7
KIRISH
Har bir davlat, millatning o‘z o‘tmish tarixi, madaniyati,
iqlim sharoiti, gеografik
joylashishi mavjud.
Har bir davlatning eng katta tarixiy moddiy yodgorligi bu – mе'moriy inshootlaridir.
Mе'morchilik har bir davrda ijtimoiy tuzim, davlat siyosati va iqtisodiyoti,
har bir
joyning tabiiy-iqlim sharoiti va xalqning urf-odatlari bilan chambarchas bog‘liqdir.
Har bir tarixiy davr arxitеkturaviy jihatdan ijodiy uslubi o‘ziga xos xususiyatlari bilan
ajralib turadi.
Qadim zamonlardan boshlab dunyo madaniyati tarixi arxitektura taraqqiyoti bilan
bevosita bog‘liqdir.
Insoniyatning arxitekturaviy faoliyati dunyo taraqqiyotining ibtidoiy jamoa davridan
boshlab to hozirgi davrgacha muttasil rivojlanib kelgan.
Arxitektura fakultetlarida «Arxitektura va shaharsozlik tarixi» fani o‘rganiladi.
Ammo bugungi kungacha bu fan bo‘yicha o‘zbek tilida nashr etilgan darsliklar yetarli
emas. Ayniqsa, Qadimgi dunyo va O‘rta asrlar arxitekturasi tarixi bo‘yicha bironta ham
darslikni ko‘rsatib bo‘lmaydi. Bu davrlar arxitekturasi tarixi asosan rus tilida nashr etilgan
12 jildlik umumarxitektura tarixi kitoblarini o‘qish va o‘rganish orqali amalga oshiriladi.
Bu kitoblar ensiklopedik xarakterga ega bo‘lib, darslik sifatida xizmat qila olmaydi.
Shuning uchun arxitektura va shaharsozlik tarixi fani bo‘yicha darslik va o‘quv
qo‘llanmalarining yaratish hozirgi davr dolzarb masalalaridan biridir. Ayniqsa, bu fan
bo‘yicha o‘zbek tilida darsliklarning yo‘qligi masalani yanada mushkullashtiradi. Oliy
ta‘lim sohasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘ta tez sur‘atlar
bilan mazkur soha uchun
o‘quv qo‘llanmalari yaratishni taqozo etadi. Biz ayni shu maqsad yo‘lida ushbu o‘quv
qo‘llanmasini yaratmoq vazifasini bajarishga harakat qildik.
O‘quv qo‘llanmasida eng qadim zamonlarda arxitekturaning kelib chiqishidan
boshlab to zamonaviy arxitektura shakllanishigacha bo‘lgan davr arxitekturasi taraqqiyoti
qisqacha bayon qilingan. Mazkur qo‘llanma ushbu sohadagi dastlabki ishlardan bo‘lib,
ayrim kamchilik va nuqsonlardan xoli bo‘lmasligi tabiiydir. Shuning uchun biz barcha
o‘quvchilar o‘z fikr va mulohazalarini bildirishadi degan umiddamiz.