1) resurslarning oqilona taqsimlanmasligi. Bu holat monopoliyalarning
yuqori foyda ketidan quvib, sun’iy ravishda ishlab chiqarishni cheklash vositasida
narxlarni ko‘tarishi, mahsulotlarning u qadar yaxshi bo‘lmagan turlarini, past
texnikaviy darajasini, past sifati hamda sotishning yomon sharoitlarini vujudga
keltirishi orqali namoyon bo‘ladi. Natijada, raqobat sharoitida amal qiluvchi
iqtisodiyot samaradorligini bozor vositasida tartibga solish mexanizmi ishdan
chiqadi. Monopoliyalar bilan bog‘liq bo‘lgan iqtisodiy faoliyatlar erkin hamda
oqilona tanlov imkoniyatidan mahrum bo‘ladi, monopoliyalarning iqtisodiy
jihatdan asoslanmagan shart-sharoit va narxlari tazyiqiga chiday olmaydi, ish
faolligini pasaytirib, ba’zi hollarda xonavayron bo‘ladilar.
Oqibatda ishlab chiqarish qisqarib, ishsizlik va inflyatsiya o‘sadi,
xo‘jalikning izdan chiqishi kuchayadi. Jamiyat boyligi resurslarning oqilona
raqobatli-bozor taqsimoti sharoitida qo‘lga kiritilishi mumkin bo‘lgan miqdoriga
qaraganda kamayib ketadi;
2) daromadlardagi tengsizlikning kuchayishi.Bu holat ham narxlarning
monopol tarzda oshirilishi (pasaytirilishi) hamda yuqori foyda olinishi bilan
bog‘liq bo‘lib, bu aholi qolgan qismi daromadlarining nisbatan kamayishiga olib
keladi;
3) iqtisodiy turg‘unlik va fan-texnika taraqqiyotining sekinlashuvi. Bunday holatning vujudga kelishi monopolistlarning raqobatchilar bosimini
sezmasliklari hamda aksariyat hollarda yuqori foydani qo‘shimcha urinishlarsiz
o‘zlarining bozordagi hukmronliklari hisobiga olishlari mumkin. Bu esa ularni
ishlab chiqarishni rasionallashtirish, uning samaradorligini oshirish imkoniyatlarini
qidirish, mahsulot sifatini oshirish, uning assortimentini kengaytirish, FTTni
rivojlantirish va xaridorlar manfaatlari to‘g‘risida qayg‘urish kabi xatti-
harakatlardan qaytaradi;