Fakultet o‘quv-uslubiy kengashi raisi prof.Abdiyev M.
Kelishildi:
O‘quv-uslubiy boshqarma boshlig’i dots. B. Aliqulov
Kirish
Maktab ta`limi tarixida nimani o‘qitish va qanday o‘qitish masalalari asosiy muammolardan biri bo‘lib keldi va shunday bo‘lib qolmoqda. Bular garchi alohida-alohida masalalar sanalsa-da, ammo aslida bir-biri bilan chambarchas bog`langandir. Ta`lim samaradorligi ma`lum darajada ana shu ikki masalaning o‘z yechimini to‘g`ri topa olishi bilan belgilanadi.
O‘rta umumta`lim maktablarida ona tilidan o‘quvchilar nimani o‘rganishlari va nimalarni bilishlari lozimligi bugungi kunda ham hali uzil-kesil hal bo‘lgan masala emas. Chunki uzoq yillar davomida biz maktabda o‘rganiladigan barcha fanlar qatori ona tilidan ham mutlaq dastur va darsliklar yaratishni ma`qullab, uni tubdan yangilash, o‘zgartirishga qaratilgan har qanday harakatni qoralab keldik. Bu ona tilidan ta`lim mazmunining deyarli bir nuqtada depsinishiga, 50-yillarda maktab darsliklaridan o‘rin olgan nazariy talqinlarning ayrim juz’iy o‘zgarishlar bilan yildan-yilga ko‘chirilishiga sabab bo‘ldi. Maktab ona tili dasturlari va darsliklarida mavjud bo‘lgan akademizm, grammatizm va berilgan til hodisalarining o‘quvchi amaliy faoliyatidan ajralib qolganligi uni o‘rganish imkoniyatlarini cheklab qo‘ydi, o‘quvchilarning bu fanni katta qiziqish bilan o‘rganishlariga salbiy ta`sir ko‘rsatdi.
Biz til hodisalarini o‘quvchining ijodiy fikrlashi, fikr mahsulini nutq sharoitiga mos ravishda og`zaki, yozma shakllarda to‘g`ri, ravon ifodalash ko‘nikmalarini shakllantirish va rivojlantirish, talaffuz, imlo va punktuatsion savodxonlikka erishish nuqtai nazaridan kelib chiqib tanlashimiz lozim.
Fanning maqsad va vazifalari. O‘zbek tili mustaqil O‘zbekistan Respublikasining davlat tili bo‘lib, uning o‘rta umumta`lim maktablarida o‘qitilishi davlat ahamiyatiga molik masala sanaladi. Yoshlarda ijodiy tafakkur, ijodiy izlanish, ko‘pgina imkoniyatlardan eng maqbulini tanlay olish ko‘nikmalarini shakllantirish va rivojlantirish, ularni milliy qadriyatlarimiz, udum va an`analarimiz ruhida tarbiyalashda ona tili fanining tutgan o‘rni va imkoniyatlari benihoya kattadir. Ayniqsa, mustaqil respublikamiz uchun tadbirkor va ijodkor insonni tayyorlash masalasi ko‘ndalang bo‘lib turgan bir sharoitda bu fanning o‘qitilishi yanada muhimroq ahamiyat kasb etadi.
Ammo, afsuski, o‘rta umumta`lim maktablarida ona tilining o‘qitilishini talab darajasida deb bo‘lmaydi. Buning bosh sabablaridan biri shundaki, biz inson ongini, uning tafakkurini rivojlantirishda ona tilining tutgan o‘rniga noto‘g`ri baho berib keldik. Ongni, tafakkurni shakllantirish ijtimoiy fanlarning vazifasi deb bilib, maktabda ona tilidan ta`lim mazmunini ona tili qurilishining ilmiy talqini, grammatikani o‘rganishdan iborat deb hisobladik. Natijada o‘quvchi 750 dan ziyod grammatik tushuncha va ta`riflarga duch kelib, turli hajm va murakkablikdagi ko‘plab topshiriqlarni bajarsa-da, ammo og`zaki va yozma savodxonligi sezilarli o‘zgarmayapti. Uquvchilarning ko‘pchilik qismida ijodiylik, mustaqil fikrlash, ijodiy fikr mahsulini nutq sharoitiga mos ravishda og`zaki, yozma shakllarda to‘g`ri, ravon ifodalash ko‘nikmalari hamon past saviyada qolib kelmoqda. Bu holning asosiy sabablarini faqat o‘qituvchiga to‘nkash yoki maktablarning, moddiy-texnikaviy qashshoqligidan izlash adolatsizlik bo‘lardi.
Dostları ilə paylaş: |