O’zbekiston respublikasi oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi guliston davlat universiteti



Yüklə 0,98 Mb.
səhifə11/118
tarix16.10.2023
ölçüsü0,98 Mb.
#156187
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   118
portal.guldu.uz-Sharq falsafasi

«Avesta»ning axloqiy ta’limoti
«Avesta» ning axloqiy ta’limoti uch asosga: ezgu niyat, ezgu fikr va ezgu amalga tayanganligi yaqqol namoyon bo’ladi. Unda yaxshilik, barkamollik, hurfikrlilik, insonparvarlik kabi xislatlar yagona xudo – Axuramazda irodasi sifatida ko’rsatilgan. Insonning qadri yaxshilikning g’alabasi uchun kurashda befarq turmasligida, yashash tarzida, ma’naviy qiyofasida va ijtimoiy faoliyatida o’z ifodasini topgan.
Zardushtiylikning qonunlar majmuasida halollik, mehnatsevarlik, adolatlilik, fikr, so’z va amalda xolislik yuqori axloqiy me’yor asosi sifatida oldinga suriladi. Zardushtiylikning asosiy e’tiqodi uchlik qoidasida o’z aksini topgan: xayrli fikr (gumata), xayrli so’z (gukta) va xayrli ish (gvarishta). Bir qator olimlarning fikricha, bu uchlik qoidani qadimgi davrning mashhur faylasufi Demokrit zardushtiylikdan iqtibos qilgan. Zardushtiylik axloqining talabi insonning ruhiy va tanasining pokligidir. Zardushtiylik tinch va osoyishta, ittifoqlikda yashashni maslahat beradi, yaqinlarga nisbatan xayrixoh bo’lishni, bir-biriga yordam berishni, yomonlik bilan kurashishni, shafqatsizlik, shuhratparastlik, zo’ravonlik, o’zboshimchalik, hasad, tuhmatni mahkum etadi, g’azab va shahvotga berilmaslikni targ’ib etadi, berilgan va’daga vafo qilmaslikni, o’g’rilikni ta’qiqlaydi, tuzilgan shartnomaga rioya etishni, savdoda rostgo’y bo’lishni, qarzni o’z vaqtida to’lashni ta’kidlaydi.
Muhim axloqiy me’yorlarga quyidagilar kirgan: homiladorlik va ko’z yorish davrida ayol to’g’risida g’amxo’rlik qilish, turmush o’rtog’iga hiyonat qilishdan o’zni tiyish, erni ishlash, daraxtlar o’tkazish, suv va oziq-ovqat manbalarini toza saqlash, chorva boqish, bolalarni o’z vaqtida uylash va turmushga berish, muhtojlarga o’zidagi ortiqcha narsalar bilan yordam ko’rsatish, foydali hayvonlar haqida g’amxo’rlik qilish.
Avestaning eng qadimgi davrlarga oid qatlamlarida sinfiy jamiyatdan oldingi davrlarga xos bo’lgan demokratik g’oyalar va dehqon jamoalari manfaatini himoya qilish mayllari ko’zga tashlanadi. Keyinchalik unda quldorlar (Ahmoniylar davri) va feodallar (Sosoniylar davri) manfaati o’z ifodasini topdi.
Miloddan oldingi VI asrga taalluqli bo’lgan Zaratushtra ta’limoti islohotchilikka urinish bo’lib, o’z ifodasini qishloq xo’jaligi sohasidagi islohotlar g’oyasida topdi. Quldorlik munosabatlarining rivojlanih jarayonida dehqon jamoalarining xonavayron bo’lishi davom etdiki, ular manfaatini Zaratushtra himoya qilgan edi. Zaratushtra xalqning zo’ravonlik va talon-tarrojdan azob chekayotganligini hamdardlik bilan qayd etib, qonun va tartibga rioya etishga chaqiradi. Aynan qishloq xo’jaligi sohasidagi islohotlar g’oyasi uchun Zaratushtraga jamiyat tepasida turganlar qarshi chiqdilar. U qonundan tashqari deb e’lon qilindi, jamodan haydaldi, uning mol-mulki musodara qilindi1.
Zaratushtradan keyin, Avestaning keyin yozilgan qismlarida ilk demokratik g’oyalar yo’qolib, uning o’rniga ko’proq murosasozlikka asoslangan fikrlar paydo bo’ladi, boylik va hokimiyat sharaflanadiki, zardushtiylikni shakllanayotgan hukmron sinf bo’lgan quldorlar manfaati uchun tadrijiy ravishda o’zgara borganligidan guvohlik beradi. Zardushtiylikda o’sha davrdagi jamiyatning huquqiy va axloqiy tizimi o’z aksini topgan.
Zaratushtra ta’limoti Markaziy Osiyo va Erondan boshlab Qora dengiz va Misrgacha yoyilgan edi. Ushbu ta’limotga ko’ra, oliy xudo - Xoliq va unga qarshi turgan va unga bo’ysunmaydigan yovuz kuchlar mavjud. Xaliq dunyoni muayyan maqsadda yaratgan, ammo hozirgi holatda bu dunyoning intihosi bo’lib, bu haqda dunyoning najotkori kelib, undan xabar beradi. Jannat va do’zax mavjud bo’lib, har bir ruh kishi vafotidan so’ng sudga tortiladi. Zamonlar oxirida o’lganlar tirilib, Qiyomat qoyim bo’ladiki, o’shanda barcha gunohkorlar yakson qilinadilar. So’ngra Er yuzida Xudoning saltanati barqaror bo’ladi va taqvodor kishilar bu saltanatga kiradilar (ushbu saltanat forscha so’z bo’lgan «paradayza» - jannat deb ataladi) va xudo huzurida ruhiy va jismoniy jihatdan abadiy qolib, doimiy baxt-saodat va huzur-halovatda bo’ladilar.
Bu tasavvurlar turli yahudiy mazhablari tomonidan o’zlashtirildilar. Yahudiylik va zardushtiylik juda ko’plab jihatlari bilan bir-birlariga o’xshashdir. O’xshashlik bo’ysundirilgan xalqning (yahudiylarning) o’z buyuk homiylariga (forslarga) bo’lgan hurmati tufayli yanada kuchayib, zardushtiylik yahudiylikka ta’sir o’tkazishga imkon berdi.
Bu haqda parfyanlar davrida yaratilgan manbalar guvohlik beradiki, unda xristianlik, gnostik mazhablar va Shimoliy buddaviylik ham o’zlarida Zaratushtra ta’limotining Axmoniylar imperiyasining barcha viloyatlarida qoldirgan chuqur ta’sirini saqlab qolgan.

Yüklə 0,98 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   ...   118




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin