Savollarni ifodalash. Savollarni tuzish uchun «ishchi material» sifatida tushunchalar interpretasiyasi7 va opreasionalizasiyasi natijasida olingan indikatorlar xizmat qiladi. Indikatorlar atrofida savollar konstruksiyasi «to’planar» ekan, ular (indikatorlar) bir qator talablarga javob berishi lozim:
a) empirik8 xarakterdagi ma’lumotni qayd etishga qodir bo’lishi;
b) turli toifadagi respondentlarning tushunishi uchun oson bo’lishi;
v) ishchi taxminlar (farazlar)ni tekshirish uchun foydali bo’lishi.
Empirik ma’lumot xarakteriga ko’ra indikatorlar quydagi tiplarga ajratiladi:
- faktga asoslangan (faktologik, qayd etuvchi, tasdiqlovchi) – xususiyat, hodisa, voqyealar, ularning biror bir tomonlarining mavjudligi (mavjud emasligi)ni qayd etish imkonini beruchi indikatorlar;
- miqdoriy – hodisaning miqdoriy ko’rsatkichlarini (chastotasi, o’lchovi, masshtabi va shu kabilarni) qayd etish imkonini beruvchi indikatorlar;
- baholovchi – xossalar namoyon bo’lishning darajasi, sifatiy holati, ahamiyati, yetukligining repondent tomonidan baholanishining empirik tushunchalarda aks etishi;
- prognostik – respondent tomonidan obyektning kelajakdagi holati, ularning o’zgarish tendensiyasi, hodisalarning oqibati to’g’risidagi subyektiv tasavvurlarini qayd etish imkonini beruvchi indikatorlar.
Mazkur tiplar asosida esa birlashtirilgan (kombinasiyalashgan) indikatorlar tuzilishi mumkin. Indikatorlar qachonki shkalalar bilan to’ldirilsagina o’z vazifasini bajarishlari mumkin. Shkala deb instrumentariyning ma’lumotni qayd etish va keyinchalik matematik qayta ishlanishini ta’minlash imkonini beruvchi o’lchaydigan qismiga aytiladi.
Sosiologik instrumentariy shkalasiz o’z ma’no-mazmunini yo’qotadi. Biroq, ma’lum bir holatlarda shkala instrumentariyalarda yaqqol mavjud bo’lsa (sosiologik anketa, so’rov varaqasi, intervyu savollari to’plamida – yopiq va yarim yopiq javob varianti ko’rinishida), boshqalarida u bevosita instrumentariyga kiritilmaydi (agar instrumentariy ochiq savollar yordamida shakllantirilsa) va u oldindan ishlab chiqilib, tadqiqot natijalarini qayta ishlash jarayonida qo’llaniladi.
Indikatorlar va shkalalarning o’zaro nisbati turlicha bo’lishi mumkin. Shkalalar ma’lum bir tartibda tuzilgan va guruhlashtirilgan indikatorlarni tashkil etishi mumkin va bu holda indikatorlar shkalalar vazifasini bajaradi. Boshqa variantda shkalalar agarda indikatorlar ko’rsatkichlarning maxsus to’plami bilan to’ldirilganda hosil bo’lishi mumkin. Shkalalarga quyidagi asosiy talablar belgilanadi:
a) to’liqligi va sezuvchanligi, ya’ni shkalaga holat, xususiyat, baholarning namoyon bo’lishi turli darajalarini qayd etish imkonini beruvchi optimal (kam ham, ko’p ham bo’lmagan) to’plamining kiritilishi;
b) indikator va shkalaning muvaffaqiyatli (tushunarli) o’zaro bog’liqligi;
v) shkalaning validligi, ya’ni tadqiqot vazifalarini bajarish uchun zarur bo’lgan aynan o’sha ma’lumotni qayd etishga qodirligi;
g) shkala tipi va turining aniqligi. Shkalaning tipi qo’llanilgan ko’rsatkichlarning shakli bilan belgilanadi. Ko’rsatkichlar sifatida so’zlar ishtirok etadigan shkalalar verbal9 deb nomlanadi. Ko’rsatkichlar son bilan belgilangan shkalalar – sonli, agarda sonli ko’rsatkichlar grafikli elementlar bilan to’ldirilsa – grafikli shkalalar sifatida nomlanadi. Ko’rsatkichlarning o’zaro nisbatiga ko’ra shkalalar quyidagicha bo’lishi mumkin:
- nominal shkala (bunday shkalalarning ko’rsatkichlari «ko’p-oz», «yaxshi-yomon» ko’rinishidagi bog’liqlikni aks ettirmaydi);
- rang bo’yicha shkala (bunday shkalalarning ko’rsatkichlari «ko’p-oz», «yaxshi-yomon» ko’rinishidagi bog’liqlikni aks ettiradi);
- intervalli shkala - (bunday shkalalarning ko’rsatkichi obyekt xususiyatini ma’lum bir oraliqda qayd etish imkonini beradi).
Nominal shkalalar verbal shkalalarga tegishli bo’lib, ular indikatorlarning birikuvi asosida hosil bo’ladi. Rang bo’yicha shkalalar ham verbal va ham sonli ko’rinishda bo’lishi mumkin. Intervalli shkalalar esa sonli va grafikli bo’lishi mumkin.
Shkalalarni ishlab chiqish anketani, so’rov varaqasni yoki boshqa bir instrumentariyni yaratishning eng ko’p mehnat talab qiladigan qismini o’zida aks ettiradi. Bundan so’ng esa tanlab olingan indikatorlar va tuzilgan shkalalarni faqatgina tahrirlash va ifodlarga sosiologik savollar tusini berishgina qoladi.
Instrumentariyda qo’llaniladigan barcha savollarni funksiyasiga ko’ra (asosiy va yordamchi) va tuzilishiga ko’ra (ochiq, yopiq, matrisali) tasniflash mumkin. Asosiy (predmetli) savollar ishchi taxminlarni (farazlarni) tekshirish uchun zarur bo’lgan ma’lumotga ega bo’lish imkonini berasa, «pasport» qismi savollari - respondentning ijtimoiy-demografik ko’rsatkichlari bo’yicha ma’lumot to’plash imkonini beradi.
Yordamchi (funksional) savollar quyidagicha bo’lishi mumkin:
- kontakt-aloqa (anketa savollariga respondent tomonidan samimiy javoblar berilishiga psixologik yo’naltirish uchun);
- filtir-savollar (ma’lum bir toifadagi respondentlar uchun tegishli bo’lgan ma’lumotni ajratish uchun);
- nazorat savollari (qaysidir oldingi savolga berilgan javobning samimiyligini tekshiri uchun);
- «qopqon»-savollar (umuman olganda respondentning anketa savollariga javob berishi jarayonida samimiy va vijdonan yondashganligini aniqlash imkonini beruvchi savollar. Odatda bunday savollar mazmunida asilida yo’q va bo’lishi ham mumkin bo’lmagan voqyea va hodisalar ifodalanadi).
Shu bilan birga savollar tarkibiga kundalik turmushda keng qo’llaniluvchi, oddiy va tushunarli atamalar kiritilishi lozim. Bu o’rinda savollar quyidagi talablarga javob berishiga ishonch hosil qilish lozim:
- leksik jihatdan yetarlicha aniq, o’rganish obekti bilan uzviy bog’liq bo’lishi;
- ortiqcha so’zlar bilan ko’mib tashlanmagan, uzundan-uzoq bo’lmasligi;
- mazmunan bir ma’noga ega bo’lishi va respondent tomonidan aynan shu ma’noda tushunilishi;
- qandaydir tinish belgisi sababli ikkilamchi ma’no hosil bo’lmasligi.
Qadriyatlar yo’nalishi, ustanovkalar, siyosiy xulq-atvorni aniqlaydigan savollarda ko’pincha mavhum (abstrakt), empirik indikator darajasiga yetkazilmagan tushunchalar, masalan, «ijtimoiy adolat tamoyili» va shu kabilar qo’llanilishini kuzatish mumkin. Bunday tushunchalarning aniq mohiyatini anglamagan respondent tavakalliga javob beradi. Xuddi shunday natijaning qisqartma (abbreviatur) so’zlar: MOU (SDO) – markaziy ofiserlar uyi, MIB (ODO) – mudofaa ishlari bo’yicha bo’lim kabilarning rasshifroka qilinmasdan berilganida ham yuz berishi ehtimoldan xoli emas. Quyida keltiriladigan namunalar, aytib o’tilganlarga misol bo’lishi mumkin. Savolda qo’llanilgan so’zlarning bir ma’noda izohlanmasligi mazkur holatda ham namoyon bo’lishi mumkin: «Qaysi turdagi oyoq kiyimini afzal ko’rasiz?». Bunda «tur» so’zi ostida respondent buyumning bichimi (fasoni)ni ham, markasi (ishlab chiqaruvchisi)ni ham, ishlab chiqarilgan mamlakatni ham tushunishi mumkin. Shu bilan birga, bu holatda qaysi faslga xos bo’lgan oyoq kiymi haqida so’z borayotgani ham noma’lum. «Bizning mamlakatimizda hozirgi bosqichda ijtimoiy munosabatlarda ijtimoiy tenglik tamoyilining birinchi o’rinda turishini muhim deb hisoblaysizmi yoki imkoniyatlar tengligi tamoyili utivor bo’lishi kerakmi?» ko’rinishidagi savol nafaqat uzundan-uzoq, balki haddan ortiq mavhum ham. Eslatib o’tilgan har ikkala tamoyilni respondentlar turlicha izohlashlari mumkin.
«Qanday hisoblaysiz, qo’mondonlik u yoki bu hodisalarga o’z vaqtida fikr bildiradimi?» savoli bir ma’noli emas. Chunki, qo’mondonlik ostida ham Mudofaa vazirligi va ham harbiy okrug yoki harbiy qism qo’mondonligi tushunilishi mumkin. Shuningdek, bu o’rinda respondent qaysi hodisa haqida so’z borayotganligi masalasida o’ylanib qolishi mumkin.
Agarda yetarlicha nozik, qaltis masalalar (daromadlar, insonlar o’rtasidagi munosabatlar, deviant10 xulq-atvor) haqida so’z borsa, bu o’rinda bilvosita (shamali) savollarga murojaat qilinadi.
Anketa savollarini tuzilishi, shakli va javoblar xarakteri bo’yicha tasniflash mumkin (2-rasm). Ushbu tasnif nafaqat anketalarda, balki intervyuda ham qo’llanilishi mumkin.