O’zbekiston respublikasi oliy va o’rta maxsus ta’lim vazirligi s-www.hozir.org
Okeanda hayotning tarqalishi. Dunyo okeanining mo‘l-ko‘l va xilma-xil
hayvonot olami uning doirasida notekis taqsimlangan. Okeanda ikkita hayot zonasi
yoki oblasti ajratiladi: pelagial (suv yuzasi, suv qalinligi) va bental (okean tagi).
Pelagial zonada organik hayotning eng tarqalgan joyi suvning 50 m
qalanlikkacha bo‘lgan yuqori qismi hisoblanadi. Lekin bu yerda ham hayot bir
xilda tarqalmagan. Biologik hayot ochiq okeanga nisbatan qirg‘oqqa yaqin
joylarda juda quyuqlashgan. Bunga sabab daryolar okean va dengizlarga quyilish
zonasiga katta miqdorda biogen elementlar olib kelib qirg‘oqbo‘yi suvlarini ozuqa
moddalar bilan boyitadi. Shuning uchun shelfda ochiq okeanga nisbatan tirik
organizmlar ko‘p tarqalgan.
Bental zonasining qirg‘oqqa yaqin 50-100 m chuqurlikdagi suv tagi qismi
ham organik hayotning eng rivojlangan va hayvonlarning ko‘p tarqalgan qismi
hisoblanadi. Okeanning suv yuzasi (pelagial) va suv osti (bental) zonalarida
qirg‘oqlardan uzoqlashgan sari hayotning zichligi siyraklasha boradi. Bu zonalarni
hayot siyrak bo‘lgan oraliq zona bir-biridan ajratib turadi. I.A. Suyetovaning
(1976) ma’lumotiga ko‘ra Dunyo okeani tagining 200 m chuqurlikkacha yotgan
7,6% maydonida okeandagi jami biomassaning 59% i, 200 m dan 3000 m
chuqurlikkacha yotgan 17,2% maydoni biomassaning 31,1 % i va 3000 m dan
ziyod chuqurlikkacha yotgan 75,9 % maydonida biomassaning atigi 9,5 % i
to‘plangan.
Dunyo okeani chuqurliklarida hayot sharoiti bir xilda taqsimlanmagan.
Chunki okean sathidan chuqurlashgan sari yorug‘lik kamayadi, harorat pasayadi,
biogan elementlar siyraklashadi, gidrostatik bosim orta boradi. Natijada okeanda
vertikal biologik zonallik vujudga keladi. Dunyo okeani tagida hosil bo‘lgan hayot
zonalari quyidagilardan iborat: litoral yoki qirg‘oq zonasi (suv ko‘tarilishi va
qaytishi zonasi), sublitoral zona (200 m chuqurlikkacha), batial zona (2500-3000 m
gacha), abissal zona (6000 m gacha) va ultraabissal zona (6000 m dan chuqur).