Shu ma’noda, insonning ma’naviyati yuksalishi bilan uning irodasi ham kuchayib
boradi, desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Iroda – bu aslida mustahkam ishonch demakdir.
Irodasi baquvvat odam o‘ziga ishonadi va har qanday murakkab vazifani ham o‘z zimmasiga
olishdan qo‘rqmaydi. Shuning uchun ham yuksak irodali insonga suyanish mumkin. Bunday
kishilar boshingizga biror-bir tashvish yoki muammo tushgudek bo‘lsa, loqayd qarab
turolmaydi. Hech ikkilanmasdan, yoningizda turib, qo‘lidan kelgancha yordam berishga,
qiyinchiliklarni siz bilan birgalikda yengishga harakat qiladi. Lekin birovning hayotiga, yon-
atrofda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarga betaraf va beparvo qarab, shunchaki kuzatuvchi
bo‘lib yashaydigan odamdan qo‘rqish kerak. Ulardan hech qachon yaxshilik chiqmaydi. Chunki
ularda na iymon, na iroda bo‘ladi. Ular hatto o‘z xalqi va Vatani taqdiriga ham bamisoli begona
odamdek qaraydi.
Azaldan ma’lumki, beparvo odam dushmandan ham xavfliroqdir. Chunki
dushmanning kimligi, asl qiyofasi siz uchun oldindan ma’lum bo‘ladi. Biroq loqayd va
beparvo odamning qiyofasini birdaniga bilib bo‘lmaydi. Shuning uchun u ichingizda yurib,
sizga qarshi tish qayraydigan dushmanlar uchun imkoniyat yaratib beradi. Mashhur
faylasuflardan biri ana shu hayotiy haqiqatni chuqur tahlil etib, quyidagi haqqoniy fikrlarni bayon
qilgan: «Dushmanlardan qo‘rqma – nari borsa, ular seni o‘ldirishi mumkin. Do‘stlardan qo‘rqma
nari borsa, ular senga xiyonat qilishi mumkin. Befarq odamlardan qo‘rq – ular seni o‘ldirmaydi
ham, sotmaydi ham, faqat ularning jim va beparvo qarab turishi tufayli yer yuzida xiyonat va
qotilliklar sodir bo‘laveradi». Har bir inson hayotida g‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘lgan
ana shunday fikrlarni unib o‘sib kelayotgan yoshlarning ongiga singdirish, ularni hayot
sinovlariga bardoshli etib tayyorlash bizning ota-ona, ustoz-murabbiy, rahbar-rahnamo
sifatidagi, shu muqaddas yurt fuqarosi sifatidagi muqaddas burchimizdir. Bu boradagi eng
dolzarb vazifamiz – yuqorida zikr etilgan barcha jarayonlarning ilmiy-nazariy asoslarini,
ularning yangi qirralarini mukammal ochib berish, o‘quvchilarimiz, talabalarimizga, keng
jamoatchilikka sodda, lo‘nda qilib tushuntirib borish va ularni bugungi zamon talablariga
javob beradigan jamiyat qurilishining faol bunyodkorlariga aylantirishdan iborat.
Bu boradagi eng muhim vazifa shundan iboratki, har qaysi fuqaro, har qaysi
inson jamiyat taraqqiyoti va uni yangilashga, ma’naviy hayotimizni turli tahdid va xurujlardan
himoya qilish masalasiga bo‘lgan o‘z burchi va mas’uliyatini aynan ana shu asosda aniqlab
olishi zarur. Bu masala haqida chuqurroq o‘ylab ko‘radigan bo‘lsak, shu tamoyillarga tayangan
jamiyatning o‘ziga xos ijtimoiy shakl-shamoyili, uning qiyofasi, rivojlanish yo‘llari, ustuvor
xususiyatlari to‘g‘risidagi aniq tasavvur turli fikr, bahs-munozaralar orqaligina ayon bo‘lishini
e’tirof etishimiz va buni o‘zimizga mezon qilib olishimiz zarur.
Ayniqsa, bugungi murakkab mafkuraviy jarayonlarni ilmiy-amaliy jihatdan
atroflicha tahlil qilish va baholash, ularning ustuvor yo‘nalishlarini, kimga va nimaga qarshi
qaratilganini aniqlash, aholi turli qatlamlariga ta’sirini o‘rganish, milliy manfaatlarimizga, hayot
tarzimizga zid bo‘lgan zararli g‘oyalar va mafkuraviy xurujlarning mohiyatini ochib berish,
fuqarolarimiz qalbida milliy tafakkur va sog‘lom dunyoqarash asoslarini mustahkamlash
alohida ahamiyat kasb etadi.
Faqat ana shunday asosda yoshlarni o‘z fikriga ega, turli ma’naviy xurujlarga
qarshi sobit tura olishga qodir bo‘lgan, irodali, fidoyi va vatanparvar insonlar etib tarbiyalashga
erishish mumkin. Bu borada ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarining ta’sirchanligini
ta’minlaydigan zamonaviy informatsion va kompyuter texnologiyalarini keng joriy etish,
jamiyatimizning mafkuraviy immunitetini kuchaytirishga qaratilgan samarali usul-uslublarni
ishlab chiqish, davlat va jamoat tashkilotlari uchun tegishli tavsiya va qo‘llanmalarni tayyorlash
bugungi kunda muhim vazifamizga aylanib borayotganini chuqur tushunib olishimiz zarur
29
.
Dostları ilə paylaş: