Pedagogika nazariyasi. Pedagogik qonuniyatlar. A.A.Ivin, A.L.Nikiforovlarning qayd etishicha, “nazariya voqelikning ma’lum sohasidagi qonuniyatlar va aloqalar haqida yaxlit tasavvurni hosil qiluvchi, ilmiy bilimni tashkil etuvchi eng rivojlangan shaklidir”. Nazariyaning komponentlari: nazariy dastlabki asoslar (fundamental toifalar, tushunchalar, qonunlar, qonuniyatlar, tamoyillar); nazariyaning ideallashtirilgan obyekti o‘rganilayotgan soha obyektlarining xususiyat va aloqalarining mavhum modeli sifatida; nazariya mantiqi isbotlarning ko‘pligi sifatida. Nazariyaning asosiy vazifalari: tushuncha – kategorial apparat vositasila voqelikni tasvirlash; dalillar asosida yotgan muhim aloqadorliklar tizimini ochish (genetik, ierarxik, funksional va h.k.); kontekst dinamikasini hisobga olgan holda obyektlarning holatini prognozlashtirish. Pedagogikada ta’lim nazariyasini ancha chuqur o‘rganilgan. Voqelikning biror sohasining nazariyasini belgilash – mazkur sohaning butun xilma-xilligi yorqin namoyon bo‘ladigan asosiy munosabatlarni izlab topishdir. V.V.Krayevskiy didaktikaning obyekti bilan bog‘liqlikda ta’lim strukturasida ikki ahamiyatli munosabatni ajratadi: o‘qitish va o‘qishning birligi; ta’limning mazmunli va protsessual jihatlarining birligi. V.V.Serikovning qayd etishicha, ushbu ikki munosabatdan (“o‘qitish – o‘qish”, “mazmun – metod”) madaniyatning maxsus hodisasi sifatida ta’limning barcha tavsifini ajratib ko‘rsatish mumkin. Ta’limning mazkur mohiyatli xususiyatlarini ta’riflash uning nazariy modelining mohiyatini tashkil etadi. Bunday tavsifiy-nazariy modelni tuzish navbatdagi – normativ (me’yoriy) modelga o‘tish imkonini beradi. Nazariy modelga yaxlit pedagogik jarayon nazariyasi (S.Rajabov, V.A.Slastiyoninlarning ilmiy maktabi), shaxsga yo‘naltirilgan ta’lim nazariyasi (V.V.Serikov, N.N.Azizxodjaeva), ta’lim mohiyatining madaniy-insonparvar yo‘naltirilganligi (I.YA.Lerner, V.V.Krayevskiy) kabilarni kiritish mumkin.