Paradigma. Ilmiy-tadqiqot faoliyatida paradigma ham o‘ziga xos tarzda namoyon bo‘ladi. Paradigma , ilmiy muammolarni echishga doir, ilmiy jamoa tomonidan tan olingan, aniqlangan qonuniyatlarni fikrlab olishga yordam beradigan va shuningdek, ushbu fan sohasining yanada rivojlanishini prognozlashga yordam beradigan idealdir. Paradigma fan taraqqiyoti davomida hosil qilingan muayyan standartlarni o‘z ichiga oladi, shu standartlardan past darajada bajarilgan narsalar muhokamaga qo‘yilmaydi. Bu standartlarni qo‘llab-quvvatlash ilmiy ish mutaxassisining muhim komponentlaridan biridir. Albatta, yangi paradigmalarning shakllanishi fan taraqqiyotida o‘z ortidan bor bo‘lgan standartlar, ilmiy bilishning ideal va me’yorlarining o‘zgarib borishini yuzaga keltiradi. SHu bilan birga, ilmiy bilimni uning taraqqiyotidagi paradigmalar atamalarida bayon qilish konsepsiyasi kumulyativ omildan kelib chiqadi. Ilmiy bilimlar taraqqiyotida kumulyativ jarayonlarning mohiyati shundaki, biror alohida fanda yoki butun fanda erishilgan standartlar, ideallar, me’yorlar va qadriyatlar fanni umuman, namoyon qiladi va fanning bilimlar sistemasi ekanligi haqida tasavvur hosil qiladi.
Tizimlilik. Ilmiy-tadqiqotni samarali yo‘lga qo‘yishda tizimlilik muhim ahamiyatga ega. Chunki, tizimlilik ilmiy tadqiqotning o‘z-o‘ziga ta’sir qilish tamoyili uning yanada asosli dalillarga suyanishida muhim o‘rinni egallaydi. Ayni paytda, ilmiy tadqiqotning manbai bo‘lgan yangi nazariy bilimlar va texnologiyalar o‘zaro muvofiqlashgan holda ilmiy-metodologik tizimni shakllantiradi. SHu ma’noda, har qanday ijodiy muhitda yangi bilimga ega bo‘lish darajasi cheklangan bo‘lsa, uning faolligi past darajaga tushib qoladi. Bunday ilmiy sayozlashish ilmiy faoliyatdagi dogmalashuvga yoki bo‘rttirilgan ilmiy fundamentalizmga olib keladi, ya’ni eski ilmiy andazalarga, me’yorlarga moslashib undan chiqib ketolmaslik haqiqatni bilishdagi konkret dalil va voqelikni aniqlashga to‘sqinlik qiladi. Demak, ilmiy tadqiqotda ushbu yo‘l bilan nafaqat aniq bir ilmiy maqsad to‘g‘ri tanlab olinadi, balki unga etishish uchun bir-biriga adekvat bilimlar ham inkor qilinadi. Oqibatda esa yangi bilimlarga emas, balki eskilik sarqitlariga suyanib qolish holatlari ko‘p uchraydigan bo‘lib qoladi. Ayni paytda ijodiy izlanishlarini to‘g‘ri va samarali yo‘lga qo‘yishda insonning yuqori darajada bilimga ega bo‘lishi yoki aksincha tadqiqot jarayonidagi biron-bir qarorga tez kelishi, bir vaziyatdan ikkinchisiga tez ko‘nika olishi bilan belgilanadi. Masalan, ilm-fan, siyosat, iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy hayotda ilmiy-tadqiqot faoliyatning ahamiyati tobora oshib borishi insonning erkin ijod qilish imkoniyati bilan bog‘liq. Bu holat esa insonning ijodiy fikrlashining o‘sishiga, ruhiy zo‘riqishlardan ozod bo‘lishiga olib keladi. Bunday erkinlik ilmiy-tadqiqot faoliyatining namoyon bo‘lish shakli sifatida insonga yangi ishonch, qo‘shimcha kuch beradi. Masalan, K.Popper o‘z davrida ilmiy ijodda ilmiylikni g‘ayriilmiylikdan spekulyativ ravishda ajratishni taklif qilish orqali falsifikatsiya tamoyilini ishlab chiqqan edi1.
Intuitsiya. Intuitsiya inson hayotida alohida fenomenal va murakkab faoliyat bo‘lib, inson ruhiy faoliyatida, ya’ni ijodiy mehnatda, xususan, ilmiy ijodda katta rol o‘ynaydi2. Shu bilan birga u ijodiy izlanishda xotira, tafakkur va obrazli tasavvur bilan aloqada bo‘ladi. Ba’zi ijodkorlar fan va san’atda umuman yangi kashfiyotlar qilib, ko‘pincha o‘zi ham buni qanday qilganini bilmaydi. Shunday qilib, ijodiy faoliyatda yangi fikrning qanday paydo bo‘lishini, biz sun’iy yo‘l bilan bilolmaymiz. Chunki yangi fikr bu asl (original) tushunish, shaxsiy nuqtai nazar (bir qator so‘zlar emas, balki taassurotlar, ongimizda har soniya o‘tadigan hodisadir –Z.Q.) bo‘lib, u kamdan-kam hollarda inson miyasiga quyulib keladi, ehtimol hayotda bir necha marta kelgan bo‘lishi ham mumkin. Darhaqiqat, aytishimiz mumkinki, agar odam o‘zini fikrlashga majbur qilishning yo‘lini bilganda edi, hamma daho bo‘lib ketgan bo‘lar edi.