1.2. O’zbekiston Respublikasida byudjet tashkilotlaridagi hisobot shakllarining me’yoriy-huquqiy asoslari Byudjet borasida so’z borganda bu doiradagi har qanday tashkilot va korxonalar funksiyasini amalga oshirishda Byudjet Kodeksi fundamental asos bo’ladi. Byudjet kodeksining VIII bo’limi “Byudjet hisobi va hisoboti” deb nomlangan. Bu bo’limda byudjet hisobi va hisobotini yuritish tartibi, davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlarni tasdiqlash to’g’risida qonun-qoidalar keltirib o’tilgan.
Byudjet kodeksiga asosan, Budjet hisobi budjet tizimi budjetlarini ijro etishda hisobga olinadigan, pulda ifodalangan aktivlar va majburiyatlarning, shuningdek mazkur aktivlar va majburiyatlarni o‘zgartiruvchi operatsiyalarning holati to‘g‘risidagi axborotni to‘plash, ro‘yxatdan o‘tkazish va umumlashtirishning tartibga solingan tizimidir.5 Budjet hisoboti budjet hisobi ma’lumotlari asosida belgilangan shakllar bo‘yicha tuziladigan aktivlar va majburiyatlarning holati to‘g‘risidagi ma’lumotlarning umumlashtirilgan tizimidir.
Budjet hisobi va budjet hisobotining yagona uslubiyati O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan ushbu Kodeks, budjet hisobining standartlariga, shuningdek boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi. Budjet hisobining standartlari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Budjet tashkilotlari tomonidan budjet hisobi va budjet hisobotining yagona uslubiyatiga rioya etilgan holda budjet hisobining batafsil bo‘lishini ta’minlaydigan ichki idoraviy hujjatlar qo‘llanilishi mumkin.
Budjet tizimi budjetlari ijrosining budjet hisobi6:
moliya organlari;
g‘aznachilik bo‘linmalari;
davlat soliq xizmati organlari va bojxona organlari;
budjet tashkilotlari;
davlat maqsadli jamg‘armalarini taqsimlovchi organlar tomonidan yuritiladi.
Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg’armalari byudjetlarining ijrosi bo’yicha byudjet hisobi kassa usuli bo’yicha yuritiladi.
Shuningdek, O’zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksi, O‘zbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (3-sonli BHS) “Budjet hisoboti” ham byudjet tashkilotlarida yuritiladigan hisobotlar uchun me’yoriy-huquqiy hujjat sanaladi.
Mazkur O‘zbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (3-sonli BHS) “Budjet hisoboti” (bundan buyon matnda Standart deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksiva O‘zbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq budjet tashkilotlari, davlat maqsadli jamg‘armalari va budjet mablag‘lari oluvchilarning (bundan buyon matnda tashkilotlar deb yuritiladi) budjet hisobotini tuzish va taqdim qilish tartibini belgilaydi7.
Standart tashkilotlar tomonidan hisoblash metodi bo‘yicha choraklik va yillik budjet hisobotlarini tuzish va taqdim qilishda qo‘llaniladi8.
Standart talablari budjet tashkilotlari va budjet mablag‘lari oluvchilar tomonidan tuziladigan va taqdim etiladigan soliq va statistika hisobotlariga tatbiq etilmaydi.
Shu bilan bir qatorda, O’zbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi to’g’risida”gi 404-sonli qonuni ham byudjet tashkilotlarida hisobotlar yuritishda assoiy hujjatlardan biri hisoblanadi.
Ushbu Qonunning maqsadi buxgalteriya hisobini tashkil etish, yuritish va hisobotni tuzish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat9.
Buxgalteriya hisobi va hisobotini tashkil etishni buxgalteriya hisobi subyektining rahbari amalga oshiradi.
Buxgalteriya hisobi subyektining rahbari quyidagi huquqlarga ega10:
buxgalteriya hisobi xizmatining rahbari boshchiligida buxgalteriya hisobi xizmatini tashkil etish yoki shartnoma asosida jalb qilingan buxgalter xizmatidan foydalanish;
buxgalteriya hisobini yuritishni ixtisoslashtirilgan tashkilotga (auditorlik tashkilotlari, soliq maslahatchilari tashkilotlari va ustavida buxgalteriya hisobini yuritish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish nazarda tutilgan boshqa tashkilotlar) shartnoma asosida yuklash;
buxgalteriya hisobini mustaqil yuritish.
Buxgalteriya hisobi subyektining rahbari:
hisob siyosati, ichki hisob va hisobot tizimi ishlab chiqilishini;
ichki nazorat tartibini;
buxgalteriya hisobi to‘liq va ishonchli yuritilishini;
hisob hujjatlarining but saqlanishini;
qonunchilikda belgilangan tartibda moliyaviy hisobotning tayyorlanishi va e’lon qilinishini;
soliq hisobotining va boshqa moliyaviy hujjatlarning tayyorlanishini;
hisob-kitoblar o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlanishi shart.