Braxmanizmning paydo bo’lishi va rivojlanishi Eramizdan avvalgi II minginchi yilning oxirlariga kelib, temir qurollarning tarqalishi natijasida Gang vohasida yashovchi xalqlar dehqonchilik bilan shug’ullana boshlashgan. Ular o’rmonlarni kesib, botqoqlik erlarni qurita boshlashdi. Ko’chmanchi chorvadorlar uchun ovchilikka nisbatan o’troqlashgan dehqonchilik ustun turar edi. Gang vohasida yashovchilarning iqtisodiy hayotlarining asosini dehqonchilik tashkil etardi.
Eramizdan avvalgi II minginchi yilning oxiri va I minginchi yillarning boshida jamiyatda tashkil topayotgan mafkuraviy hayotda buyuk o’zgarishlar yuz bera boshladi. Keyinchalik hind jamiyatida o’z ijtimoiy vazifalariga binoan teng huquqli kishilar to’rt guruhga yoki varnalarga bo’lina boshlandi, ya’ni Braxmanlar (davlat rahbarlari va donishmandlar), Kshatriylar (harbiylar). Vayshyalar (noz-ne’matlarni yaratuvchi kishilar) va Shudralar (jamiyatdagi eng og’ir va iflos ishlarni bajaruvchilar) (1-ilova). Bu tabaqalar bir-birlaridan ijtimoiy mavqelari, haq-huquqlari va bajaradigan ishlari bilan farqlanadilar.
Hindistonda bu davrda Braxmanizm etakchi dinga aylangan edi. Dunyoda birdan bir reallik (mavjudlik) bu Braxma, ya’ni Braxma xudosidir. U birdan bir real dunyoviy ruh, shaxssiz, sifatsiz ilohiy substantsiya, hayot manbai, barcha borliqning asosidir. Braxmanizm dinida “Karma” haqida ta’limot yaratildi. Bu ta’limotga asosan jon bir tanadan ikkinchi tanaga o’tib yurishi ta’kidlangan. Karma qonuniga binoan inson foniy dunyoda qilgan xatti-harakatlari uchun narigi dunyoda javob beradi.
Braxmanizmda Braxma xudosi – olamni yaratuvchi bo’lib, unga qurbonlik keltirishni buyurgan. Braxmanlar o’zlarini odamlar orasida eng yaxshilari deb, inson qiyofasidagi xudolar,deb bilib, jamiyat fuqarolari esa, ularga bo’ysunishlari shart deganlar. Braxmanizm dini keyinchalik Hindiston bo’ylab yoyildi. Ilk O’rta asrlarga kelib, Hindistonda yangi din – hinduizm shakllanib, u butun Hindiston bo’ylab yoyildi.