3.Kornovirus pandemiyasi tugagandan so‘ng iqtisodiy tiklanish va rivojlanish Inqiroz davom etayotgan davrida milliy iqtisodiyotning birinchi galdagi vazifalari bozor ishonchini tiklash, nobozor sektorini, birinchi navbatda renta munosabatlari ta’sir hududini qisqartirish va raqobatchilikni rivojlantirishdan iborat. Milliy iqtisodiyotni energiya-xom ashyo yo‘lidan innovatsion yo‘nalishga o‘tkazish samaradorligi aholining turli ijtimoiy guruhlari, hokimiyat va biznes o‘rtasidagi aloqalarning ishonch darajasi bilan belgilanadi.
Shuningdek, korxonalarning raqobatbardoshligi va ularning iqtisodiy holatiga koronavirus pandemiyasining ta’sirini yumshatish maqsadida ishlab chiqarish xarajatlarini pasaytirish, mahsulot tannarxini arzonlashtirish, transaksion sarflarni tejash chora - tadbirlari tavsiya etilgan.
Moliyaviy nochor korxonalarga imtiyozli kredit berish, bankdan olgan kreditlarini so‘ndirishga imtiyoz yaratish, mahsulotlarning energiya va boshqa xom ashyo sig‘imini pasaytirishni rag‘batlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarini lokalizatsiya dasturlariga kiritish, ularning mahsulotiga bo‘lgan ichki talabni oshirish tadbirlari belgilangan. Ishlab chiqarishni yangi mahsulotlar va faoliyatlar bilan kengaytirish hisobiga diversifikatsiyalashni amalga oshirish, mahsulotlar va xizmatlar assortimenti va sifatini oshirish, ulardagi qo‘shimcha qiymat sig‘imini oshirish, sotish kanallari va bozorlarini kengaytirish, bandlikni, o‘z – o‘zining bandligini ta’minlash chora –tadbirlari keng joriy etilmoqda.
Bu holatlar kelgusida mamlakatimiz tez fursatda inqiroz ta’siridan chiqgan inqirozgacha bo‘lgan holatni tiklab barqaror rivojlanish trayektoriyasiga o‘tishiga xizmat qiladi. Shu xususida yana bir olimlar o‘rtasidagi inqirozdan keyingi rivojlanish ssenariyalari munozarali bo‘lib turibdi.
Ayrim olim va mutaxassislar kelgusida iqtisodiyotlarning rivojlanishi to‘g‘risida lotincha L- shaklida ( L- shape), U- shaklida ( U –shape) yoki V –shaklida (V-shape) bo‘lishini prognoz qilishmoqda. Ushbu harflarning ko‘rinishi yalpi taklif egri chizig‘ining shaklini ifodalaydi. Boshqacha qilib aytganda milliy iqtisodiyotlar va jahon iqtisodiyoti oldingi shakliga kirib rivojlanish bosqichiga o‘tadi deganidir.
O‘zbekiston iqtisodiyoti 5 yoki 6 oyda iqtisodiy yo‘qotishlarni qoplab bu yilgi YaIM ning o‘sish sur’ati 1,2 – 1,5 foiz atrofida va keyingi yili 7,0 - 7,2 foizga ko‘tariladi. Jahon iqtisodiyoti va rivojlangan mamlakatlar (AQSh, Germaniya, Turkiya, Xitoy, Rossiya) iqtisodiyotlari iqtisodiyotining U – shaklda rivojlanadi, Boshqacha qilib aytganda bu iqtisodiyotlarga tiklanishi va rivojlanishi uchun ko‘proq vaqt (bir va bir yarim yil) talab etiladi.
Respublikamiz uchun koronavirus pandemiyasi ta’siridagi iqtisodiy yo‘qotishlarni qoplash uchun bizningcha bu yil 5 yoki 6 oy talab etiladi va joriy yilda iqtisodiy o‘sish pasayib 1,2 – 1,4 foiz atrofida bo‘lishi va keyingi yili esa qabul qilingan Inqirozga qarshi chora tadbirlarning mahsuli sifatida o‘sish sur’ati 7,0 atrofida va undan yuqori bo‘ladi.
Vaziyatning keskin o‘zgaruvchan bo‘lishini inobatga olib bugungi kunda kutilayotgan makroiqtisodiy vaziyat bo‘yicha nisbatan aniq prognoz ko‘rsatkichlarini ishlab chiqish murakkab bo‘lib qolmoqda.
O‘zbekistonning "Bir makon-bir yo‘l" davlatlari bilan hamkorligi ulkan va hali to‘la amalga oshirilmagan salohiyatga ega ekanligini ahamiyatga olish darkor. O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan bildirilgan transport, innovatsiya va ta’lim sohalaridagi aniq tashabbuslar O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarini yangi darajaga ko‘tara oladi va "Bir makon-bir yo‘l" doirasida barqaror iqtisodiy o‘sish va rivojlanishga to‘siq bo‘lib turgan eng dolzarb muammolarni hal qilish bo‘yicha hamkorlikka yo‘naltiradi. O‘zbekiston “Bir makon-bir yo‘l” loyihasini, transport, savdo, investitsiya, energetika va yuqori texnologiyalar sohalaridagi tashabbuslarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlaydi. Hamkorlik doirasida Markaziy Osiyoni Xitoy va Rossiya orqali Janubiy, Janubi-Sharqiy Osiyo va Yevropa mamlakatlari bozorlari bilan bog‘laydigan transport-logistika yo‘nalishlarini ochish bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqishda faol ishtirok etmoqda.
"Bir makon-bir yo‘l"ga a’zo mamlakatlar bilan sayyohlik sohasida faol hamkorlik O‘zbekiston uchun katta imkoniyatlarni ochadi. “Bir makon-bir yo‘l”ning 60 mamlakati eng yirik tashqi turist “yetkazib beruvchilar”dir. Jahon sayyohlik tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, dunyodagi sayyohlar tomonidan sarflangan pullarning 20 foizidan ko‘prog‘i Xitoy ulushiga to‘g‘ri keladi. Ular 2017 yilda turizmga 250,6 milliard dollar sarflagan. Ekspertlarning qayd etishicha, 2021 yilga kelib jahondagi Xitoy sayyohlarining soni 200 millionga, ularning xarajatlari 429 milliard dollarga yetadi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, hozirgi davrda nafaqat insoniyat hayotiga, balki ayrim davlatlar va umuman dunyo iqtisodiyotiga ham jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Investorlarning vahima sababli aksiyalarini sotib yuborishi oqibatida dunyo bo‘ylab yetakchi bo‘lgan birjalarda yuzaga kelgan inqirozni ekspertlar oxirgi 10 yillikda kuzatilmagan, deb baholashmoqda.
Mazkur vaziyat oddiy “informatsion panika” emas, balki jahon iqtisodiyotiga jiddiy tahdid ekanini dunyodagi yetakchi moliyaviy institutlar, xalqaro tashkilotlar va ayrim davlatlar amalga oshirayotgan harakatlardan ham kuzatish mumkin.
Jumladan, AQSh Federal Rezerv Tizimi iqtisodiy faollikni barqaror holatda ushlab turish maqsadida, bazaviy foiz stavkasini 0,5 foiz punktga tushirdi. Mazkur qaror 2008 yilgi inqiroz davridan beri birinchi marta bo‘layotgani ahamiyatga molikdir. AQSh moliya vazirligi huzurida kichik va o‘rta tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha maxsus komissiya tuzilgan.
Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti (OECD) 2020 yildagi jahon iqtisodiy o‘sish sur’atlari prognozini 0,5%ga kamaytirdi. IHRT, savdo urushlari va siyosiy tanglik tufayli o‘zi shundoq ham “jar yoqasida”gi dunyo iqtisodiyotining hozirgi kundagi ta’minot zanjirining uzilishi, resurslarga bo‘lgan talabning sustlashishi, turizmdagi pasayish tendensiyasi va kasallik sababli iste’molchilar ishonchining kamayishi bilan bog‘liq muammolarga duch kelmoqda.
IHRT hisobotiga ko‘ra, eng yomon ssenariy (Downside scenario) bo‘yicha, ya’ni pandemiya ko‘lamining dunyo bo‘ylab kengayishi, pandemiyaga qarshi qo‘llaniladigan choralar va vahima sababli, ishlab chiqarishga jiddiy zarar keltirishi va oqibatda iqtisodiy retsessiyani olib kelishi, global iqtisodiy o‘sish 1,5% gacha pasayishi prognoz qilingan. O‘z navbatida, bu holatning ta’siri mamlakatlar uchun judayam kuchli va davomli bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.
O‘zbekistonda mazkur vaziyat yuzasidan bo‘lgan qisqa muddatli muhim choralarni ko‘rish ehtiyojini tug‘dirmoqda.
Buning uchun:
birinchidan, fiskal va pul-kredit siyosatni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash va mamlakatdagi tarkibiy islohotlarni kuchaytirish lozim.
Mazkur choralar iqtisodiy o‘sishni barqarorligiga, iste’molchilar va investorlarning ishonchini oshirishga va noaniqlikni kamaytirishga yordam beradi;
ikkinchidan, korxona va tashkilotlarning moliyaviy ahvolini mustahkamlashga qaratilgan choralar, jumladan soliq stavkalarini ma’lum muddatga kamaytirish, “soliq ta’tillari”, “soliq kreditlari”ni taqdim qilish va uzoq muddatda qaytarish imkoniyatini yaratish, QQSni tezkor qaytarish mexanizmlarini joriy etish choralarini ko‘rish maqsadga muvofiq. Naqd pul oqimi bilan bog‘liq muammolarga duch kelayotgan korxonalarga, ayniqsa, kichik va o‘rta korxonalarga yordam berishga banklar tomonidan imkon berilishi lozim. Zarar ko‘rishi ehtimoli bo‘lgan hududlar va tarmoqlar uchun energiya manbalari narxini pasaytirish choralari ko‘rilishi lozim.
Rossiya rublining kuchsizlanishi – so‘mning almashuv kursini kuchaytirishi, bu esa, Rossiya bozorida O‘zbekiston eksport mahsulotlarining qimmatroq bo‘lishiga va mahalliy eksportyorlarning daromadlari kamayishiga, o‘z navbatida, bu ham O‘zbekistondagi valyuta hajmini kamayishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shuningdek, Rossiya iqtisodiyotining sustlashishi oqibatida, O‘zbekistonlik migrantlarning mamlakatimizga keltirayotgan 3,4 mlrd. dollarlik (YaIMga nisbatan 5,9 foiz) foydasining qisqarishiga olib kelishi ham mumkin.
Aholi umumiy daromadlari tarkibida transfertlardan keladigan daromadlar 25,3%ni tashkil etishini hisobga olganda, mazkur vaziyat O‘zbekistonda aholining yashash darajasiga ham ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Buning uchun, iqtisodiy faollikni rag‘batlantirish va bandlikni qo‘llab quvvatlash choralarini ko‘rish maqsadga muvofiq. Jumladan, kichik tadbirkorlikni moliyalashtirishni kengaytirish, berilayotgan kreditlar imtiyozli davrini uzaytirish lozim.
Barcha ruxsat beruvchi va byurokratik tartib-tamoyillarga ma’lum muddat maratoriy e’lon qilish, tadbirkorlik faoliyatidagi vujudga kelayotgan to‘siq va muammolarni tezkorlik bilan hal etish, bandlikni ta’minlash bo‘yicha keskin choralar ko‘rish, qisqa muddatli ish o‘rinlari tashkil etilishini rag‘batlantirish lozim.
Bugungi kunda aynan bu holatni oldini olish uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 29 yanvardagi “Uy-joy sharoitlarni yaxshilashga ehtiyojmand mehnat migrantlariga ko‘p kvartirali uylardan xonadonlar ajratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi №39 sonli qaroriga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va ularning oila a’zolarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish choralari to‘g‘risida” 2019 yil 20 avgustdagi PF-5785-son Farmoniga muvofiq, shuningdek, xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va ularning oila a’zolarining uy-joy sharoitini yaxshilash uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida ehtiyojmand mehnat migrantlariga 2020 yilda uy-joylar qurilishi bo‘yicha davlat dasturlarining ijrosi doirasida ko‘p kvartirali uylardan 3 462 ta xonadon ajratilishi;
2021 yil va keyingi yillarda uy-joylar qurish parametrlarini shakllantirishda ularga uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyojmand mehnat migrantlari uchun ko‘p kvartirali uylardan xonadonlar kiritilishi belgilanganligi;
Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyojmand mehnat migrantlari uchun ipoteka kreditlarini ajratish bo‘yicha:
a) 2020 yil dasturlari ijrosi doirasida:
- ipoteka kreditlari bo‘yicha imtiyozli davr 1 yil etib belgilanadi;
- ipoteka kreditidan foydalanishning birinchi 5 yili davomida har yili foiz stavkasini qat’iy belgilangan 7 foizdan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasi darajasigacha bir me’yorda oshib boradigan stavkada va keyingi davrda Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasida belgilandi;
- ipoteka kreditlari foizlarini annuitet to‘lovlari formulasi bo‘yicha hisoblash tartibi tatbiq etiladi (oylik to‘lov asosiy qarz qoldig‘iga hisoblangan foizlar bo‘yicha to‘liq to‘lovni hamda kreditning bir qismini o‘z ichiga oladi, bu shunday hisoblashni nazarda tutadiki, har oylik barcha to‘lovlar kredit to‘lashning butun davrida bir xil bo‘ladi);
Mazkur ko‘riladigan choralar, tashqi global iqtisodiy oqibatlarni O‘zbekistonga ta’sirini kamaytirish, iqtisodiy vaziyatni muvozanatlashtirish uchun xizmat qiladi.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, ko‘pgina davlatlarning markaziy banklari asosiy foiz stavkalarini tushirishi moliyaviy sektorda emas, balki iqtisodiyotning real sektorida investitsion jozibadorlikni oshirishga qaratilgan. Agar 2008 yildagi tajribadan kelib chiqsak, o‘sha paytdagi ushbu vaziyat kapital oqimning rivojlangan davlatlardan rivojlanayotgan davlatlarga (Xitoyga) qarab harakatlanganligi kuzatilgan. Shu sababdan, O‘zbekistonning ayni paytdagi vaziyatdan foydalanib qolish imkoniyati mavjudligini inobatga olib, qulay investitsion muhitni yaratishga katta e’tibor qaratish, investitsion jozibadorlikni oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.