Toʻrtinchi ma’ruza
O‘ZBEK TILINING LINGVOKULTUROLOGIK TADQIQI MUAMMOLARI.TIL VA MADANIYAT MUNOSABATI. O‘ZBEK PARALINGVISTIK VOSITALARI
Reja:
1. Til va madaniyat mushtarakligi. Til madaniyatning tarkibiy qismi sifatida. Til madaniyat ifodalovchisi va tashuvchisi sifatida. Tilning nisbiy mustaqilligi.
2. Madaniyatlar dialogida tilning funksiyasi. Til birligining madaniy semasi masalasi.
3. Etnik madaniyat va muloqot madaniyati muammolari.
Tayanch tushunchalar
Tilning amaliy voqelanishi, tilning amaliy voqelanishi tahlili asosi, inson omili, tilning akkumulyativ vazifasi, til bilim – manbai, kognitiv konsept, lingvokulturologik konsept, lingvokulturema, til va madaniyat, tilda milliy-madaniy mundarija, semantikaning milliy-madaniy o‘ziga xosligi, milliy mansublik semasi, kompyuter lingvistikasi, korpus tahlil
XX asrning 80-yillarida respublikamiz va sobiq ittifoq matbu-otida sohaning etakchi mutaxassislari tomonidan o‘zbek tilshunosligining dolzarb masalalari bo‘yicha vazifalari e’lon qilingan va unda o‘zbek tilshunosligi o‘zining faktografik bosqichiga yakun yasaganligi, bu esa to‘plangan empirik dalillarni muayyan bir metodologiya asosida nazariy o‘rganishni taqozo qilayotganligi ta’kidlangan edi. Natijada o‘zbek tilini sistema sifatida o‘rganish, boshqa tillar andozalaridan xoli ravishda, ichki ontologik tabiatidan kelib chiqqan holda tadqiq qilish, to‘plangan nutqiy dalillar asosida tildagi lisoniy umumiyliklarni aniqlashga kirishildi. Keng planda ilmiy-tadqiqot ishlari olib borildi. Pirovardida 50 dan ortiq nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari himoya qilindi. Ularda o‘zbek tilining fonetik, leksik, grammatik sathlari sistem tadqiq usullari asosida ilmiy tekshirildi, tegishli xulosalarga kelinib, o‘zbek tilining yaxlit sistemaviy ta’limoti yaratildi. Tor tilshunoslik oqimi sifatida ish boshlagan soha o‘zbek substansial lingvistikasi maqomini olib, jahon tilshunosligi tomonidan e’tirof etildi va, hatto, Evropa tilshunosligiga ta’sir ko‘rsata boshladi (Qarang: “O‘zbekiston ovozi” Gazetasi, 2008 yil, 29 yanvar).
O‘zbek substansial tilshunosligi qo‘lga kiritgan natijalar asosida qator monografiya va o‘quv qo‘llanmalari, darsliklar vujudga keldi. Fundamental va innovatsion tadqiqotlar bo‘yicha grantlar qo‘lga kiritildi. O‘zbek filologiyasi bakalavri yo‘nalishining umumkasbiy fanlari bo‘yicha namunaviy o‘quv dasturlari yaratildi. Erishilgan yutuqlar amaliyotga tatbiq etildi.
Nazariyaning amaliyotga muvaffatsiyatli tatbiqi o‘zbek substansial tilshunosligi oldiga qo‘ygan pirovard vazifa edi. Bu vazifani u yuksak darajada ado etdi.
O‘zbek formal (an’anaviy) tilshunosligi zaminida shakllangan, taraqqiyot yo‘lini tanlagan va belgilangan maqsad asosidagi vazifalarini muvaffatsiyatli ado etgan o‘zbek substansial tilshunosligining hozirgi holati fanimizda yangi yo‘nalishlarning shakllanishini taqozo qilmoqda. Ular diqqat-markazida “lison-nutq” masalasini turli daraja va ko‘rinishda namoyon qiluvchi “til va jamiyat”, “til va madaniyat”, “til va shaxs”, “milliy til va milliy tafakkur”, “til va sun’iy intellekt” kabi substansial asoslarda hal qilinuvchi muammolar turadi. Jahon tilshunosligida XX asr so‘ngida shakllanib, jadal rivojlanayotgan fanning yangi paradigmalari – lingvopragmatika, psixolingvistika, lingvokulturologiya, lingvokog-nitologiya, kompyuter lingvistikasi, korpus lingvistikasi kabi ilg‘or fan yo‘nalishlari aynan shu masalalar tadqiqi bilan shug‘ullanmoqda.
Istiqlol natijasi o‘laroq, o‘zbek tilshunosligi tom ma’noda mustaqil milliy fan sifatida o‘zini namoyon qildi. Eng muhimi, tilimizning milliy tabiatiga to‘laqonli ilmiy-nazariy baho berildi. Qo‘lga kiritilgan nazariy yutuqlar til qurilishini o‘rganishdan uning voqelanish xususiyatlarining keng qamrovli tadqiqiga o‘tish uchun katta imkoniyatdir. Bu esa o‘zbek tilini yangi va zamonaviy, ilg‘or va samarador tadqiq usullari asosida tekshirishni kun tartibiga qo‘ymoqda.
Dostları ilə paylaş: |