Formal mantiq metodologiyasi. Tilshunoslikda lisoniy sistemalarni o‘rganish borasida turli davrda har xil maqsad va vazifalar dolzarblik kasb etgan. Masalan, o‘zbek formal (an’anaviy) tilshunosligi oldiga til sistemalarini aniqlash vazifasi qo‘yilgan. Bu vazifa o‘zbek adabiy tili (nutqi) me’yorlarini ishlab chiqish va ommalashtirish maqsadiga bo‘ysundirilgan holda olib borilgan. Fonetik (fonemalar), morfemik (morfemalar), leksik (leksemalar) va sintaktik sistemalar (gap turlari, gap bo‘laklari sistemasi) aniqlanib, an’anaviy asoslardagi darslik va qo‘llanmalar yaratilgan, imlo, talaffuz, izohli va boshqa lug‘atlar tuzilib, akademik grammatika nashr etilgan. Bu davr tilshunosligi uchun formal mantiq tamoyillari, xususan, uning uchinchisini istisno qonuni asosiy metodologik tayanch vazifasini o‘tagan.
Dialektik mantiq metodologiyasi.O‘zbek substansial tilshunos-ligi oldida lisoniy sistemalarni tashkil etuvchi sistem munosabatlarni ochish va shu asosda lisoniy birlik tabiatini tushuntirish vazifasi turar edi. Bu esa maxsus abstrakt bilish metodologiyasi – dialektik mantiq tadqiq tamoyillari asosida amalga oshirildi. Lisoniy birliklar tabiati, ularni birlashtiruvchi sistemaviy munosabatlar – lisoniy ziddiyatlar atroflicha tadqiq qilindi. Bunda, ko‘proq dialektikaning nisbatli kategoriyalari bilan birga, inkorni inkor, qarama-qarshiliklar birligi va kurashi qonunlariga tayanish ustuvorlik qildi. Mazkur qonunlar ko‘proq ijtimoiy hayotda hukmronlik qilgan antagonizm, sinfiylik tamoyillariga muvofiq edi. Qonunlarning uchinchisi – miqdor o‘zgarishlarining sifat o‘zgarishlariga o‘tish qonuni esa o‘zida borliq hodisalaridagi ziddiyatlarni emas, balki qutbiy “murosa”ni aks ettirganligi uchun murosasizlikka asoslangan ijtimoiy hayotda o‘z metodologik maqomidan har doim “mahrum” bo‘lib keldi.
Bugungi kunda o‘zbek tilshunosligida lisoniy ziddiyatlarni tadqiq qilishdan, qarama-qarshi qutblarni zid qo‘yishdan ko‘ra, ularni bog‘lovchi, ziddiyatlar so‘nuvchi nuqtalarga e’tibor qaratish ustuvorlashdi. Bu ijtimoiy hayotda dialektik miqdor o‘zgarishlarining sifat o‘zgarishlariga o‘tish qonuniga metodologik asos sifatida tayanish zarurati kuchayganligi bilan belgilanadi. Zero, masalan, mamlakatimizda ijtimoiy qatlamlar orasida hamjihatlik va hamkorlikka erishish, yangi iqtisodiy munosabatlarga bosqichma-bosqich o‘tish milliy istiqlol mafkurasining asosiy tamoyillaridan biridir.
Zid qutblarni birlashtiruvchi nuqtalarga e’tibor qaratish ehtiyoji o‘zbek substansial tilshunosligini yangi sifat bosqichiga ko‘tardi. Natijada miqdor o‘zgarishlarining sifat o‘zgarishlariga o‘tish qonuniga tayanuvchi graduonimik tilshunoslik shakllana boshladi.