3.2. Bug‘lanishning fizik mohiyati Bug‘lanishning mohiyati shundan iboratki, suyuq yoki qattiq holatdagi suv gaz(bug‘) holatiga o‘tadi. Bug‘lanish jadalligi bug‘lanuvchi yuzaning haroratiga bog‘liq. Temperatura qancha katta bo‘lsa, suv molekulalari shuncha tez harakat qilib, o‘zaro molekulyar tortishish kuchini yengadi va atmosferaga o‘tadi. Shu tarzda bug‘langan suv molekulalarining bir qismi balandlikka ko‘tarilish jarayonida to‘yinish nuqtasiga yetib, o‘zaro birlashadi va og‘irlik kuchi ta'sirida yer sirtiga tushadi. Bu jarayon kondensatsiya deyiladi.
Suv molekulalari atmosferaga o‘tgach, gravitatsion kuchlar ta'sirida yuqoriga ko‘tarila boshlaydi. Ularning o‘rnini esa suv yuzasidan yangi ajralgan molekulalar egallaydi. Bu jarayon diffuzion bug‘lanish deyiladi.
Agar bug‘lanuvchi yuzaga yaqin balandlikda ma'lum omillar(shamol, temperatura farqi) ta'sirida yuzaga kelgan ko‘tariluvchi yoki pasayuvchi havo oqimlari mavjud bo‘lsa, bug‘lanish jadallashadi. Bu jarayon konveksion bug‘lanish deyiladi.
Bug‘lanish jadalligi namlik yetishmasligiga bog‘liq. Namlik yetishmasligi(d) berilgan temperaturada havoda mavjud bo‘lgan suv bug‘larining miqdori-mutlaq namlik(e200) bilan shu temperaturada to‘yingan suv bug‘lari(ye0) farqi sifatida aniqlanadi:
d = е0- е200 .
Mutlaq (absolyut) namlik deb 1 m3 havoda mavjud bo‘lgan gramm hisobidagi suv bug‘lariga aytiladi. Mutlaq namlikni suv bug‘larining elastikligi sifatida mb da ham ifodalash mumkin. Uning qiymati meteorologik stansiyalarda qurilma balandligi-2 metrda o‘lchanadi va shuning uchun e200 ko‘rinishida belgilanadi.
To‘yingan suv bug‘larining elastikligi(e0) meteorologik stansiyada qayd etilgan havo temperaturasi bo‘yicha maxsus jadvaldan aniqlanadi(2.2-jadval).
Qor va muzliklar yuzasidan bug‘lanish jarayonida qattiq holatdagi suv molekulalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri gaz holatiga o‘tadi. Bu jarayon vozgonka deb ataladi.
Suv bug‘larining qor qoplami va muzliklar yuzasida kondensatsiyalanishi sublimatsiya deyiladi.
Bug‘lanish bevosita suv yuzasidan va yer sirti-quruqlikdan bo‘lishi mumkin. Ular miqdori va jadalligi jihatidan keskin farq qiladi.
Yer sirti-quruqlikdan bo‘ladigan yalpi bug‘lanish quyidagilardan tashkil topadi:
1) tuproqdan bug‘lanish;
2) o‘simliklar orqali bug‘lanish-transpiratsiya;
3) o‘simlik qoplami tanasida ushlab qolingan yog‘inlar hisobiga bug‘lanish.