«Kapital».
K.Marksning iqtisodiy kontseptsiyalari asosan uning mashhur asari
«Kapitalda» berilgan. Uning bu asari to’rt tomdan iborat bo’lib, birinchi tom 1867
yili nashr etildi, ikkinchi va uchinchi tomlar K.Marks o’limidan keyin F.Engels
tomonidan (ikkinchi tom 1885 yil, uchinchi tom 1896 yil) chop etildi. To’rtinchi tom
tugatilmasdan qolib ketdi. Unda K.Marks siyosiy iqtisod tarixini ko’rib chiqmoqchi
bo’lgan. Kapital ishlab chiqarish jarayoni «Kapitalning» birinchi tomining
mazmunini tashkil etadi. Ikkinchi tomda kapitalning
muomala jarayoni tadqiqot
etiladi. Uchinchi tomida bir butun olingan kapitalistik ishlab chiqarish jarayoniga
tavsif beriladi. To’rtinchi tom («Qo’shimcha qiymat nazariyasi») iqtisodiy ta’limotlar
tarixiga bag’ishlangan.
K.Marks «Kapital»ga yozgan so’z boshida: «Asarimning tub maqsadi hozirgi
zamon jamiyati», ya’ni kapitalistik burjua jamiyati «harakatining iqtisodiy qonunini
ochib berishdir» – deydi. Ushbu tarixiy jihatdan
muayyan jamiyatning ishlab
chiqarish munosabatlarini va bu munosabatlarning paydo bo’lishini, taraqqiy qilishini
va tanazzulga yuz tutishini ko’rsatib berish K.Marks iqtisodiy ta’limotining
mazmunidir. Kapitalistik jamiyatda tovar ishlab chiqarish umumiy tus olgan, shu
sababli K.Marksning tadqiqoti ham tovarni tahlil qilishdan boshlanadi.
Qiymat nazariyasi.
Marks ta’limotiga binoan, har bir tovarning qiymati uni ishlab chiqarishga
sarflangan ijtimoiy zaruriy mehnat bilan o’lchanadi.
Bir turdagi tovarni ishlab
chiqarish uchun turli miqdorda mehnat sarflanadi. Buning natijasida tovarlar har xil
individual qiymatga ega bo’ladi. Lekin qiymat o’zida ijtimoiy mehnatni
mujassamlashtirganligi sababli, uning miqdori individual mehnat sarflari bilan emas,
balki ijtimoiy zarur mehnat bilan o’lchanadi, ijtimoiy
zarur ish vaqti bilan
belgilanadi. «Iste’mol qiymatga ega bo’lgan qiymatning miqdorini, - deb yozadi
K.Marks, uni ishlab chiqarish uchun kerak bo’lgan ijtimoiy zarur mehnat miqdori
bilangina, ya’ni ijtimoiy zarur ish vaqti bilangina belgilanadi. Har bir ayrim tovar o’z
jinsidan bo’lgan tovarlarning faqat o’rtacha nusxasi sifatida ahamiyatga egadir».
Ijtimoiy zarur ish vaqti normal ishlab chiqarish sharoitida
va muayyan jamiyatdagi
mehnat malakasi va intensivligining darajasi o’rtacha bo’lgan sharoitda biron-bir
tovar tayyorlash uchun sarflanadigan vaqtdir. Ushbu tushunchalar yordamida qiymat
qonuni shakllanadi: almashuv jarayonida (ekvivalent ekvivalentga singari) tovarlar
o’zining qiymati bo’yicha ayirboshlanadi (Ularda mujassamlashgan
ijtimoiy zarur ish
vaqti bo’yicha). K.Marksning tasdiqlashicha, har qanday jamiyatda qiymat qonuniga
amal qilmagan ayirboshlashning bo’lishi mumkin emas. Qiymat esa,
yuqorida qayd
qilib o’tkanimizdek, ayni jamiyatda o’rtacha mehnat sarflari bilan o’lchanadi. Bu
ayirboshlanadigan tovarlarni taqqoslashning yagona o’lchovi mehnat ekanligini
bildiradi. Tovarlarning foydaliligi bunday umumiy o’lchov bo’la olmaydi, negaki ular
miqdor jihatidan taqqoslanmaydi.
105