faoliyati, ijtimoiy institut va jarayonlar, konsepsiyalar, me’yoriy-huquqiy hujjatlar bo‘lishi mumkin. Jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazish lozim bo‘lgan ob’ektlarning barchasini sanab o‘tish juda ko‘p vaqt talab qiladi. Umumlashtirib aytganda, jamoatchilik ekspertizasining ob’ekti davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining qonunlarga mosligi yoki mos emasligidan tashqari, ijtimoiy, siyosiy ahamiyatga molik barcha faoliyat va jarayonlar bo‘lishi mumkin. Lekin jahondagi mamlakatlar o‘z taraqqiyotining turli bosqichlaridagi ehtiyojlaridan kelib chiqib jamoatchilik nazoratining turli qirralari yoki ob’ektlariga oid qonunlar qabul qilishi mumkin. Jamiyat, ijtimoiy guruh yoki alohida shaxslar hayoti va faoliyatiga ijobiy yoki salbiy ta’sir o‘tkazishi mumkin bo‘lgan har qanday hujjat va qarorlar ekspertizadan o‘tkazilishi mumkin. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari qabul qilgan yoki qabul qilmoqchi bo‘lgan qarorlar quyidagi hollarda ekspertizadan o‘tkazilishi tavsiya etiladi: - qabul qilingan yoki qilinayotgan qarorlarning aholi hayot faoliyatiga va turmush darajasiga o‘tkazadigan ta’siri miqyosini aniqlash zarur bo‘lganda; - qabul qilingan qarorni amalga oshirishning oqibatlari turli ijtimoiy guruhlar, turli hududlar hayotida vujudga keltiradigan oqibatlari qay darajada turli-tuman bo‘lishi mumkinligini aniqlash zarur bo‘lganda; - qabul qilingan qaror va hujjatlar to‘g‘risida turli-tuman, bir-biriga zid fikrlar mavjud bo‘lganda; - qabul qilingan yoki tayyorlangan qaror etarli asoslanmaganda. Uning ijobiy va salbiy oqibatlari qanday bo‘lishi aniq bo‘lmaganda; - qaror qabul qilayotgan organ mazkur qarorning oqibatlarini bashorat qilishga ehtiyoj sezganda; - bir-biriga zid bo‘lgan qaror variantlari mavjud bo‘lganda.