o\'qish darslarida ma\'navyat qalb quyoshi mavzusini o\'rganish kurs ishi
2-BOB BO’YICHA XULOSA Darhaqiqat, yaqin tarixda xalqimiz o‘z boshidan kechirgan bunday azob- uqubatlarni, taqdirimiz jar yoqasida turgan mash’um kunlarni unutishga bizning aslo haqqimiz yo‘q.
O‘tgan davr mobaynida eski tuzumdan og‘ir meros bo‘lib qolgan ana shunday illatlarga, el-urtimizga nisbatan kamsitish va milliy manfaatlarimizni mensimaslik holatlariga barham berish, ko‘hna qadriyatlarimiz, dinu diyonatimizni tiklash, hayotimizda tarixiy adolatni qaror toptirish, yangi jamiyat qurish yo‘lida xalqimizning ma’naviy yuksalishini o‘z oldimizga qo‘ygan olijanob maqsadlarga yetishda hal qiluvchi mezon deb qarash va shu asosda ish olib borish biz uchun doimo ustuvor vazifa bo‘lib kelganini va bugun ham e’tiborimiz markazida turganini ta’kidlash lozim.
Shuni mamnuniyat bilan qayd etish lozimki, ezgu fazilat va intilishlar xalqimizning qon-qoni va suyak-suyagiga singib ketgan. Uning tabiatiga xos bo‘lgan yuksak ma’naviyat necha asrlarki bizni ne-ne balo-qazolardan, to‘fon va bo‘ronlardan sog‘-omon asrab kelmoqda.
Har qanday bosqin va istilolarga qaramasdan, har qanday og‘ir va murakkab sharoitda ham ota-bobolarimiz o‘zligini yo‘qotmasdan, ma’naviy hayot mezonlari, odob-axloq qoidalariga amal qilib, komillik sari intilib yashagani bugun ham barchamizga ibrat bo‘lib, kuch-quvvat bag‘ishlab kelmoqda.
Ma’lumki, har qaysi xalq yoki millatning tafakkuri, turmush tarzi, ma’naviy qarashlari o‘z-o‘zidan, bo‘sh joyda shakllanib qolmaydi. Ularning vujudga kelishi va rivojlanishida aniq tarixiy, tabiiy va ijtimoiy omillar asos bo‘lishini hammamiz
yaxshi bilamiz.
Masalan, Sharq olamida, jumladan, o‘zimizning O‘rta Osiyo sharoitida jamoa bo‘lib yashash tuyg‘usi g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi va odamlarni bir-biriga yaqinlashtirishga, bir-birini qo‘llab-quvvatlab hayot kechirishga zamin tug‘diradi. Shu ma’noda, xalqimizning turmush va tafakkur tarziga nazar tashlaydigan bo‘lsak, boshqalarga hech o‘xshamaydigan, ming yillar davomida shakllangan, nafaqat o‘zaro muomala, balki hayotimizning uzviy bir qismi sifatida namoyon bo‘ladigan bir qator o‘ziga xos xususiyatlarni ko‘ramiz.
Misol uchun, tilimizdagi mehr-oqibat, mehr-muhabbat, mehr- shafqat, qadr- qimmat degan, bir-birini chuqur ma’no-mazmun bilan boyitadigan va to‘ldiradigan iboralarni olaylik. Qanchalik g‘alati tuyulmasin, bu iboralarni boshqa tillarga aynan tarjima qilishning o‘zi mushkul bir muammo.
Shuni aytish lozimki, bu tushunchalar kimdir shunchaki o‘ylab topgan shirin kalom, quloqqa xush yoqadigan so‘zlar emas. Bunday tushunchalar asrlar mobaynida el-urtimizning dunyoqarashi, ma’naviy hayotining negizi sifatida vujudga kelgan, ongu
shuurimizdan chuqur joy olgan buyuk qadriyatlarning amaliy ifodasidir.
Masalan, ezgu odatimizga aylanib ketgan mehr-oqibat tushunchasini oladigan bo‘lsak, uning juda teran tarixiy, milliy, diniy ildizlari borligini ko‘rish mumkin. Bu avvalo insonning inson bilan, qo‘shnining qo‘shni bilan, qarindoshning qarindosh,
oilaning oila bilan, eng muhimi, shaxsning jamiyat bilan uyg‘un bo‘lib yashashini, yetim-yesir, beva-bechora va nogironlarga, musofirlarga saxovat ko‘rsatish, sidqidildan, beg‘araz yordam berishni anglatadi va bunday xususiyat xalqimizning ma’naviy
olamiga singib ketganini hech kim inkor eta olmaydi.
Sharq xalqlari va yurtimiz ahliga mansub shunday belgi- alomatlar haqida gapirganda, ularning tarixiy-ijtimoiy zaminiga alohida e’tibor qaratish lozim, deb o‘ylayman.