Til va madaniyat mushtarakligi muammosi. Tilda milliy mentali-tetning aks etishi tilshunoslik, falsafa kabi fanlarning azaliy va hamisha navqiron mavzusi. Biroq ma’lum vaqt bu muammo tilshunosligimizda chetlab o‘tilganligi sir emas. SHu bois Prezidentimiz Islom Karimov «Fidokor» Gazetasi muxbiri savollariga bergan javobida: “Ona tili – millatning ruhidir. Jamiki, ezgu fazilatlar insonga ona allasi, uning betakror jozibasi orqali singadi”, – deya bunga alohida urg‘u bergan edi. Bu esa til va madaniyat muammosini tilshunoslik kontekstida o‘rganishning dolzarb-ligini belgilaydi.
Tilshunosligimizning shakllanajak lingvokulturologiya yo‘nalishi asosiy diqqatini til madaniyatni o‘z birliklariga qanday singdirishi va ifodalashi, saqlashi va namoyon qilishi muammolariga qaratadi. Lingvokulturologik yo‘nalishning shakllanishi va taraqqiyoti madaniyat tushunchasini til va jamiyat yaxlitligining o‘ziga xos shakli sifatida tushunishga intilish kuchayganligi bilan belgilanadi. Bunda til milliy madaniyat, millat mentallikni talqin etish vositasi sifatida namoyon bo‘ladi.
O‘rganilgan ma’lumotlarga ko‘ra aytish mumkinki, bugungi kunda lingvokulturologiya bir necha yo‘nalishga ega: frazeologik, konseptologik, leksikografik, uslubiy, lingvodidaktik kabi. Barcha yo‘nalishlardagi umumiy jihatlarga e’tibor qilinsa, hozirgi zamon lingvokulturo-logiyasining o‘rganish predmeti ikki har xil kod – til va madaniyatning o‘zaro munosabatidan hosil bo‘luvchi lisoniy birliklarning madaniy semantikasini o‘rganish tashkil etadi, zero, har bir shaxs bir vaqtning o‘zida madaniy shaxs hisoblanadi. SHuning uchun til belgilari til sohiblarining umuminsoniy va madaniy-milliy mentalligini aks ettiruvchi madaniyat “tili” funksiyasini bajarish qobiliyatiga ega. Lingvokulturologiyaning vazifasi til birligining til sohibiga ma’lum yoki maxsus tahlil bilan tiklanadigan madaniyat “kodlari”ga munosabati asosidagi madaniy qiymati, ya’ni “madaniy bilim” ni bayon etishdan iborat. «Madaniy» belgili birlik sifatida tilshunoslikda lingvokul-turema tushunchasidan foydalanilmoqda. Lingvokulturema sathlar bo‘yicha yoyilgan majmuaviy birlik bo‘lib, uning shakli [nomema+lisoniy ma’no], mazmunini esa [lisoniy ma’no+madaniy mazmun] ko‘rinishida tasavvur qilinadi. Lingvokulturemani tushunish uchun tadqiqotchi katta e’tiborni, uning mundarija unsuri sifatidagi ma’noda imkoniyat sifatida qatnashuvchi ichki madaniy mazmunga qaratadi. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, lingvokulturema sifatida o‘z va o‘zlashma qatlam birliklari, jonivor, o‘simlik, shaxs nomlari, barqaror birliklar, tildagi metaforik va obrazli leksika, tilning uslubiy xazinasi, miflashgan madaniy-lisoniy birliklar, tilda aks etgan urf-odat, ritual va marosim, nutqiy axloq va odob kabilar namoyon bo‘ladi.
Lingvokulturologiyada mohiyati til va madaniyatning uzviy aloqasi bilan belgilanadigan milliy-madaniy aspekt alohida o‘rin tutadi. Milliy-madaniy o‘ziga xoslik shunda namoyon bo‘ladiki, tillar inson ichki olami har xilligini, uning borliq hodisalariga ijobiy va salbiy munosabatini baholashi bilan farqlanadi. SHuni ta’kidlash joizki, lingvistik adabiyotlarda lisoniy birliklarning milliy-madaniy seman-tikasini ifodalovchi terminologik rang-baranglik mavjud: milliy-mada-niy mundarija, milliy xususiyat, milliy o‘ziga xoslik, milliy madaniyat xususiyatlari, semantikaning milliy-madaniy o‘ziga xosligi, milliy mansublik semasi, ma’noning madaniy uzvi, madaniy koeffiqient va h.
Xullas, istiqlol natijasi o‘laroq, respublikamizda milliy madaniyatga alohida e’tibor qaratilayotgan, milliy g‘oya va milliy mafkura dolzarb masala va milliy yaxlitlikning negizi sifatida baholanayotgan bir paytda o‘zbek tili va o‘zbek madaniyati mushtarakligini lingvistik muammo sifatida, lingvokulturologik aspektda ilmiy tekshirish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifadir.