkab va nozik bo‘lib, uni
bolaning yoshligidan boshlab va izchillik bilan olib borish lozimligini uqtiradi.
U ona allasining tarbiyaviy ahamiyati haqida to‘xtalib, “Alla” ikki vazifani
bajaradi, deydi. Birinchisi, uni tebratish orqali bolaga jismoniy orom bag‘ishlanadi;
ikkinchisi, beshikni bir maromda tebratishdan onaning mehri jo‘sh uradi, bolasiga
bo‘lgan muhabbatidan onaning orzu-umidi yurak to‘ridan silqib chiqadi. Bu
o‘ziga xos qo‘shiq bolasi uchun qasidadek yangraydi va u farzandining murg‘ak
qalbiga singib boradi. Shu tarzda bolada o‘zi ham anglolmagan holat paydo
bo‘ladi. U asta-sekin bu yorug‘ olamni anglay boshlaydi. Ana shu anglashdan
o‘rganish boshlanadi. Xuddi shu o‘rganish tarbiyalanishdir, ya’ni o‘rganish
sezishdan kelib chiqadi. Ibn Sino ana shu holatga e’tiborini qaratib, “Yosh
bolaning sezgirlik quvvati katta odamga teng keladi”, degan fikrni bildiradi.
34
Ibn Sino bola tarbiyasida oila boshlig‘i otaning roliga alohida e’tibor
beradi. “Agar oilada – deydi u, oila boshlig‘i tajribasizlik, no‘noqlik qilsa, u
oila a’zolarini yaxshi tarbiyalay olmaydi va oqibatda bundan yomon natijalar
kelib chiqishi mumkin”. Bola yaxshi yo‘lga qo‘yilsa, oila baxtli bo‘ladi.
Oilaning eng muhim vazifasi bola tarbiyasi hisoblanadi. Ota-ona kim
bo‘lishidan qat’iy nazar, bu vazifani mas`uliyat bilan ado etishi lozim. Ibn Sino
“Tadbiri al-manozil” asarida er va xotinning yaxshi sifatlarini sanab o‘tadi.
Ularning shaxsiy namunalari bola uchun o‘rnak bo‘lib, kelajak taqdirini
belgilashda muhim ahamiyatga ega ekanligini alohida uqtiriladi.
Ibn
Sino
oilada
bolani
ma’naviy
–
axloqiy
tarbiyalashda
mehnatsevarlikning roliga alohida urg‘u berib, ota-onalarni farzandlariga kasb-
xunar o‘rgatishga chaqiradi, mehnatni ulug‘laydi. Mehnatsiz hayot kechirishning
bolaga bo‘lgan salbiy ta’sirini ko‘rsatib beradi.
XI asrda yashab ijod etgan mutafakkir Yusuf Xos Hojib o‘zining
“Qutadg‘u bilig” asarida bola tarbiyasi haqida to‘xtalib, shunday yozadi:
“Farzand qanchalik bilimli, aqlli-xushli bo‘lsa, ota-onasining yuzi shunchalik
yorug‘ bo‘ladi”. U bola tarbiyasida otaning mas`uliyatiga alohida e’tibor beradi.
“Kimning o‘g‘il-qizi erka bo‘lsa, deb yozadi u, unga shu kishining o‘zi mungli
bo‘lib yig‘laydi. Ota bolani kichikligida bebosh qilib qo‘ygan bo`lsa, bolada
gunoh yo‘q. Barcha jafo otaning o‘zida: o‘g‘il-qizning xulq-atvori yaramas
bo‘lsa, bu yaramas ishni ota qilgan bo‘ladi. Ota bolalarini nazorat qilib, turli
hunarlarni o‘rgatsa, ular ulg‘aygach, o‘g‘il- qizim bor deb sevinadi; o‘g‘il- qizga
hunar va bilim o‘rgatish kerak, toki bu hunar bilan ularning fe’l-atvorlari
go‘zal bo‘lsin”. Yusuf Xos Hojib o‘z asarida shunday fikrlarni o‘rtaga
tashlaydiki, ular bola tarbiyasi uchun madhiyadek yangraydi.
Yusuf Xos Hojib bolalar tarbiyasini juda murakkab jarayon deb
tushunadi. U beldan madorni, tandan quvvatni, ko‘zdan nurni, dildan oromni
talab qiladi. Uning ta’kidlashicha, agar insonning o‘zida go‘zal fazilatlar
bo‘lsa, ularni boshqalarga o‘rgatishi lozim. Lekin odob-axloq, rasm-rusum, odat
va irodani hosil qilish uchun zo‘r kuch va harakat kerak bo‘ladi. Bu narsa
35
ta’lim-tarbiya natijasida paydo bo‘ladi. Uning bu tarzdagi pedagogik qarashlari
bitta asosiy masalaga borib taqaladi. Bu barkamol inson masalasidir. Inson, uning
mohiyati, jamiyatda tutgan o‘rni, ijtimoiy vazifasi mutafakkir tomonidan turli
jihatlarda tahlil qilinadi. Odam bolasi bu yorug‘ olamda ezgulik qilish uchun
yaratilgan. Shunga ko‘ra uni tarbiyalashdan maqsad uning ongiga odamlar
uchun yaxshilik qilish tuyg‘usini singdirishdan iborat. Bu olijanob vazifani
bajarish esa ota-onaning zimmasidadir.
Sharqda keng tarqalgan pandnoma tarzida yozilgan mashhur asarlardan
biri Unsurul ma-oliy Kaykovusning “Qobusnoma”sidir. Bu asar Sharq
pedagogik fikr taraqqiyotida muhim o‘rinni egallaydi va qanchadan-qancha
avlodlarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashda o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.
“Qobusnoma” falsafiy-didaktik asar bo‘lib, shaxs shakllanishining barcha
tomonlarini o‘z ichiga oladi. Uning “Farzand parvarish qilmoq zikrida” degan
bobi bevosita oiladagi bola tarbiyasiga bag‘ishlanadi. “Qobusnoma”da ota-
onaning qator vazifalari sanab o‘tiladi. Ular quyidagilardan iborat:
1. Bolaga yaxshi ism qo‘yish;
2. Oqil va mehribon enagaga topshirish;
3. To‘y-tomosha qilib, sunnat to‘y o‘tkazish;
4. O‘qish – yozishni o‘rgatib, kasb-hunar va ilmli qilish;
5. Harbiylar ahlidan bo‘lsa, sipohiylikni o‘rgatish.
Kaykovus bola tarbiyasida talabchanlik bilan mehribonlikni birga olib
borish lozimligini ta’kidlaydi. “Yosh bola ilm bilan odobni tayoq bilan o‘rganur,
o‘z ixtiyori bilan o‘rganmas. Ammo farzand beadab bo‘lsa va sening ul
sababdan qahring kelsa, o‘z qo‘ling bilan urmagil, muallimlarning tayog‘i bilan
qo‘r qitgil. Bolalarga muallimlar adab bersinlar, toki sendan o‘g‘lingni ko‘nglida
gina qolmasin”.
Kaykovusning “Qobusnoma” asari bugungi kunda ham axloqiy qadriyat
sifatida yosh avlodni ma’naviy - axloqiy ruhda tarbiyalashda muhim ahamiyat
kasb etib kelmoqda.
36
Oilada bola tarbiyasi masalasi buyuk mutafakkir shoir Alisher Navoiy
merosida ham munosib o‘rinni egallaydi. Uning fikricha, jamiyatning yetukligi,
uning taqdiri va kelajagi yoshlar kamoloti bilan bog‘liqdir, shunga ko‘ra bola
tarbiyasi ota-onalar oldida turgan olijanob vazifadir, deydi.
A.Navoiy ota-onalarning yaxshi sifatlarini ulug‘laydi. Bunday sifatlarning
ularda jamuljam bo‘lishi bola tarbiyasida muhim rol o‘ynashini ko‘rsatib o‘tadi.
Masalan, uning xotinlar haqidagi fikrlari diqqatga sazovordir: “Yaxshi xotin, -
deydi Navoiy, - oilaning davlati va baxti, uy egasining xotirjam va osoyishtaligi
undan, husnli bo‘lsa – ko‘ngil ozig‘i, xushmuomala bo‘lsa - jon ozig‘idir. Oqila
bo‘lsa, ro‘zg‘orda tartib-intizom bo‘ladi. U beandisha bo‘lsa, ko‘ngil undan ozor
chekadi, yomonlik axtaruvchi bo‘lsa, undan ruh azoblanadi. Agar mayxo‘r bo‘lsa,
uy obodligi yo‘qoladi, aqlsiz bo‘lsa, oila rasvo bo‘ladi”.
A.Navoiy oiladagi ayrim illatlarni va o‘zaro kelishmovchiliklarning bola
tarbiyasiga salbiy ta’siri va uning buzilishiga sabab bo‘luvchi asosiy omillar
haqida ham yozadi. Yaxshi va yomon xulqlar va ularning kelib chiqish sabablarini
ko‘rsatib beradi. Bolada paydo bo‘ladigan yomon xulqlarning oldi olinmasa, bora-
bora illatga aylanadi, – deb uqtiradi.
Yuqoridagi fikrlardan ma’lum bo‘ldiki, Sharq murafakkirlari o‘zlarining
pedagogik qarashlari bilan o‘z davrlaridan ancha ilgarilab ketganlar. Ularning bu
qarashlari bir necha asrlardan beri ajdodlarimiz tafakkurini boyitib kelmoqda va
hozirgi kunda ham ular o‘z qiymatini yo‘qotgani yo‘q. Ular bizning ma’naviy
qadriyatimizdir. Shunga ko‘ra mutafakkirlarning o‘lmas marosi oilada bolalarni
ma’naviy-axloqiy tarbiyalash jarayonida muhim omil bo‘lib qoladi.
O‘zbekistonning milliy mustaqillikka erishishi va hozirgi kunda
Respublikamizda amalga oshirilayotgan siyosiy, iqtisodiy, tarixiy va ma’naviy
o‘zgarishlar natijasida jamiyatimiz ijtimoiy hayotida mazmunan boy ishlar qilindi.
Yurtboshimiz Sh.M.Mirziyoyev va hukumatimiz oilani jamiyat negizi sifatida
bilib, unga nisbatan g‘amxo‘rlik qilmoqda, uning moddiy-maishiy ravnaqi uchun
butun imkoniyatlarni ishga solmoqda. Jumladan, O‘zbeksiton Respublikasi
1-Prezidenti I.A.Karimov oilaning jamiyatda tutgan o‘rni va ahamiyati to‘g‘risida
37
shunday deydi: “Bola tug‘ilgan kundan boshlab, oila muhitida yashaydi. Oilaga
xos an’analar, qadriyatlar, urf-odatlar bola zuvalasini shakllantiradi. Eng muhimi,
farzandlar oilaviy hayot maktabi orqali jamiyat talablarini anglaydi, his etadi”. Bu
o‘rinda ilgari surilayotgan pedagogik g‘oyaning tub mohiyati oila tarbiyasini
to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, mustahkamlash, yanada chuqurlashtirish bilan bog‘liqdir.
Oila tarbiyasi deganda ota-ona, oiladagi katta kishilar, buva-buvilar, aka-opalar
tomonidan bolalarning to‘g‘ri milliy axloq-odob normalari asosida tarbiyalanishini
tushunish lozim. Ota-ona, aka-opa va boshqalarning o‘zaro muomala
munosabatlariga, xulq-atvoriga bog‘liq. Xalqimiz: “qush uyasida ko‘rganini
qiladi” deb bejiz aytmagan.
Oila tarbiyasi kabi katta mas`uliyat birinchi navbatda ota va ona zimmasiga
tushadi. Shu o‘rinda bir narsani alohida aytish kerakki, bolalar tarbiyasida asosiy
ta’sirchan kuch-qudrat bu – onadir. Ota ko‘pchilik xalqlarda oilaning moddiy
ehtiyojlarini qondirish va ta’minlash, qolaversa, oilaning xo‘jalik ishlari bilan
band bo‘ladi. Bu o‘zbek oilalari tarixidan ma’lum bo‘lgan haqiqat va ota-
bobolarimizdan meros bo‘lib qolgan an’anadir. Shunga ko‘ra, bola bilan ko‘proq
ona birga bo‘ladi. Axir xalqimiz: “Sut bilan kirgan jon bilan chiqadi” deb bejiz
aytmagan. Yuksak axloq-odob aqidalari bola ruhiga ko‘proq ona suti bilan kiradi.
Yosh niholning to‘g‘ri yoki egri o‘sishi bog‘bon mehnati va mahoratiga
bog‘liq. Egri o‘sayotgan niholning qaddini rostlab qo‘ymasa, u noto‘g‘ri o‘sadi.
Yangi tug‘ilgan go‘dak tarbiyasi bilan shu yosh nihol holati o‘rtasida qandaydir
o‘xshashlik mavjud.
Bundan ko‘rinib turibdiki, axloq-odob me`yorlari: kattalarga hurmat,
kichiklarga shavqat, xalollik, rostgo‘ylik, mehnatsevarlik va shu kabilar oiladan
boshlanadi. Bu zikr qilingan pedagogik falsafiy tushunchalar oila rahbarining
dunyoqarashi bilan chambarchas bog‘liqdir. Deylik, dehqon dunyoqarashi uning
halol mehnat qilib, dastlab oila to‘kinligi, so‘ng xalq farovonligini ta’minlashda
ko‘rinadi. Uning barcha faoliyati shu olijanob tuyg‘u bilan uyg‘unlashgan. Bu
oilada bola mehnatsevarlik ruhida tarbiyalanadi. Turmushning hamma qiralari
mehnat bilan ravshanlashadi. Shuningdek, mehnatkash inson har sohada o‘z
38
yo‘lini topa oladi.Oilada bolaga ma’naviy axloqiy tarbiya berishning asosiy maqs
adi ularda axloqiy fazilatlarni hosil qilish va ularni rivojlantirish, ularni yaxshi xul
q-atvorga o‘rgatish, ularda ijobiy xatti-harakatlar ko‘nikma va odatlarni vujudga
keltirishdan iborat.
Axloqiylik oiladan boshlanadi deb yuqorida ko‘rsatib o‘tdik. Inson
dunyoga kelishi bilan o‘zini o‘rab olayotgan muhit ta’siriga tushadi, atrofdagi
voqea-hodisalarga bog‘liq bo‘ladi. Chaqaloq gapira olmaydi. Bu tabiiy holat.
Ota-onalarimiz bobo-momolarimizdan, biz esa ota-onalarimizdan, farzandlarimiz
esa bizdan o‘rganadilar. Avlodlar vorisligi ham ana shundan kelib chiqadi. Tarixiy
tajriba shuni ko‘rsatadiki, avlod-ajdodlarimiz axloqiy fazilatlarni bir-birlariga
o‘rgatib, bir-birlaridan o‘rganib kelgan. O‘zbekona, milliy axloqda ota-
bobolarimizning tarixiy tajribalari, davrlar sinovidan o‘tgan saboqlari va bizga
doim madad bo‘lib turgan ruhiy quvvatlari jamuljamdir. Ularning sharofati ila
milliy-axloqiy qadriyatlarimiz asrlar osha avloddan-avlodga o‘tib kelmoqda.
Chunki, bir tomchi bo‘lsa ham ularning qoni tomirimizda oqayotir. Ana shu
qonni jo‘sh urdirmoq bilan yuraklarimiz uyg‘oq, dillarimiz ravshan, tafakkurimiz
munavvar. Ana shunday kayfiyat bizning dilimizda ko‘p yillardan beri yashirinib
kelar edi. Endilikda milliy istiqlol tufayli milliy-axloqiy qadriyatlarimiz qaytadan
tiklandi. Ulardan bolalarni ma’naviy – axloqiy jihatdan tarbiyalashda foydalanish
oilaviy tarbiyamiz uchun ob’ektiv pedagogik zaruriyatga aylandi. Birgina misol:
o‘zbeklarda “har bir avlod o‘zining etti pushtini bilishi kerak” degan odat bor.
Buning zamirida nasl-nasabning tozaligi va pokligini saqlashga da’vat bor.
Sohibqiron Amir Temur o‘z tuzuklarida yozadi: “Kelin izlamoqqa e’tibor
berdim. Bu ishni davlat yumushlari bilan teng ko‘rdim. Kelin bo‘lmishning nasl-
nasabini, yetti pushtini surishtirdim . . . sog‘liq . . . jismonan kamolotini aniqladim
. . . barcha qusurlardan holi bo‘lsagina . . . kelin tushirdim”. Bu so‘zlarda o‘z
qonining tozaligini saqlash, uning aynishiga yo‘l qo‘ymaslik va uni oldini olishga
intilishini ko‘rish mumkin. Zero, qondagi, ruhdagi aynish – millatning ming yillik
qadriyatlarini nobud qilishi mumkin.
39
Xalqimizda shunday axloqiy qoidalar mavjudki, ular o‘zbekligimizni
namoyon qilib, qadrimizni boshqa xalqlar oldida ko‘tarib turadi va milliy
o‘zligiga xosligi bilan ajratib turadi. Oilada bolaning ongiga go‘dakligidanoq
o‘zgalar manfaatini o‘z manfaatidan ustun qo‘yish, jamiyat manfaati shaxsiy
manfaatdan ustuvor ekanligini uning ongiga singdirib borish muhimdir.
Oilaviy tarbiya mahorati bolada uni o‘rab turgan dunyoni fuqaro va
vatanparvar sifatida ko‘rish va anglab etishni o‘rgatishda ko‘rinadi. Toki, bola o‘z
atrofida, o‘z yonida bo‘layotgan voqea-hodisalarga befarq qaramaydigan bo‘lsin,
bolaligidanoq boshqalarning quvonchi va tashvishiga sherik bo‘lsin, ko‘nglidan
o‘tkazsin. Shunda boladagi fuqarolik hissi axloqiy qadriyat sifatida uning tabiatiga
singib ketadi.
Fuqarolik hissini bola ongida shakllantirish, uni ma’naviy-axloqiy
tarbiyalashning bugungi kungi asosiy mezoni bo‘lib qolayotganligini to‘la his
qilish oilaviy tarbiyada muhim ahamiyatga egadir.
Oilada shaxsni axloqiy shakllantirish bolaning tug‘ilishidan boshlanadi. U
ko‘pgina omillar ta’sirida tarkib topadi. Bu omillar oilaviy munosabatlar harakteri,
ota-onalarning namunasi, ulardagi umumta’lim darajasi, umummadaniy saviyasi
hamda ularning pedagogik madaniyati, va nihoyat, oilaviy hayotning tashkil
etilishidan iborat. Bu omillar oilada bolani axloqiy tarbiyalashning mazmunini
tashkil etadi va ular bir qator pedagogik xususiyatlarni o‘z ichiga oladi. Bular
quyidagilardan iborat:
1. Ayrim oilalarda bolalarning tarbiyasi faqat onalar zimmasida, otalar esa
bu ishdan o‘zlarini chetga oladilar. Go‘yo farzandlarini bog‘cha, maktab tarbiyalab
berishi shart. Tarixiy tajriba shundan dalolat beradiki, qadimdan o‘g‘il bolalar
tarbiyasi bilan otalar, qiz bola tarbiyasi bilan onalar shug‘ullanganlar, ammo ular,
asosan, erkaklar nazoratida bo‘lgan;
2. Ota-onalar bolalarga birdek munosabatda bo‘lishlari, bir xil mehribon va
g‘amxo‘r, talabchan va qattiqqo‘l bo‘lsalar bolalar hayoti butun va mukammal
bo‘ladi. Biri talab qilganda, ikkinchisi yonini olsa, tarbiya buziladi. Bolalariga
40
haddan tashqari mehribonchilik qilayotgan ota-onalar ularni hurmat qilishdan
oldin, o‘zlarini ham hurmat qilishni o‘rgatishlari zarur;
3. Ko‘pgina ota-onalar bolalarini tarbiyalash borasida o‘z vazifalari va
burchlarini to‘la his qilmaydilar. Boshqacharoq aytganda ularda pedagogik
tayyorgarlik etishmaydi. Zotan, oilaviy tarbiya, avvalo, ota-onalarning o‘zlarini-
o‘zlari tarbiyalashi demakdir. Chunki bola ayni paytda ta’sir ob’ekti va sub’ektidir.
Biroq ota-ona bola ana shunday ob’ekt ekanligini sezmasligi uchun harakat qilishi
kerak. Ammo barcha ota-onalar ham buni tushunib yeta olmaydilar;
4. Oila hayotini to‘g‘ri tashkil qilish, oilada sog‘lom axloqiy muhitni
yaratish lozim. Bu ishda hech qanday mayda-chuydalar bo‘lmasligi kerak. Har bir
narsa bolaga ta’sir qiladi. Ana shu ta’sir natijasida salbiy yoki ijobiy odatlar,
turlicha xulq -atvorlar paydo bo‘ladi. Ota-onalarning har bir xatti-harakatini bolalar
kuzatib turadi. Shuning uchun bolaga u yoki bu ishni qil yoki qilma deb nasihat
qabilidagi o‘rgatish yo‘li bilan tarbiyalayman, deb o‘ylamaslik kerak;
5. Har bir ota-ona bolasining barkamol inson bo‘lishini istaydi. Farzandini
ana shunday inson bo‘lishidan nafaqat ularning o‘zi, balki jamiyat ham
manfaatdordir. Ota-onaning fuqarolik burchi ham shuni taqozo etadi. Shunga ko‘ra
har bir ota-ona, eng avvalo, mamlakat uchun bo‘lajak fuqaroni tarbiyalayotganini
unutmasligi lozim;
6. Ota-ona shaxsining o‘zi bola tarbiyasida muhim rol o‘ynaydi. Ularning
oqilona o‘gitlari, pand-nasihatlarining hech biri, ularning shaxsiy namunasi o‘rnini
bosa olmaydi. Bolalarning axloqiy fazilatlarining tarkib topishida oiladagi o‘zaro
ahillik, halollik va rostgo‘ylik, o‘zaro ishonchning mavjudligi, umuman, sog‘lom
axloqiy muhit muhim ahamiyatga ega;
7. Oilada bolalarni sevish, ularning shaxsiyatini hurmat qilish va hech
qachon ularning izzat-nafsiga tegmaslik zarur. Bunday jazolash usuli bola nafratini
kuchaytiradi. Har qanday g‘amxo‘rlik talabchanlik bilan olib borilishi maqsadga
muvofiqdir;
8. Har bir oilada uning o‘ziga xos an’analari mavjud bo`lib, bu an’analar
bola ongiga, uning xulq-atvoriga juda kuchli ta’sir qiladi. Masalan, oila
41
a’zolarining tug‘ilgan kunlarini o‘tkazish, qarindosh-urug‘lar holidan xabar olish
va hokazolar;
9. Bola tarbiyasida ota-onaning ishxonadagi, mahalla va qo‘ni-qo‘shnisi
oldidagi obro‘yi ham katta rol o‘ynaydi va bolalarida ularga nisbatan faxrlanish
hissini uyg‘otadi. Ular shu ruhda tarbiyalanadilar.
Shunday qilib, oilaviy tarbiyaning o‘ziga xos xususiyatlari va ta’sir qilish
omillari mavjud. Bularni hisobga olmasdan turib, bola tarbiyasini oilada yaxshi
yo‘lga qo‘yish mumkin emas. Buning uchun, avvalo, ota-onalarning o‘zlari
tarbiyalangan bo‘lishlari lozim.
Ota-onalarning butun hayoti, ularning fuqarolik qiyofasi, ma’naviy
dunyosi bola tarbiyasining negizini tashkil etadi. Zotan, ota-ona bolalari uchun aziz
va muqaddas kishilardir. Shu sababli ularga taqlid qiladilar, ularga o‘xshashga
intiladilar.
Oiladagi tarbiyaning yuqoridagi xususiyatlarini hisobga olish, bolani
axloqiy jihatdan tarbiyalashda, milliy axloqiy qadriyatlardan foydalanishning
mohiyatiga, uning o‘ziga xosligi va ahamiyatini tahlil qilishga yordam beradi.
Milliy mustaqillik sharoitida jamiyatning ijtimoiy – siyosiy, iqtisodiy va
ma’naviy hayotida yuz berayotgan o‘zgarishlar tabiiy ravishda va qonuniy tarzda
xalq ravnaqiga yo‘l ochdi, mustaqillikni mustahkamlashga samarali ta’sir
ko‘rsatdi. Natijada bu tarixiy jarayonlar oilada bola tarbiyasida ham o‘z aksini
topa boshladi. Buning uchun ota-onalarning o‘zida milliy qadriyatlarga nisbatan
munosabat o‘zgarmog‘i lozim. Ular bolalarni ota-bobolarining pand-nasihatlari,
o‘gitlari, tajribalari asosida eng yaxshi va olijanob an’analar ruhida tarbiyalab
kelganlar.
Ularning dono fikrlari, turmush saboqlari davrlar g‘alviridan o‘tib,
saralanib bizgacha yetib kelgan. Lekin hozirgi kunda o‘zbek oilalarida bola
tarbiyasi borasida salbiy holatlarni ko`plab uchratish mumkin. Masalan, ayrim
ota-onalar farzandlarining bemehrligidan nolishadi. Yomon yo‘lga kirib ketgan
farzandlari xususida ko‘pchilik ota-onalarning fikrlari bir xil: “o‘z bilganidan
qolmaydi, hurmat qilishni bilmaydi . . .”. Xo‘sh, o‘sha bemehr bolaning otasi
42
yoki onasini tarbiyali desa bo‘larmikan? Ishdan so‘ng, dam olish kunlari ota
choyxonada, ona mehmondorchilikda bo‘lsa. Ayniqsa, ota ham, ona ham
“ishbilarmonlik”ka sho`ng‘ib ketib, go‘yo bola haqida tinmay qayg‘urib, boshini
har eshikka urayotgan bir paytda, oilada bola tarbiyasi bilan kim shug‘ullanadi?
Tarbiyasi og‘ir bolalarning ko‘payib borayotgani sir emas. Buning ichki va
tashqi sabablari mavjud. Ota-onasi, qarindosh-urug‘i bo‘la turib, gohida bolalar
“bolalar uyi”ga topshirilmoqda. Qachondan beri bizning xalqimiz “bolalar uyi”
degan atamani qo‘llay boshladi?
“O’nta bo‘lsa o‘rni boshqa” deya bir etak farzandni tarbiyalab voyaga
etkazgan ota-bobolarimizning siri nimada ekan?
Ko‘p bolali bo‘lish, bolajonlik qilish o‘zbeklarga xos milliy xususiyat
hisoblanadi. Bugungi kunda ana shu milliy xususiyat kelajak avlodni axloqiy
jihatdan tarbiyalashda juda qo‘l keladi. Negaki, oilada aka ukasini, opa singilisini
yetaklab katta qiladi, bilganini o‘rgatadi. o‘sib-ulg‘ayganlarida esa bir-birini
qo‘llab-quvvatlaydi, bir-biriga yordam beradi. Shaxsda jamoatchilik hissini
shakllantirish ana shu ko‘p bolali oilalardan boshlanadi. Kuzatishlar shuni
ko‘rsatadiki, ko‘p bolali oilalarda ko‘pincha mehnatsevar, o‘zaro inoq va aqlli-
hushli, odobli farzandlar o‘sar ekan.
Keyingi vaqtlarda jamiyatimiz hayotida ayrim salbiy holatlar ham ko‘zga
tashlanmoqda. Afsuski, bugungi bozor iqtisodiyotiga o‘tayotgan serg‘alva
sharoitda ayollarimizning ma’lum qismi, tog‘ni ursa talqon qilgudek erlari
uylarida turib, “ishbilarmonlik” bahonasi bilan shahrma-shahar turli-tuman
ashyolarni sotib yurishmoqda. Hatto, sarson-sargardon bo‘lsalar ham ayrim xorijiy
mamlakatlarga ham “sayohat” qilib borib kelyaptilar. Ularning ayrimlari yengil-
yelpi yo‘llarga kirib ketyapdilar. Bu bilan o‘zbek ayollari nomiga isnod
keltirmoqdalar.
Ayrim ayollarimiz “gap” o‘ynashib, tonggacha maishatga berilib
ketayotganliklari, mehmonxonalar atrofidagi yengil oyoq ayollarning qilmishlari
jamiyatimizning ma’naviy-axloqiy muhitini buzmoqda. Ana shunday yengil-yelpi
hayot kechirish – “ishqi” bilan yashayotgan bunday ayollarning uylarida qolgan
43
farzandlarining tarbiyasi nima bo‘ladi? Murg‘ak qalbi, jajji vujudiga nopoklik,
xaromxo‘rlik ilk bor ona suti bilan birga kirgan begunoh go‘daklar kelajakda
sog‘lom fikrli, ma’naviy-axloqiy inson bo‘ladilar deb hech kim kafolat bera
olmaydi.
Ana shunday “yumushlar” bilan band bo‘lgan ayollarimiz kasofati tufayli
gulday oilalarning buzilib ketishi, g‘aribxona hamda etimxonalarning ko‘payishi,
ayollarning onalik huquqidan mahrum bo‘lishi, mayib-majruh, aqlan va jismonan
nosog‘lom, nogiron farzandlarning dunyoga kelishi kabi hollar sodir bo‘lmoqda.
Bola tarbiyasini o‘z holiga tashlab qo‘yib bo‘lmaydi. Agar shunday
qilinsa, uning kelajagi barbod bo‘ladi. Shaxsning ma’naviy tubanlashuvi nafaqat
uning zurriyotiga zarar keltiradi, balki yon-atrofda nosog‘lom muhit paydo
bo‘lishiga olib keladi. Chunki har qanday odam o‘z naslining davom etishi ko‘p
jihatdan farzandlariga bog‘liq ekanligini yaxshi biladi. Unga ijobiy ma’noda katta
ahamiyat berilishi esa farzandlarning salbiy ta’sirlarga berilib ketishining oldini
oladi.
Har bir ota-onaning obro‘si ma’lum bir ma’noda farzandlarining
kamolotiga ham bog‘liq bo‘ladi. Shunga ko‘ra oilani mustahkamlashga astoydil
kirishgan va o‘z naslini pok saqlagan millatninggina istiqboli porloq bo‘ladi.
Ta’lim-tarbiya ishlariga jiddiy e’tibor bermagan jamiyat, oila oxir-oqibatda
ma’naviy qashshoq bo‘lib qolaveradi.
Urf-odatlarimizga ko‘ra oq harir libosda “yor-yor” sadolari ostida boshqa
bir xonadonga farzand bo‘lib kelayotgan qiz hayo, ibo, iffat, nomusi bilan
kelmog‘i zarur. Shu bilan birga u ota-onadan ro‘zg‘or yuritish, oila tutishning
o‘ziga xos siru asrorlaridan ta’lim olmog‘i ham kerak.
Qiz bolaning baxti uning axloq-odobi mevasidir. Shirinso‘zlik, samimiylik,
sermulohazalik, go‘zal xulq, yaxshi muomala, saranjom-sarishtalik qiz bolaning
ko‘rkidir. Uning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shuvchi odamiylik fazilatlarini zebo qilib
boruvchi ota-onadir. Ota-onaning pand-nasihatlarini dillariga jo qilgan yigit- qizlar
hayotda qoqilmaydilar, qiyinchiliklarga sabrli, bardoshli bo‘ladilar. Ularning
kelgusi hayot yo‘llari ham porloq bo‘ladi.
44
Bir kuni Luqmoni hakim o‘tib ketayotsalar, bir ona qiziga nasihat qilib,
yaxshi odatlarni o‘rgatayotgan emish: “Qizim, sen ham balog‘at yoshiga etib
qolding. Ertaga birovning xasmiga borasan, menikiga esa mehmonga kelasan,
xolos. Sen yaxshi hayot kechiraman, obro‘-e’tiborli bo‘laman desang,
qaynonangni hurmat qil. Hammadan erta tur! Hammadan kech yot! Qo‘ling egri
bo‘lmasin, boshingga qilich kelsa ham rost gapir. Yolg‘onchi, chaqimchi,
ikkiyuzlamachi, g‘iybatchi bo‘lma, qo‘lingdan keladigan xizmatingni ayama,
kelgan mehmonning izzat-hurmatini joyiga qo‘yib kuzat. Oila a’zolaringni
birovga yomonlama, ziyrak, dono, aqlli bo‘l! Kuyovingning hurmatini joyiga
qo‘y, ko‘chadan kelganida kutib ol! Ketganida kuzatib qo‘y. Boriga shukur qil,
sabr-toqatli, chidamli bo‘l! Salomni kanda qilma. Shundagina baxt sening
yo‘ldoshing, g‘am-tashvish esa kundoshing bo‘ladi”,- debdi.
Shunda Luqmoni hakim “Ona ko‘rib qiz ol, qirg‘oq ko‘rib bo‘z ol!”
deganlari shu bo‘lsa kerak deb, yo‘llarida davom etgan ekanlar.
Xulosa qilib aytganda, farzand ko‘rib, ularni tarbiyalab, kishilarga,
jamiyatga halol va fidoiylarcha xizmat qilishga qadar shaxslarni shakllantirish har
bir ota-onaning ijtimoiy, ma’naviy burchi sanaladi.
Oilada bolalarni axloqiy tarbiyalashning usullarini xalq pedagogikasi
manbalaridan o‘rganishimiz lozim. Jumladan, tushuntirish, namuna ko‘rsatish,
odatlantirish, iltimos qilish, tilak-istak bildirish, yolvorish-iltijo qilish, maslahat
berish, ko‘ndirish, undash, ma’qullash, rahmat aytish, duo qilish, olqish, ta’na
qilish, koyish, qarg‘ash, qo‘rqitish, uzr so‘rash, la’natlash, so‘kish, urish,
kaltaklash kabilar. Lekin insonni axloqiy tarbiyalashda eng kuchli tarbiyaviy vosita
sifatida o‘git-nasihat, ibrat ko‘rsatish, ma’qullash va maqtash, mukofotlash
kabilardan foydalanish samarali natijalar berishi kuzatishlardan ma’lum. Xalq
pedagogikasi materiallarida uchraydigan axloqiy tarbiya vositalari ichida:
1. bolalar o‘yinlari;
2. choyxo‘rlik – choyxona gurungi;
3. bolalar gapi – gap – gashtak;
4. bolalarga kattalar bilan birgalikda:
45
a) to‘y marosimlari: beshik, to‘yi, sunnat to‘yi, nikoh to‘yi, hovli to‘yi.
b) sayllar – dala sayli, gul sayli, qovun sayli
c) yig‘in-tomosha, tug‘ilgan kunni nishonlash, yigit bazmi, qiz bazmi,
kelin salom, uloq , poyga, kurash
d) aza ma’rakasi
e) safarga chiqish
kabilar haqida ma’lumot berish va ana shu vositalar asosida
farzandlarimizni axloqiy tarbiyalash katta ahamiyatga ega. Chunki bolaning ijobiy
yoki salbiy xatti-harakati ko‘pchilikning ko‘z o‘ngida namoyon bo‘ladi va ular
tomonidan baholanadi. Bir qancha ota-onalar ham o‘z o‘g‘il- qizlarining to‘y-
hasham va ma’rakalarga aralasha boshlaganidan keyingina ulardagi salbiy yoki
ijobiy sifatlarni payqay boshlaydilar. Bunday hol ota-onalarning bolalariga
singdirilgan tarbiyalariga xulosa yasashga yordam beradi.
Oilada bolalarni insonparvarlik ruhida tarbiyalashda qo‘llaniladigan eng
xarakterli usullardan biri, hal qilinishi kerak bo‘lgan muammoni xalq
donishmandligining axloq va odob yuzasidan aytiladigan hikmatli so‘zlari,
maqollari, ertaklari orqali dalillashidir. Aniqrog’i axloq-odob masalalariga
bag‘ishlangan xalq maqollarining naqadar hayotiy ekanligini ma’lum bir ertak,
rivoyatlar orqali aytib berilishidir.
Ko‘pchilik ertak, dostonlarda ota-ona va keksalarning turmush tajribalarini
ifodalash bilan birga yoshlarni ularga bevosita amal qilishlariga undaydigan
maslahat va pand-nasihatlar ham asosiy o‘rinlardan birini egallaydi. Masalan:
“Qorasoch pari” ertagida ona o‘z o‘g‘li Nodirni safarga jo‘natishdan oldin:
“Mening uch nasihatimni esingdan chiqarma, birichisi – birovga xiyonat q ilma,
ikkinchisi – birovning dilini og‘ritma, uchinchisi – qaysi shaharga borma, eng
avval, o‘sha shaharning qariyalari bilan suhbatlashib ish qil”,- mazmunida nasihat
qiladi. Ona nasihatiga amal qilgan farzand bir umrga murod-maqsadiga etib
yashaydi. Demak, xalq og‘zaki ijodiyotining barcha janrlarida bolani atrofidagi
kishilarga yordamlashish, hamdardlik qilish ruhida tarbiyalash g‘oyalari o‘rtaga
tashlanganini ko‘ramiz.
46
O‘zbek xalqi o‘rtasida kundalik ehtiyojga aylangan amaliy san’at turlaridan
o‘ymakorlik - yog‘och, ganch va mis o‘ymakorligi, zargarlik, zardo‘zlik,
kashtado‘zlik, kulolchilik, milliy liboslarni tikish kabilar o‘zbek oilalarida
birinchidan, moddiy ehtiyojni qondirish bo‘lsa, ikkinchidan, farzandlarni mehnatga
o‘rgatishda, bo‘sh vaqtdan unumli foydalanishni tarbiyalashda muhim tarbiya
vositasi sifatida foydalanib kelingan.
Tajribadan ma’lumki, bolalarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalashda milliy
musiqa, qo‘shiqlar muhim o‘rinni egallaydi. Chunki barchaga ayonki, musiqa
tarbiya manbaidir. Masalan: alla o‘zbek xalqining qadimiy, muhim tarbiyaviy
xarakterga ega bo‘lgan qo‘shiq turlaridan biridir. Ona allasidan bahramand
bo‘lmagan bola qalbida ota-onaga, Vatanga nisbatan mehr-muhabbat hissi
bo‘lishi qiyin. Alla aytmagan yoki alla eshitib katta bo‘lmagan qiz bola bo‘lmasa
kerak. Alla tinglab katta bo‘lgan bolada ota-onaga nisbatan o‘zgacha muhabbat,
hurmat hissi shakllanadi. Keksalarning aytishicha, san’at insonlarni yovuzlikdan
saqlab qolar ekan.
Ota-bobolarimizdan meros qolgan chiroyli va ramziy ma’noga ega bo‘lgan
urf-odatlarni bilish, bevosita ularda ishtirok etish va aynan ana shu urf-odatlarni
o‘tkazish tartibini bilish yoshlarni ma’naviy-axloqiy shakllanishida muhim
tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi.
Bunday malaka va ko‘nikmalarni yoshlarda tarkib toptirish vazifasi,
avvalo,
ota-onaga,
oilaga
yuklatiladi.
Oilada
ota-onalar
farzandlariga
mehmonnavozlik malakalarini o‘rgatish bilan birga, bevosita mehmonda o‘zini
qanday tutish, ovqatlanish, so‘zlashuv odoblarini ham o‘rgatib boradilar. Ayniqsa
ovqatlanish odobini o‘rgatishlari juda muhimdirki, bu birinchidan, bolaning
salomatligini ta’minlasa, ikkinchidan me’yorga qarab ovqatlanishga o‘rgatadi,
uchinchida,n badnafslikdan qaytaradi, to‘rtinchidan, tejamkorlikka o‘rgatadi. Shu
bilan birga insonlarni axloqiy jihatdan tarbiyalaydi.
Xalqimizda bolalarni axloqiy tarbiyalashda dasturxon atrofi eng qulay joy
sanalgan. Bu yerda katta yoshlilar farzandlariga pand-nasihatlar qilganlar. Nima
yaxshi-yu, nima yomon ekanligi tushuntirilgan. An’anaga ko‘ra ota-ona
47
nasihatlarini bajarmaslik katta gunoh hisoblangan. Otaga tik boqma, oxirating
kuyib ketadi, ota-onani rozi qilish kerak, deb bolaning ongiga singdirib borilgan.
Oxirgi o‘n-o‘n besh yillar ichida ota-onalar bilan bolalar o‘rtasidagi munosabat
buzila boshladi, keksalarni, ota-onalarni hurmat qilish zarurligi borasidagi
qadriyatlarimizga e’tibor berilmay qo‘ydi. Ayrim bolalar ota-onalaridan moddiy
yordam ko‘rayotganligi uchun “hurmat” qiladigan bo‘lib qolishdi. Ota-onalarga
nisbatan axloqsizlik qilish, ularni xo‘rlash, qarovsiz qoldirish hollari ham uchrab
turibdi. O‘zbek oilalarida bolani to‘g‘ri tarbiyalashda, ularga axloq-odob
qoidalarini tushuntirishda ota-onalar oldiga avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan
qator talablar qo‘yilgan:
bolani hech kimga yomonlik qilmaslikka, qo‘lidan kelgancha
yaxshilik qilishga ko‘niktirish, uning ko‘ngliga muruvvat tuyg‘ularini solishga
intilishning kuchli bo‘lishi;
bolani to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirib, o‘zlari ham shu yo‘ldan ketishlari;
ota-onaning yaxshi odob, xulq egasi ekanligi, har bir xatti-harakatidan ko‘rinib
turishi, bolalarga namuna sifatida xizmat qilishi;
yaxshi deb bilgan ishni o‘zlari ishlab ko‘rsatishlari va bu ishning
yaxshiligiga bolani ishontirishlari;
bolani tarbiya qiladigan ota-onaning o‘zi to‘g‘ri so‘zli bo‘lishi;
bolaning qilayotgan yaxshi ishlariga qarab, o‘z darajasiga loyiq
mukofotlash, xatoga yo‘l qo‘ysa tanbeh berish;
bolalar ota-onasining yuzlaridagi norozilik alomatlarini ko‘rib, buning
jazo ekanligini bilishi, rag‘batlantirish ham me’yorida bo‘lishi kerakligi;
bolaning oldida odillik bilan, ustozlarcha ish olib borish axloqiy
tarbiyaning eng muhim asoslaridan hisoblanadi.
Umuman, ota-onalar oilada bolalarga axloqiy tarbiya berishda milliy
an’analarni to‘g‘ri tushunib olishlari, qaysi an’analar qanday maqsad uchun
hizmat qilishini yaxshi anglab yetishlari juda muhim. Chunki talqin etilgan
an’analar, urf-odatlar mazmunini, avvalo, ota-onalarning o‘zlari yaxshi
48
o‘zlashtirib, kundalik hayotda qo‘llay olsalargina, farzandlariga uning ta’siri
samaraliroq bo‘ladi. Mana shu ma’noda oilalarda o‘rnashib qolgan, o‘rganilgan,
xalqimiz turmush tarzida eng ko‘p qo‘llaniladigan an’analar bilan birga,
mustaqillik sharoiti talablaridan kelib chiqib, ijobiy samara berishi mumkin
bo‘lgan an’analardan - o‘z xalqi va ona Vatani bilan faxrlanish, o‘z Vataniga mehr-
muhabbat bilan qarash, o‘z Vatanining o‘tmishi va tarixiga cheksiz hurmat, o‘z
xalqining milliy an’analarini e’zozlash, milliy ongi shakllangan, milliy e’tiqodli
vatanparvarlarni tarbiyalash zarurdir.
Umuman olganda, tarbiya so‘zi aytilishi bilan inson ko‘z oldida oila
namoyon bo‘ladi. Zero, oila tarbiya maskanidir. Shunday ekan, ma’naviy-axloqiy
tarbiya oiladan boshlanadi. O‘zbek oilasining ma’naviyati – o‘zbekning milliy
g‘ururidir.
Dostları ilə paylaş: |