2.4.So‘rov metodi va uning turlari. Faoliyat mahsulini o‘rganish metodi
Suhbat metodi. Bu metod bilan inson psixikasini o‘rganishda suhbatning
maqsadi va vazifasi belgilanadi, uning obyekti va subyekti tanlanadi, mavzusi,
o‘tkaziladigan vaqti aniqlanadi, yakka shaxslar, guruh va jamoa bilan o‘tkazish
rejalashtiriladi, o‘rganilayotgai narsa bilan uzviy bog‘liq savol-javob tartibi
tayyorlanadi. Suhbatning bosh maqsadi muayyan bir vaziyat yoki muammoni hal
qilish jarayonida inson psixikasidagi o‘zgarishlarni o‘rganishdir. Suhbat orqali turli
yoshdagi odamlarning tafakkuri, aql-zakovati, xulq-atvori, qiziqishi, ziyrakligi,
bilim saviyasi, e’tiqodi, dunyoqarashi, irodasi to‘g‘risida ma’lumotlar olinadi,
Suhbat chog‘ida o‘zaro izchil bog‘langan savollar beriladi:
− Xotira deb nimani aytiladi?
− Xotira idrok qilingan narsa va hodisalarni esda qoldirish, mustahkamlash
hamda zarur vaqtda esga tushirishdan iborat psixik jarayondir.
− Xotiraning nerv-fiziologik asoslari nimalardan iborat?
49
− Xotiraning nerv fiziogik asoslari bosh miya katta yarim sharlari qobig‘ida
muvaqqat nerv bog‘lanishlarining hosil bo‘lishi, mustahkamlanishi va keyinchalik
faollashuvidir.
− Xotiraning samaradorligi nimalarga bog‘liq?
− Esda olib qolishda harakatning tugallanmaganligiga, shaxsning qiziqishi va
mayllariga, faoliyatga munosabati, kayfiyati va irodaviy zo‘r berishiga,
xarakterologik sifatlariga bog‘liq.
− Xotiraning qanday turlari mavjud?
− Harakat, obrazli, so‘z-mantiq, emotsional, qisqa va uzoq muddatli, operativ,
ixtiyorsiz, ixtiyoriy, produktiv, reproduktiv, faol va sust xotira turlari bor.
Suhbat paytida fikrlar mantiqiy izchillikka ega bo‘lishi shart. Biroq
mashg‘ulot sinaluvchilarni toliqtirib qo‘ymasligi, ularning yoshiga, saviyasiga,
mutaxassisligiga mutlaqo mos bo‘lishi zarur.
Dialog shaklidagi suhbatlar ham o‘z ko‘lami, mohiyati, mazmuni, shakli,
xususiyati, sur’ati, mavzusi, obyektga yo‘nalganligi bilan bir-biridan farqlanadi.
Suhbatning yana bir turiga misol:
− Opajon, eson-omon yuribsizmi? Uydagilaringiz yaxshimi?
− Opang qoqindiq, ming qatla shukur, tinch yuribmiz.
− Nechuk, qanday shamol uchirdi?
− Ko‘zimdan o‘taverding, o‘taverding, keyin yo‘lga otlandim.
− Qiynalmasdan yetib keldingizmi?
− Aytarli qiynalmadim. Avval avtobusga, so‘ng tramvayga o‘tirdim, lekin
metroga tushgim kelmadi.
Suhbat metodining yuqorida ta’kidlangan ijobiy jihatlari bilan birga ayrim
zaif tomonlari ham mavjud. Qaytariq so‘zlar, «g‘aliz» iboralar, nutqning tezligi,
fikrning mavhumligi, zerikarligi muvaffaqiyatsizlikka sabab bo‘ladi. Shuningdek,
savol-javobning bir xil shaklda emasligi, sinaluvchida o‘ziga xos ishlash uslubi,
oshkoralik yetishmasligi, iymanish, uyalish atroflicha ma’lumotlar olishni
qiyinlashtiradi va shu sababli boshqa metodlarga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi.
50
Faoliyat mahsulini tahlil qilish metodi. Inson xotirasi, tafakkuri, qobiliyati va
xayolining xususiyatlarini aniqlash maqsadida bu metod ontogenez psixologiyasida
keng qo‘llanadi. Bolalar chizgan rasmlar, yasagan o‘yinchoqlar, modellar, yozgan
she’rlarni tahlil qilish orqali ularning mantiqiy xotirasi, tafakkuri, texnik, badiiy va
adabiy qobiliyati, ijodiy xayoli yuzasidan materiallar to‘plash mumkin. Mazkur
metoddan foydalanishda mahsulotni yaratgan shaxs bevosita ishtirok etmaydi.
Obyekt bilan subyekt o‘rtasida muloqot o‘rnatish uchun shaxsning psixikasi
to‘g‘risida sirtdan muayyan hukm va xulosa chiqariladi. Ijodiy faoliyat
mahsullariga kundalik, sxema, ixtiro, diagramma, kashfiyot, qurilma, asbob, texnik
model, moslama, milliy kashtachilik, hunarmandchilik, zargarlik buyumlari,
referat, kurs va malakaviy bitiruv ishlari, ilmiy ma’ruza, konspekt, taqriz, tezis,
maqola,
ko‘rsatmali qurollar, loyiha, magistrlik, nomzodlik, doktorlik
dissertatsiyalari va hokazolar kiradi. Bular turli yoshdagi va jinsdagi odamlar, har
xil kasb egalari tomonidan yaratilgan bo‘lishi va shunga ko‘ra shakli, mazmuni,
sifati, originalligi, katta-kichikligi, xususiyati, mazmunmohiyati bilan bir-biridan
keskin tafovut qilishi mumkin.
Ijodiy faoliyat mahsullarini tahlil qilish orqali bolalar, o‘quvchilar, talabalar,
konstruktorlar, olimlar, hunarmandlar, ishchilar, keksa yoshdagi qariyalar psixik
xususiyatlari, mahorati, salohiyati, ijodiyoti to‘g‘risida ma’lumotlar to‘plash
mumkin. Lekin insondagi psixik o‘zgarishlar, kamol topish va bularning kechishini
ifodalovchi materiallar yig‘ish uchun bu metodning o‘zi yetmaydi. Shuning uchun
inson psixikasini o‘rganish maqsadida boshqa metodlardan ham foydalanish
ma’qul.
Tajriba (eksperiment) metodi. Bu metod turli yoshdagi odamlar (chaqaloq,
bola, o‘spirin, balog‘atga yetgan va qarilar)ning psixikasini chuqurroq, aniqroq
tadqiq, qilish metodlari ichida eng muhimi hisoblanadi. Eksperiment metodi
yordamida sun’iy tushunchalarning shakllanishi, nutqning o‘sishi, favquloddagi
holatdan chiqish, muammoli vaziyatni hal qilish jarayonlari, shaxsning his-
tuyg‘ulari, xarakteri va tipologik xususiyatlari o‘rganiladi. Inson psixikasining
nozik ichki bog‘lanishlari, munosabatlari, qonuniyatlari, qonunlari, xossalari,
51
murakkab mexanizmlari tekshiriladi. Buning uchun eksperiment materialini
tekshiruvchi sinchkovlik bilan tanlashi, obyektiv tarzda har xil holat va vaziyatlarni
yaratishi, bunda sinaluvchining yoshi, aql-idroki, xarakter, xususiyati, his-tuyg‘usi,
qiziqishi va saviyasiga, turmush tajribasiga, ko‘nikma va malakalariga e’tibor
berishi lozim.
Tajriba metodi o‘z navbatida tabiiy va laboratoriya metodlariga ajratiladi.
Tabiiy metod psixologik-pedagogik masalalarni hal qilishda qo‘llanadi. Bu
metodning ilmiy asoslarini 1910 yilda A.F.Lazurskiy ta’riflagan. Tabiiy metoddan
foydalanishda ishlab chiqarish jamoalari a’zolarining, ilmiy muassasalar
xodimlarining, o‘qituvchilar, keksaygan kishilarning psixologik o‘zgarishlari,
o‘zaro munosabatlari, ish qobiliyatlari, mutaxassislikka yaroqliligi muammolarini
hal qilish nazarda tutiladi. Tabiiy sharoitda inson psixikasini o‘rganishda
sinaluvchilar (bog‘cha bolalari, maktab o‘quvchilari, ishchilar, dehqonlar, xodimlar
va hokazolar)ning o‘zlari bexabar bo‘lishi, ta’lim jarayonida berilayotgan bilimlar
tadqiqot maqsadiga muvofiqlashtirilishi, katta yoshdagi odamlarga tarbiyaviy ta’sir
o‘tkazish kundalik mehnat tarzi doirasida amalga oshirilishi, zavod va fabrikada
esa moddiy mahsulot ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga qaratilishi lozim.
Laboratoriya (klinika) metodi ko‘pincha individual (goho guruh va jamoa)
shaklida sinaluvchilardan yashirmay, maxsus psixologik asboblar, yo‘l-yo‘riqlar,
tavsiyalar, ko‘rsatma va ilovalardan foydalanib olib boriladi. Hozir inson
psixikasidagi o‘zgarishlarni aniqlaydigan asboblar, murakkab elektron hisoblash
mashinalari (displeylar), qurilmalar, moslama va jihozlar mavjud. Ular odamdagi
psixologik jarayonlar, holatlar, funksiyalar, vujudga kelayotgan yangi sifatlarni
qayd qilish va o‘lchashda qo‘llanadi. Ko‘pincha detektorlar, elektron va radio
o‘lchagichlar,
sekundomer,
refloksometr,
xronorefleksometr,
lyuksmetr,
anomaloskop,
taxistoskop,
audiometr,
esteziometr,
elektromiogramma,
elektroensefalogramma kabilardan foydalaniladi.
Laboratoriya metodi yordami bilan diqqatning sifatlari, sezgi, idrok, xotira va
tafakkurning xususiyatlari emotsional
hamda irodaviy va aqliy zo‘riqish singari
murakkab psixik holatlar tekshiriladi. Ko‘pincha laboratoriya sharoitida kishilar
52
(uchuvchi, shofyor, operator, elektronchilar) va kutilmagan tasodifiy vaziyatlar
(halokat, portlash, izdan chiqish, shovqin ko‘tarilishi)ning modellari yaratiladi.
Asboblarning ko‘rsatishi bo‘yicha o‘zgarishlar, rivojlanish dinamikasi, jismoniy va
aqliy toliqish, emotsional-irodaviy, asabiy zo‘riqish, jiddiylik, tanglik qanday sodir
bo‘layotganini ifodalovchi ma’lumotlar olinadi.
Tajriba aniqlovchi, tarkib toptiruvchi (tarbiyalovchi) va tekshirish (nazorat)
qismlariga bo‘linadi. Tajribaning aniqlovchi qismida psixik xususiyat, jarayon yoki
holat o‘yin, mehnat, o‘qish kabi faoliyatlarda tadqiq qilinadi. Tadqiqot obyektining
aynan shu paytdagi holati, imkoniyati aniqlanadi, lekin tekshiruvchi sinaluvchiga
subyektiv ta’sir o‘tkazmaydi. Shu pallada sinaluvchiga hatto, yo‘llovchi savollar
bilan ham yordam bermaslik tajribaning printsipi hisoblanadi.
Tarkib toptiruvchi tajribada sinaluvchilarda biror fazilatni shakllantirish,
shuningdek, ularga maqsadga muvofiq muayyan malakani, yo‘l-yo‘riq va usulni
o‘rgatish rejalashtiriladi. Tajriba yakka, guruh va jamoa tarzida o‘tkazilishi
mumkin. Buning uchun tajriba materialining hajmi, ko‘lami, qancha vaqtga
mo‘ljallanganligi, nimalar o‘rgatilishi, sinaluvchilarni psixologik jihatdan
tayyorlash oldindan belgilab qo‘yilishi shart.
Tekshirish (nazorat) tajribasida tarkib toptiruvchi bosqichda shakllantirilgan
usul, vosita, yo‘l-yo‘riq, ko‘nikma, malaka va shaxs fazilatlarining darajasini,
barqarorligini aniqlash, ta’sirchanligiga ishonch hosil qilish uchun mohiyati har xil
mustaqil topshiriqlar beriladi. Tekshirish tajribasi orqali tarkib toptiruvchi
eksperimentning samarasi o‘lchanadi. Mazkur tajribada ham tekshiruvchi
sinaluvchiga mutlaqo yordam berishi mumkin emas, aks holda tadqiqot o‘tkazish
printsipi buziladi.
Aniqlovchi, tarkib toptiruvchi va tekshiruvchi tajribalarda yig‘ilgan
ma’lumotlar, miqdor-statistik metodlardan foydalangan holda ishlab chiqiladi,
shuningdek, miqdor tahlili o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘riladi. Statistik metodlar
yordamida insonning bilish jarayonlari bilan uning individual-tipologik
xususiyatlari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqligi va ta’siri (korrelyatsiyasi) bilish
jarayonlarining his-tuyg‘u bilan boshqarilishi, aql-zakovat omillarini tahlil qilish
53
amalga oshiriladi. So‘ngra miqdorning hamda qo‘llanilgan metodikaning
ishonchlilik, aniqlilik darajasi aniqlanadi. Ungacha ham matematik statistikaning
sodda metodlaridan foydalanib ayrim hisoblashlar, masalan, o‘rtacha arifmetik
qiymat, miqdorlarni tartibga solish va medianani hisoblash, kvadrat chetga og‘ishni
topish va boshqalar amalga oshiriladi.
Hozir injener (muhandis) psixologlar matematiklar bilan hamkorlikda inson
psixikasining modelini yaratish ustida tadqiqot ishlarini olib bormoqdalar,
shuningdek, mediklar, fiziologlar, kibernetiklar psixikani programmalashtirishni
nihoyasiga yetkazmoqdalar. Ishlab chiqarishdagi “sun’iy intellektlar”, robotlar,
EHMlar ana shu izlanishlarning dastlabki samarasi hisoblanadi.
Dostları ilə paylaş: |